wrapper

Jamiyat

Jamiyat (110)

BO'SMda zamonaviy sport majmuasi qurilayapti

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 2 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan manzilli dasturga ko'ra, Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg'armasi mablag'lari hisobidan joriy yilda viloyatimizdagi 3 ta ob'ektda qurilish va rekonstruksiya ishlari olib borish belgilangan. Jumladan, Qamashi tumanidagi bolalar va o'smirlar sport maktabida zamonaviy tipdagi sport majmuasi  bunyod etilishi ko'zda tutilgan. Ob'ekt yil oxiriga qadar foydalanishga topshirilish lozim.

Loyiha-smeta qiymati 6 milliard 771 million so'mga baholangan ushbu majmua qurilishi bugungi kunda jadal ketmoqda. Sport bino-inshootlarini barpo etish uchun 3 gektarga yaqin er maydoni ajratilgan. Bunyodkorlik ishlarini esa “Yangi imorat” mas'uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari amalga oshirayotir.
- Yangi majmuani barpo etishda ko'proq jahon talabidan kelib chiqish, eski namunaviy tipdan voz kechishga asosiy e'tibor qaratilgan.- deydi jamiyat ish yurituvchisi Normurod Suyarov. - Majmua ochiq sport maydonini ham o'z ichiga oladi. 90x50 metr o'lchamdagi stadion quriladi. Yadro uloqtirish, qumga sakrash, yugurish maydonchalari ham mavjud. Yopiq bino-inshootimizda ham olimpiya o'yinlariga kiritilgan ko'plab asosiy sport turlari bilan shug'ullanishga sharoit yaratiladi.

Ma'lumotlarga ko'ra, mazkur majmuada kelgusida qamashilik bolalar va o'smirlar 10 dan ortiq sport turlari bilan mashg'ul bo'lishadi.
Albatta, sohaga qaratilayotgan bunday e'tibor hududda aholini, ayniqsa, yoshlarni sportga faol jalb etishga    turtki bo'lishi, ularning ruhan va jismonan sog'lom voyaga etishiga zamin hozirlashi bilan muhim ahamiyatga ega.
Suratlarda: sport majmuasi qurilishidan lavhalar.
Mirzohid JO'RAYEV
Sobir NARZIYEV olgan suratlar.
  Qashqadaryogz.uz ma'lumotlari asosida

Batafsil

Ish haqi, stipendiya va nafaqalar miqdori oshiriladi

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13 oktyabrdagi “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to'g'risida”gi farmoniga binoan, 2018 yilning 1 noyabridan boshlab byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori 1,1 baravar oshiriladi.
Shu asosda O'zbekiston Respublikasi hududida eng kam ish haqi - oyiga 202 730 so'm; yoshga doir pensiyalar - oyiga 396 500 so'm; bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa - oyiga 396 500 so'm; zarur ish stajiga ega bo'lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga 243 300 so'm miqdorida belgilandi.
Ma'lumot o'rnida keltirib o'tamiz, bungacha mamlakatimizda eng kam ish haqi miqdori so'nggi bor 2018 yil 15 iyulida, o'rtacha 7 foizga oshirilgan edi.
Agrotexnika tadbirlari GPS navigasiya orqali nazorat qilinadi
1 noyabrdan boshlab sub'ektlarga etkazib beriladigan o'ziyurar qishloq xo'jaligi texnikalarini zamonaviy avtomatlashtirilgan navigasiya va monitoring (GPS navigasiya) tizimi bilan jihozlash talab etiladi.
Bu O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 maydagi “Qishloq xo'jaligini o'z vaqtida qishloq xo'jaligi texnikasi bilan ta'minlashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorida ko'zda tutilgan.
Mazkur amaliyotning joriy etilishidan maqsad shuki, ushbu texnika vositalariga o'rnatilgan GPS navigasiyalar yordamida hududlarda amalga oshirilayotgan agrotexnika tadbirlarini real vaqt rejimida nazorat qilish imkoni paydo bo'ladi.

Batafsil

Tadbirkor uchun muammo yaratishdan kim manfaatdor?


Ko'p guvohi bo'lganmiz, tadbirkor istiqbolli loyiha taklif etadi. Darhol uning ro'yobiga kirishadi ham. Ammo qandaydir muammo chiqadiyu, loyiha amalga oshishi ko'zda tutilgan muddatda yakuniga etmay qoladi. Albatta, bu muammo ko'p hollarda uning o'zi bilan emas, balki tadbirkorlarga xizmat ko'rsatuvchi tashkilotlar, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan bog'liq bo'ladi.

