wrapper



Ma’lumki, mamlakatimiz yangi tarixining chorak asri yirik davlat arbobi va siyosiy yetakchi Islom Karimov nomi bilan bog‘liq. Birinchi Prezident Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, jamiyatning iqtisodiy o‘sishi uchun o‘z hissasini qo‘shdi. Tinchlikparvar siyosat tufayli respublika xalq xo‘jaligini qayta tiklash va yangi asosda rivoj topishiga mustahkam asos yaratildi. O‘zbekiston jahon hamjamiyatida o‘z o‘rniga ega davlatga aylandi.

Bu nafaqat biz, balki jahon afkor ommasining ham e’tirofidir. Jumladan, fransuz tadqiqotchilari J.Barri, K.Ferro va Sh.Vang Islom Karimovni XX asrning buyuk davlat va jamoat arbobi, Beshinchi fransuz inqilobi asoschisi, Fransiya milliy qahramoni general Sharl de Goll bilan bir o‘ringa qo‘yishadi. Boshqa mutaxassislar fikricha esa, Islom Karimov ayrim jihatlari bilan Amerika "qayta qurish"ining otasi Franklin Ruzveltga ham o‘xshab ketadi. Aynan Islom Karimovning sa’y-harakatlari bilan sovet davlati tarkibidan endigina chiqib o‘z yo‘lini tanlagan O‘zbekiston AQSH singari og‘ir iqtisodiy vaziyatdan chiqib ketishga muvaffaq bo‘ldi. AQShdagi "Yangi kurs" iqtisodiy islohotlari, fashizmga qarshi kurash koalitsiyasini tuzish F.Ruzvelt nomi bilan bevosita bog‘liq bo‘lsa, Islom Karimov nomi bilan O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlar hamda xalqaro terrorizmga qarshi harakatlar bog‘liq.

Islom Karimov O‘zbekiston rahbarligiga kelganida respublikamiz hali sovet ittifoqi tarkibida bo‘lgan bir paytda dadillik bilan davlat yerini dehqonlarga tarqatish yo‘lini tanladi, o‘zbek tiliga esa davlat tili maqomini berishi haqida qaror qabul qildi. Sobiq  ittifoq rahbariyatining qarshilik ko‘rsatishi va e’tirozlariga qaramay, O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Islom Karimovni O‘zbekiston Prezidenti etib tayinladi. Shu tariqa 1990-yilning 24-mart kuni sobiq SSSR hududida, 15 ittifoqdosh respublikalar orasida O‘zbekistonda ham prezidentlik instituti joriy qilindi.

Mustaqillik yillarida Islom Karimovning bevosita tashabbusi bilan xususiy mulk, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish, jumladan, qishloq xo‘jaligi sohasida sezilarli o‘zgarishlar amalga oshirildi, uning o‘zi bu sohada yangi mulkdorlar sinfi - fermerlik harakatini shakllantirishga rahbarlik qildi. Uning boshchiligida Navro‘z, Qurbon hayit va boshqa milliy bayramlarimiz tiklandi.

Ta’kidlash lozim, Islom Karimovning prezident bo‘lguniga qadar  faoliyati ham barcha uchun qiziq, muhim va o‘rnak bo‘lgulik.

Sinfdoshlarining eslashicha,  Islom Karimov maktabda o‘qib yurgan yillaridayoq qo‘shimcha adabiyot izlab kutubxonalarga qatnar va bu bilan xuddi institut talabasi singari namoyon bo‘lgan. U yozgan insholar barchaga namuna sifatida o‘qib berilgan.

9-sinfda o‘qib yurganida rus tili darsida yozgan inshosi uchun o‘qituvchi unga "2" qo‘ygan. Islom Karimov bundan norozi bo‘lib, "Nega ikki qo‘ydingiz?", deb so‘raganida, o‘qituvchi "Kitobdan ko‘chiribsan", degan javobni bergan. U esa "Ko‘chirganim yo‘q, kitobda qanday o‘qigan bo‘lsam, shunday yozganman", degan. O‘qituvchi bu gapga ishonmay, boshqa insho matnini bir marta o‘qittirgan va dars oxirida so‘rashini aytgan. Dars  yakunida Islom Karimov berilgan matnni to‘liq yozib, yoddan aytib bergan. Biror so‘z u yoqda tursin, hatto nuqta-verguligacha aniq aytilgan bu javobdan o‘qituvchi lol qolgan va "5" baho qo‘ygan.

