Bilim va hamkorlik Qo'shilgan sana: 2010-02-09 Muallif: A.MURODOV
Mana, bir necha yildirki, hukumatimizning maxsus qarorlariga ko'ra, viloyatlar hokimlarining o'rinbosarlari, ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha yordamchilari, shahar va tumanlar hokimlarining siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi bilim va malakalarini oshirish maqsadida mintaqaviy seminarlar o'tkazib kelinayapti.
Bu an'ana tusini olganligi bejiz emas. Zero bugungi kun, shiddatkor davr ayniqsa, rahbar kadrlardan yuksak bilim, hayotiy tajriba va mas'uliyatni talab etadi. Qolaversa, yurt ravnaqi, mamlakat taraqqiyoti va xalq farovonligi asosan islohotlarning joylardagi ijrosiga bog'liq. Shu hisobdan olganda, mahalliy hokimliklar bosh-qosh bo'lmagan, ularning vakolatidan chetda qolgan masala, vazifa yo'q.
-Seminar o'quv rejasi ham aynan shu vazifalardan kelib chiqib tuzilgan, - deydi Surxondaryo viloyati hokimining o'rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo'mitasi raisi Mavluda Qobulova. – U qishloq xo'jaligini rivojlantirish yoki milliy g'oya targ'iboti bo'ladimi, ijtimoiy sohadagi islohotlar yoki tashqi siyosat va mamlakat xavfsizligini ta'minlash bo'ladimi – barchasi biz uchun o'ta dolzarb masalalar. Bundan tashqari har bir yil uchun alohida dasturlar ishlab chiqilayapti. Albatta, ularni hayotga keng tatbiq etish har birimizdan o'qib-o'rganishni, hayotiy tajribalarimizni amalda qo'llay bilishni taqozo etadi. Shu bois mintaqaviy seminarning ahamiyati beqiyos.
Seminar mashg'ulotlari yirik vazirliklar va oliy o'quv yurtlari hamda tashkilotlar rahbarlari, mas'ul xodimlari tomonidan olib borilayapti. Bu esa ularning joylardagi ayrim muammolar bilan yaqindan tanishish, mahalliy hokimliklar bilan aloqalarini yanada mustahkamlash imkonini bermoqda.
-Seminar mashg'ulotlari davomida respublika banklari rahbarlari bilan muloqotlar uyushtirayapmiz va har ikki tomon uchun foydali bo'lgan bitimlar tuzishga muvaffaq bo'layapmiz, - deydi Muzrabot tumani hokimi Shamsiddin Oripov. – Masalan, o'tgan yili respublika “Agro bank” tomonidan tumanimiz dehqon-fermerlariga 1,5 milliard so'm miqdorida kredit berilishiga erishdik. Bu ham seminarning afzalligi. Bundan tashqari har bir mavzu kundalik vazifalarimizdan kelib chiqib tuzilgan. Birgina Barkamol avlod yilida umumiy aholisining 70 foizini yoshlar tashkil etgan tumanimizda amalga oshirilishi lozim bo'lgan ishlar ko'lami naqadar katta. Ularni bajarishimizda seminarda olgan bilimlarimiz muhim ahamiyat kasb etayapti.
Ko'rildi 173 marta |