Prezidentimizning 2020-yil 12-noyabrdagi “Tibbiy profilaktika ishlari samaradorligini yanada oshirish orqali jamoat salomatligini taʼminlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4891-sonli qaroriga asosan Kitob tumanidagi Sevaz, Qorabuloq, Iskana mahallalarida skrining tekshiruvlari tashkil etildi.

Mahallalarda uyma-uy yurgan holda o‘tkazilgan tekshiruvlarda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi rahbari, tibbiyot fanlari doktori Xurshid Fozilov rahbarligidagi yuqori ilmiy salohiyatli va malakali 13 nafar mutaxassisdan iborat, shuningdek, mazkur tadbirlarda viloyat shifoxonalaridan kelgan 48 nafar, tuman tibbiyot birlashmasidan 52 nafar tor soha shifokori va o‘rta tibbiyot xodimlari faol ishtirok etishdi.

Qayd etilgan mahallalardan 40 va undan yuqori yoshdagi jami 1898 nafar fuqaro antropometriya, tonometriya, umumiy qon tahlili, qonning bioximik tahlili, EKG va boshqa bir qator tekshiruvlardan o‘tkazildi. Labaratoriya tekshiruvlarda xatlovga olingan fukarolarda xolesterin hamda qonda qand miqdori aniqlandi. Natijalarga ko‘ra qamrab olingan hududda 40 va undan yuqori bo‘lgan aholining sog‘ligi baholandi va batafsil tahlil qilindi. Profilaktik ko‘rikda aniqlangan bemorlarga ambulator sharoitda davolanish uchun tavsiyalar berildi. Statsionar sharoitda davolanishga muhtoj bemorlarga yo‘llanmalar taqdim etildi.

Xuddi shunday skrining tekshiruvlari Qarshi shahridagi Otchopar va Neftchi mahallalarida ham tashkil etildi. Unda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining viloyatimizdagi filiallari hamda shahardagi 6 oilaviy poliklinika malakali shifokorlari faol ishtirok etishdi. Skrining tekshiruvlarida jami 860 nafar fuqaroning salomatligi baholandi.

20-09-2021 |
Foto galereya