U yana o‘zi o‘qigan maktab basketbol jamoasi sardori ham bo‘lgan. Jamoa Buxorodagi chempionatda 2-o‘rinni egallagan. Xotiralarda aytilishicha, bolaligidan uning o‘ziga bo‘lgan ishonchi kuchli, kim himoyaga muhtoj bo‘lsa, doim yordam berishga tayyor bo‘lgan.

Qiynalganlarga madad qo‘lini cho‘zish Islom Abdug‘aniyevich Qashqadaryo viloyatiga rahbar bo‘lib ishlagan davrda yaqqol ko‘zga tashlanadi. U birinchi navbatda hammadan o‘z ishini to‘g‘ri va yaxshi bajarishni talab qilgan. Shu jumladan, "Markaz"dan kelgan "desantchilar"dan ham. Nega deganda, uning xarakterida ham o‘ziga, ham atrofdagilarga nisbatan talabchanlik jihati kuchli bo‘lgan. Masalaning boshqa bir tomoni, oldingi rahbardan farqli ravishda u mahalliy kadrlarni himoya qila boshlagan. E’tiborli jihati, bir oy mobaynida Islom  Karimovda Qashqadaryo viloyati to‘g‘risida bilmagan birorta ham ma’lumot qolmagan.

Aytishlaricha, Islom Karimov dalalarni aylanib yurib, to‘g‘ri shiyponga kirib boradi va o‘sha yerda ishlayotgan ayollar bilan suhbatlashadi, ularning turmush sharoiti, ro‘zg‘orining ahvoli haqida so‘raydi, "Dalada ishlagan paytingizda farzandlaringizga qarab turadigan odam bormi? Qanaqa muammolaringiz bor?" qabilidagi savollar bilan murojaat qiladi. Shunda ayollar uyga qaytish paytida ro‘zg‘or uchun kerakli narsalarni xarid qila olmayotganliklarini, ya’ni do‘konlarning kechki mahal yopiq bo‘lishi qiyinchilik tug‘dirayotganini aytishadi. Mana shu uchrashuvdan keyin birinchi kotib hamma dala shiyponlarida uy xo‘jaligi uchun zarur barcha mahsulotlar sotiladigan do‘konlarni tashkil qilgan. Islom Karimov avvalgi sovet rahbarlariga o‘xshab shunchaki, ya’ni ko‘p hollarda ishni nazorat qilish maqsadida joylarni aylanib yurmagan, u odamlarning dardini, tashvishlarini va ahvolini bilish uchun shunday qilgan.

Yana bir voqea. Kunlarning birida bir dona traktor dalani kultivatsiya qilayotganining guvohi bo‘ladi. Asta-sekin traktorchining oldiga borib, u bilan gaplashadi. Hol-ahvol, uydagi va mehnat sharoiti haqida suhbat quradi, qanday muammo va kamchiliklar borligi bilan qiziqadi. Traktorchi akkumulyatorim eski, tez-tez buzilib turadi, deydi. Uni yangisiga almashtirish uchun bir qancha byurokratik bosqichlarni bosib o‘tish kerak bo‘lgan. Ya’ni, dastlab brigadir "zayavka" yozadi, unga bo‘lim boshlig‘i viza qo‘yadi, so‘ng agronom imzosini qo‘yadi, sovxoz direktorining "berilsin", degan ruxsati tekkandan keyingina akkumulyatorni olish mumkin. Lekin shundan keyin ham akkumulyator bir sutka davomida quvvat olishi kerak bo‘lgan. Mana bu jarayonlarning hammasi 2-3 kun vaqtni olgan, shu vaqt ichida esa ish to‘xtab turgan. Buni eshitgan Islom Karimov bundan   keyin traktorlarni sozlash va tekshirish uchun har kuni dalalarda texnik xizmat mashinasi yurishini tashkillashtirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar beradi. 

Kadrlarni tanlashga yondashuvi ham e’tiborli. Misol uchun, uning stoliga qo‘yilgan mutaxassisning hujjatlari ichidan ma’lumotnomasini olib, u yashaydigan tumanga borgan. U yerdagi odamlar bilan gaplashib, hol-ahvol so‘ragan. Suhbat orasida boyagi kadr haqida ham surishtirib ko‘rgan. Xalqning fikriga qarab, mutaxassisni ishga olish-olmaslik masalasini hal qilgan.

O‘sha yillarda Sibirdan "gruz-200" keladi. Unda armiyada halok bo‘lgan ikki qashqadaryolik yigitning jasadi bo‘lgan. Islom Abdug‘aniyevich bu xabardan qattiq ranjib: "Afg‘onistondan yigitlarimizning o‘ligi kelayotgani kamlik qilganidek, endi bu ham bormidi?!", deydi. Ma’lum bo‘lishicha, bu yigitlar harbiy o‘quv mashqlari paytida, daryodan o‘tayotganda suvga tushib ketib, suzishni bilmasliklari sabab cho‘kib ketishgan. Shundan keyin Islom Karimov  yigit-qizlarning barchasi suzishga o‘rgatilsin, degan ko‘rsatma beradi va buning uchun havzalar barpo etiladi.

