O'zbekiston Respublikasi “Yo'l harakati xavfsizligi to'g'risida”gi Qonunining 8-moddasida O'zbekiston avtomobil yo'llari qurish va ulardan foydalanish davlat-aksiyadorlik konsernining yo'l harakati xavfsizligini ta'minlash sohasidagi vakolatlari belgilangan. Janubiy xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo'llarini saqlashga ixtisoslashtirilgan ta'mirlash foydalanish korxonasi tomonidan qonunning mazkur bandi ijrosini ta'minlash borasida bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Korxona direktori Normurod Yuldoshevning ta'kidlashicha, viloyatimiz bo'yicha xalqaro ahamiyatdagi yo'llar 411 kilometrni, davlat ahamiyatidagi yo'llar 1473 kilometrni tashkil etadi. Korxona tomonidan 411 kilometr xalqaro, 458 kilometr davlat ahamiyatidagi yo'llarga xizmat ko'rsatiladi. Qolgan 1015 kilometr davlat ahamiyatidagi avtomobil yo'llarida ijara shartnomasi asosida “Qashqadaryoavtoyo'l” hududiy yo'llardan foydalanish davlat tashkiloti tizimidagi yo'l xo'jaligi korxonalari xizmat ko'rsatadi.
Avtomobil yo'llarida avtotransport vositalarining xavfsiz harakatini ta'minlash maqsadida o'tkazilayotgan doimiy va mavsumiy texnik ko'riklar natijasida yo'llarni jihozlash, yo'l belgilarini o'rnatish, joriy ta'mirlash ishlarini belgilab olish, kelgusi yillar uchun kapital, o'rta ta'mirlash ishlari dasturlari loyihasi ishlab chiqish amalga tatbiq etilgan. Viloyat hududidagi avtomobil yo'llarida 2010 yilning 6 oyi davomida joriy ta'mirlash ishlari bo'yicha 497 million 764 ming so'mlik, saqlash ishlari bo'yicha 723 million 433 ming so'mlik, ko'kalamzorlashtirish ishlari bo'yicha 34 million 812 ming so'mlik, qishki saqlash ishlari bo'yicha 91 million 96 ming so'mlik ishlar amalga oshirildi. Umumfoydalanuvdagi 28 kilometr avtomobil yo'llarida qayta qurish, 20 kilometrida to'la ta'mirlash ishlari bajarilmoqda. 2010 yilning olti oyida 23 milliard 207 million 240 ming so'mlik qayta qurish ishlari, 600 million so'mlik to'la va o'rta ta'mirlash ishlari bajarildi.