wrapper

Hujjatlar

Hujjatlar (32)

Qashqadaryoning Dehqonobod, Mirishkor, Chiroqchi tumanlarida 1305ta loyiha amalga oshiriladi

Mazkur loyihalar orqali 4 500ga yaqin yangi ish o'rinlari yaratiladi

Hukumat qarori bilan 2018 – 2019 yillarda Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod, Mirishkor hamda Chiroqchi tumanlarini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturlari tasdiqlandi. Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali ma'lum qildi.

Mazkur dasturlar oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari, shuningdek, qurilish materiallari, engil sanoat va boshqa sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatlarini modernizasiyalash, yangidan barpo etish, texnik va texnologik jihatdan yangilash, xizmatlar sohasi va servisni rivojlantirish, qishloq xo'jaligi sohasining yanada barqaror rivojlanishini ta'minlash, ijtimoiy soha infratuzilmasini yanada takomillashtirish bo'yicha investisiya loyihalarini o'z ichiga olgan.

Dasturlar doirasida viloyatning Dehqonobod, Mirishkor, Chiroqchi tumanlarida jami 1305 ta loyihaning amalga oshirilishi, bu orqali esa 4 500ga yaqin yangi ish o'rinlarining yaratilishi nazarda tutilgan.

Xususan, ijtimoiy soha infratuzilmasini yanada takomillashtirish bo'yicha amalga oshiriladigan ishlar doirasida Dehqonobod tumanida 160 o'rinli maktabgacha ta'lim muassasasi, Bolalar-o'smirlar sport maktabi tarkibida yopiq suzish havzasini qurish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Mirishkor tumani markazida yangi Madaniyat va istirohat bog'ini tashkil etish, Oilaviy poliklinika binosini qurib foydalanishga topshirish, tuman tibbiyot birlashmasida tez tibbiy yordam ma'muriy binosi faoliyatini yo'lga qo'yish nazarda tutilgan.

Shuningdek, Chiroqchi tuman markazidagi ko'p qavatli uy-joylarning kanalizasiya tizimi tubdan yangilanadi. Buning uchun 1 mlrd. 56 million so'm ajratiladi.

O'zA ma'lumotlari asosida


Batafsil

1 noyabrdan yo'l qoidasini buzgan piyodalar ham javobgarlikka tortiladi

Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug'iga asosan “Piyodalar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar bo'yicha elektron shakldagi ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirish va ma'muriy ish yuritish tartibi to'g'risida”gi yo'riqnoma ishlab chiqildi.
Fuqarolar xavfsizligi va ularning osoyishtaligini ta'minlash maqsadida tuzilgan ushbu yo'riqnomaga ko'ra, 2018 yilning 1 noyabridan respublikamizda yo'l harakati tartib-qoidalariga amal qilmay uni buzgan piyodalar ma'muriy javobgarlikka tortiladi.
- Baxtsiz hodisalar ichida eng ko'p tarqalgani va kishilar hayotiga jiddiy xavf solayotgani yo'l-transport hodisalaridir, - deydi viloyat IIB yo'l harakati xavfsizligi boshqarmasi inspektori Akmal Beshimqulov. – Piyoda bilan bog'liq yo'l-transport hodisalarida ko'proq haydovchiga nisbatan chora ko'rilgan bo'lsa, endilikda piyodalar ham javobgarlikka tortiladigan bo'ldi. Piyodalar avtomobil qatnov yo'llarining o'tish mumkin bo'lmagan joylaridan kesib o'tganda va boshqa yo'l harakati qoidalariga amal qilmaganda, tegishli tartibda ma'muriy jarimaga tortiladi.
Ma'lumotlarga ko'ra, viloyatimizda joriy yilning 9 oyi davomida 545 ta yo'l-transport hodisasi yuz bergan bo'lsa, shundan 238 ta holat piyodalar ishtiroki bilan bog'liq. Unda 512 nafar inson turli tan jarohati olgan, 140 nafari vafot etgan.
Sojida ALLAYoROVA
Qashqadaryogz.uz ma'lumotlari asosida

Batafsil

Mansabdor shaxslar pora olishiga qanday omil shart-sharoit yaratdi?

2018 yil 7 sentyabr kuni huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o'tkazilgan tezkor tadbir davomida Muborak tumani hokimining yordamchisi A.Mamashukurov, tuman moliya bo'limi mudiri S.Qo'yliev 21 million so'mni pora sifatida olayotgan vaqtda, shu yil 19 avgust kuni Qarshi shahar qurilish bo'limi boshlig'i vazifasini vaqtincha bajaruvchi S.Yusupov va Qarshi shahar iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bo'limi bosh mutaxassisi N.Qurbonov 4300 AQSh dollarini pora tariqasida olayotgan vaqtda, 2018 yil 5 sentyabr kuni viloyat o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi boshqarmasi bo'lim boshlig'i Sh.Jovliev va Muborak sanoat kasb-hunar kolleji direktori o'rinbosari R.Abdiev 800 AQSh dollarini qabul qilib olayotgan vaqtlarida qo'lga olingan.
Mas'uliyatli lavozimda ishlab kelgan ushbu shaxslar shaxsiy manfaatlari yo'lida mansab vakolatlarini suiiste'mol qilishgan, aholini, ayniqsa, tadbirkorlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning qonuniy huquqlarini ro'yobga chiqarishda ko'maklashish o'rniga shaxsiy manfaatdorlik olish yo'lida jirkanch ishga qo'l urishgan.
Masalaning ushbu jihatlari viloyat hokimligida Odob-axloq komissiyasi yig'ilishida atroflicha muhokama qilindi.
Viloyat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar mas'ul xodimlari, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shahar, tuman studiyalari orqali ushbu tizimlar quyi bo'g'inlari vakillari qatnashgan yig'ilishni viloyat hokimi, komissiya raisi Zafar Ro'ziev boshqarib bordi.
Selektor yig'ilishida mahalliy davlat hokimiyati organlari mansabdor shaxslari, xodimlari hamda    boshqa mas'ullarning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy savodxonligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko'rish, mansabdor shaxslar o'z mansab yoki xizmat majburiyatlarini beg'arazlik bilan, xolisona, vijdonan bajarishi, korrupsiya uchun shart-sharoit yaratadigan har qanday harakatdan o'zini tiyishi shartligi qayd etib o'tildi.
O'ziga yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarmagani, xususan, hokimlik apparati, korxona, tashkilot va muassasalarning faoliyatini nazorat qilishni susaytirib yuborganliklari sababli Muborak tumani hokimi G'.Djavliev, Qarshi shahar hokimi J.Fozilov, viloyat  moliya boshqarmasi boshlig'i A.Shukurov, viloyat iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bosh  boshqarmasi boshlig'i I.Amanov, viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig'i     O.Xudaynazarov va viloyat o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi boshqarmasi boshlig'i K.Yangiboevga ogohlantirish berildi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilinib, ijroga yo'naltirildi.
B.SAYFIYEV
Qashqadaryogz.uz ma'lumotlari asosida

