XX asrning so‘ngida butun dunyoda inson manfaati, uning huquq, manfaatlari, demokratik qarashlar asosiy mezon sifatida yaqqol ko‘zga tashlana boshladi. O‘zbekistonda 1990-yil 20-iyunda «Mustaqillik deklaratsiyasi» qabul qilinib, ushbu sananing o‘zidayoq 64 kishidan iborat Konstitutsiyaviy komissiya o‘z faoliyatini boshlaydi.

Maʼlumki, Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari tomonidan nafaqat butun dunyo konstitutsiyalarini balki, o‘zbek davlatchiligining tarixiy tajribasi hamda yuqorida taʼkidlangan tarixiy huquqiy manbalarga tayangan holda mustaqil O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi ishlab chiqildi. Bir necha marotaba umumxalq muhokamasiga qo‘yilib, moddama-modda ovoz berish yo‘li bilan 1992-yil 8-dekabrda baxtimiz qomusi, barcha huquqlarimiz asosi bo‘lmish mustaqil O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi davlatning asosiy qonuni bo‘lib, istiqbol va intilishimizga kuch baxshida etuvchi hujjatdir. U ijtimoiy va davlat hayotining huquqiy asosi. Konstitutsiya ozod va suveren davlatning huquqiy asosini yaratish bilan birga jamiyatimizning huquqiy taraqqiyotida yangi davrni boshlab berdi.

Hozirgacha Konstitutsiyamizga bir necha marotaba kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar uning yana-da xalqchil, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini kafolati sifatida, demokratik prinsiplarga mos ravishda barqarorligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizda bugungi kunda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar o‘zining qizg‘in pallasiga kirib, 2022-yil 25-iyundan eʼtiboran Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yildi va aholining taklif va mulohazalari inobatga olinib, Konstitutsiyaviy komissiyaga taqdim qilinmoqda.

Jumladan, 2022-yil 30-iyun kuni akademik Akmal Saidov bilan Qashqadaryo viloyati hokimligida viloyat mutasaddilari, faollar, deputatlar bilan bo‘lgan uchrashuvda O‘zbekistonning o‘ziga xos konstitutsiyaviy tarixi borligi, uning mazmun-mohiyati, farqli jihatlariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Toshkent shahrida va har bir viloyatda muzeylarimiz bor. Ana shu muzeylarda O‘zbekistonning konstitutsiyaviy tarixiga oid burchaklar tashkil qilish, ekspozitsiyalar bilan boyitish lozimligi aytildi.

Darhaqiqat, muzeylarni O‘zbekistonning konstitutsiyaviy tarixi, vatanimiz tarixining og‘riqli va tahlikali davrlari, o‘sha davrda mavjud bo‘lgan konstitutsiyalar yoki O‘zbekistonning mustaqillikka erishishi arafasida tashkil etilgan Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari haqida, mazkur davr aks etgan fotolavhalar, xalqimiz tomonidan kelib tushgan takliflar, hujjatlar, o‘tgan davr mobaynida konstitutsiyamizga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, hozirgi jarayonlar aks etgan materiallar bilan boyitish lozim.

06-07-2022 |
Foto galereya