Welcome to Qashqadaryo viloyat hokimiyati   Click to listen highlighted text! Welcome to Qashqadaryo viloyat hokimiyati Powered By GSpeech

wrapper

Maxsus imkoniyatlar

Rasmiy chiqishlar va bayonotlar

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili munosabati bilan Kun.uz tahririyatining ijodiy jamoasi Qashqadaryo viloyatiga safar uyushtirdi. Mazkur safar davomida viloyatda yuz bergan o'zgarishlar, olib borilayotgan ishlar bilan birga mavjud muammo va kamchiliklar ham o'rganildi.

Ana shu yutuq va kamchiliklar, fuqarolar murojaati tahlili va istiqboldagi rejalar yuzasidan viloyat hokimi Zafar Ro'ziyev bilan suhbat bo'lib o'tdi. Jumladan, viloyat hokimi Prezident qabulxonasiga murojaat yo'llash bo'yicha Qashqadaryoning yetakchi o'rinlarda qayd etilayotgani borasida to'xtalar ekan shunday fikrlarni bildirdi:

“Mustaqillikning 25 yili davomida viloyatda muayyan ishlar amalga oshirildi. Ammo muhtaram prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan virtual qabulxona hayotimizda o'z yechimini kutayotgan juda ko'plab muammolar borligini, aytish mumkinki, odamlarning turmush tarzi jar yoqasiga kelib qolganini ko'rsatib qo'ydi. Tan olib aytish lozim-ki, shu paytga qadar oddiy insonlar hayotiga befarq qarab kelingan. Bu holatni viloyat hokimidan tortib, mahalla oqsoqoligacha bo'lgan rahbarlar ish jarayonida uchratish mumkin edi. Virtual qabulxonaning tashkil etilishi tom ma`noda barcha rahbarlar uchun kelajak rejasini tuzishda ham as qotmoqda.

Ana shunday muammolar uy-joy, yer, sud-huquq masalalarida o'rtaga chiqmoqda va ularning aksari o'z yechimini topayapdi. Murojaatlarning aksarida Respublika idoralari bilan bog'liq kamchiliklar ham chiqib qolyapti. Biz nafaqat mazkur murojaatlar asosida, balki o'zimizning chekka tumanlarga safarlarimiz chog'ida ham aholi o'rtasida mavjud muammolarni o'z o'rnida va tezkorlik bilan ijobiy hal etyapmiz. Bu esa odamlar ruhiyatida prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan siyosatga nisbatan ijobiy munosabatning paydo bo'lishiga sabab bo'lmoqda”.

Viloyat hokimi joriy yilning fevral oyida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning viloyatga safari borasida to'xtalar ekan, bu tashrif Qashqadaryo viloyati uchun yangi sahifa ochganini ta`kidladi.

“Viloyatdagi juda ko'plab muammoli masalalar mazkur tashrif davomida o'z yechimini topayapti. Umumiy qiymati uch trln so'm bo'lgan to'rt mingga yaqin loyiha dasturi ishlab chiqildi. 2017-2018 yil davomida viloyatda jami 50 mingga yaqin muqim ish o'rni yaratish rejalashtirildi. Bu viloyatning ochilmagan imkoniyatlaridan unumli foydalanish va fuqarolarning ayrim muammolariga yechim topishda turtki bo'ladi. 

Bundan tashqari, viloyat sog'liqni saqlash tizimidagi o'tkir muammolar ham mazkur tashrif davomida o'z yechimini topdi. Masalan, Qashqadaryo viloyatida qandli diabet bilan kasallanish ko'rsatkichi ancha yuqori. Raqamlar har yili 30 foizgacha ko'tarilib boryapti. Viloyatda esa endokrinologiya shifoxonasi mavjud emas. Qurbi yetganlar poytaxtga yoki xorijga chiqib davolanishyapti, ammo imkoni yo'qlar esa davolanmay, qiynalib yurishgan edi. Prezidentimiz viloyatga tashrifi davomida mazkur yirik muammoni ijobiy hal etib berdi. Bu kabi ishlarga misol qilib yuqumli kasalliklar shifoxonasining yuz foiz ta`mirdan o'tkazilishi ham keltirish mumkin. Chunki bu ta`mir hech qanday investitsiya dasturlariga kiritilmagan holda, mana shu viloyat uchun alohida g'amxo'rlik sifatida amalga oshiriladigan bo'ldi”.

Viloyat rahbarining ta`kidlashicha, Qashqadaryoda kichik va o'rta biznesni rivojlantirish vaqti kelgan. Buning uchun aholi ichiga kirib, ularning nima bilan bandligini o'rganib, ixtisosligi bo'yicha tijorat banklarining kreditlarini yo'naltirish, bu orqali aholi turmush farovonligiga erishish mumkinligini aytib o'tdi.

Aytish mumkinki, elektr energiyasi va toza ichimlik suvi bilan bog'liq muammolar bugun nafaqat Qashqadaryo viloyati, balki respublikaning aksari hududlarida og'riqli muammolardan biri sanaladi. Qashqadaryoda bu holat qanday? Shu haqda viloyat hokimi o'z fikrlarini izhor etdi:

“Aynan mana shu sohalar bo'yicha hukumat tomonidan juda katta qadam tashlanmoqda. Elektr energiyasining yetishmasligi aslida birinchi muammo emas, eng katta muammo shundaki, iste`molchi o'zi ishlatgan elektr haqini o'z vaqtida to'lamayotganidadir. Shu bu yil viloyatimizdagi Tolimarjon issiqlik ishlab chiqarish korxonasida 1 mlrd dollarlik loyiha amalga oshirildi. U yerda ayni paytda 900 mgVatt elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu viloyatni yuz foiz elektr energiyasi bilan ta`minlash deganidir. So'nggi oylarda elektr energiyasi sohasi doirasida juda katta ishlar amalga oshirildi. Jumladan, viloyatda 2 ta podstansiya qurib bitkazildi, bundan tashqari, 200 ga yaqin qo'shimcha transformatorlar ham o'rnatildi. 

