O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining 19 yilligiga
Qo'shilgan sana: 2010-07-27
Muallif: N. TILLAYEV.
Yurtimizda qishloqlar qiyofasini tubdan yangilash, turar joy va ijtimoiy soha ob'ektlarini namunaviy loyiha asosida barpo etish asnosida qishloq infratuzilmasini rivojlantirishga juda katta e'tibor qaratilayapti. Prezidentimizning 2009 yil 3 avgustda qabul qilgan “Qishloq joylarda uy-joy qurilishi ko'lamini kengaytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi hamda 2010 yil 17 iyundagi “Qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida xususiy uy-joy qurilishini kengaytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Qarorlari bu boradagi ishlar ko'lamini yanada kengaytirishda muhim omil bo'lib xizmat qilmoqda. Viloyatimizda ham ushbu qarorlar ijrosini ta'minlash yuzasidan qator ishlar amalga oshirilayapti. Masalan, qurilish ishlari o'tgan yili boshlangan Qamashi, G'uzor, Qarshi, Kitob va Kasbi tumanlaridagi 5 ta massivdagi 100 ta namunaviy uy-joy barcha qulaylik va sharoitlar yaratilib, tayyor holda egalariga topshirilgan bo'lsa, joriy yilda esa 20 ta massivda (barcha tumanlarda) namunaviy loyiha asosida 735 ta yangi uy-joy qurilayapti. Ayni paytda ushbu massivlarning barchasida bunyodkorlik ishlari jadal sur'atlarda davom etayotir. Namunaviy uy-joylar qurilayotgan eng katta massivlardan biri Qarshi tumanidagi Mirmiron qishlog'ida bo'lganimizda ham buning ustidan chiqdik.
Mazkur hududda 120 xonadonga mo'ljallangan 38 ta ikki qavatli, 44 ta bir qavatli yangi uy qad rostlayapti. U erdagi keng miqyosli bunyodkorlikka yigirmadan ortiq maxsus qurilish tashkilotlarining 600 nafarga yaqin tajribali quruvchilari jalb etilgan. Ular umumiy tender qiymati 7 milliard 412 million so'mga teng zamonaviy uylarni avgust oyining oxirlarida – Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirishni mo'ljallashmoqda. 11,3 gektar maydonda bunyod etilayotgan 4 xonali uylarda kelgusida bir oila yashashi uchun barcha shart-sharoitlar yaratiladi. Xususan, uzluksiz elektr energiyasi, toza ichimlik suvi, tabiiy gaz bilan ta'minlanadi hamda kanalizasiya tarmoqlari o'rnatiladi.
Suratlarda: namunaviy uy-joylar qurilishi jarayonidan lavha; (chapdan) “Abror original” maxsus qurilish mas'uliyati cheklangan jamiyati ish yurituvchilari Jo'ra Chorshanbiev, Jamshid Asadov va quruvchi Obid Haydarov ish ustida. Suratlarda: g'isht teruvchi usta Ulug'bek Xushnaev ish ustida; tajribali bunyodkorlar (o'ngdan) Hasan Maditov va Asqar Abdirasulov.