O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi topshirig‘iga asosan, Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi IIV ishchi guruhi 2021-yil 23-noyabr kunidan, Qashqadaryo viloyatida jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash bo‘yicha ishlar ahvolini o‘rganish va bu boradagi faoliyatni yanada jadallashtirish maqsadida o‘z o‘rganishlarini davom ettirmoqda.
 
Xususan, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov Qarshi shahridagi “Otchopar” mahallasida tashkil etilgan PPX “Kuzatuv maskani”, viloyat YHXB binosida barpo etilayotgan “Situasion markazi”, shuningdek, Qarshi shahridagi “Xontepa” va Qamashi tumanidagi “Bunyodkor” mahallalaridagi “Huquq-tartibot maskan”larining faoliyati bilan tanishib, sektor rahbarlariga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.
 
 
Ishchi guruh a’zolari uchta kichik guruhlarga bo‘linib, 23-24 noyabr kunlari Mirishkor, Nishon, Yakkabog‘, Kasbi, Shahrisabz, Koson va Kitob tumanlari hamda Qarshi, Shahrisabz shaharlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida joriy yilning 12-fevralida o‘tkazilgan IIV Hay’atining kengaytirilgan majlisi davomida berilgan topshiriqlarning amaliy ijrosi qay darajada bajarilayotgani bilan yaqindan tanishdi.
 
 
O‘rganishlar davomida tuman va shaharlarni jinoyatdan holi namunali va xavfsiz hududga aylantirish, shuningdek, xodimlar tomonidan xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etilishi va bu borada tuman-shaharlarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijalari hamda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash ahvolini o‘rganish, hudud rahbarlarining kriminogen vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish bo‘yicha tashabbuslarining samaradorligi o‘rganib chiqilmoqda.
 
 
Shu bilan birga ishchi guruh tomonidan viloyatdagi kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirish maqsadida maxsus tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazish, mahallalarda jinoyatchilikni barvaqt oldini olish, aholining mavjud muammoli masalalarini aniqlash va hal etish  ishlari amalga oshirilmoqda. Ishchi guruh faoliyatining yakuni bo‘yicha Qashqadaryo viloyatida aniqlangan muammoli masalalar va ularning yechimi bo‘yicha ko‘riladigan choralar viloyat hokimligi, huquq-tartibot organlari hamda barcha sektor rahbarlari ishtirokida o‘tkazilishi rejalashtirilgan yig‘ilishda muhokama qilinadi.
 
Qashqadaryo viloyatidagi o‘rganishlar davom etmoqda.
25-11-2021 |
Foto galereya