Toza ichimlik suvi muammosi ham Qashqadaryo viloyatiga begona bo'lmagan kamchiliklardan biri. Bu, ayniqsa, viloyatning cho'l tumanlarida juda o'tkir muammo hisoblanadi. Ochig'ini aytganda, olib borilayotgan ishlar umumiy hisobda viloyat aholisining toza ichimlik suviga bo'lgan talabini qondirish uchun yetarli bo'lmayapti. Prezidentimiz viloyatga tashrifi davomida mazkur muammoga alohida to'xtalib o'tdi. Davlatimiz tomonidan joriy yilning aprel oyida qabul qilingan “Qarshi shahri va Qarshi shahri atrofidagi tumanlarni toza ichimlik suvi bilan ta`minlash to'g'risida”gi qarori o'rganib chiqildi. Turli vazirliklar bilan kelishgan holda qonun ijrosini amalga oshirish maqsadida ishchi guruh ham tuzildi. Kelajakda viloyat aholisini toza ichimlik suvi bilan ta`minlash borasida juda katta o'zgarish bo'lishi kutilmoqda. Jumladan, 2017 yilda Qarshi shahri va shahar atrofidagi tumanlarni toza ichimlik suvi bilan ta`minlash holati sezilarli ravishda o'zgaradi.

Ayni damda toza ichimlik suvini noqonuniy ravishda qiymatini oshirib sotayotgan insonlarga nisbatan ham alohida choralar ko'riladi. Nega deganda viloyatda bir tonna suvning narxi 1550 so'm. Bu yilning istalgan mavsumida o'zgarmaydigan narxdir”. 

Viloyat rahbari Zafar Ro'ziyev suhbat davomida Qashqadaryo sog'liqni saqlash tizimi faoliyati haqida ham to'xtalib o'tdi:

“Viloyatdagi qishloq vrachlik punktlarida akusher-ginekologlarning yo'qligi juda katta muammolarni keltirib chiqarmoqda. Nega deganda o'smir qizlar o'zlarini shifokorga ko'rsatishdan uyalishadi. Bu albatta, mintaletitga xos bo'lgan jihat. Bu esa so'nggi paytlarda qishloq qizlarida bepushtlik kasalligining keng yoyilishiga sabab bo'lmoqda. Ana shu muammolarning oldini olish maqsadida qishloqlardagi oilaviy poliklinikalar zamonaviy va ehtiyojga zarur bo'lgan tibbiy uskunalar bilan jihozlanmoqda va odamlar orasida tibbiy madaniyatni oshirish bilan bog'liq ishlar muntazam ravishda olib borilmoqda”.

Qashqadaryo viloyat hokimi Zafar Ro'ziyev bilan bo'lib o'tgan suhbat samimiy ruhda kechdi. Intervyu davomida juda ko'plab masalalarga to'xtab o'tildi. Kelajakdagi rejalar va viloyat istiqbolida kutilayotgan ishlar to'g'risida fikr almashildi. Aytish mumkinki, yaqin vaqtlar ichida viloyatning har bir sohasida ko'zga ko'rinarli ishlar amalga oshirish belgilab qo'yilgan va bu aholi turmush tarziga ijobiy ta`sir ko'rsatishi tabiiy.

Mazkur intervyuning to'liq ko'rinishini Kun.uz’nin YouTube tarmog'idagi sahifasi orqali tomosha qilish mumkin.

