Har qanday insonni maftun etadi. Joriy yilda “Ma'naviyat” nashriyotida chop etilgan “O'zbekiston tabiati: Qashqadaryo” kitob-albomi Rossiya poytaxti Moskvada o'tkazilgan “Kitobat san'ati - 2010” xalqaro ko'rik-tanlovida alohida e'tirof qilinib, “Mening Vatanim” nominasiyasida III darajali diplom bilan taqdirlandi. Ilgari xabar berganimizdek, O'zbekiston ekologik harakati va Qashqadaryo viloyati tabiatni muhofaza qilish qo'mitasi bilan hamkorlikda nashrga tayyorlangan ushbu kitob-albom o'zbek, rus va ingliz tillarida chop etilgan bo'lib, unda yurtimiz tabiatining betakrorligi vohamizdagi manzaralar misolida ajoyib tarzda ko'rsatib berilgan. Xalqaro ko'rik-tanlov hay'ati a'zolarining ta'kidlashicha, tanlovga MDH va Boltiqbo'yi mamlakatlarida nashr etilgan yuzlab kitoblar taqdim qilinib, ularni baholash chog'ida, bir tomondan, mazmuni, dizayni va ilmiy-ommabop ma'lumotlar darajasi, ikkinchi tomondan, kitoblarning noshirlik nuqtai nazardan sifati hamda ijtimoiy-tarbiyaviy ahamiyati hisobga olingan. Shu jihatdan o'zbekistonlik noshirlar xalqaro tanlovning beshta nominasiyasi bo'yicha g'olib, deb topildi. Xususan “Ma'naviyat” nashriyoti “O'zbekiston tabiati: Qashqadaryo” kitob-albomida mamlakat hayotining muayyan jabhasini to'laqonli aks ettira olganligi uchun “Mening Vatanim” yo'nalishida sovrinli o'ringa sazovor bo'ldi. E'tiborli tomoni shundaki, mazkur kitob-albomning estetik jihatdan ham, mazmuni jihatdan ham yuqori saviyada chop etilishiga vohamizda istiqomat qilayotgan deyarli har bir fuqaro munosib hissa qo'shgan. Zero buning uchun zarur mablag' viloyatimizda o'tkazilgan ekologik shanbalikdan tushgan pullar hisobidan ajratilgan. “Kitobat san'ati - 2010” xalqaro ko'rik-tanlovining g'olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi joriy yil sentyabr oyida Moskva Xalqaro kitob ko'rgazma-yarmarkasi doirasida o'tkaziladi. Eslatib o'tamiz: “Ma'naviyat” nashriyotida 2006 yilda Qarshi shahrining 2700 yilligiga bag'ishlab chop etilgan “Qarshi - 2700” kitob-albomi ham “Kitobat san'ati” ko'rik-tanlovining aynan “Mening Vatanim” nominasiyasida oliy o'ringa sazovor bo'lgandi.