“Kelajak ovozi-2010” yozgi o'quv-oromgohi Shahrisabz tumanidagi Miroqi qo'rg'onida davom etayotgan “Kelajak ovozi-2010” yozgi o'quv-oromgohida bir kuni “Mening shahrim” tanlovi va karnaval tashkil qilingan bo'lsa, yana bir kuni innovasion g'oyalar forumi va yangi yoshlarbop film taqdimoti o'tkazildi. Darvoqe, 7 iyulda boshlangan bu keng miqyosli tadbirda har bir kun o'z nomi bilan ataladi. Dastlabki ikki kun, tabiiyki, tanishuv va kashfiyotlar kunlari, deb nom olgan bo'lsa, ulardan so'ng jamoa, intellektual salohiyat va go'zallik kunlari o'tkazilib, har biri doirasida shu nomga mos tanlov va taqdimotlar hamda o'yin va tomoshalar uyushtirildi. Darvoqe, ikki yil oldin – xuddi hozirgidek Sho'rtan gaz-kimyo majmuasiga qarashli “Lochin” oromgohida tashkil qilingan yozgi o'quv-oromgohida “Kelajak ovozi” cholg'u ansambli oradan o'tgan vaqt ichida mashhur bo'lib ulgurib, hozir hatto chet ellarda o'z muxlislariga egadir. Va ishonchimiz komilki, bugun oromgohdagi tanlov va taqdimotlarda ilk bor ishtirok etayotgan yigit-qizlar ham hech qancha vaqt o'tmay o'z sohasining etakchisi, asosiy hal qiluvchi kuchiga aylanadi. oromgoh hayotidan lavhalar.
P.S. “Kelajak ovozi” yozgi o'quv-oromgohida, shuningdek, izhorlar va diplomatiya kunlari ham bo'lib o'tdi. Ular doirasida yoshlar qobiliyatining yana bir qator qirralarini ochib beradigan “Love-tanlov”, “Jahon raqslari” festivali va megapolislar merlarining kengaytirilgan uchrashuvlari o'tkazildi. Har bir tanlov uchun berilgan “meglar” (oromgohdagi shartli pul birligi) shaharlarning byudjetini to'ldirish va yoshlarga turli ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish imkonini bermoqda.