         Assalomu alaykum qadrli va aziz opalar, singillar!
         Lobar va go'zal, oqila va dono qizlarim!
Tabiatning eng fusunkor fasli –  bahor kirib kelishi bilan tabiat ochilib, ko'ngillarimiz yorug' tuyg'ularga to'lib borayotgan mana shu shukuhli ayyomda siz, azizlarni, sizlar orqali butun voha xotin-qizlarini      8 mart bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!
Biz bugun Yaratganning buyuk mo''jizasi bo'lgan, hayot davomiyligi va abadiyligini o'zida mujassam etgan ayol zotini, tabarruk onalarni ulug'lar ekanmiz, beixtiyor mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyning “Jannat onalarning oyog'i ostidadir” degan mazmundagi hikmatli so'zlarini eslaymiz va muqaddas Ona siymosi oldida ta'zim qilamiz.
          O'zining latofati va nafosati, vafo va sadoqati, qalb saxovati bilan oilani oila qiladigan, xonadonlarimiz bekasi va charog'boni bo'lmish siz, munis ayollarimizga har qancha tasannolar aytsak, sizlarni har qancha e'zozlab, boshimizga ko'tarsak, arziydi, albatta.
    “Navro'z” davlat qabullar uyida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o'tkazilgan tantanali bayram tadbirida Muxtaram yurtboshimiz Shavkat Miromonovich ishtirok etib, mamlakatimiz xotin-qizlarini ushbu ayyom bilan tabrikladilar va Qashqadaryo xotin-qizlari to'g'risida iliq so'zlarni aytdilar. Bu muxtaram prezidentimizning viloyatimiz xotin-qizlariga bo'lgan ulkan mexr va g'amxo'rliklari ifodasi desak  mubolag'a bo'lmaydi.
    Azizlar!
       Bugungi kunda hayotimizning qaysi soha va yo'nalishini olmaylik – ularning rivoji va samarasini oshirishda opa-singillarimizning munosib hissalari bor. Mamlakatimiz mustaqilligining 25 yilligi arafasida Qarshi shahridagi 2-ixtisoslashgan maktab o'qituvchisi Sharapova Muhabbat opaning “O'zbekiston Qahramoni”  unvoniga sazovor bo'lgani,  mamlakatimizda xotin-qizlarga berilayotgan yuksak e'tiborning amaliy e'tirofidir.
Viloyatimizda ayollarning siyosiy-ijtimoiy hayotdagi o'rni va ta'siri ortib borayotganini davlat hokimiyatining barcha bo'g'in vakillik organlarida xotin-qizlar faol ishtirok etayotgani, jumladan,                   Oliy Majlis tarkibida 4 nafar deputatlarimiz, viloyat, shahar va tuman kengashlari tarkibida 66 nafar xotin-qizlarimiz siyosiy partiyalarning a'zosi sifatida o'z salohiyatini namoyon qilayotgani, fuqarolik jamiyatining tayanchi bo'lgan nodavlat notijorat tashkilotlarida ularning faol ishtirok etayotganiga har qadamda guvoh bo'lib turibmiz.
Viloyatimizda qishloq xo'jaligida band bo'lgan mehnatkashlarning qariyb yarmini xotin-qizlar tashkil etmoqda. YEtishtiriladigan bir million tonnadan ortiq g'alla, 420 ming tonnadan ortiq  paxta,        3,0 ming tonna pilla, 563 ming tonnaga yaqin sabzavot, 200 ming tonna kartoshka, 110 ming tonna uzum va 144 ming tonna meva mahsulotlari,  1 million tonnadan ziyod sut va 266 ming  tonnadan  ortiq go'sht mahsulotlarini etishtirishda, bozor va do'konlarimizdagi to'kinchilik va arzonchilikni ta'minlashda  katta hissa qo'shayotgan zahmatkash va fidoyi opa-singillarimizga har qancha tahsin aytsak, arziydi, albatta.
Muhtarama opa singillarim!
Viloyatimizda 665 nafar  mahallalarimizda diniy ma'rifat va ma'naviy-axloqiy tarbiya bo'yicha  maslahatchisidek  eng qiyin, eng murakkab, ammo sharafli vazifani o'zining nozik elkasiga olgan opa-singillarimiz faoliyat ko'rsatmoqdalar.
         Bugungi kunda viloyatimizdan 18 nafar qizlarimiz adabiyot, san'at, fan, ta'lim, madaniyat soxalarida alohida yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari bo'lishdi. Bu yil  viloyatimiz vakilasi – Kitob tumanilik shoira qizimiz O'g'iloy Ne'matova adabiyot yo'nalishi bo'yicha g'oliblikni  qo'lga kiritdi.  Ushbu yuksak mukofot bilan  O'g'iloy Ne'matovani va barcha Qashqadaryolik qizlarimni qizg'in tabriklayman. 
       Ishonamanki, O'g'iloy kabi iste'dodli va fidoyi qizlar viloyatimizdan hali ko'plab etishib chiqishadi. Chunki, bugun yoshlarimiz qaysi soxada o'z iqtidorlarini namoyish etishmoqchi bo'lsa – barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
     Xotin-qizlar o'rtasida sport  tobora ommalashib, sportning qizlarga mos turlari jadal rivojlanb boryapdi.  Bugun jaxon arenalarida Vatanimiz sharafini himoya qilayotgan sportchi qizlarimiz haqiqiy ma'noda faxr va iftixorimizga aylanishdi.
Rio-2016  Parolimpiadasi oltin medali sohibasi Fotima Amilova,  xalqaro toifadagi sport ustasi, Rio-2016  Olimpiadasi ishtirokchisi  Luiza G'anieva,  og'ir atletika bo'yicha yoshlar olimpiadasi ishtirokchisi  Kamila Abdullaeva,  Osiyo chempioni Farangiz Axmatova, O'zbekiston faxriga aylangan “Sevinch” futbol komandasi qizlari bilan haqli ravishda faxrlanamiz.
       Viloyatimizda 32000 nafardan ortiq qizlarimiz sport, jismoniy tarbiya va sog'lomlashtirish mashg'ulotlari bilan muntazam ravishda shug'ullanayotgani  bizni quvontiradi.
      Ha, xotin-qizlarni ming bir sifat bilan ta'riflamang, oxiriga etib bo'lmaydi.  Ammo ayol, eng  avvalo ona sifatida yuksak qadr-qimmatga, hurmatga loyiq. Bir suhbatda ayollardan: «Onalarga¬ qanday imtiyoz yaratilgan?» deb so'raganimizda, «Onalikning o'zi ayolga be¬rilgan eng katta imtiyoz. Chunki far¬zandini bag'riga bosib, mehrini bergan  ayolning ko'ziga butun dunyo chiroy¬li ko'rinadi. Hammani sevgisi, hammaga yaxshilik qilgisi keladi», – deb javob berishgan edi.
Qahramon shoirimiz Abdulla Oripovning zabardast she'rlaridagi o'lmas tuyg'ular ham onasi Turdi Karvon qizining oq suti, qolaversa, tarbiyasidan o'tgan. Chunki qalbga singgan yaxshilikning ham, yomonlikning ham yo'li ona yuragidandir.
Aziz ayollar!
Sizlarsiz umrimizni tasavvur qila olmaymiz, Sizlarning  orzularingiz  bizning ham orzumiz.
Aytishlaricha har bir omadli erkak ortida aslida matonatli bir ayol turgan bo'ladi. Tarixchilarning yozmalaridan ma'lumki, Amir Temur Eronga yurish boshlaganda, Isfaxon qamali cho'zilib ketib, Saroymulkxonimga maktub jo'natadi, «Qo'shinning zaxirasi tugadi, xazinadan zar yuboring» deyilgandi unda. Bibixonim «Zaringiz-ku tugabdi, siyosatingiz ham tugadimi?» deb javob yozgan, so'ng Amir Temur turli suyaklarni kestirib, orqasiga muhr urdirib, vaqtincha pul chiqartirgan, shahar qishloqlardan suyak-pullarga oziq-ovqat sotib olgan, Isfahon taslim bo'lgan, suyak pullarni zar pulga almashtirib berilgandi.
      Ayol – tabiatning eng nodir va eng murakkab asari ekan. U podsholikka da'vo qilmaydi, lekin podsholarni tarbiyalaydi. Payg'ambarlikka da'vo qilmaydi, lekin payg'ambarlarni tug'adi. Olimu  ulamolikka da'vosi kam, lekin dunyodagi eng dongdor olimlaru ulamolarning ham mukarrama Onasi bor.
      Aziz ayollar, munis onaxonlar, muhtarama qizlarim!
      Bu qisqa ma'ruza orqali Sizning jamiyat va oila hayotidagi  muhim o'rningiz, qadr-qimmatingizni to'liq e'tirof etolmaymiz, albatta. Siz muhtarama zotlar mehnatsevarligingiz, oqilaligingiz, tadbirkorligingiz, tashkilotchiligingiz va tashabbuskorligingiz hamda mehru muhabbatingiz bilan oilani oilaga, jamiyatni jamiyatga aylantirishda benazir hissa qo'shmoqdasizlar. Faqat ayol zotigagina mansub bo'lgan bunday noyob va betakror fazilatlar momolarimizdan qizlarimizga, onalarimizdan singillarimizga ma'naviy meros sifatida o'tib kelyapdi.  
Har  bir ayolga bahoriy kayfiyat, bahoriy go'zallik tilayman.  Ana shunday fusunkorlik har biringizning ko'nglingizga kirib borsin va u erdan mangu joy olsin.
      Sizlarga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman!
      E'tiboringiz uchun tashakkur!