Misol uchun, bank kredit taqdim etishni, hokimlik er maydoni ajratishni, ta'minot korxonasi tadbirkorlik sub'ektini muhandislik-kommunikasiya tarmog'iga ulashni paysalga soladi.  Kimdir bunday sustkashlikka sovuqqonlik, e'tiborsizlik sabab, boshqasi asossiz vajlar (masalan, ortiqcha qog'ozbozlik) bilan yo'l qo'yadi.
Tabiiyki, bu holat, to'siqlar o'sha hududda tadbirkorlik rivojini sekinlashtiradi. Ishbilarmonlarning sarmoyaviy faolligi yo'qola boradi. Biznesi olg'a yurishiga ishonmagan tadbirkordan yana nima ham kutish mumkin?! O'z-o'zidan hududga investisiya kirib kelishi qisqaradi. Natijada mahalliy byudjetga tushum kamayadi, ishsizlik ortadi. Turgan gapki, bu bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar shiddati, mazmun-mohiyatiga butkul ziddir. Shu bois joylarda ishlarni to'g'ri yo'lga qo'yish, mas'ullarning javobgarligini kuchaytirish, tadbirkor muammosiga samarali echim topishning ta'sirchan choralari ko'rilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 11 sentyabrdagi “Hududlarda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bunga yanada kengroq zamin hozirladi.
Mazkur hujjatga asosan, tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish bo'yicha hududiy guruhlar tashkil etildi. Har bir guruhga respublika tuzilmalari, viloyat darajasidagi tashkilot va idoralar vakillari biriktirildi. Ular zimmasiga esa tadbirkorlarni qiynayotgan masalalarni atroflicha o'rganish va joyida hal etish vazifasi yuklatilgan. Bundan ko'zlangan maqsad esa hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga tadbirkorlik sub'ektlarini keng jalb etish, tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarining o'z vaqtida amalga oshirilishini ta'minlash, shuningdek, bo'sh turgan ob'ektlar, er uchastkalari va  boshqa infratuzilmadan samarali va oqilona foydalanishdan iboratdir.
Ahamiyatlisi, hech qancha vaqt o'tmay viloyatimizda mazkur qaror ijrosini ta'minlashga kirishilgandi.  Darhol hududiy ishchi guruh o'z faoliyatini boshlab yubordi. Guruh ishini samarali tashkil etish va monitoring qilish maqsadida viloyat hokimligida shtab tuzildi. Tadbirkorlarning hal etilmay kelayotgan masalalarini o'rganish va ularga amaliy yordam ko'rsatish choralari belgilandi.
Xususan, ishchi guruh a'zolari tomonidan joriy yil 12 sentyabrdan 14 oktyabrga qadar vohamizning tuman va shaharlarida tadbirkorlik loyiha va tashabbuslari ijrosi holati bevosita joyiga chiqqan holda ko'zdan kechirildi. Tegishli shtab tomonidan taqdim etilgan ma'lumotga ko'ra, bu muddat davomida jami 283 ta muammo aniqlangan. Hozirgacha esa ularning 147 tasi (52 foizi) ijobiy hal etilgan.
Mavjud muammolarni sohalar bo'yicha tahlil etadigan bo'lsak, quyidagi holat gavdalanadi. Xo'sh, ishbilarmonlarni eng ko'p qiynagan narsa nima? Bugungi kunda ularni tijorat banklari faoliyati hech bir qoniqtirmasligi aniq. Chunki aksariyat tadbirkorlar o'z biznes-tashabbusini hayotga tatbiq etishda birinchi galda ushbu moliya muassasalari ko'magiga ko'z tikkan. Biroq zarur miqdordagi kreditni o'z vaqtida ololmagan. Murojaatlarning 79 tasi aynan shu masalaga taalluqli ekani ham ko'p narsani aytib turibdi. Hozircha 43 ta holatda bu borada xususiy sektor vakillari foydasiga ish ko'rilgan.
Korxona qurish, muayyan ishlab chiqarish faoliyatini ishga tushirish uchun avvalo er kerak. Ma'lumki, umumiy maydoni 1 gektargacha bo'lgan erni faqat tanlov asosida olish mumkin. Undan ko'pi esa mahalliy hokimlik qarori bilan taqdim etiladi. O'tgan bir oydan oshiq vaqt mobaynida ishchi guruhiga 63 holatda tadbirkorlar aynan er ajratish bo'yicha yordam so'rab yuzlangan. 19 ta murojaat esa joyida qanoatlantirilgan. Xulosa, ruxsatnoma berish va zarur hujjatlarni rasmiylashtirish borasidagi ishlarni ham ko'ngildagidek deb bo'lmaydi. 29 holatda (16 tasi echim topgan) vohamizdagi tadbirkorlar shu masalada qiyinchilikka duch kelgan. Kommunikasiya tarmoqlariga ulanish bilan bog'liq 17 muammoning qariyb 90 foizi qoniqarli echim topgan.
Shu o'rinda aniq misollarga ham murojaat etsak. Kasbi tumanidagi “Saidazimxon” mas'uliyati cheklangan jamiyati vakillari hududda  zamonaviy issiqxona tashkil etishga xohish bildirgan.  Albatta, bunda chet el texnologiyasidan foydalanishni ko'zlashgan. Loyihani ro'yobga chiqarish uchun esa katta mablag' talab etilgan. Tadbirkorning qurbi etmagani bois tijorat bankidan yordam so'ragan. Hujjatlari joyida bo'lsa-da, anchadan beri chiqmay turgan kredit ishchi gurug'i aralashuvi bilan tadbirkorga berildi.           9 oktyabr kuni “O'zsanoatqurilishbank” hududiy filiali tomonidan ushbu sub'ektga 488 ming AQSh dollari miqdorida kredit ajratilishi ta'minlandi.
Kitob tumanidagi “Inter mega biznes” xususiy korxonasi esa hududda yaqinda barpo etilgan kichik sanoat zonasidan joy olgandi. Bu erda zamonaviy sanoat ishlab chiqarishi yo'lga qo'yish belgilangan. Texnologik uskunalarni sotib olish uchun mo'ljallangan kredit esa kechikkan. Tadbirkor bilan muloqot davomida uning kreditni qaytarishga qodirligi, qolaversa, u ilgari surgan loyihaning ahamiyati e'tiborga olinib, muammoga echim berildi. 17 sentyabr kuni “Xalq banki”  filiali tomonidan ushbu maqsad uchun 440 million so'm miqdorida moliyaviy ko'mak ajratildi.
Shuningdek, Qamashi tumanida kurkachilikni rivojlantirishni ko'zda tutuvchi loyiha uchun zamonaviy parrandachilik majmuasi bunyod etib, xorijdan nasldor kurkalar olib kelishni maqsad qilgan “Azza parranda” MChJga ham amaliy ko'mak ko'rsatildi. Hududiy ta'minot korxonasi va sub'ekt o'rtasida 12 kilometr masofadan gaz tarmog'i tortib kelish bo'yicha shartnoma tuzildi. Tarmoqning montaj ishlari boshlangan. Shu tumanda gidroponika usulida koreyalik mutaxassislar hamkorligida qishloq xo'jaligi mahsuloti etishtirishga bel bog'lagan “Komfortabel biznes” MChJ muammosi ham echim topdi. Unga  6,5 gektar er maydoni ajratilishi bo'yicha tuman hokimi qarori berildi.
Muborak tumanidagi “Sponta Sulfur” MChJ vakillari ham bir darddan qutuldi. Ko'pdan beri joydan qiynalgan tadbirkorlik sub'ektiga amaliy yordam ko'rsatildi. Korxona hududda joylashgan, bo'sh turgan bino-inshootdan ijara asosida uzoq muddat foydalanish imkoniga ega bo'ldi.
Qarshi shahridagi “Viloyat kooperasiya qurilish materiallari ta'minoti” MChJ o'zi taklif etgan ishlab chiqarish loyihasi asosida mulkni garovga taqdim etishni ko'zlagandi. Buning uchun Xususiylashtirilgan korxonalarga ko'maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasi viloyat hududiy boshqarmasi roziligi kerak edi. Ishchi guruh a'zolari o'rganishidan keyin masala tadbirkor manfaatiga hal etildi.
Chiroqchi tumanidagi “Avtomobilchi MMTP” MChJ tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha doirasida ishlab chiqarishni tashkil etish uchun uzluksiz elektr energiyasi ta'minoti zarur. Shu kungacha mas'ullar qo'l siltab kelgan bu holatga ham tezda chora topildi.
Ishchi guruhi tomonidan aniqlangan boshqa muammolarning ham ishbilarmonlar foydasiga echilishi choralari ko'rilmoqda. Binobarin, tadbirkor bosh og'rig'idan xalos bo'lsa, uning faoliyatiga biror qiyinchilik xavf solmasa, faol tashabbus ko'rsatib ishlaydi. Ular tomonidan ilgari surilgan investisiyaviy loyihalar ro'yobi ham jadallashadi. Joylarda ishlab chiqarish va xizmat ko'rsatish sohalari rivoji, ishbilarmon muhiti yaxshilanishi hududning ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan ravnaq etishida ham o'z aksini topadi. Biroq, bitadigan ishlarni kimningdir aralashuvini kutib turgandek muammo qo'rinishini olishidan kim manfaatdor?! Ana shunisi haqida jiddiy bosh qotirish kerak, chamamda.
M.ShUHRATOV
Qashqadaryogz.uz ma'lumotlari   asosida