Batafsil

“Ojiz” va “o'lik” qonunlar qayerdan paydo bo'ladi?


Jamiyatdagi mavjud munosabatlarni tartibga solish, davlat oldidagi masalalar va muammolarni hal qilish maqsadida qonunlar, qonun osti hujjatlari va boshqa idoraviy hujjatlar qabul qilinadi. Aslida qonunlar yaxshi ishlasa, qonun osti hujjatlari va davlat organlarining ichki idoraviy hujjatlari qabul qilinishiga zarurat qolmaydi.
Bir-biriga to'g'ri kelmaydigan, jamiyat va davlat boshqaruvida ta'siri bo'lmaydigan “ojiz” va “o'lik” qonunlarning ko'p bo'lishi, barqaror bo'lmasligi, ulardan ko'ra qonun osti hujjatlari va boshqa idoraviy hujjatlarning ustun bo'lishi nafaqat qonunlar, hatto davlatga bo'lgan ishonch va hurmatga ham salbiy ta'sir ko'rsatadi. Albatta, bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi ko'p jihatdan ana shu omilga bog'liq. Xo'sh, qonunlar va qonun osti hujjatlarining mukammalligi, o'zaro muvofiqligi va nuqsonsiz ishlashiga erishish uchun nima qilmoq kerak?
Bu boradagi muammolarni bartaraf etish maqsadida davlatimiz rahbarining 2018 yil 8 avgustdagi “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmoni qabul qilinganini aytish o'rinli. Bunda qonunchilik bazasini tizimlashtirish, qonunlarni ishlab chiqish, qabul qilish va ijrosini ta'minlash jarayonlari sifatini oshirishga e'tibor qaratildi. Norma ijodkorligini tartibga solish va bu jarayonga innovasiyalarni jalb etish ko'zda tutildi.
Farmon bilan nimalar belgilandi va u qanday yangiliklarga asos bo'ldi?
Birinchidan,  qonunlar va qonun osti hujjatlarini ishlab chiqishda, birinchi navbatda, shu hujjatni qabul qilishga ehtiyoj bormi, amaldagi qonunlar bilan bu munosabatlarni tartibga solish imkoni yo'qmi, degan savol qo'yiladigan, so'ngra yangi normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish yoki qilmaslik masalasi hal qilinadigan bo'ldi.
Ikkinchidan,  qonunlar, Prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlarini qo'llashda qo'shimcha ichki idoraviy hujjatlar qabul qilish amaliyotiga barham berish kerakligi ta'kidlandi.
Uchinchidan,  endilikda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga qonun loyihasini kiritish chog'ida unga, qonun va qonun osti hujjatlarini takomillashtirish, tashkiliy texnik va targ'ib qilish masalalari qamrab olingan tadbirlar rejasi ham ilova qilinadigan bo'ldi. Tadbirlar rejasi Oliy Majlis palatalari tomonidan tasdiqlanadi.
To'rtinchidan, Prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlari qabul qilingandan keyin alohida tadbirlar va nazorat rejalarini hamda “yo'l xaritalari”ni qo'shimcha tarzda tasdiqlash bekor qilinadi. Bu narsalar o'sha qarorning o'zida nazarda tutiladi. Farmon va qarorlarda topshiriqlar hamda ularni amalga oshirish mexanizmlarini belgilovchi normalar, muddatlar va mas'ul ijrochilar aniq ko'rsatilishi majburiy qilib qo'yildi.
Beshinchidan, yangi qonun va qonun osti hujjatlarini qabul qilish o'xshash munosabatlarni tartibga soluvchi boshqa normativ-huquqiy hujjatni bekor qilish yoki o'zgartirishlar kiritish orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, farmon bilan norma ijodkorligi sohasini takomillashtirishga qaratilgan Konsepsiya tasdiqlandi. Xo'sh, ushbu konsepsiya qanday yo'nalish va masalalarni o'z ichiga oladi?
Birinchidan, qonun hujjatlaridan bir-birini takrorlovchi, ziddiyatli, o'z ahamiyatini yo'qotgan va ishlamayotgan normalar chiqarib tashlanadi, idoraviy qonun hujjatlari kamayadi, qonun hujjatlarini qo'llashni tushuntirish bo'yicha Konstitusiyaviy sudga murojaat qilish tartibi takomillashadi.
Ikkinchidan, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida jamoatchilik muhokamalarining ta'sirini oshirish, fuqarolar va tadbirkorlar ko'radigan zararni hisobga olish hamda uning o'rnini qoplash tartibini joriy etish, Konstitusiya normalariga zid ravishda qabul qilingan qonun hujjatlarini zudlik bilan bekor qilish mexanizmini yaratish nazarda tutildi.
Uchinchidan,  normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimini 2019 yil 1 yanvariga qadar ishlab chiqish belgilandi. Shuningdek, fuqarolarga qonun loyihalarini barcha bosqichlarda ko'rib chiqish jarayonida axborot olish imkoniyati yaratiladi. O'zbek va rus tilida qabul qilingan qonun hujjati matnidagi nomuvofiqliklarni bartaraf etish bo'yicha choralar ko'riladi. Nazarimizda qonunlarimizni davlat tilida qabul qilish, alifbomiz bo'yicha yakuniy to'xtamga kelish vaqti etib keldi.
To'rtinchidan, norma ijodkorligi jarayoniga “aqlli tartibga solish” modeli elementlarini qo'llashga e'tibor qaratiladi. Bu elementlar fuqarolar va tadbirkorlar foydasini ko'zlash, murakkablashtiruvchi tartib-taomillarning amal qilish muddatini cheklashdan iboratligi ko'rsatib o'tildi.
Beshinchidan, norma ijodkorligida fan va amaliyot o'zaro hamkorligining maqbul modelini shakllantirish, malakali kadrlarni tayyorlash zarurligi belgilab olindi.
Asosiysi, aholining huquqiy ong va madaniyatini oshirishga erishish eng muhim vazifalardan biri bo'lib qolaveradi. Shu vazifani bajara olsak, har birimiz boshlayotgan harakat yoki harakatsizligimizning huquqiy oqibatini yaxshi anglaymiz, shunga qarab ish yuritamiz. Davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari, mansabdor shaxslar va davlat xizmatchilaridan huquqlarimizni qonuniy hamda asosli talab qilishga erishamiz. Asossiz shikoyatbozlik, noqonuniy talab va keraksiz iltimoslar hamda huquqiy nigilizmga chek qo'yiladi.
Abdishukur OMONOV,
viloyat hokimligi yuridik xizmat rahbari
qashqadaryogz.uz ma'lumotlari asosida