Valyuta tushumlarini ko'paytirish hisobiga mamlakimizni iqtisodiy qudratini rivojlantirish va  yanada mustahkamlash bo'yicha meva-sabzavot masulotlirini eksportini ko'paytirish yuzasidan Qashqadaryo viloyatida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.
    Qashqadaryo viloyatining jami er maydoni 2 mln. 857ming gektarni tashkil etib, 3 mln. 52 mingdan ziyod aholi istiqomat qilmoqda.  Viloyatda qishloq xo'jaligida foydalanilayotgan erlar maydoni – 2 mln. 154 ming gektarni tashkil etib, 680 ming gektar ekin maydonlariga esa turli xildagi qishloq xo'jaligi mahsulotlari etishtiriladi(slayd-3).
    2016 yilda shundan 455,3 ming gektar er maydonlarda asosiy turdagi qishloq xo'jalik mahsulotlari etishtirildi(slayd-4).
    Xususan, 37 ming 700 gektar (8,3%) maydonda sabzavot, 11 ming 300 gektar (2,5%) maydonda kartoshka,13 ming 800 gektar (3,1%) maydonda poliz, 22 ming 300 gektar (5%) maydonda boshqa ekinlar ekildi hamda 20 ming 800 gektar (4,6%) maydonda bog'lar va 14 ming 400 gektar (3,2%) maydondatokzorlar parvarish qilindi (slayd-5,6).
Meva-sabzavot ekilgan jami 169,7 ming gektar maydonning105 ming gektari (23%), asosiy maydolarni, 13,2 ming gektari (3%)oraliq maydonlarni va 52 ming gektari (11%) takroriy  maydonlarni tashkil qildi(slayd-7).
Sabzavotlarni o'zini oladigan bo'lsak, 10,9 ming gektar (29%) pomidor, 2,6 ming gektar (7%) bodring, 1,6 ming gektar (4,3%) karam, 9,9 ming gektar (26%) sabzi, 4,8 ming gektar (12,6%) piyoz va 7,9 ming gektar (21%) maydonlarda boshqa sabzavot ekinlari ekildi               (slayd-8,9).
Muhtasar qilib aytadigan bo'lsak o'tgan 2015 yilga nisbatan sabzavot ekiladigan maydonlar 179 foizni, kartoshka 129 foizni, poliz144 foizni, meva112 foizni, uzum119 foizni tashkil qilib, jami er maydolari umumiy hisobda oshdi (slayd-10).
Bundan tashqari meva-sabzavot mahsulotlarini etashtirishni ko'paytirish maqsadida viloyatda joriy yilning 9 oyligida jami 219 ta 48 gektar maydonda yangi issiqxonalar barpo etilib, hozirgi kunda ularning jami soni 3804 tani er maydoni esa 482 gektarni tashkil qiladi (slayd 11,12).
Yuqorida aytib o'tilgan seva-sabzavotlar ekilgan er maydonlaridan joriy 2016 yilda 693 ming tonna (o'tgan yilga nisbatan 148%) sabzavot, 219 ming tonna (109%) kartoshka, 180 ming tonna (121%) poliz, 143 ming tonna (109%) meva va 113 ming tonna (110%) uzum etishtirish belgilangan bo'lib (slayd-13,14),
Amalda joriy yilning o'tgan 9 oyligida 895 ming tonna (o'tgan yilning 9 oyligiga nisbatan 108 foiz) mahsulotlar, xususan                   428 ming tonna (109%) sabzavot, 144 ming tonna (108%) kartoshka, 135 ming tonna (108%) poliz, 112 ming tonna (106%) meva va 76  ming tonna (107%) uzum etishtirildi (slayd-15,16).
Shuning bilan birgalikda joriy yilning 9 oyligida jami               38,6 ming tonna yoki 25,3 mln. dollarlik meva-sabzavot mahsulotlarini eksporti amalga oshirildi. Xususan 2,6 mln. dollrlik sabzavot, 6,5 mln. dollarlik meva, 7 mln. dollarlik poliz va 9,2 mln. dollarlik uzum mahsulotlari eksportga ortildi (slayd-19).
Eng muhimi, joriy yilning 9 oyligida amalga oshirilgan meva-sabzavotlar eksporti miqdori o'tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 2 borobarga oshdi. Shundan, o'tgan yilning mos davriga nisbatan sabzavotlar eksporti 186 foizni, meva 163 foizni, poliz 212 foizni va uzum eksporti esa 219 foizni tashkil qildi (slayd-20).
Eng asosiy sifat ko'rsatkichlaridan biri bu joriy yilning 9 oyida, 453 ming dollarlik (487,5 tonna) 5 xil  yangi turdagi mahsulotlar eksporti amalga oshirildi. Jumladan, Qozog'iston Respublikasigakabachki(40 tonna, 42 ming dollar),baqlajon(200 tonna, 53 ming dollar), lavlagi(60 tonna, 24 ming dollar), Rossiya Federasiyasiga esa shaftoli (120 tonna, 214 ming dollar) va anjir(67,5 tonna, 120 ming dollar) eksport qilindi(slayd-21).
Amalga oshirilgan eksportning asosiy qismi Rossiya, Qozog'iston, Ozarbayjon, Moldaviya va Latviya davlatlari hissasiga to'g'ri keldi (slayd-22).
2016 yil noyabr oyida jami 9,6 ming yoki 8,7 mln. dollarlik meva-sabzavot mahsulotlarini  eksportga ortish mo'ljallangan. Xususan noyabr oyining o'zida 1,1 mln.dollarlik (2,3 ming tonna) sabzavot, 2,3 mln.dollarlik (2,4 ming tonna) meva, 0,92 mln. dollarlik (1 ming tonna) uzum, 2,1 mln.dollarlik (2,5 ming tonna) dukkaklilar va 2,3 mln.dollarlik (1,3 ming tonna) quritilgan meva-sabzavotlarni eksportga ortish choralari ko'rilmoqda (slayd-25).
Bundan tashqari viloyatda meva-sabzavotlar eksportini ko'paytirish bo'yicha kattagina imkoniyatlarimiz mavjud. Jumladan, 855 ming tonna meva-sabzavotlar etkazib berish bo'yicha689,9 mln. dollarlik shartnomalar mavjud. Masalan Rossiya federasiyasi bilan 367 mln. dollarlik,Qozog'iston respublikasi bilan 236 mln. dollarlik, Ozarbayjon respublikasi bilan 74 mln. dollarlik, Latviya davlati bilan 13 mln.dollarlik va Moldaviya respublikasi bilan 0,3 mln. dollarlik shartnomalar tuzilgan (slayd-26).
Shuningdek, ayni damda 33 ming tonna eksportga ortishga  tayyor mahsulotlarimiz bor. Jumladan, 10 ming tonna sabzavot, 500 tonnapoliz, 10 ming tonna mevalar, 8 ming tonna uzum, 3,5 ming tonna dukkaklilar hamda 1 ming tonna quritilgan meva-sabzavotlar eksportga ortishgan tayyor turibdi (slayd-27).
Yana bir imkoniyat sifatida aytib o'tish lozimki, joriy yilda viloyatimizda 27 ming gektar maydonda to'qsonbosda ekinlar ekilayotgan bo'lib, ulardan 438 ming tonna hosil olinishi va undan  62 ming tonnasini eksportga yo'naltirish kutilmoqda (slayd-28).
Yuqoridagi imkoniyatlardan samarali foydalanish maqsadida bugungi o'tkazilayotgan “I – Halqaro meva sabzavot yarmarkasi”da viloyatimizdagi eksportyor korxonalar, mahsulot ishlab chiqaruvchilar ishtirok etayotgan bo'lib, yarmarka  doirasida jami 247,3 ming tonnayoki 200 mln. dollarlikeksport shartnomalarini tuzishni maqsad qilib kelganmiz (slayd-29).