Batafsil

Non va non mahsulotlari doimo xaridorgir


Uddaburon tadbirkor mahsuloti uchun bozorni birdaniga uzoqdan qidirmaydi. Avvaliga o'ziga yaqin hududni qamrab oladi.

Qarshi tumanidagi “Mirjahon Akmal” xususiy korxonasi rahbari Akmal Omonov ham shunday yo'l tutgan. 2015 yilda biznesini tashkil etar ekan, ishlab chiqargan mahsulotini o'zi yashayotgan Fayzobod mahallasi ahliga taqdim etdi. Yaxshi bo'lsa, erda qolmaydi, deganicha bor. Sifati xaridorlarga ma'qul keldi, bu esa ishbilarmonning foydasiga xizmat qildi.
 Korxona asosan milliy shirinlik va non mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Nima ko'p, mahalladoshlarning yaxshi kuni, to'yi ko'p. Shu sabab tadbirkor taklif etayotgan noz-ne'mat hududning o'zidan ortmaydi.
- Chetdan yangi uskuna sotib olib kelib, ishni faqat qolipli non chiqarishdan boshlaganmiz, - deydi tadbirkor. – Mana, bugun ancha o'sishga erishdik. Mahsulot turini ko'paytirdik. Qolipli non yoniga obi non, patir ham qo'shildi. Qolaversa, 3 xil turdagi milliy shirinliklar tayyorlanayapti. Natijada seximizni ancha kengaytirib oldik. Hozir 10 nafarga yaqin qishloqdoshimni ish bilan ta'minlaganman. Asosan buyurtmaga qarab ishlaymiz. Kuniga 100 kilogramm qandolat, 200 dona qolipli non tayyorlab sotamiz. Yaqindan tuman markazi va Qarshi shahriga ham mahsulot etkazib berishni boshladik.
Yosh ishbilarmonning rejasi ko'p. Qo'lga kiritgani bilan ham kifoyalanmoqchi emas. Birinchidan, o'sib borayotgan talabni hisobga olib ishlab chiqarish hajmini sezilarli oshirmoqchi. Qolaversa, tayyorlanayotgan mahsulot turini ham ko'paytirish maqsad qilingan. Loyihani hayotga tatbiq etish uchun moliyaviy yordam olish maqsadida tijorat bankiga zarur hujjatlarni ham topshirgan.
Mirzohid JO'RAYEV
Sobir NARZIYEV olgan surat.
Qashqadaryogz.uz ma'lumotlari asosida

Batafsil

Achchiq qalampir hosili yig'ilmoqda xo'sh, unda ishtirok etayotgan terimchi qancha haq olayapti?


Mamlakatimiz qishloq xo'jaligida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar soha samaradorligini yuksaltirish bilan bir qatorda, doimiy mehnatda band bo'lmagan aholini mavsumiy ish bilan ta'minlashda ham asqatmoqda. Xususan, viloyatimizda minglab aholi vakillari paxta, meva-sabzavot mahsulotlarini ekish, parvarishlash hamda hosil yig'ish bilan bog'liq mavsumiy ishlarda ishtirok etib, moddiy daromad olmoqda.

Xuddi shu maqsadda ayni kunlarda ko'pgina aholi vakillari paxta yig'im- terimida qatnashayotgan bo'lsa, boshqa qishloq xo'jaligi mahsulotlari hosilini yig'ish ishlarida  ishtirok etayotgan mavsumiy ishchilar soni ham ko'pchilikni tashkil etadi. Jumladan, shu kunlarda Mirishkor tumanida achchiq qalampir hosilini terish ishlari ham ayni avj pallasiga kirgan.
Ta'kidlab o'tish joizki, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 yanvardagi “Respublikada xorij tajribasi asosida achchiq qalampir etishtirishni ko'paytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga asosan joriy yilda mamlakatimizning  6 ta hududi – Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatimiz hamda Buxoro, Farg'ona, Namangan, Xorazm viloyatlarida achchiq qalampir etishtirilishi belgilangan edi. Shunga muvofiq, viloyatimizning o'zida fermer va dehqon xo'jaliklari, eksportchi korxonalar tomonidan 5 ming gektardan ortiq hududda achchiq qalampir ekib parvarishlandi. Shuning salmoqli qismi Mirishkor tumani hissasiga to'g'ri keladi.
Tumanda bu yil “Brand Investment Group” kompaniyalar guruhining “BIG Agro” mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan  2 ming gektar maydonda achchiq qalampir etishtirildi. Ushbu maydonlarga ko'chat o'tqazish, ekinni parvarishlash bilan bog'liq barcha agrotexnik tadbirlarda mahalliy aholi vakillari mavsumiy ishlab, mehnatiga munosib haq olishdi. Ayni kunda ham hosil yig'ish ishlariga ko'plab ishchilar jalb etilgan. Mehnatga yuqori haq to'lanayotgani ularning bu yumushga bo'lgan qiziqishini yanada oshirayapti.