Katta bir mamlakatni istiqlol sari boshlagan dadil qadamlari esa "O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida" kitobida yorqin aks etgan. Bu kitob mustaqillikka erishish yo‘lida yaqin o‘tmish tariximizda, ya’ni 1989-1991 yillar mobaynida olib borilgan o‘ta og‘ir va mashaqqatli kurashlar tarixi yoritilgan manba sifatida benihoya ahamiyatlidir.

Kitobda yuz bergan barcha voqea-hodisalar va muallifning ularga bo‘lgan munosabatini xronologik tarzda to‘la va batafsil aks ettirish maqsad qilib qo‘yilmagan. Asosiy maqsad - sovet davlati hali o‘zining hukmronlik kuchini yo‘qotmagan, uning repressiv siyosati davom etayotgan, "paxta ishi" degan tuhmat bilan qancha-qancha odamlar nohaq qamalgan, tazyiq va ta’qiblarga uchragan, xalq o‘rtasida tushkunlik, ertangi kunga ishonchsizlik kayfiyati, qo‘rquv va vahima keng tarqalgan bir paytda O‘zbekiston rahbari sifatida ish boshlagan Islom Karimovning mustaqillikka erishish masalasini kun tartibiga qat’iy qilib qo‘yganini aniq tarixiy hujjatlar orqali ko‘rsatish, bu yo‘lda qanday ulkan ishlar amalga oshirilgani haqida o‘quvchilarga ma’lumot yetkazishga qaratilgan.

E’tiborlisi, sobiq kommunistik mafkura chuqur ildiz otgan ittifoq davrida ham Islom Karimovning har bir so‘zida, har bir chiqishida o‘z  xalqining tarixi va madaniyatiga, o‘z ona zaminiga, milliy qadriyatlariga ulkan muhabbat tuyg‘usi sezilib turadi. Chunonchi "Biz o‘tmishdagi hamma buzilishlar, xato va jinoyatlarni qat’iyan qoralaymiz va ulardan keskin voz kechamiz. Biz o‘tmishni va hozirgi kunimizni haqqoniy, xolisona tanqidiy tahlil etishning qat’iy tarafdorimiz. Biz bosmachilik harakati haqida bo‘lsin, kollektivlashtirish, repressiyalar, turg‘unlik davriga oid buzilishlar haqida bo‘lsin - "oq dog‘"larning butunlay tugatilishi tarafdorimiz. Ammo, albatta, har bir voqeani, aniq tarixiy sharoitni hisobga olib, bizning tariximiz, undagi har bir qadam, keksa avlodlarning peshona teri bilan va qoni bilan sug‘orilganligini nazarda tutib shunday qilishimiz kerak. O‘tmishimizni boshdan-oyoq qoralash ota-bobolarimiz xotirasi oldida, farzandlarimiz va nabiralarimizning ma’naviy tarbiyasi oldida kechirilmas xato bo‘lur edi", deb ta’kidlaydi. Kitobni o‘qib-uqqan odam mustaqillikka naqadar katta mashaqqatlar bilan erishilgani, bunda yakka shaxsning roli qay darajada bo‘lganini yaqqol anglaydi.

Shunday ekan, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlagani kabi, Birinchi Prezidentimizning Vatanimiz va xalqimiz oldidagi ana shunday tarixiy xizmatlarini yodimizda saqlash barchamiz uchun ham qarz, ham farzdir.

Abduqayum MAHKAMOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi

Manzilimiz


Manzil: Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, Mustaqillik Maydoni,1
Pochta indeksi:180100
Telefon
: 0(375)221-12-88, 0(375)221-03-81
Faks
: 0(375)221-13-40
Veb-sayt
http://www.qashqadaryo.uz
Elektron pochta
Yaqin jamoat transport to`xtash joylari 
Milliy bank va Mustaqillik Maydoni bekati
Avtomashrut
1,4,5,7,10,18,20,22,23,27,
37,44,462,11,21,37,33

Hozir saytimizda

Bizning saytimizda 112 mehmonlar va ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar 0

Maxsus imkoniyatlar

K'orinish

Pastda o'zingizga kerakli parametrni tanlasng
Blue Green Red Radian
Select menu
Google Font
Body Font-size
Body Font-family