Batafsil

Madaniyat va san’at sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i
 
So‘nggi yillarda madaniyat va san’at sohasini tubdan isloh qilish va takomillashtirish, madaniyat va san’at muassasalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini yaratish maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda.
 
Shu bilan birga, o‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, madaniyat va san’at muassasalari binolarini qurish va ta’mirlash, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, hududlarini obodonlashtirish, aholining madaniy ehtiyojlarini qondirish borasidagi ishlar talab darajasida emas.
 
Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish, ushbu sohadagi muassasalar tarmog‘ini kengaytirish va ularning moddiy-texnik ahvolini mustahkamlash, aholiga sifatli xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish hamda davlat-xususiy sheriklik uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
 
1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, “O‘zbekkino” Milliy agentligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining madaniyat va san’at sohasida davlat-xususiy sheriklikning quyidagi shakllarini joriy etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin:
 
madaniyat va san’at yo‘nalishidagi nodavlat muassasalarining binolarini qurish uchun bepul asosda doimiy foydalanishga yer uchastkalari ajratish;
 
mavjud davlat madaniyat va san’at muassasalari binolarini rekonstruksiya qilish va jihozlash, keyinchalik esa ularni otaliqqa olish sharti bilan madaniyat va san’at yo‘nalishidagi nodavlat muassasalari obyektlarini qurish uchun bepul asosda yer uchastkalarini taqdim etish;
 
konsessiya asosida qurilish uchun yer uchastkasi yoki rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun bino ajratish;
 
bo‘sh turgan davlat mulki obyektlarini, shu jumladan, faoliyat ko‘rsatmayotgan davlat madaniyat va san’at muassasalarining binolarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda “nol” xarid qiymatida sotish;
 
davlat madaniyat va san’at muassasalarining foydalanilmayotgan binolarini (yoki ularning bir qismini) ijara haqining “nol” stavkasida maqsadli foydalanish uchun xususiy sheriklarga berish;
 
xususiy sherikning mol-mulki negizida tashkil qilingan madaniyat
 
va san’at nodavlat muassasalarini moddiy-texnik, moliyaviy va metodik ta’minlash;
 
otaliq shaklidagi xayriya faoliyatini olib borish.
 
Belgilansinki, madaniyat va san’at sohasida davlat-xususiy sheriklik O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan boshqa shakllarda ham amalga oshirilishi mumkin.
 
2. Davlat-xususiy sheriklik shakliga qarab xususiy sherikka quyidagi investitsiya majburiyatlari yuklanishi mumkinligi belgilab qo‘yilsin:
 
madaniy xizmat ko‘rsatishda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifasiga imtiyozlar berish;
 
madaniyat va san’at muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash borasidagi ishlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish;
 
davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimda nazarda tutiladigan boshqa majburiyatlarni bajarish.
 
3. Belgilansinki, davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim:
 
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va “O‘zbekkino” Milliy agentligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlov natijalari bo‘yicha tuziladi. Bunda ushbu qarorning 1-bandi yettinchi va sakkizinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda tanlov o‘tkazilmaydi;
 
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi yoki “O‘zbekkino” Milliy agentligi tegishli ravishda o‘z tizimlarida davlat tomonidan xususiy sherik bilan bitim tuzadi va bitim shartlarini xususiy sherik qanday bajarayotgani bo‘yicha monitoring olib boradi.
 
4. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, “O‘zbekkino” Milliy agentligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining:
 
madaniyat va san’at nodavlat muassasalarini rivojlantirish va davlat-xususiy sheriklikni rag‘batlantirish tadbirlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasida ochiladigan alohida hisobvaraqda (keyingi o‘rinlarda maxsus hisobvaraq deb yuritiladi) jamlash to‘g‘risidagi;
 
madaniyat va san’at nodavlat muassasalari xarajatlarining bir qismini qoplash uchun davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil qilingan shunday muassasalarga davlat madaniyat va san’at muassasasining yillik daromadlari va xarajatlaridan kelib chiqib O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan subsidiyalar ajratish tartibini joriy etish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.
 