- Hozirgi kunda terilgan har bir kilogramm achchiq qalampir mevasi uchun ming so'mdan haq to'layapmiz, - deydi jamiyat ish yurituvchisi Bobur Abdumavlonov. – Bir kishi kuniga o'rta hisobda 40-50 kilogramm achchiq qalampir mevasini terib, shunga mos tarzda 40–50 ming so'm pul ishlab olmoqda. Bu o'rta hisobda. Kuniga 80–90 kilogramm hosil teradigan terimchilarimiz ham bor. Tabiiyki, ularning daromadi ham shunga yarasha. Hasharchilarning asosiy qismi mahalliy aholi vakillari. Ularning ishlashi uchun munosib shart-sharoit yaratish maqsadida har kuni ertalab olib kelish va kechqurun eltib qo'yish uchun transport tashkil etganmiz. Tushlikka issiq ovqat ham jamiyatimiz tomonidan tashkillashtiriladi. Qolaversa, har kuni faol terimchilarga kosmetika vositalari, uy-ro'zg'or buyumlari hamda un, yog' kabi oziq-ovqat mahsulotlari sovg'a tariqasida berilib, qo'shimcha rag'batlantirib borilmoqda.
Aytish joizki, ayni vaqtda ish bilan band bo'lmagan aholi uchun bu yumush moddiy imkoniyatlarini ancha yaxshilab olish uchun qulay shart-sharoit yaratadi. Chunki, bir kunda, deylik 50 kilogrammdan achchiq qalampir mevasini tergan kishi bir oyda 3 million so'm pul ishlaydi. Agar oiladan uch kishi shu ishda qatnashsa, bir oyda 9 million so'm pul naqd degani.

- Achchiq qalampir mevasini yig'ish unchalik qiyin ish emas, - deydi shu tumanlik Muhayyo Rajabova. – Bir necha kundan buyon bu ishda qatnashayapman. Har kuni 40, 50 ming so'mdan pul olmoqdaman. Albatta, uyda bekor o'tirgandan ko'ra, qo'shimcha mablag' ishlab topib, oilaning moddiy ehtiyojlarini ta'minlashga hissa qo'shayotganimdan xursandman.
Albatta, bunday loyihalarning ko'plab yo'lga qo'yilayotgani qishloq xo'jaligi mahsulotlari etishtirish ko'lamini ko'paytirish, daromad miqdorini oshirish, eng muhimi, hudud aholisining foydali ish bilan band bo'lishini ta'minlashga xizmat qilayotgani bilan ham ahamiyatli.
Jahongir BOYMURODOV
Suratlarda: achchiq qalampir hosilini  yig'ish jarayonidan lavhalar.
Sobir NARZIYEV olgan suratlar.
Qashqadaryogz.uz ma'lumotlari asosida

Batafsil

Sifati kafolatlanmagan dori vositalari olib qo'yildi

Haqiqiy ishbilarmon hech qachon qonunlarga zid yo'l tutmaydi, faoliyatini oshkora amalga oshiradi. U shundan manfaatdor - barcha imkoniyat va qulaylikdan bahramand bo'ladi, imtiyozlardan foydalanadi. Aksincha bo'lsa, qismati aniq.
Ayni paytda davlat soliq xizmati organlari tomonidan viloyatimizda faoliyat yuritayotgan bozorlardagi barcha savdo va xizmat ko'rsatish nuqtalari, rastalar va ulardagi o'rinlar qayta xatlovdan o'tkazilmoqda. Ushbu jarayonda noqonuniy tadbirkorlik bilan shug'ullanib, nuqul o'z cho'ntagini qappaytirishni o'ylagan,  boshqalarga zarar keltirayotgan shaxslar aniqlanayotgani achinarlidir.
Xususan, Koson tumanidagi “Alotun dehqon (oziq-ovqat) bozori” mas'uliyati cheklangan jamiyatida o'tkazilgan tadbirda kuzatilgan holatlar ko'ngilni xira qilishi turgan gap. Bozor hududida tumandagi Guvalak  qishlog'ida yashovchi fuqarolar Sh.N. R.D. A.Q.lar zarur hujjatlarsiz dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan savdo qilishayotgani ma'lum bo'ldi.
 Ulardan ushbu faoliyatni amalga oshirish uchun talab etiladigan ruxsatnomani taqdim etish so'ralganda hech nima ko'rsata olishmadi.
O'rganish davomida huquqbuzarlardan 800 turdan ortiq jami qiymati 31 million so'mlik mahsulotlar olib qo'yildi. Shuningdek, savdodan tushgan 6 million 723 ming so'm naqd pul mablag'lari nazorat-kassa mashinasiga kirim qilinmagani ham oydinlashdi.
Endi tanganing ikkinchi tomoni haqida gapirsak. Bu fuqarolar hujjatsiz sotayotgan dori-darmonlarning yaroqli-yaroqsiz ekaniga kim kafolat beradi? Ularni shifo istab xarid qilgan insonlar hayoti nima kechadi?
Demak, bu borada tadbirlar davom etadi va aniqlangan holatlar bo'yicha huquqbuzarlarga nisbatan tegishli javobgarlik choralari qo'llaniladi.
Firdavsiy JABBOROV,
viloyat Davlat soliq boshqarmasi shu'ba boshlig'i
qashqadaryogz.uz ma'lumotlari asosida