O'zining necha ming yillik ko'hna tarixida ne-ne voqealarni boshidan kechirgan xalqimiz uchun O'zbekiston mustaqilligi, hayotimizni, ongu shuurimizni tubdan o'zgartirgan ulug' sana sifatida qancha asrlar, zamonlar o'tsa-da, o'z ahamiyati, qadr-qimmati va mohiyatini yo'qotmaydigan, tom ma'noda olamshumul voqea bo'lib abadiy saqlanib qoladi. Chunki, milliy mustaqillikdan, erk va ozodlikdan ustun turadigan hech qanday qadriyat, hech qanday ne'mat yo'q va bo'lmagan. Mamlakatimiz mustaqilligining chorak asrlik yoshini nishonlash arafasida, albatta, ortga bir nazar tashlab, bosib o'tilgan yo'lda erishilgan muvaffaqiyatlarni sarhisob qilish, yangi kuch, yangi g'ayrat-shijoat bilan kelgusi istiqbol rejalarini belgilab olish maqsadga muvofiqdir. 
Yigirma besh yil tarixan qisqa bir davr hisoblansada, u asrlarga tatigulik ulkan o'zgarishlar, tub burilishlari bilan tarix zarvarag'idan alohida o'rin egalladi.  O'tgan mustaqil taraqqiyot yillari davomida xalqimiz ongi, tafakkuri, dunyoqarashi o'zgardi. Biz boshqacha fikrlaydigan, oldimizga yuksak maqsadlar qo'yadigan bo'ldik. Biz buyuk davlat arboblari, jahon madaniyatiga ulkan hissa qo'shgan daho allomalarning farzandlari ekanligimizni yana bir chuqur anglab, ularning bebaho ilmiy-ijodiy merosini o'rgandik, milliy g'urur va iftixor tuydik. Hech kimdan kam emasligimizni amalda his etib, oldimizga qo'ygan yuksak maqsadlarimizni, buyuk kelajagimizni yaratishga dadil kirishdik.
Albatta, shu o'rinda alohida e'tirof etish kerakki, barcha muvaffaqiyatlarimiz zamirida -  Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligi strategiyasi bo'lgan, ijtimoiy-siyosiy fikrlar tarixida qiyosi bo'lmagan “besh tamoyil”ning ishlab chiqilishi va izchil amalga oshirilishi asos bo'lib xizmat qilmoqda. Millatimiz tarixida shonli bunyodkorlik yillari sifatida muhrlangan o'tgan yillar mobaynida muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov rahbarligida xalqimiz og'ir sinovlarni, iqtisodiy qiyinchiliklarni mardonavor engib o'tdi. Bu  davrda g'alla mustaqilligiga, yonilg'i-energetika mustaqilligiga to'la erishdik. Mamlakatimiz iqtisodiyotida chuqur tarkibiy o'zgarishlar yuz berdi. Ilgari asosan xomashyo etkazib berishga moslashtirilgan xalq xo'jaligi endi tayyor mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashdi.
Mulkning turli shakllari rivojlanishiga teng huquq va sharoit yaratildi. Natijada xalqimiz o'zining ishbilarmonlik, tadbirkorlik salohiyatini yuzaga chiqarish imkoniga ega buldi. Jamiyatda o'rta mulkdorlar sinfi shakllandi, qishloq xo'jaligida iqtisodiy munosabatlar tubdan yangilandi, fermerlik harakati keng quloch yoydi. Eng muhimi, mustaqillik, erkin bunyodkorlik, ertangi kunga ishonch xalqimizning dunyoqarashini o'zgartirdi. Endi u kimligini, o'z qadr-qimmatini juda yaxshi biladi.
Ona diyorimizning eng qadimiy tarixga, o'ziga xos madaniyatiga ega, er osti va er usti boyliklari ko'pligi bilan ajralib turadigan, bugun har tomonlama jadal rivojlanayotgan viloyatlaridan biri - Qashqadaryodir.  Mamlakatimizning barcha xududlaridagi kabi mustaqillik yillarida viloyatning ham ijtimoiy-iqtisodiy va ma'naviy hayotida ulkan o'zgarishlar sodir bo'ldi. O'zining ko'p ming yillik uzoq tarixiga ega bo'lgan ushbu zamin o'zining ko'plab daho farzandlari – olimu ulamolari, adiblari, san'atkorlari, davlat arboblari, ulamolari bilan butunjahon sivilizasiyasi rivojiga munosib hissa qo'shgan va hamisha jahon ahlining e'tiborini tortib kelgan. Bu go'zal va betakror vohaning o'ziga xos xususiyatlaridan biri- mehnatkash va oriyatli xalqimiz ulug'vorligini o'zida mujassam etgan odamlari, bu sahovatli zamin tabiiy boyliklarining ko'pligi, iqlimi va tabiatining turfa xilligi, o'ziga xos dehqonchilik uslubining rang-barangligidir.
Viloyatning G'uzor, Nishon, Mirishkor, Muborak, Koson tumani hududlari uglevodorod qazilmalari gaz va neftga, Qamashi, Yakkabog', Kitob, Shahrisabz, Dehqonobod tog'lari esa ma'danlarga va foydali noruda tog' jinslariga, ko'plab noyob kimyoviy elementlarga boy. Xususan, bugungi kunda respublikada qazib olinayotgan gazning 64 foizi, neftning  67 foizi, gaz kondensatining 87,4 foizi viloyat hissasiga to'g'ri keladi. Viloyat hududida kaliy tuzi, marmar, keramzit, yonuvchi slanes, toshko'mir, qo'rg'oshin, marganes, chinni toshi, bentonitli gil, qumli glaukonit  kabi o'ndan ortiq turdagi  foydali qazilmalarga ega.
Vohaning hayvonot va o'simliklar dunyosi, dehqonchilik tarkibi ham o'ziga xos. Shahrisabz va Kitobning sharobbop, mayizbop uzum navlari, lag'monning husayni uzumlari, ko'chkak anjirlari, cho'lning asaldan shirin qovun-tarvuzlari, tog'ning qizil kartoshkasi, Koson sabzilarining dovrug'i uzoqlarga ketgan. Vohaning keng qir va adirliklarida qadimdan chorvachilik rivojlanib kelgan va bugungi kunga kelib mamlakatimizdagi mavjud qo'y va echkilarning 22,3 foizi voha hissasiga to'g'ri keladi.
Shuni iftixor bilan aytish mumkinki, eng ko'p paxta xom ashyosi va g'alla etishtiradigan viloyat sifatida har yili dehqonlarimizning fidokorona mehnati tufayli 420 ming tonnadan ziyod paxta va 1 million tonnadan ortiq g'alla hirmoni yaratiladi.
Istiqlol yillarida yoqilg'i-energetika sanoatida salmoqli natijalarga erishildi. Jumladan, “Muborakneftgaz”, “Sho'rtanneftgaz”, “Muborak gazni qayta ishlash zavodi” kabi yirik sanoat korxonlarining yangi quvvatlari ishga tushdi. “Sho'rtangazkimyo majmuasi”, “Tallimarjon IES” kabi yirik korxonalar foydalanishga topshirildi. “Gissarneftgaz”, “Ko'kdumaloqgaz”, “Sho'rtangazmahsulot” qo'shma korxonalari tashkil etildi. 2010 yilda ishga tushirilgan “Dehqonobod kaliyli o'g'itlar zavodi”da ishlab chiqarilayotgan kaliyli o'g'itlari bugungi kunda respublikamiz qishloq xo'jaligi uchun mahsulot etkazib berish bilan birga, ko'plab xorijiy mamlakatlarga  eksport ham qilinmoqda.