5. Quyidagilar maxsus hisobvaraqni shakllantirish manbalari etib belgilansin:
 
O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan ajratiladigan ekvivalenti 100,0 million AQSH dollari miqdoridagi kreditlar;
 
davlat madaniyat va san’at muassasalari negizida madaniyat va san’at nodavlat muassasalarini tashkil etish maqsadida davlat-xususiy sheriklik asosida tijorat banklaridan ajratiladigan kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining 7 foizdan oshgan qismini qoplab berish uchun har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining maqsadli mablag‘lari;
 
xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlari va boshqa donorlarning xayriyalari, kreditlari (qarzlari) va grantlari;
 
maxsus hisobvaraqning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
 
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
 
6. Belgilab qo‘yilsinki:
 
maxsus hisobvaraqdagi mablag‘lar tuman va chekka qishloq joylardagi teatrlar, kinoteatrlar, madaniyat va aholi dam olish markazlari, madaniyat va istirohat bog‘lari, konsert zallari, hayvonot bog‘lari va boshqa madaniy obyektlar negizida madaniyat va san’at nodavlat muassasalarini tashkil etish maqsadida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashga foizsiz asosda imtiyozli kredit berish uchun tijorat banklariga taqdim etiladi;
 
maxsus hisobvaraq mablag‘laridan imtiyozli kreditlar tijorat banklari tomonidan madaniyat va san’at sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlariga 10 yil muddatga, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 7 foizli stavka bo‘yicha ajratib beriladi.
 
7. Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlar amal qilishining quyidagi muddatlari belgilansin:
 
madaniyat va san’at yo‘nalishidagi nodavlat muassasalarning binolarini qurish uchun bepul asosda doimiy foydalanishga yer uchastkalari ajratish bitimi – kamida 30 yil;
 
mavjud davlat madaniyat va san’at muassasalari binolarini rekonstruksiya qilish va jihozlash, keyinchalik esa ularni otaliqqa olish sharti bilan madaniyat va san’at yo‘nalishidagi nodavlat muassasalari obyektlarini qurish uchun bepul asosda yer uchastkalarini taqdim etish bitimi – kamida 30 yil;
 
bo‘sh turgan davlat mulki obyektlarini, jumladan, faoliyat ko‘rsatmayotgan davlat madaniyat va san’at muassasalarining binolarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda “nol” xarid qiymatida sotish bitimi – kamida 30 yil;
 
davlat madaniyat va san’at muassasalarining foydalanilmayotgan binolarini (yoki ularning bir qismini) ijara haqining “nol” stavkasida maqsadli foydalanish uchun xususiy sheriklarga berish bitimi – 30 yilgacha;
 
konsessiya asosida qurilish uchun yer uchastkasi yoki rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun bino ajratish bitimi – 15 yilgacha;
 
xususiy sherikning mol-mulki negizida tashkil qilingan madaniyat
 
va san’at nodavlat muassasalarini moddiy-texnik, moliyaviy va metodik ta’minlash bitimi – kamida 10 yil;
 
otaliq shaklidagi xayriya faoliyatini olib borish bitimi – kamida 1 yil.
 
Olingan imtiyozli kredit asosida yoki davlat-xususiy sheriklik shartlarida tadbirkorlik subyektlariga topshirilgan obyektlarda madaniyat va san’at nodavlat muassasasi faoliyati tashkil etilgan kundan boshlab davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlar amal qilishining muddatlari mobaynida uni qayta ixtisoslashtirish taqiqlanadi.
 
8. Davlat-xususiy sheriklik shartlarida tashkil etilgan madaniyat
 
va san’at nodavlat muassasalari:
 
asosiy faoliyati bo‘yicha barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan;
 
o‘zlarining ehtiyojlari uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kelinadigan texnik vositalar va boshqa jihozlar davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim tuzilgan kundan boshlab 3 yil muddatga bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) to‘lashdan ozod qilinsin.
 
Belgilansinki, ushbu bandda ko‘rsatilgan soliq va bojxona imtiyozlari madaniyat va san’at sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlardan olinadigan sof tushum ulushi umumiy realizatsiya hajmida hisobot (soliq) davri yakunlariga ko‘ra kamida 80 foizni tashkil etadigan madaniyat va san’at nodavlat muassasalariga nisbatan qo‘llaniladi.
 
9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar
 
va Toshkent shahar hokimliklari:
 
O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi va “O‘zbekkino” Milliy agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda bo‘sh turgan davlat mulki obyektlari, shuningdek, rekonstruksiya qilinishi va mukammal ta’mirlanishi lozim bo‘lgan davlat madaniyat va san’at muassasalarining foydalanilmayotgan bino va inshootlarini xatlovdan o‘tkazib, ularning ro‘yxatini tuzsin;
 
har yili 1 fevralga qadar davlat-xususiy sheriklik shartlarida madaniyat va san’at nodavlat muassasalarining binolarini qurish uchun bepul asosda doimiy foydalanishga ajratilishi mumkin bo‘lgan yer uchastkalarini aniqlab, ularning tasdiqlangan ro‘yxatlarini O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va “O‘zbekkino” Milliy agentligiga taqdim etsin;
 
O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda qisqa muddatlarda madaniyat va san’at nodavlat muassasasini tashkil etish uchun yer uchastkasi ajratilishini, shuningdek, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;
 
madaniyat va san’at nodavlat muassasalarini qurishda ularni mahalliy byudjetlarning mablag‘lari hisobiga loyiha xarajatlari hamda barcha zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi (elektr energiyasi, gaz ta’minoti, suv ta’minoti, kanalizatsiya, avtomobil yo‘llari va boshqalar) bilan ta’minlasin.
 
10. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:
 
madaniyat va san’at sohasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida nizomni tasdiqlasin;
 
madaniyat va san’at sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida beriladigan davlat mulki obyektlari ro‘yxatini tasdiqlasin va uning har yili yangilab borilishini ta’minlasin.
 
11. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Madaniyat vazirligi, “O‘zbekkino” Milliy agentligi va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda hukumat qarori loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, unda quyidagilar nazarda tutilsin:
 
maxsus hisobvaraq mablag‘laridan foydalanish tartibi;
 
davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida faoliyat yuritadigan madaniyat va san’at muassasalariga O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘laridan subsidiyalar ajratish tartibi.
 
12. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining markaziy apparati tuzilmasida:
 
3 shtat birligidan iborat bo‘lgan davlat-xususiy sheriklik asosidagi madaniyat va san’at muassasalari faoliyatini tashkil etish boshqarmasi;
 
2 shtat birligidan iborat bo‘lgan davlat-xususiy sheriklik loyihalari monitoringi bo‘limi;
 
3 shtat birligidan iborat bo‘lgan YUNЕSKO bilan ishlash boshqarmasi tashkil qilinsin.
 
13. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va “O‘zbekkino” Milliy agentligi:
 
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda madaniyat va san’at sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilgan chora-tadbirlar yuzasidan monitoring olib borilishini ta’minlasin hamda bajarilgan ishlar to‘g‘risida har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot taqdim etsin;
 
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda madaniyat va san’at sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish choralarini ko‘rsin.
 
14. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi davlat-xususiy sheriklik bitimini amalga oshirish doirasida belgilangan tartibda loyiha-smeta hujjatlarining davlat ekspertizasidan o‘tkazilishini ta’minlasin hamda qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi va shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatsin.
 
15. O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri, “O‘zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlar o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishi hamda xususiy sheriklar tomonidan o‘z zimmalariga olingan majburiyatlarga rioya qilinishi uchun shaxsan javobgar ekanliklari belgilab qo‘yilsin.
 
16. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi mazkur qarorda nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalar, madaniyat va san’at sohasida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari haqida tadbirkorlik subyektlari orasida keng qamrovli tushuntirish ishlarini amalga oshirsin.
 
17. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalari mazkur qarorning mazmuni va ahamiyati keng yoritilishini hamda aholiga yetkazilishini tashkil etsin.
 
18. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ–2778-son qaroriga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
 
19. Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
 
20. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.M.Sultonov zimmasiga yuklansin.
 
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                   Sh.MIRZIYOYEV
 
Toshkent shahri,
2018-yil 1- avgust
Batafsil

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz xalqiga bayram tabrigi

O‘ZBEKISTON XALQIGA NAVRO‘Z TABRIGI
 
Aziz vatandoshlar!
 
Jonajon yurtimiz – O‘zbekistonimizga yasharish, bahor va go‘zallik bayrami – Navro‘zi olam kirib kelmoqda.
 
Ana shu qutlug‘ ayyom – Sharqona yangi yil bilan siz, muhtaram otaxon va onaxonlarni, munis opa-singillarimiz, suyukli farzandlarimiz, butun xalqimizni chin yurakdan samimiy muborakbod etaman.
 
Qalblarimiz shodlik va quvonchga to‘lgan mana shu nurli lahzalarda barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga baxtu saodat, fayzu baraka tilayman.
 
 
 
Qadrli do‘stlar!
 
Bugun ko‘p millatli xalqimiz dala va qirlarda, maydon va xiyobonlarda,  tabiat bag‘rida sayil-tomoshalar o‘tkazib,  Navro‘z ayyomini kutib olmoqda.
 
Yetti yoshdan yetmish yoshgacha – barcha yurtdoshlarimiz katta shodu xurramlik bilan bir-birini qutlab, shu yorug‘ kunlarga yetkazgani uchun shukronalar aytmoqda.
 
El-yurtimizning tabarruk zaminimizga, ona diyorimizga mehri, o‘zaro ahillik, mehr-oqibat fazilatlari yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
 
Shu dilbar faslda tabiatdagi o‘zgarishlarga uyg‘un bo‘lib, jamiyatimiz, hayotimiz ham o‘zgarib, yangilanib bormoqda.
 
Yangi-yangi uy-joylar, ta’lim, tibbiyot va madaniyat maskanlari, zamonaviy korxonalar, obod qishloq va shaharlar yurtimiz chiroyiga chiroy qo‘shmoqda.
 
Navro‘z falsafasi, Navro‘z  qadriyatlari – odamlarning dardu tashvishi bilan yashash, keksalarga hurmat, muhtoj insonlarga e’tibor va yordam ko‘rsatish, adolat va xalqparvarlik faoliyatimiz mezoniga aylanmoqda.
 
Biz eng avvalo onalarimiz, ayollarimiz va farzandlarimiz, butun xalqimizni rozi qilishni o‘z oldimizga ezgu vazifa qilib qo‘yganmiz. Va bu oliy maqsadga albatta erishamiz. Shunda hayotimiz yanada obod va farovon, buyuk Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, har kunimiz Navro‘z bo‘ladi.
 
Bugun mirishkor dehqon va fermerlarimiz katta orzu-niyatlar bilan yangi mehnat mavsumini boshlamoqdalar. Barchamiz yilimiz qutlug‘ kelsin, hosilimiz mo‘l bo‘lsin, mehnatingizdan baraka toping, deb ularni tabriklab, ishlariga rivoj tilaymiz.
 
 
 
Aziz do‘stlar!
 
Mana, bir necha yildirki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining qaroriga muvofiq Navro‘z bayrami xalqaro miqyosda keng nishonlanmoqda.
 
Haqiqatan ham bu betakror bayram barcha ezgu niyatli insonlarni birlashtiradi, ularning qalbida eng go‘zal va olijanob tuyg‘ularni uyg‘otadi. Shu bois ham Navro‘zi olam mustaqillik yillarida, millati, tili va dinidan qat’i nazar, diyorimizda yashayotgan barcha yurtdoshlarimizning  ardoqli va sevimli bayramiga aylandi.
 
Bugun chet el diplomatik korpus vakillari, xorijiy do‘stlarimiz va hamkorlarimiz Navro‘z quvonchini biz bilan birga baham ko‘rmoqdalar.
 
Fursatdan foydalanib, aziz mehmonlarimizga, barcha yaqin va uzoq davlatlar xalqlariga samimiy tabriklarimizni yo‘llab, ularga tinchlik-osoyishtalik, ravnaq va farovonlik tilaymiz.
 
 
 
Qadrli va muhtaram yurtdoshlarim!
 
Mana shu munavvar lahzalarda siz, azizlarga, butun xalqimizga  eng ezgu tilaklarimni izhor etishdan baxtiyorman.
 
Sharqona yangi yilimiz har bir oila, har bir xonadonga baxt va quvonch olib kelsin!
 
Barcha pok orzu-niyatlarimiz amalga oshsin! 
 
Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!
 
Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!
 