Batafsil

Me'yoridan oshiqcha atir

Bugungi kunda yurtimiz bojxona chegaralari orqali harakatlanayotgan fuqarolarga ko'pgina qulayliklar yaratilgan. Jumladan, barcha xalqaro aeroportlarda joriy yilning 1 yanvaridan “yashil” va “qizil yo'lak” tizimlari joriy etildi. Viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati ma'lumotiga ko'ra, shu yilning o'tgan davrida Qarshi xalqaro aeroporti orqali 21 ming 232 nafar fuqaro harakatlangan bo'lsa, ularning 20 ming 618 nafari yoki 98,11 foizi aynan “yashil yo'lak” orqali o'tgan.
Ushbu qulayliklardan samarali foydalanish o'rniga o'z manfaatlarini ko'zlab, qonunbuzarliklarga qo'l urayotgan fuqarolar ham, afsuski, bor. Bu kabi qonunbuzarliklar soni 81 tani tashkil etib, qiymati 114 million so'mlik tovar moddiy boyliklarini noqonuniy olib o'tishga urinish kuzatilgan.
Kuni kecha “Qarshi aeroporti” chegara bojxona postida “yashil yo'lak” orqali harakatlangan fuqaro A.K.ning qo'l yuklari rentgen apparati yordamida bojxona nazoratidan o'tkazilganda, belgilangan me'yordan ortiqcha 10 dona atir yo'lovchi bojxona deklarasiyasida qayd etilmasdan noqonuniy ravishda olib o'tilayotgani aniqlandi va fuqaroga nisbatan bojxona qonunbuzarligi yuzasidan bayonnoma tuzildi.
Ma'lumot uchun, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 6 fevraldagi qarori bilan jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegaralari orqali 3 dona birlikdagi atir va atirsimon suyuqliklarning olib kirilishi normalari belgilab qo'yilgan.
N.XO'JAYEV
Qashqadaryogz.uz ma'lumotlari asosida

Batafsil

MAQSAD - MALAKALI MUTAXASSIS TAYYORLASH

Ma’lumki, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Janubiy Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) ishtirokida “O‘zbekistonda kasb-hunarga o‘qitish imkoniyatlarini rivojlantirish” loyihasi doirasida Toshkent, Samarqand va Shahrisabz shaharlarida ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi.

Ta’kidlab o‘tish joiz, mehnat bilan band bo‘lmagan aholi, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta’minlash bugun kechayotgan islohotlarning ustuvor maqsadi sanaladi. Ular o‘zlariga munosib ish o‘rniga ega bo‘lishi uchun esa avvalo ma’lum bir hunarni  puxta egallashi, o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lib yetishishi, bir so‘z bilan aytganda, mutaxassis sifatida bugungi zamon shiddati va raqobatiga dosh bera olishi lozim.

Aslida, mamlakatimizda kasb-hunar kollejlari faoliyati yo‘lga qo‘yilishida ham ana shu maqsad nazarda tutilgandi. Biroq, ushbu muassasalarda malakali o‘qituvchilarning yetishmasligi, darslar asosan nazariy tomonlama tashkil etilgani, o‘quvchilar yetarli darajada ishlab chiqarish yoki servis xizmat ko‘rsatish malakasiga ega bo‘lmasligi natijasida  kutilgan samara chiqmadi.

KOICA bilan hamkorlikda mamlakatimizda qo‘yilgan kasb-hunarga o‘qitish markazlari esa bu borada juda katta imkoniyatlarga ega. Ularda o‘quvchilar o‘zi tanlagan kasb bo‘yicha nafaqat nazariy bilimga ega bo‘ladi, balki eng zamonaviy texnologiyalarni mustaqil ishlatib, amaliy ko‘nikma hosil qiladi. Shahrisabz shahridagi ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish markazi faoliyati bilan tanishish asnosida bunga yana bir marotaba amin bo‘ldik.

- Muassasada eng avvalo o‘quvchilarning amaliy ko‘nikma hosil qilishiga katta e’tibor qaratiladi, - deydi markaz direktori Fazliddin Rajabov. – Buning uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Aytib o‘tishim joiz, markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun KOICA tomonidan 8,5 million dollarlik grant ajratilib, bu mablag‘ evaziga eng zamonaviy asbob-uskunalar, xususan, 20 dona payvandlash jihozi, 10 dona tokarlik sexi, 35 dona tikuv mashinasi, 10 dona ip yigiruv uskunasi, kompyuter texnologiyasi yo‘nalishi uchun 3 komplekt o‘quv xonasi jihozlari, shuningdek, boshqa uslubiy qo‘llanmalarni xarid qilish rejalashtirilgan edi. Ayni kunga qadar, barchasi amalga oshdi va o‘quvchilar ular yordamida amaliy ish olib bormoqda. Ip yigiruv texnologiyasi esa yaqin kunlar ichida o‘rnatib bo‘linadi.

Markazda o‘quv-amaliyot xonalarini zamonaviy texnologiyalar, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar bilan jihozlash bilan bir qatorda yuksak malakali o‘qituvchilarni jalb etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bois muassasada mavjud beshta yo‘nalishning har biri uchun 3 nafardan, jami 15 nafar mutaxassis tanlab olinib, Janubiy Koreyada malaka oshirib qaytishdi. Bundan tashqari, ayni vaqtda markazda har bir yo‘nalish bo‘yicha bir nafardan Janubiy koreyalik mutaxassis faoliyat olib bormoqda. Ular uch oy davomida shu yerda ishlab, mahalliy mutaxassislarga, o‘quvchilarga yangi texnologiyalardan foydalanish sir-asrorlarini to‘liq o‘rgatadi.

- O‘zim Shahrisabz tumanining Chorshanbe qishlog‘idanman, - deydi metallga ishlov berish yo‘nalishi o‘quvchisi Jo‘rabek Misirov. – Kollejni tugatgach, ish topa olmay kelayotgan edim. To‘g‘risi, qo‘limda biror hunarim ham yo‘q edi. Shu bois mazkur markazga hunar o‘rganish uchun keldim. Bu yerda metallni kesish, eritish, payvandlash yoki qayta ishlash uchun kerak bo‘ladigan barcha jihozlar bor. Ulardan foydalanib, amaliy ish o‘rganmoqdamiz. Bu ishni professional darajada bajaradigan mutaxassisga hamma joyda ish topiladi. Shaxsan o‘zim, shu kasbni puxta o‘rganib, qishlog‘imizdagi avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatadigan shoxobchalardan biriga ishga kirmoqchiman.

Markazda o‘quvchilarning kasb-hunar sirlarini puxta egallashi, nazariy va amaliy ko‘nikmaga ega bo‘lishi, shu bilan bir qatorda, o‘qish davrida yashashi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. 50 o‘rinli yotoqxona, kutubxona ular xizmatida. O‘quvchilar bepul ta’lim olish, hunar egallash bilan bir qatorda, ularga davlat tomonidan eng kam oylik ish haqi miqdorida ishsizlik nafaqasi beriladi.

