Mahratli va oqibatli Qo'shilgan sana: 2010-02-15 Muallif: A. DAVRON.
Toshkent shahrida ichki ishlar idoralari hamda yurt tinchligi va osoyishtaligiga mas'ul jamoat tashkilotlari o'rtasida o'tkazilgan “Namunali milisiya tayanch punkti” tanlovining respublika bosqichi yakunlandi.
An'anaga ko'ra, tanlov g'oliblari to'rt hududga bo'lingan holda aniqlandi. Shuningdek, yana sakkiz yo'nalish bo'yicha ham tengsizlar nomi e'lon qilindi.
Garchi viloyatimiz vakillari asosiy yo'nalishda sovrinli o'rinlarni qo'lga kirita olmagan bo'lishsa-da, ikki nominasiyada ularning nomi qayd etildi. Jumladan, Qarshi shahridagi Xontepa mahalla fuqarolar yig'ini hududida joylashgan 290-milisiya tayanch punkti profilaktika katta inspektori, kapitan Bekzod Qobilov “Mahoratli va matonatli profilaktika inspektori” sifatida e'tirof etildi. Eslatib o'tamiz, mazkur milisiya tayanch punkti tarkibi mazkur tanlovning viloyat bosqichida birinchi o'rinni qo'lga kiritgan edi.
El osoyishtaligini saqlash, sarhadlarimiz daxlsizligini ta'minlash va fuqarolar haq-huquqlarini himoya qilishdek xayrli va mas'uliyatli vazifalarni ado etishda ichki ishlar idoralarining mahalliy hokimliklar, o'zini o'zi boshqarish organlari, keng jamoatchilik bilan hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois tanlovda mazkur soha vakillari uchun ham alohida nominasiyalar belgilab kelinmoqda. Nishon tumanining Abdulla Qodiriy mahalla fuqarolar yig'ini huzuridagi yarashtirish komissiyasi “Oqibatli va murosali yarashtirish komissiyasi” nominasiyasi g'olibi bo'ldi.
Ko'rildi 217 marta |