Prezidentimiz hamisha yoshlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish, bandligini taʼminlash masalalariga eng dolzarb vazifa sifatida qaraydilar.

Qashqadaryo viloyatida ham yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish va ularning bandligini taʼminlash yuzasidan bir qator vazifalar belgilangan.

Viloyatda bugungi kunda 44 ming 360 nafar o‘quvchi o‘rniga ega bo‘lgan 60 ta professional taʼlim muassasalarida 183 ta kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha 27 ming 947 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.

- Endi oldimizda muhim masala - ularning bandligini taʼminlash turibdi, - dedi viloyat hokimi. - Shu munosabat bilan, iyul-avgust oylarini “Professional taʼlim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirish dolzarb oltmish kunligi” deb eʼlon qilaman.

Shuningdek, hokimlik soatida 2023-yilda aholi bandligini taʼminlash dasturining ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.

Hisobotda aytilishicha, joriy yilning o‘tgan 4 oyligida 204 ming nafar aholini bandligi taʼminlangan bo‘lib, ularning 57 ming nafari doimiy, 115 ming nafari mavsumiy ishlarga jalb qilingan hamda 32 ming nafar aholining faoliyati legallashtirilgan.

Viloyat hokimi kelgusida ham aholi bandligini taʼminlash sohasida aniq va samarali ish olib borish kerakligini taʼkidladi.

Yig‘ilishda shuningdek, Prezidentimizning qaror va farmonlari ijrosi, qabul qilingan dasturlar, avvalgi hokimlik soatlarida berilgan topshiriqlarning ijro holati bo‘yicha ham muhokamalar olib borildi.

10-05-2023 |
Foto galereya