Albatta, yaratilgan bunday sharoit va imkoniyatlar yuqori malakali, keng dunyoqarashga ega mutaxassislarni tayyorlash borasida mamlakatimizda olib borilayotgan ishlarning ko‘lamini namoyon etadi.

Jahongir BOYMURODOV

Suratlarda: markaz faoliyatidan lavhalar.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

Batafsil

Jinoyat ko'payganmi yo huquq-tartibot idoralari yaxshi ishlayaptimi?

 

Jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktika tadbirlari natijasi qanday? U kutilgan samarani berayaptimi? Aniqlanayotgan holatlar aholining tinch-to'kis hayotini ta'minlaydimi? Buni birgina o'tgan hafta raqamlari misolida oladigan bo'lsak, viloyat IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi ma'lumotlariga ko'ra, 6 sentyabr kuni huquqbuzarlik sodir etgan 177 fuqaro aniqlanib, ularga nisbatan ma'muriy choralar ko'rilgan. Ilgari sudlangan shaxslar tomonidan qayta jinoyat va huquqbuzarlik sodir etilishining oldini olish maqsadida 2 nafar shaxs ma'muriy nazoratga olingan.
Davomat tadbirlari asosida 3 nafar ota-onaga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeks 47-moddasiga asosan hujjatlar rasmiylashtirilib, sababsiz dars mashg'ulotlarida qatnashmayotgan 11 nafar o'quvchi ta'limga qaytarilgan.


Shuningdek, yong'in xavfsizligi qoidalarini buzayotgan yoki davlat yong'in nazorati organlarining yozma ko'rsatmalari bandlarini bajarmayotgan 11 fuqaroga ma'muriy choralar ko'rilgan, yong'in sodir bo'lishiga olib kelishi mumkin bo'lgan 2 ta bino va inshootning ish faoliyati vaqtincha to'xtatilgan va nosoz elektr uskuna, moslama va agregatlardan foydalanish taqiqlab qo'yilgan.
Bungacha esa...

Kalishdagi opiy

Inson yoshi ulg'aygani sari hayotning past-balandini, oq-qorasini tanib, anglab boradi. Qari bilganni pari bilmas, deganlari chin. Ammo hayotda shunday kishilar ham borki, yoshi keksayib, nevaralariga, yoshlarga o'rnak bo'lish o'rniga odam nomiga isnod keltiradigan yumushlar bilan shug'ullanib yurishadi. To'ringdan go'ring yaqin, insofga kelsang-chi, deydigan mardum ham topilmaydi bunday chog'larda.
Mirishkor tumani Madaniyat mahallasida yashovchi nafaqaxo'r B.Xolboeva ham oz emas, ko'p emas, 63 yoshda. Bir qarashda bu onaxon qonunga xilof ish qiladiganga o'xshamaydi. U tuman markazidagi FHDYo bo'limi yonida ketib borarkan, uning xatti-harakatlari ichki ishlar xodimida shubha uyg'otdi. Tekshiruv jarayonida esa B.Xolboevaning kalishi ichida sellofan paketga o'ralgan sarg'ish rangli, nam holatdagi o'simlik talqoni va qoramtir rangli modda borligi aniqlandi. Ekspertiza tahlillari o'simlik talqoni ko'knor xashagi ekani va sof og'irligi 1,2 grammligi, narigisi esa og'irligi 0,15 gramm bo'lgan opiy giyohvand moddasi ekanligini ko'rsatdi.
To'g'ri, mazkur holatni xaspo'shlaydigan vajlar ko'p. Kimdir tirikchilikni, kimdir bilmaganini, yana birov bilib turib adashganini aytadi. Nima bo'lganda ham javobgarlik muqarrar. Yana bir jihati, giyohvandlikning ayanchli oqibatlaridan bugun bexabar odam topilmagani holda bunday ishga qo'l urayotgan har bir ongli kishi qilmishi qonun-ku mayli, vijdon va axloqqa ham to'g'ri kelmasligini tushunishi kerak.
Mazkur holat bo'yicha Mirishkor tumani IIB huzuridagi TB tomonidan Jinoyat kodeksi 276-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atildi.
Tuman FHDYo bo'limi yonida xuddi shunday yana bir jinoyat sodir etildi.    Muborak tumani 2-mittitumanda ro'yxatda turuvchi, 1975 yilda tug'ilgan       Sh.Nazarov G. ismli shaxsga 1 million so'm pul evaziga giyohvandlik moddasini sotayotgan vaqtda ushlandi. U bilan birga bo'lgan, Chiroqchi tumani Qo'chqorbuloq qishlog'ida ro'yxatda turuvchi, 1975 yilda tug'ilgan    R.Elmurodov boshqaruvida bo'lgan “Vaz-21011” rusumli avtomashina ichki qismi orqa oyna tagidan esa gugurt qutisi ichidagi qoramtir-malla rangli, o'tkir hidli modda aniqlanib, xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olindi.
Viloyat IIB EKB eksperti ma'lumotnomasiga ko'ra, avtomashinadan topilgan modda tarkibida morfin, kodein, tebain alkaloid giyohvand moddalari bor va u opiy deb ataladi, og'irligi 3 gramm. G. ismli shaxsga sotilgan modda ham opiy bo'lib, vazni 3,81 grammga teng.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksi 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atildi.

Tilla o'g'rilari


Bozor – o'z nomi bilan bozor, unda o'g'riyam, to'g'riyam bo'ladi. Shuning uchun bu erga ehtiyotini qilib kirgan kishi xotirjam tarzda chiqib ketishi mumkin.
Chiroqchi tumani G'allakor qishlog'ida yashovchi, 1976 yilda tug'ilgan S.A.ga bozor begona edi, deb bo'lmasdi. Tillavor savdosida suyagi qotib kelayotgandi. Tumandagi Qoraburuq qishlog'ida joylashgan “Ko'ktosh Barakasi” MChJ bozorida ekan, nimadir bo'ldiyu, charm sumkasidagi 97 million 348 ming so'mlik tilla taqinchoqlari va    3 ming AQSh dollari hamda o'zi bilan bir qishloqda yashovchi K.G.ga tegishli 19 million so'mlik tilla taqinchoqlar o'g'irlab ketilganini payqab qoldi.
Chiroqchi tumani IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-surishtiruv ishlari natijasida ushbu jinoyatni sodir etgan 4 nafar xotin-qiz qo'lga olindi va Jinoyat kodeksi 169-modasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo'zg'atildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Yashirin sex faoliyati to'xtatildi