Mustaqillik sharofati bilan viloyatning tog'li hududlariga temir yo'lning kirib kelishi tog'u toshlar ostida necha asrlardan buyon mudrab yotgan ulkan xom-ashyo zahiralaridan foydalanish imkoniyatini berdi. Endilikda ushbu tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ularning negizida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo'yicha alohida dasturlar qabul qilinmoqda va amalga oshirilmoqda. “Toshguzar-Boysun-Qumqo'rg'on” temir yo'li qurilishi ushbu hududlarda avvalambor iqtisodiy taraqqiyotning belgisi bo'lmish qurilish va sanoat, transport va aloqa, xizmat sohalarini rivojlantirishga, sog'liqni saqlash, ta'lim-tarbiya, umuman olganda yangidan-yangi madaniyat o'choqlarining ochilishiga, hayotni jonlantirishga va uning sur'atlarini tezlashtirishga mustahkam zamin yaratdi. Ushbu o'zgarishlar tufayli tashkil etilayotgan sanoat korxonalari hisobiga tumanlar va ulardagi olis qishloqlar infratuzilmasi rivojlanmoqda. Eng muhimi, mustaqillik – xalqimizning o'z taqdiriga egalik qilish huquqi, yurtimiz boyliklaridan Vatanimiz manfaatlari yo'lida foydalanish imkoniyati ekanligi bugungi kunda barchamiz anglagan haqiqatdir.
Shu o'rinda e'tirof etish kerakki mustaqillik yillarida temir yo'l va avtomobil transporti yo'nalishida ulkan yutuqlarga erishildi.  Xususan, 2015 yilda mustaqillik bayrami arafasida “Afrosiyob” tezyurar poezdining “Toshkent-Qarshi” yo'nalishida harakatning yo'lga qo'yilishi poezdlarning harakat tezligi va poezdlar harakati xavfsizligi ta'minlash, yo'lovchilarning yo'lda bo'lish vaqtini qisqartirish, ularga xizmat ko'rsatish sifatini jahon andozalari darajasiga etkazish, boshqarish jarayoniga zamonaviy va xalqaro talablarga javob beruvchi mutlaqo yangi tizimni joriy etish va atrof muhitni ekologik saqlanishi uchun muhim omil bo'ldi.  
Viloyatda yalpi ichki mahsulotni barqarorlashtirib borish, iqtisodiy o'sishni ta'minlash, yangi ish o'rinlarini tashkil etish, aholi daromadlarini ko'paytirish, talab va taklifning mutanosibligini yo'lga qo'yishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik muhim o'rin tutmoqda. Ayniqsa, kichik biznesni tashkil qilish va yuritishda xarajatlar kamaytirilishining samaradorligi hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari huquqlarini himoya qilish borasida katta imtiyozlar yaratilganligi tadbirkorlik sub'ektlari faoliyati va moliyaviy holatini yaxshilashga ko'maklashmoqda.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni moliyaviy qo'llab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari tomonidan so'nggi 8 yil mobaynida  2 trillion 645 milliard so'mlik kredit mablag'lari ajratildi. Natijada bugungi kunga kelib kichik biznesning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi  2000 yilga nisbatan 25,8 foizdan 51,6 foizgacha, sanoat mahsuloti ishlab chiqarishda 6,8 foizdan 21,7 foizgacha o'sdi.
Bugungi kunda viloyatimiz tadbirkorlari tomonidan marmar vannalar, marmar plitalar, suvli bo'yoq (vodoemulsiya), rangli bruschatka, quruq shpaklyovka, mikrokalsit, kanalizasiya quvurlari, turli o'lchamdagi polietilen trubalar, profnastil, penoblok, pishiq g'isht va boshqa bir qancha yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi. Bu esa, chetdan qurilish materiallari keltirilishini, qisqa qilib aytganda ortiqcha vaqt sarflash va xarajatlarni keskin qisqarishiga olib kelmoqda. Agar viloyatda 1991 yilda 17 ta g'isht zavodi faoliyat yuritgan bo'lsa, bugungi kunda yirik va kichik  g'isht zavodlari soni 172 tani tashkil etadi.
Bugun viloyat aholisining turmush farovonligi va madaniyatining yuksalayotganligini vohada yuz berayotgan ulkan o'zgarishlarda ko'rish mumkin. Namunaviy loyihalar asosida keyingi yillarda qurilayotgan uy-joylar qishloqlarimiz qiyofasini tubdan o'zgartirmoqda. 2009-2015 yil-larda qishloq joylaridagi 92 ta massivlarda namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi 6000 dan ortiq barcha qulayliklarga ega bo'lgan uy-joylar qurib, foydalanishga topshirildi. Viloyatda 2009 yilda dastlab ana shunday 100 ta uy-joy qurilgan bo'lsa, 2015 yilda bu 1320 tani tashkil etdi. Joriy yilda ham 13 ta tumanning 38 ta massivida 1526 ta uy-joylar qurilishi davom ettirilib, ular kichik shaharcha qiyofasini kasb etayotir.
Qurilayotgan yangi aholi punktlari nafaqat barcha qulayliklarga ega, shuningdek, zarur ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va maishiy infratuzilma-lar bilan birga barpo etilmoqda.
Shuningdek, mustaqillik yillarida 216 ta maktab yangidan bunyod etilib, 352 ta maktab kapital rekonstruksiya qilindi. 138 ta kollej va ularning 13 ta filiallari, 7 ta akademik lisey barpo etildi, 265 ta qishloq vrachlik punktlari, 3 ming o'rinli kasalxonalar foydalanishga topshirildi. Ayni paytda 3 ta oliy uquv yurti, 145 ta kasb hunar kollejlari va akademik liseylar va 1124 ta maktab faoliyat yuritmoqda.  332 ta bolalar bog'chalari, 60 ta kasalxonalar, 5197 ta sport inshootlari va 74 ta madaniyat va aholi dam olish markazlari aholiga xizmat ko'rsatmoqda.
Bugungi kunda Qarshi va Shahrisabz shaharlari ulkan bunyodkorlik maydoniga aylangan.
Mamlakatimiz Prezidentining 2013 yil 25 iyuldagi “Qarshi shahrini kelajakda qayta qurish rejasi va zamonaviy yo'l-transport kommunikasiyalarini rivojlantirish Dasturi to'g'risida”gi Qaroriga asosan Qarshining hududi 9 ming gektardan 17 ming gektarga kengaymoqda. Dasturga muvofiq Qarshi shahrida qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish uchun 6 ta asosiy yo'nalish bo'yicha  556  milliard so'mdan ortiq mablag' o'zlashtirildi. Ayni paytda Qarshi shahrining “O'zbekiston”, “Mustaqillik”, Amir Temur, Alisher Navoiy, “Nasaf”, “Xonobod” ko'chalarini kengaytirish, atrofini obodonlashtirish va ko'kalamzor-lashtirish, yo'laklar, tashqi yoritish uskunalari va favvoralar o'rnatish bo'yicha ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.  Shaharning markaziy ko'chalaridagi past uy-joylar o'rnida zamonaviy 122 ta ko'p qavatli uylar qurilmoqda. Ularning 32 tasi foydalanishga topshirildi,  90 tasida qurilish ishlari davom ettirilmoqda.
Muhtaram Prezidentimizning shaxsan tashabbuslari bilan Qashqadaryo daryosi qirg'og'ini obodonlashtirish va dam olish hududlarini  tashkil etish bo'yicha ishlar yakuniga etkazildi. Xususan, daryo suvi 3 ta sun'iy to'g'on yordamida ko'tarilib, uning to'lib oqishi ta'minlandi. Bu inshootlar suvni to'plash barobarida filtrlash vazifasini ham bajaradi. Sohilning ikki tomoni esa odamlar sayr qilib hordiq chiqaradigan so'lim maskanlarga aylantirildi. Ko'kalamzorlashtirilgan ushbu hududlarga chetdan keltirilgan 4 mingdan oshiq manzarali daraxt va butalar ekildi. Sohilda sayr va sayohat qilib dam oluvchilar uchun 51 ta katamaran, 2 ta kema suvga tushirildi, ularga chiqadigan 4 ta pristanlar qurildi.
