Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida sog‘lomlashtirish aksiyasiga start berildi. 
 
Xususan, shu kunlarda Qashqadaryoda vazirlik markaziy apparati jamoasi, ixtisoslashtirilgan markazlar mutaxassislari va tibbiyot oliy o‘quv yurtlari professor-shifokorlari, jami 150 nafardan ortiq mutaxassislardan iborat tibbiy guruh ish olib bormoqda.  
 
Xabaringiz bor, Prezidentimiz yaqinda tibbiyot xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda sog‘liqni saqlash tizimida o‘z yechimini kutayotgan qator muammo va kamchiliklar borligi, shu sababli aholi ushbu sohadan hali to‘liq rozi emasligini alohida ta’kidladi. 
 
O‘z navbatida, ushbu masalalarni samarali hal etish maqsadida 7 ta muhim yo‘nalish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan edi. Mazkur sog‘lomlashtirish aksiyasi ana shu ustuvor vazifalarning joylardagi ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilmoqda.
 
Aksiya ikki bosqichda tashkil etilyapti. Birinchi bosqichda poytaxtdan kelgan mutaxassislar guruhlar kesimida viloyatning har bir shahar va tumaniga taqsimlanib, joylarda “xonadonbay” tamoyili asosida aholi salomatligi,  ularni qiynayotgan tibbiyotga doir muammolarni o‘rganadi, fuqarolar o‘rtasida sog‘lom turmush tarziga amal qilish, jumladan, kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazadi. 
 
Asosiysi, davolanishga muhtoj bo‘lgan aholi toifasining hududlar kesimidagi ro‘yxati shakllantirilib, og‘irlik darajasi bo‘yicha tasniflanadi. Yuqori texnologik amaliyotlarga muhtoj bo‘lgan bemorlar Davlat tibbiy sug‘urtasi va tegishli fondlar mablag‘lari hisobidan operatsiyaga tavsiya etiladi.
 
Bu orqali, birinchi navbatda, aholi qatlamiga ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatni yanada yaqinlashtirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, aksiya davomida mobil mammografiya, ko‘chma laboratoriya va maxsus jihozlangan mobil tibbiy avtomashinalarda uzoq hududlarga borib, aholi salomatligini yaxshilashga ko‘maklashish maqsad qilingan.
 
Ikkinchi yo‘nalishda vazirlikning maxsus guruhi tomonidan Chiroqchi tumanida namunaviy yalpi tekshiruvlar amalga oshiriladi. Bunda tumandagi barcha aholi qatlamlarini qamrab olish, hududning tibbiy salohiyatini o‘rganish, muammolarga shu yerning o‘zida yechim topish maqsadida sayyor qabullar o‘tkaziladi. 
 
Ya’ni, maxsus ishchi guruh tumandagi barcha tibbiy yordamga ehtiyoji bo‘lgan bemorlarni davolash jarayoniga yo‘naltirishni, tuman tibbiyotining moddiy-texnik bazasi, dori-darmon, davolash va kadrlar bo‘yicha barcha muammolariga yechim topadi. 
 
Yakunda Chiroqchi tumani bo‘yicha o‘rganishlar tahlil qilinib, bu tajriba natijadorligiga ko‘ra, butun respublikaga tatbiq qilinishi rejalashtirilgan.
 
Shu kunlarda ushbu yo‘nalishlar doirasida og‘ir kasalliklarga chalingan, yuqori texnologik jarrohlik muolajasiga muhtoj bemorlarda davlat hisobidan operatsiyalar boshlab yuborildi. Bu amaliyotlar respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlaridan borgan yetakchi shifokorlar boshchiligida bajarilmoqda. 
 
Xususan, so‘nggi ikki kunda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filiali, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filiali va viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi kabi qator muassasalarda o‘nlab shunday murakkab operatsiyalar muvaffaqiyatli o‘tkazildi. 
 
Shuningdek, yangi oilaviy poliklinikalar va oilaviy shifokor punktlari tashkil etish, zarur hududlarda konteyner shaklidagi tibbiy punktlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, tez tibbiy yordam xizmatini maqbullashtirish bo‘yicha ham zarur chora-tadbirlar belgilangan.
 
Xulosa qilib aytganda, ushbu sog‘lomlashtirish aksiyasida byurokratik to‘siqlarsiz, aholini sarson qilmasdan, ularning xonadonigacha kirib borib, dardlariga malham bo‘lish ustuvor vazifa qilib olingan.
 
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
Foto galereya