Yashirin faoliyat ko'rsatishning zarari shundaki, avvalo, bu qonunga zid, qolaversa, tayyorlanayotgan mahsulotning aholi salomatligiga jiddiy ziyon etkazmasligiga kafolat yo'q, davlat byudjetiga belgilangan soliq va to'lovlar to'lanmaydi va hokazo.
Shahrisabz shahri Kunchiqar mahallasida yashovchi, 1948 yilda tug'ilgan S.Avloqulov yashash xonadonida tashkil qilgan sex yuqoridagi fikrimizga dalil bo'la oladi. Bugun yurtimizda tadbirkorlik faoliyati uchun juda katta imkoniyatlar yaratilgan bir vaqtda S.Avloqulovning yashirin yo'lni tanlagani g'alati. To'g'ri, soliq to'lamay qanchadir daromadga ega bo'lish mumkin, biroq tokaygacha?! Ko'za kunda emas, kunida sinadi, deb bejiz aytishmagan axir.
O'rganish davomida xonadonda yog'-moy ishlab chiqarish sex qurilmasi, 3 dona juvoz uskunasi, 29 qop chigit, 16 qop zig'ir va 140 kilogramm yog' borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Mazkur holat yuzasidan Shahrisabz shahar IIB TB tomonidan tergov oldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Qimorda tillodan ham qimmatini yutqazishdi

Profilaktika tadbirlari davomida Qarshi tumani Mirmiron mahallasida yashovchi, 1987 yilda tug'ilgan S.M. o'z uyida mahalladoshlari M.M. va S.M. bilan 176 ming so'm pul tikib, qimor o'ynayotgani aniqlangan.
Qarshi tumani Quyi Beshkent qishlog'ida yashovchi X.Sh. ham o'z mahalladoshlari bilan 120 ming so'm pul tikib, qimor o'ynagan. Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeks 191-moddasi bo'yicha hujjatlar rasmiylashtirilib, tuman ma'muriy sudi tomonidan ularning har biriga eng kam ish haqining 4 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Bu aytishga oson, biroq ushbu yigitlar hayotining oltinga teng davrini qimorga tikkani va boy berganini anglarmikan? Axir, umr bir marta beriladi, uning har oni g'animat, har fursatidan unumli foydalanib qolish kerak.
Yana bir jihati, qimorbozlik bugun asosan yoshlar orasida “urf”ga aylangan. Kattalarning ko'zi qaerda, degan savol tug'iladi. Aynan qimor sabab qancha odamning umri xazon bo'lgani, necha-necha oilalarga putur etganini unutib qo'ymadikmi? “Ha, bolalar bir karta o'ynasa o'ynabdi” qabilidagi beparvolik ertaga jiddiy jinoyatlarga yo'l ochishini bilamizmi?

Keskin choralarsiz kamaytirib bo'lmaydi

Hayotda har bir kishi o'z sohilini o'zi belgilaydi: birov ilm yo'lini tanlasa, boshqasi yaxshi bir hunarning boshini tutadi. Yana kimdir umr to'lqinlari qaerga boshlasa, o'sha tomonga ketadi. Ba'zilar borki,   nafsi boshlagan yo'lni ma'qul ko'radi. U keltiradigan isnod, yuzi qoralik, o'chmas dog' esga olinmaydi. Keyingi vaqtlarda tobora ko'payib borayotgan fohisha(boz)lik haqida ayni shu fikrlarni bildirish mumkin. Amaliyot shuni ko'rsatayaptiki, bu borada qat'iy choralarga o'tish vaqti keldi. Chunki fohishalikni kasb qilganlarga aksar hollarda qo'llanayotgan eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdoridagi jarima ushbu jirkanch qilmishni butkul cheklashga kamlik qilayapti. Jazo keskin bo'lmas ekan, xulqi buzuq kimsalar ko'payib boraveradi.
Masalan, Shahrisabz shahri Teparlik mahallasida yashovchi, 1996 yilda tug'ilgan X.M. tanishi, 1986 yilda tug'ilgan E.B. bilan 16 ming so'm evaziga munosabatga kirishgan. Mirishkor tumani Yangi Mirishkor mahallasida yashovchi, 1995 yilda tug'ilgan S.U. mahalladoshi, 1988 yilda tug'ilgan A.O.ga 50 ming so'mga “xizmat ko'rsatgan”. Kitob tumani Yakkasaroy mahallasilik, 1988 yilda tug'ilgan R.G. 20 ming so'm evaziga fohishalik qilgan.
Albatta, holatlar juda ko'p. Ulardan undirilgan jarimalar ham. Ammo asosiy maqsad fohishalardan jarima undirish emas, bunday qilmishga mutlaq chek qo'yish emasmi?!