 
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Batafsil

O‘zbekiston Respublikasining Davlat xavfsizligi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

 

FARMONI

 

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT XAVFSIZLIGI TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

 

Davlat tuzilmasi va davlat chegaralari daxlsizligini ishonchli himoya qilish, inson huquqlari va erkinliklariga og‘ishmay rioya etish, jamiyatdagi millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik, tinchlik va osoyishtalik – demokratik huquqiy davlat qurishning hamda mamlakatni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim shartlaridan hisoblanadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati mamlakatning konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi, iqtisodiy va mudofaa salohiyatini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilish tizimida alohida o‘rin tutadi.

 

Shu bilan birga, Milliy xavfsizlik xizmatining maqomi, vazifalari va vakolatlari doirasini aniq belgilab beruvchi qonun hujjati yaratilmay turib, unga milliy xavfsizlikni ta’minlashning barcha jihatlari yuklatilgani ushbu idoraning davlat organlari faoliyatining barcha sohalariga asossiz aralashuviga shart-sharoit yaratib berdi.

 

Mamlakatni rivojlantirishning hozirgi bosqichidagi ustuvor yo‘nalishlar, davlat va ijtimoiy hayotning barcha sohalarini isloh qilish borasidagi vazifalarni samarali amalga oshirish davlat xavfsizligini ta’minlashning sifat jihatdan yangi tizimini shakllantirishni taqozo etadi.

 

O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi va manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilish borasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi vazifalariga muvofiq:

 

1. O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati sifatida qayta tashkil etilsin.

 

Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi va manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qiluvchi maxsus vakolatli organ etib belgilansin.

 

2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati (bundan buyon Xizmat deb yuritiladi) faoliyatini tashkil etishning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

 

Xizmatning maxsus vakolatli davlat xavfsizlik organi sifatidagi huquqiy maqomi, vakolatlari va faoliyat yo‘nalishlarini aniq belgilab beruvchi mustahkam qonunchilik bazasini yaratish;

 

bugungi kundagi xavf-xatarlar va tahdidlarga qarshi kurashishning ta’sirchan shakl hamda uslublarini joriy etish;

 

yuzaga kelayotgan ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy vaziyatni inobatga olgan holda davlat xavfsizligini ta’minlash borasidagi vazifalarni bajarishda mavjud kuch hamda vositalardan samarali foydalanish imkonini beruvchi tashkiliy tuzilmani shakllantirish;

 

Xizmat faoliyatini davlat xavfsizligini ta’minlash ishlarining shakl va uslublari, shuningdek, Xizmat harbiy xizmatchilarining idoraviy mansubligi haqidagi ma’lumotlar oshkor bo‘lishini istisno etuvchi konspiratsiya tamoyili asosida tashkil etish;

 

fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga og‘ishmay rioya etilishini kafolatlaydigan ta’sirchan mexanizmlarni joriy qilish;

 

O‘zbekiston Respublikasining manfaatlarini munosib himoya qilishga qodir, har tomonlama yetuk va vatanparvar yoshlarni Xizmatga jalb etishga qaratilgan kadrlarni tanlash va tayyorlashning mutlaqo yangi tizimini yaratish;

 

mehnatga munosib haq to‘lash, uy-joy va maishiy shart-sharoitlarni yaxshilash, sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish orqali Xizmat harbiy xizmatchilarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish.

 

3. Xizmatning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

 

O‘zbekiston Respublikasining davlat xavfsizligi va manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilishni ta’minlash, mazkur sohada qonuniylik va qonun ustuvorligini mustahkamlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va ularga barham berish;

 

O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga tajovuzlarning oldini olish, ularni aniqlash hamda ularga barham berish bo‘yicha razvedka va kontrrazvedka faoliyatini amalga oshirish;

 

O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegaralarini qo‘riqlash va himoya qilish;

 

O‘zbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlari va mudofaa-sanoat majmuasini davlat xavfsizligiga xavf-xatarlar hamda tahdidlardan himoya qilish, mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha strategik tashabbuslarni amalga oshirishda ishtirok etish;

 

terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilikka, qurol-yarog‘, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish;

 

davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi milliy, irqiy va diniy adovatni targ‘ib etishga qaratilgan buzg‘unchilik faoliyatining oldini olish, uni aniqlash va unga barham berish;

 

iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy va axborot sohalarida davlat   xavfsizligini ta’minlash, O‘zbekiston Respublikasi xalqining tarixiy-madaniy va boy ma’naviy merosini himoya qilish;

 

davlat organlari va boshqa tashkilotlarda davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi korrupsiya holatlariga qarshi kurashish;

 

telekommunikatsiya va transport sohasida davlat xavfsizligini ta’minlash, favqulodda holatlarni yuzaga keltiruvchi omillarning oldini olish, aniqlash va ularga barham berish;

 

Xizmat tergov qilish vakolatiga kiruvchi jinoyat ishlari bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergov olib borish va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish;

 

davlat organlari va boshqa tashkilotlarda davlat sirlari saqlanishi, maxsus aloqa xavfsizligining ta’minlanishi hamda axborotlarni kriptografik himoya qilishni tashkil etish ustidan nazoratni amalga oshirish;

 

davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi huquqbuzarliklar sodir etilishiga imkon beradigan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish;

 

Xizmatning jangovar va safarbarlik tayyorgarligi holatini takomillashtirish va saqlab turish, kuch va vositalarni favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan hamda harbiy holat joriy qilingandagi harakatlarga tayyorlash.

 

4. 2018-yil 1-apreldan quyidagi funksiyalar:

 

O‘zbekiston Respublikasining o‘ta muhim va toifalangan obyektlarida qo‘riqlashning texnik vositalarini loyihalash, montaj qilish, sozlash, ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ishlarni bajarishga ruxsat berish – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga;

 

rejimli mudofaa obyektlarini loyihalash, qurish, ulardan foydalanish va ularni ta’mirlash uchun litsenziya talabgorlariga ruxsat etilganligi haqida ma’lumotnoma berish – O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga o‘tkazilsin.