Ushbu maskanda 14 ta kottej, 4 ta kafe-bar, 1 ta bolalar maydonchasi, 4 ta sun'iy qoplamali sport maydonchasi foydalanishga topshirildi. Bugungi kunda sohilning dam olish maskanida o'rnatilgan mingdan ortiq yoritish ustunlari hamda attraksionlar aholining maroqli hordiq chiqarishi uchun xizmat qilmoqda.
Shu o'rinda ta'kidlash joizki, buyuk Sohibqiron Amir Temur ko'priklar va yo'llar qurish ishlariga katta e'tibor qaratgan. O'sha zamonda daryolar ustidan o'tuvchi katta-katta ko'priklar qurilgan. Qadimgi Qashqadaryo ko'prigi ham o'z zamonasida ana shunday yirik arxitektura inshootlaridan biri bo'lganligi bizga ma'lum. U necha-necha asrlar davomida nafaqat karvonlar va aholining uzog'ini yaqin qilgan, balki shahar mudofaasini ta'minlashda ham muhim ahamiyat kasb etgan. Bugungacha asrab-avaylab kelinayotgan, viloyatning noyob  tarixiy yodgorliklaridan biri sanaladigan ushbu qadimiy ko'prik dastur doirasida zamonaviy ko'rinishda to'liq ta'mirdan chiqarildi.
Shuni mamnuniyat bilan aytish kerakki, Qashqadaryo qadimiy tarixi va zamonaviy taraqqiyot imkoniyatlari jihatidan ulkan madaniy va ma'naviy salohiyatga ega bo'lib, nafaqat respublikamiz, balki xalqaro tashkilotlar va xorijlik sayyohlarni ohangrabodek o'ziga tortib kelmoqda. Bugungi kunda viloyatda jami 75 ta, shu jumladan, Shahrisabz shahrida 15 ta madaniy turizm ob'ektlari mavjud. Viloyat bo'ylab jami 30 ta tarixiy madaniy meros ob'ektlari, ko'ngilochar maskanlar, ekozonalar yo'nalishi bo'yicha turistik marshrutlar yo'lga qo'yilgan.
Shahrisabzdagi ko'hna Sharq arxitekturasi durdonalari hisoblangan ko'plab obidalar, milliy me'morchilik yodgorliklari 2000 yil Avstraliyaning Keris shahrida o'tkazilgan YuNYESKO bosh konferensiyasining 31-sessiyasida  YuNYESKOning butun jahon madaniy meroslari “Umuminsoniy qadriyatlar” kitobi ro'yxatiga kiritilgan edi. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 20 fevraldagi “Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida ob'ektlarni qurish va rekonstruksiya qilishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturi to'g'risida”gi qarori asosida amalga oshirilayotgan bugungi bunyodkorlik ishlari Shahrisabzni o'z nomiga monand, nafaqat mamlakatimiz, balki mintaqadagi eng go'zal va obod shahar, sayyohlar oqimi to'xtamaydigan doimiy gavjum va yirik turizm markazi, qolaversa Markaziy Osiyodagi eng yirik muzey shaharga aylantirmoqda.
Bugungi kunda dastur doirasida Shahrisabz shahrida 6 ta asosiy yo'nalish bo'yicha 461 milliard so'mlik qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. “Hovuzi Mardon” ob'ekti va Amir Temur maydonini rekonstruksiya qilish ishlari yakunlanmoqda, “Oqsaroy” majmuasini “Doruttilovat” va “Dorussaodat” majmualari bilan birlashtiruvchi alleya va bulvar qurilishi amalga oshirilmoqda.
Shaharda 50 ta ko'p qavatli uylar qurilmoqda. Shundan 16 tasi foydalanishga topshirildi, 34 tasida qurilish ishlari davom ettirilmoqda. Bu erdagi yashil manzara, favvoralar, dekorativ devorlar, hunarmandlar uchun mo'ljallangan ko'p qavatli uylar, mahobatli Oqsaroy, Dorut-tilovat, Dorus-saodat majmualari, Amir Temur maydoni, Chubin madrasasi, maqomchilar markaziga aylantirilayotgan Koba karvonsaroyi, hunarmandlar markazini birlashtirib ajoyib manzara kasb etgan xiyobon endilikda                 bu erga keluvchilar uchun haqiqatda ochiq osmon ostidagi muzey vazifasini o'taydi. Ushbu tarixiy obidalarni bog'lab turuvchi alleyada 31,5 ming tupdan ortiq noyob, hamisha yashillikka burkanib turadigan daraxt ko'chatlari va              60 turdan ortiq butalarning ekilishi qadimda “yashil shahar” nomini olgan Shahrisabzning nomiga bugun ham mos tushmoqda. Mana shunday ezgu tashabbus bilan amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, muhtaram Yurtboshimiz ta'biri bilan aytganda, Shahrisabzning nainki mamlakatimiz, balki mintaqamizdagi eng go'zal va obod shahar bo'lishiga xizmat qiladi.
Qashqadaryoliklar ham ozod va obod yurtimizdagi barcha fuqorolar kabi bugun Kelajagi buyuk yurtimizni obod etish yo'lida ishonch bilan dadil odimlamoqdalar. Shaharu, qishloqlar obodonlashtirilib, ularning qiyofasi tubdan o'zgarmoqda. Ayniqsa mustaqillik bayrami arafasida bunday ezgu ishlar viloyat bo'ylab keng quloch yoydi. Viloyat markazidagi ko'chalar, tashkilot va idoralar, turar joy binolari, bog' va xiyobonlar umuman barcha hududlarda minglab turli xil rang va navdagi gullar ekilmoqdaki, ular bugun shahar ko'rkiga yanada ko'rk baxsh etmoqda.
Ayni paytda barcha shaharu, qishloqlarda, mehnat jamoalarida, mahallalarda har bir xonadonda biz uchun eng ulug', eng aziz bo'lgan bayram, unutilmas tarixiy sana – O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligi-ning yigirma besh yilligini nishonlaymiz. 25 yil - milliy taraqqiyotda yangi bir dovondir. O'tgan yigirma besh  yillik mustaqil taraqqiyot yillari xalqimizning ulkan yaratuvchanlik salohiyatini, aql-zakovatini, irodasini, umummilliy manfaatlarini, o'zligini anglash darajasi yuksakligini jahonga namoyon etdi. Bu yillarda xalqimizning ozod va obod Vatan, yangi davlat va jamiyat barpo etish yo'lidagi buyuk ishlari mujassamdir. Binobarin, mustaqillik biz uchun shu qisqa muddatda bugungi tinch va osuda hayotimiz, to'kin va farovon dasturxonimiz, xalqaro maydondagi  nufuz va e'tiborimizning bosh mezoniga aylandi. Muhtaram prezidentimiz rahnamoligida xalqimiz o'z taqdirini o'zi belgilab, kelajagini o'z qo'li bilan yaratmoqda, har kuni asrlarga teng buyuk islohotlarni amalga oshirmoqda. Vatanimiz, xalqimiz hayotida, barchamizning ongu shuurimizda, tafakkurimizda ro'y bergan ulkan o'zgarishlarni ko'z oldimizga keltirganimizda, istiqlolning buyuk mohiyati va ahamiyatini, mustaqillik atalmish ulug' ne'matning muqaddas zaminimizda yashaydigan barcha insonlar hayotida tutgan o'rnini yanada teranroq anglaymiz.
Bu kabi fikrlar har bir qashqadaryolikning qalbida jo'sh o'rib turibdi va ularni yangi-yangi marralar sari undamoqda.

