Toshkent shahrida "Yosh kitobxon" kо‘rik-tanlovining respublika bosqichi g‘oliblari aniqlandi. E’tiborlisi, Koson tumanidagi 15-maktabning ona tili va adabiyot fani о‘qituvchisi Surayyo Shodiyeva 20-30 yoshlilar orasida 1-о‘rinni egallab, Prezident sovg‘asi - "Spark" avtomobili bilan taqdirlandi.

Surayyo 1992 yilda Koson tumanidagi Mudin qishlog‘ida tug‘ilgan. Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetidagi tahsil davomida Muslihiddin Muhiddinov, Gulsanam Xoliqulova, Dilorom Salohiy singari fidoyi olimlardan saboq olgan. Vohid Abdullayev nomidagi stipendiyaga sazovor bо‘lgan. Qarshi davlat universitetida esa magistratura bosqichida filologiya fanlari doktori Nafas Shodmonov rahbarligida "XVIII asr oxiri - XIX asr о‘rtalarida Qashqadaryo vohasining adabiy manbalari va ularning ilmiy tavsifi" mavzusida ilmiy tadqiqot olib borgan.

Ahamiyatlisi, u hali maktab о‘quvchisi ekanidayoq turli kitobxonlik tanlovlarida faol qatnashib kelgan. Urgut tibbiyot kollejida о‘qib yurganida kitobxonlik bо‘yicha о‘tkazilgan viloyat tanlovida ikkinchi о‘rinni egallagan.

- "Yosh kitobxon" tanlovida о‘tgan yili ham ishtirok etganim, о‘shanda о‘qigan kitoblarim bu safar ancha qо‘l keldi, - deydi Surayyo Shodiyeva. - Nizomga kо‘ra, о‘zbek va jahon adabiyotidan saralangan 100 ta kitobni о‘qib chiqishimiz kerak edi. "Buyuk mutafakkirlar va adiblar" shartiga esa mustaqil tayyorgarlik kо‘rildi. Tanlovning birinchi shartida Tо‘lepbergen Qayipbergenovning "Qoraqalpoqnoma" asaridan savol keldi. Keyingi    shartda о‘qib eshittirilgan parcha Ernest Xemingueyning "Alvido, qurol" asaridan olingan, deb javob bergandim, xato chiqdi, Dostoyevskiyning "Jinoyat va jazo"sidan ekan. Shunda 50 ballni yо‘qotdim, lekin parchani  sharhlaganim uchun yuqori baho oldim. Bu asarni turli yillarda, kо‘p о‘qiganman. Adib tobora yо‘qolib borayotgan vijdon, oriyat, insoniylik tuyg‘ulari haqida, shaytonga bо‘ysunib, uning gumashtasiga aylanib borayotgan gumroh qalblar xususida hikoya qiladi va inson deb atalmish buyuk mavjudotning ichki dunyosini shafqatsiz va favqulodda ayovsiz fosh etishga urinadi. Xullas, tanlovning uchinchi sharti oson kechmadi, natijada beshinchi о‘ringa tushib ketdim. Lekin yakuniy shartda о‘zbek adibi Xurshid Dо‘stmuhammad va gruzin ijodkori Shota Rustaveli ijodi haqidagi fikrlarim hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholandi va g‘alaba men tomonda bо‘ldi.

Surayyo Shodiyevaning yutug‘i shundaki, u kо‘p kitob о‘qishga emas, о‘qiganlarini uqishga, tahlil qilishga harakat qiladi. Bu jarayonda uning ona tili va adabiyot fani о‘qituvchisi ekani qо‘l kelayotgani, о‘z tilimizda topolmagan adabiyotlariga ingliz tilidan dars beradigan qaynonasi yordam berishi ham bor gap. Kitobni esa tanlab о‘tirmaydi: bosmami, elektron shakldami yo audiokitobmi (aytishicha, audiokitoblari soni mingdan oshibdi) о‘qiydi, tinglaydi, vaqtni zoye ketkazmaydi. Buning natijasi esa yuksak marra - Respublika  miqyosidagi g‘oliblikka olib keldi. Albatta, kitob о‘qib mashina olish kо‘p yoshlarni mutolaa, demakki, ezgulik sari boshlashi shubhasiz. Surayyo erishgan natijaning ahamiyati aynan shunda kо‘rinadi.

Ma’lumot о‘rnida aytish joiz, "Yosh kitobxon" tanlovining respublika bosqichi 4 ta: "О‘zbek adabiyoti bilimdoni", "Jahon adabiyoti bilimdoni", "She’riyat" va "Buyuk mutafakkir va adiblar" shartlari bо‘yicha 10-14, 15-19 va 20-30 yoshlilar о‘rtasida о‘tkaziladi. О‘z yosh toifalarida 1-о‘rinni egallagan ishtirokchilarning har biri "Prezident sovg‘asi" - yengil avtomobil, 2-о‘rin sohiblari kompyuter jamlanmasi (monoblok), printer, 3-о‘rinni egallaganlar esa о‘zbek va jahon adabiyotining durdona asarlaridan iborat (200 ta) kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlanadilar.

N.XО‘JAYEV

04-12-2019 |
Foto galereya