 

5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 22-yanvardagi

PF–5308-son “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga mazkur Farmon qoidalaridan kelib chiqqan holda qonun loyihasini qayta ishlash tavsiya etilsin.

 

6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Xizmat bilan birgalikda bir oy muddatda 2018-2022-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari uchun arzon uy-joylarni qurish dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

 

7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining bayrog‘i va emblemasi namunalari 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

 

Belgilansinki, bayroq va emblemadan foydalanish tartibi Xizmat raisi tomonidan tasdiqlanadi.

 

8. Xizmat ikki oy muddatda:

 

Xizmat faoliyatini tashkil etish;

 

Xizmatning ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish;

 

O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini qo‘riqlash tizimining samaradorligini oshirishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari loyihalarini kiritsin.

 

9. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Xizmat va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

 

10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V.Maxmudov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti               Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri, 2018-yil 14-mart

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018- yil

14-martdagi PF-5379-son Farmoniga 1-ilova

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati bayrog‘ining

TAVSIFI

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati bayrog‘i barqarorlik, matonat, sodiqlik, fidoyilik va mardlikni ifoda etuvchi to‘q ko‘k rangli to‘g‘ri burchakli mato ko‘rinishiga ega.

Bayroq markazida geraldik belgi – O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining emblemasi tasvirlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati bayrog‘ining uzunligi – 250 sm, eni – 125 sm.

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil

14-martdagi  PF-5379-son Farmoniga 2-ilova

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati emblemasi – geraldik belgi

TAVSIFI

Geraldik belgi – O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati emblemasi to‘q ko‘k rangli aylana tasmasi bo‘lgan kumush rang doiradan iborat.

Aylana tasmaning yuqori qismida oq rangli bosh harflar bilan lotin alifbosida: “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI”, pastki qismida: “DAVLAT XAVFSIZLIK XIZMATI” deb yozilgan. Ushbu yozuvlar hurlik ma’nosini anglatuvchi sakkiz qirrali ikkita yulduz bilan ajratilgan.

Doira markazida davlat va jamiyatni tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilish ramzini anglatuvchi, pastki qismi cho‘zilgan, yuqori burchaklari kesilgan uchburchak ko‘rinishiga ega qalqon tasvirlangan. Qalqon yuzasi kumush rangda. Qalqonning markazida O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbidan qalqonning kambar hoshiyalariga qadar quyosh nurlarini ifodalovchi to‘g‘ri chiziqlar tortilgan.

Qalqonning kesilgan ikki yuqori va pastki burchaklarida shaxs, jamiyat va davlat manfaatlari muhofazasini anglatuvchi uchta halqa tasvirlangan.

Qalqon ortida simmetriya o‘qi bo‘yicha tig‘i pastga yo‘naltirilgan qilich joylashgan. Qilich kuch, sha’n, adolat, jasorat va hushyorlikni anglatadi.

Qilich kumush rangda. Qilich dastagi yettita halqadan iborat bo‘lib, ular O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati faoliyatining asosiy tamoyillarini anglatadi.

Qalqon va qilich ortida simmetrik ravishda ikki tomonga hilpirayotgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i tasvirlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining qalqon va qilich ortida joylashuvi konstitutsiyaviy tuzum, suverenitet, hududiy yaxlitlik va davlat manfaatlarining tashqi va ichki tahdidlardan himoyalanganligini anglatadi.

 * * *

“O‘zbekiston Respublikasining davlat xavfsizligi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga

SHARH

Mamlakat taraqqiyotining hozirgi bosqichida strategik vazifalar va eng muhim islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi nafaqat davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, balki huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar faoliyatini ham takomillashtirishni talab etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2017-yil 22-dekabrda Oliy Majlisga Murojaatnomasida O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatini isloh qilish zarurligini ko‘rsatib berdi.

Davlat rahbari tomonidan Konstitutsiya va qonun normalariga og‘ishmay rioya etilishini ta’minlash, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tamoyilini so‘zsiz amalga oshirish, boshqa organlarning funksiyalarini bajarish va takrorlash holatlariga yo‘l qo‘ymaslik vazifalari qo‘yilgan edi.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining davlat xavfsizligi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon xavf-xatar va tahdidlarga samarali tarzda qarshi kurashishga qodir maxsus xizmatning zamonaviy qiyofasini belgilagan holda, davlat xavfsizligini ta’minlashning sifat jihatidan yangi tizimiga asos soldi.

Farmonga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati etib qayta tashkil qilindi. Idoraning nomidan “milliy xavfsizlik” tushunchasining chiqarilishi uning vakolatlari asossiz tarzda kengayishiga shart-sharoit yaratgan omillarni bartaraf etish zarurati bilan bog‘liq. Chunki lokal miqyosdagi har qanday muammo milliy xavfsizlikka tahdid sifatida ko‘rilishi mumkin edi. Mazkur o‘zgartirish ushbu idoraning diqqat-e’tiborini davlat ahamiyatiga ega real tahdidlarga qaratadi. “Davlat xavfsizligi” atamasi xavfsizlikni ta’minlash doirasini aniq belgilaydi va mazkur sohadagi faoliyat yo‘nalishlarini ajratib beradi.

Farmon bilan Davlat xavfsizlik xizmati O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini, suverenitetini, hududiy yaxlitligini va manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qiluvchi maxsus vakolatli organ etib belgilandi.

Davlat xavfsizlik xizmati faoliyatini tashkil etishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.

Birinchidan, mazkur idoraning maqomi, vakolatlari va faoliyat yo‘nalishlarini belgilagan holda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish va qabul qilish nazarda tutilmoqda. 26 yil oldin qabul qilingan Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risidagi amaldagi nizom faoliyatni samarali tashkil etishga imkon bermaydi hamda mamlakatning ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotida yuz bergan muhim o‘zgarishlarni aks ettirmaydi.

Ikkinchidan, bugungi kundagi xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashishning ta’sirchan shakllari hamda uslublarini joriy etish, shu maqsadda idoraning samarali tashkiliy tuzilmasini shakllantirish zarurligi belgilandi.

