Xalq deputatlari viloyat Kengashining 46-sessiyasi o‘tkazildi va unda:

- Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga bo‘shab qolgan deputatlik o‘rinlariga o‘tkazilgan saylov yakunlari to‘g‘risida;

- viloyatda tez tibbiy va shoshilinch yordam xizmati faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlar to‘g‘risida;

- Qashqadaryo viloyati mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan mablag‘larni yo‘naltirish to‘g‘risidagi qaror loyihalari muhokama qilindi.

Jumladan, davlatimiz rahbari raisligida joriy yilning 5-may kuni o‘tkazilgan tez tibbiy va shoshilinch yordam xizmati faoliyatini takomillashtirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha viloyatimizda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar hamda chora-tadbirlar yuzasidan sessiya kun tartibining 2-qonun loyihasi bo‘yicha respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo viloyati filiali direktori Ravshan Tulakov tomonidan batafsil ma’lumotlar berildi.

Xususan, inson qadrini ulug‘lash uchun yana bir qadam sifatida tibbiyot sohasini xalqqa yanada yaqinlashtirish bo‘yicha joylardagi tez tibbiy va shoshilinch yordam xizmati muassasalari faoliyatini hozirgidanda takomillashtirish maqsadida sohaga oid viloyat dasturi ishlab chiqilib, yo‘l xaritasi belgilab olingan.

Mazkur yo‘l xaritasiga:

- tez tibbiy yordam brigada xodimlari malakasini oshirish yuzasidan 2022-2023-yillarda hududiy “103” xizmati negizida Simulyatsion markaz tashkil qilish, tez tibbiy yordam brigada shifokorlaridan 1003 nafar, feldsherlardan 1500 nafar va hamshiralardan 2800 nafarini mazkur markazlarda o‘qitish;

- tez tibbiy yordam xizmati sifatini oshirish va kechikishlarni oldini olish maqsadida yil yakunigacha tuman va shaharlarda hokimlar bilan birgalikda 56 ta ko‘cha va 150 ta uy raqamlarini belgilash ishlarini oxiriga yetkazish, viloyat geoma’lumotlar bazasi asosida viloyatni elektron raqamli xaritasini ishga tushirish va uni tez tibbiy yordam avtomashinalari GPS tizimiga bepul integratsiya qilish;

- 2022-2023-yillar davomida viloyatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan 15 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda tunu–kun faoliyat ko‘rsatuvchi yangi 15 ta tez tibbiy yordam brigadasi tashkil qilish va jamoat salomatligi texnikumlarida feldsherlikka o‘qiyotgan yoshlarni bir vaqtning o‘zida haydovchilikka o‘qitish maktabiga biriktirish hamda haydovchi-feldsherlarni tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yish;

- barcha tuman va shahar shifoxonalaridagi terapiya, pediatriya va xirurgiya yo‘nalishidagi bir-birini takrorlovchi rejali va shoshilinch bo‘limlarni birlashtirish choralarini ko‘rish va shtat birliklariga o‘zgartirish kiritish;

- tibbiyotda amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilgan natijalar, aholining tez tibbiy yordam xizmatidan foydalanishdagi mas’uliyati va buning ahamiyati OAV orqali keng targ‘ib etish hamda sog‘liqni saqlash tizimini korrupsiyadan xoli qilish bo‘yicha tibbiyot xodimlari o‘rtasida targ‘ibot ishlarini kuchaytirish;

- 2009-yilda ishlab chiqarilgan kompyuter tomografiya (MSKT) apparatini qayta ta’mirlash, yangi ehtiyot qismlar sotib olish uchun 1 milliard 515 million so‘m mablag' ajratish, homiy tashkilot tomonidan o‘rnatilgan MRT apparatini qayta ta’mirlash va ishga tushirish;

- viloyat aholisi sonining yildan-yilga oshib borayotganligi bemorlar murojatining 2000-yilga nisbatan 5 barobarga ko‘payganligi, operatsiyalar sonining 3 barobarga oshganligi, hududda tabiiy va texnogen xavf omillar mavjudligi va oxirgi yillarda yo'l transport hodisalarining ko‘payganligini inobatga olib, RSHTYIM Qashqadaryo filiali o‘rinlar sonini 220 o‘rindan 300 o‘ringa ko'paytirib, shunga nisbatan shtat birliklarini ajratish, angiografiya, qon tomir va mikroxirurgiya 2 shoshilinch xirurgiya, gemodializ bo‘limlarini yangidan tashkil qilish;

- 2021-2022-o‘quv yilida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialida klinik ordinatura (rezidentura)ga e’lon qilingan qabul kvotasi bo‘yicha klinik ordinatorlarni to‘lov kontraktini to‘lab berish;

- Olis va chekka hududlar hisoblangan Shahrisabz tumanida Gʻilon qishlog‘i va Qiyomshayx MFY, Chiroqchi tumanida Quruqsoy MFY da yangi tez tibbiy yordam postlari tashkil qilish, shahar va tuman tez tibbiy yordam stansiya va brigadalarini 23 ta stasionar va 260 ta mobil jami 283 ta ratsiya aloqa vositalari bilan ta’minlash;

- Call-markaz, simulyatsion markaz, o‘quv xonalari faoliyatini tashkil qilish uchun qo‘shimcha barcha qulayliklarga ega yangi bino qurish va bu orqali ish kabinetlariga ega bo‘lish, 44 ish o‘rniga mo‘ljallangan katta zal, zamonaviy orgtexnika, qo‘shimcha xonalar, qattiq va yumshoq jihozlar bilan ta’minlash kabi bir qancha chora-tadbir hamda takliflar kiritilgan.

21-05-2022 | Ijtimoiy | 590
Foto galereya