Eski, biroq baribir qurol-da


Ota-bobolarimiz ov qilish va shunga o'xshash maqsadlarda turli o'qotar qurollardan foydalangan. Ular bugun ancha eskirib, yaroqsiz holga kelgani bilan   nomi qurol, u yoq-bu yog'ini epaqaga keltirib, boshqalarga xavf tug'diradigan vositaga aylantirish mumkin. Shuning uchun Jinoyat kodeksining 248-moddasiga muvofiq tegishli ruxsatnomasiz o'qotar qurol, shuningdek, o'q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalari tayyorlash, olish, olib yurish, saqlash, olib o'tish yoki jo'natish mumkin emas. Bordiyu bunday qurollar ota-bobolarimizdan saqlanib qolgan bo'lsa-chi? Ular belgilangan tartibda topshirilishi kerak, aks holda jinoiy javobgarlikka sabab bo'ladi.
Shu asosda olib borilgan targ'ibot tadbirlari natijasida Shahrisabz tumani Vodriq qishlog'ida yashovchi, 1964 yilda tug'ilgan To'ychi Qobilov eski     omborxonasini ta'mirlash vaqtida devor orasidan topib olgan, marhum otasi G'uzor Qobilovga tegishli bo'lgan 1 nilli o'qotar ov qurolining stvolini o'z ixtiyori bilan tuman IIBga topshirdi.
Mirishkor tumani O'zbekiston mahallasida yashovchi, 1984 yilda tug'ilgan Davlat Kenjaev ham eski molxonasini buzayotgan vaqtida devor orasidan 2 nilli, Toz-8 rusumli, 80903-65 raqamli o'qotar ov qurolini topib olib, qonunga muvofiq ish tutishni ma'qul ko'rdi.
Dehqonobod tumani Cho'qmozor qishlog'ida yashovchi Bashi Xudoyqulova marhum turmush o'rtog'idan qolgan 1 nilli, 16 kalibrli, raqami va ishlab chiqarilgan sanasi noaniq o'qotar ov qurolini ichki ishlar idorasiga keltirib berdi.
Shuningdek, Shahrisabz shahrida tan jarohatlari bilan bog'liq jinoyatlarning oldini olish maqsadida “Tig'” tadbiri o'tkazilib, shaharda haydovchilik bilan shug'ullanuvchi 28 kishi yonida o'tkir tig'li pichoq olib yurgani aniqlandi va tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.
Yuqoridagi holatlardan bir savol kelib chiqadi: jinoyat va huquqbuzarliklar soni nega ko'p: qonunni pisand etmaydiganlar ko'payganmi yo huquq-tartibot idoralari yaxshi ishlayapti? Albatta, ikkinchisi bo'lgani hammaga ma'qul. Ammo amaliyot ushbu idoralar xodimlari ko'p hollarda “pojarny metod” asosida, jinoyatning vaqtida oldini olishdan ko'ra uni ro'yxatga olib, oqibatlari bilan ishlayotganini ko'rsatayotgani kishini chuqur mushohadaga chorlaydi…

N.XO'JAEV
Qashqadaryogz.uz ma'lumotlari asosida

Batafsil

UZOQ KUTILGAN FORUM

    Qashqa vohasining zumrad-gavhari – ko‘hna keshda xalqaro maqom san’ati anjumani o‘tishi, unda 73 davlat vakillarining ishtirok etayotgani milliy musiqa san’atimiz rivojida muhim yangi bosqichni boshlab berishi bilan barchamizga faxr-iftixor tuyg‘ularini bag‘ishlaydi.

Shu o‘rinda aytish joiz, Shahrisabz ahli azaldan san’atga  ixlosmand. Yaqin tarixni esga olaylik. Sobiq ittifoq mafkurachilarining asosiy sa’y-harakatlari ma’naviyatimizni bo‘g‘ishga qaratilgan bir davrda o‘tgan asrning 70-yillarida aholi tashabbusi bilan Saxovand, Qutchi, Hazora, Shavkan qishloqlarida san’at saroylari qad rostladi. 1971 yilda tumanda  “Shodiyona” amsambli tuzildi. Uning shuhrati tez orada yurtimizdan o‘tib, jahonga yoyildi, xalq ansambli bo‘lib tanildi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Oygul Xalilova ayni shu ansambl tarkibida elga tanila boshlagandi.

1979 yili Qutchi va Hazora qishloqlari iste’dodli yoshlaridan tarkib topgan “Qaldirg‘och” ansambli tuzildi. 1984 yilda unga ham xalq ansambli unvoni berildi. Uning a’zolaridan biri –Usmon Berdiyev bugun Respublika maqomchilar guruhida  faoliyat olib borayotir.

1991 yilda Ulug‘bek jamoa xo‘jaligida “Sarvinoz” ansambli tuzildi. Uning tarbiyalanuvchilari ham bugun mamlakatimiz teatrlarida faoliyat yuritadi.

Ahamiyatlisi, san’atga oshuftalik boshqa sohalarga ham begona emasdi. Masalan, Shahrisabz paxta tozalash zavodi qoshida “Oltin tola”, pillachilik zavodi qoshida esa “Kumush tola” ansambllari faoliyat ko‘rsatardi.

Mazkur ansambllarni tashkillashtirishda kuni kecha Prezidentimiz farmoniga muvofiq “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan, bugungi kunda Shahrisabz shahridagi     “Baxtli bolalik” namunali bolalar maqomchilar ansambli badiiy rahbari bo‘lgan Elmurod Boymurodovning xizmatlari kattadir.

Yana shuni aytish o‘rinliki, orada ayrim mutasaddilarning beparvoligi sabab mazkur ansambllar tarqab ketdi, san’at saroylari huvillab, binolari xususiylashtirish bahonasida har turli kishilar qo‘liga o‘tdi.

Bugungi voqelik shuni ko‘rsatayaptiki, o‘sha ansambllarni tiklash, san’at saroylarini xalqqa qaytarish fursati yetdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tayotgan Xalqaro maqom san’ati anjumani va shu doirada ko‘zda tutilayotgan tadbirlar esa ayni shu maqsadlarni qamrab olgani bilan ahamiyatlidir.

Jabbor XALIL,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Shahrisabz tumanlararo

bo‘limi raisi

Batafsil

Manzilimiz


Manzil: Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, Mustaqillik Maydoni,1
Pochta indeksi:180100
Telefon
: 0(375)221-12-88, 0(375)221-03-81
Faks
: 0(375)221-13-40
Veb-sayt
http://www.qashqadaryo.uz
Elektron pochta
Yaqin jamoat transport to`xtash joylari 
Milliy bank va Mustaqillik Maydoni bekati
Avtomashrut
1,4,5,7,10,18,20,22,23,27,
37,44,462,11,21,37,33

Hozir saytimizda

Bizning saytimizda 92 mehmonlar va ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar 0

Bosh sahifa

Qabul kunlari

Rahbariyatga murojaat etish

Rahbariyatga murojaat etish

Viloyat hokimligining umumiy bo'limiga murojjat etish (Yangi oynada ochiladi)

Mobil versiya

Mobil versiyaga o'tish

Bog'lanish

Ishonch telefon raqami 
0(371) 200-55-05 
Ishonch telefon raqami reglament
Yagona telefon raqami
0(375) 221-07-60 
Yagona telefon raqami reglamenti

Batafsil>>>

Biz bilan bog'lanish

Sahifa adressi

Maxsus imkoniyatlar

K'orinish

Pastda o'zingizga kerakli parametrni tanlasng
Blue Green Red Radian
Select menu
Google Font
Body Font-size
Body Font-family