Uchinchidan, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga og‘ishmay rioya etishning alohida muhim ahamiyati ta’kidlandi. Shundan kelib chiqqan holda, Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan inson huquqlari qonuniy kafolatlarining qat’iy ta’minlanishiga ustuvor ahamiyat beriladi.

To‘rtinchidan, kadrlarni tanlash va tayyorlashning mutlaqo yangi tizimi tashkil etiladi, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi kuchaytiriladi. Mazkur choralar Davlat xavfsizlik xizmatiga har tomonlama rivojlangan va vatanparvar yoshlarni jalb etishga imkon beradi. Shu o‘rinda idora vakillarining harbiy xizmatchi sifatidagi maqomi ko‘rsatib o‘tildi, mazkur holat ularga nisbatan harbiy xizmatni o‘tash bilan bog‘liq barcha cheklov va majburiyatlar tatbiq etilishini anglatadi.

Beshinchidan, Davlat xavfsizlik xizmati o‘z faoliyatini idora ishining shakllari va uslublari hamda harbiy xizmatchilarning idoraviy mansubligi haqidagi ma’lumotlar oshkor bo‘lishini istisno etadigan konspiratsiya tamoyillari asosida tashkil etishi belgilandi. Bu davlat xavfsizligini ta’minlash vazifalarini bajarishda mavjud kuch va vositalardan samarali foydalanishni ta’minlaydi.

O‘ziga xos bo‘lmagan vazifa va funksiyalarni istisno qilish maqsadida Milliy xavfsizlik xizmati vakolatida bo‘lgan ayrim ruxsat beruvchi vakolatlar 2018-yil 1-apreldan boshqa idoralarga o‘tkaziladi yoki tugatiladi.

Farmon bilan Davlat xavfsizlik xizmatining bayrog‘i va emblemasi namunalari tasdiqlandi.

Idoraviy ramzlarning ta’sis etilishi harbiy xizmatchilarning jangovar ruhini oshirishga hamda ularni davlat xavfsizligini ta’minlash vazifalarini bajarishga safarbar etishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonida davlat xavfsizligini ta’minlash sohasida to‘planib qolgan muammolarni hal etishga qaratilgan qator topshiriqlar mavjud. Shu munosabat bilan:

idora faoliyatini tashkil etish, uning ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish va Davlat chegarasini qo‘riqlash tizimining samaradorligini oshirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarini ishlab chiqish;

2018-2022-yillarda Davlat xavfsizlik xizmati harbiy xizmatchilari uchun arzon uy-joylarni qurish dasturini ishlab chiqish nazarda tutildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur Farmoni tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, davlat xavfsizligini ta’minlashning sifat jihatdan yangi tizimini shakllantirishning huquqiy asoslarini yaratdi.

Davlat rahbarining mazkur qarorini amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi va manfaatlarini tashqi hamda ichki tahdidlardan himoya qilish tizimining sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilishini ta’minlaydi.

Batafsil

2018-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori


Ona tabiatni sevish va ardoqlash, hayot gultoji bo‘lmish insonni qadrlash, Vatanga muhabbat va sadoqat kabi ezgu g‘oyalarni o‘zida mujassam etgan Navro‘z xalqimizning eng qadimiy, asl milliy bayramidir. Asrlar davomida el-yurtimizning olijanob orzu-intilishlarini ifoda etib kelayotgan Navro‘z mustaqillik yillarida yangicha ma’no-mazmunga ega bo‘lib, tom ma’noda umumxalq bayramiga aylandi.

Batafsil

1-Yanvardan qanday qoidalar kuchga kirdi?

    O‘tgan bir yil mobaynida mamlakatimizni taraqqiy ettirish, xalqimizning farovon turmushini ta’minlash yo‘lida ko‘plab choralar ko‘rildi. Bu ishlarning  huquqiy asosini yaratish maqsadida  qator qonunlar, Prezident qarorlari, farmonlari qabul qilindi. Ularning ayrimlari yoxud ma’lum bandlari yuridik jihatdan aynan 2018-yilning 1-yanvaridan kuchga kirdi. Quyida joriy yil avvalidan amal qila boshlagan ana shunday tartib-qoidalardan bir nechtasini e’tiboringizga havola etamiz.

Batafsil

Konstitutsiya – erkin va farovon hayotimiz, mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirishning mustahkam poydevoridir

Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasi


Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!

Xonimlar va janoblar!

Barchangizni, sizlar orqali butun xalqimizni bugungi ulug‘ ayyom – mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etishga ijozat bergaysiz.

Yigirma besh yil – tarix uchun bir lahza, xolos. Shu qisqa davrda jonajon O‘zbekistonimiz mustaqil va suveren davlat sifatida shakllanib, jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egalladi, tom ma’noda ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi.

Batafsil

Manzilimiz


Manzil: Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, Mustaqillik Maydoni,1
Pochta indeksi:180100
Telefon
: 0(375)221-12-88, 0(375)221-03-81
Faks
: 0(375)221-13-40
Veb-sayt
http://www.qashqadaryo.uz
Elektron pochta
Yaqin jamoat transport to`xtash joylari 
Milliy bank va Mustaqillik Maydoni bekati
Avtomashrut
1,4,5,7,10,18,20,22,23,27,
37,44,462,11,21,37,33

Hozir saytimizda

Bizning saytimizda 167 mehmonlar va ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar 0

Bosh sahifa

Qabul kunlari

Rahbariyatga murojaat etish

Rahbariyatga murojaat etish

Viloyat hokimligining umumiy bo'limiga murojjat etish (Yangi oynada ochiladi)

Mobil versiya

Mobil versiyaga o'tish

Bog'lanish

Ishonch telefon raqami 
0(371) 200-55-05 
Ishonch telefon raqami reglament
Yagona telefon raqami
0(375) 221-07-60 
Yagona telefon raqami reglamenti

Batafsil>>>

Biz bilan bog'lanish

Sahifa adressi

Maxsus imkoniyatlar

K'orinish

Pastda o'zingizga kerakli parametrni tanlasng
Blue Green Red Radian
Select menu
Google Font
Body Font-size
Body Font-family