Z. Ro'ziev,
                                                Qashqadaryo viloyati hokimi, O'zbekiston
                                                Respublikasi   Oliy   Majlisi   Senati
                                                a'zosi.


Bazaviy interaktiv xizmatlar

Manzilimiz


Manzil: Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, Mustaqillik Maydoni,1
Pochta indeksi:180100
Telefon
: 0(375)221-12-88, 0(375)221-03-81
Faks
: 0(375)221-13-40
Veb-sayt
http://www.qashqadaryo.uz
Elektron pochta
Yaqin jamoat transport to`xtash joylari 
Milliy bank va Mustaqillik Maydoni bekati
Avtomashrut
1,4,5,7,10,18,20,22,23,27,
37,44,462,11,21,37,33

Hozir saytimizda

Bizning saytimizda 144 mehmonlar va ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar 0

Foydali resurslar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati
www.press-service.uz
   
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati
www.senat.uz
   
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi
www.parliament.gov.uz
   
O‘zbekiston Respublikasining Hukumat portali
www.gov.uz
   
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)
www.ombudsman.uz
   
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi
www.prokuratura.uz
   
 
Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo'yicha davlat inspeksiyasi
http://gis.uz/

 

Mobil ilovalar

Bosh sahifa

Qabul kunlari

A- A A+

Rahbariyatga murojaat etish

Rahbariyatga murojaat etish

Viloyat hokimligining umumiy bo'limiga murojjat etish (Yangi oynada ochiladi)

Mobil versiya

Mobil versiyaga o'tish

Bog'lanish

Ishonch telefon raqami 
0(371) 200-55-05 
Ishonch telefon raqami reglament
Yagona telefon raqami
0(375) 221-07-60 
Yagona telefon raqami reglamenti

Batafsil>>>

Biz bilan bog'lanish

Sahifa adressi

Maxsus imkoniyatlar

K'orinish

Pastda o'zingizga kerakli parametrni tanlasng
Blue Green Red Radian
Select menu
Google Font
Body Font-size
Body Font-family
Reset
Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech