Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar!
Muhtaram nuroniylar, qadrli yoshlar, hurmatli mehmonlar!
Avvalo, barchangizni, Siz orqali, viloyatimiz ahlini mamlakatimiz Mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi bilan samimiy tabriklayman!
Barchangizga - yuksak hurmat va ehtiromimni, eng ezgu va olijanob tilaklarimni izhor etaman.
“Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” bosh g‘oyasini o‘zida mujassam etgan bu yilgi tantanalar har bir mahalla, ko‘cha va xonadonga o‘zgacha fayz olib kirmoqda.
Hurmatli vohadoshlar!
Mustaqillik – Vatanimizning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotida butunlay yangi davrni boshlab bergan unutilmas tarixiy voqeadir!
Davlatchiligimizni, o‘zligimiz va insoniy huquqlarimizni tiklab bergan, yutuq, marralarimizning zamini bo‘lgan Mustaqillik kuni biz uchun, kelgusi avlodlarimiz uchun doimo eng ulug‘, eng aziz bayram bo‘lib qoladi.
Bugun dunyo maydonida har qachongidan chuqurroq ziddiyatlar, qaltis keskinliklar, noaniqliklar to‘lqini to‘xtamayapti.
Shunga qaramasdan, yurtimizda Yangi O‘zbekiston, Uchinchi Renessansni barpo etish sari dadil qadam tashlanmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Hozirgi kunda bizning xalqimiz hayotida yangi tong otmoqda. Bu – yangi taraqqiyot, yuksalish tongidir. El-yurtimiz dunyodagi eng rivojlangan davlatlarga xos hayot darajasiga erishish, yangi jamiyat qurishdek ulug‘vor maqsadlar bilan yashamoqda”.
Bugun fidoyi xalqimizning sa’y-harakati bilan Vatanimiz haqiqiy bunyodkorlik maydoniga aylandi. Ijobiy o‘zgarishlar nafasi viloyatimizda har qadamda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, so‘nggi 7 yilda viloyatimiz iqtisodiyoti 3 karraga, jon boshiga to‘g‘ri keladigan hududiy mahsulot hajmi 2,5 karraga o‘sdi.
Mahalliy va xorijiy tadbirkorlar uchun qulay investitsiya muhitining yaratilishi natijasida tadbirkorlik subyektlari va sanoat korxonalari soni 3 baravarga ko‘paydi.
Qashqadaryoda ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksport geografiyasi 55 ta davlatga kengaydi.
Birgina joriy yilning shu davrigacha 400 mln dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi.
Tadbirkorlarimiz kuchi, tashabbusi, yangidan yangi loyihalari natijasida viloyatimizda ishsizlik darajasi – 2 foizga, kambag‘allik - 4 foizga kamaydi.
Fursatdan foydalanib, ish o‘rni yaratib, aholimiz daromadini oshirishda munosib hissa qo‘shayotgan barcha tadbirkorlarimizga, xorijiy investorlarga o‘zimning cheksiz minnatdorchiligimni bildirmoqchiman.
Qurilish sohasida faoliyat olib borayotgan korxonalar soni 1 ming 114 taga ko‘paydi.
Aholimiz uchun 566 ta ko‘p qavatli uy qurilib, 20 mingta xonadon foydalanishga topshirildi.
Ichimlik suvi ta’minoti darajasi 2017-yildagi 37 foizdan 62 foizga yetkazildi.
Qishloq xo‘jaligida - joriy yilning o‘zida qariyb 3 ming tonna pilla, 1 million 250 ming tonna don topshirilib, belgilangan rejalar ortig‘i bilan bajarildi.
Bu yil klasterlar, fermer xo‘jaliklari tomonidan 130 ming gektar maydondagi paxtadan 450 ming tonna hosil olish rejalashtirgan.
Turizm sohasida viloyatimizning o‘ziga xos imkoniyatlaridan samarali foydalanish yo‘lida ulkan loyihalar boshlandi.
Muhtaram Prezidentimizning vohamizga o‘tgan yilgi tashriflari davomida “2024-yil - Qashqadaryoda ta’lim va tibbiyot yili” deb e’lon qilingan edi.
Qiyoslash uchun, bir ma’lumotni keltirmoqchiman. 2017-yilda viloyatda 326 ta bog‘cha mavjud bo‘lib, qamrov darajasi 13 foiz edi.
Birgina, joriy yilning o‘zida 652 ta yangi bog‘cha ochildi, ularning umumiy soni 4 ming 200 tadan oshdi. Natijada qamrov darajasi 65 foizga yetdi.
Maktablar moddiy-texnika bazasini yaxshilash, ularni zamonaviy ko‘rinishga keltirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, so‘nggi 7 yilda 500 dan ortiq yangidan maktab qurildi, rekonstruksiya qilindi. Ularda 130 mingga yaqin o‘quvchi o‘rni yaratildi.
Oliy ta’lim muassasalari soni 3 tadan 12 taga ko‘paydi, talabalar soni 110 ming nafardan oshdi.
Ta’kidlash zarurki, xalqimiz – bugun kechagi xalq emas, shu jumladan, yoshlarimiz ham!
Yaratilgan sharoitlarga javoban, yoshlarimiz ilm-fan, sport, madaniyat sohalarida ulkan yutuqlarga erishmoqda.
Xususan, bu yil maktab o‘quvchilari xalqaro olimpiadalarda 16 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Albatta, bu - ulkan tarixiy ko‘rsatkich. Viloyat maktab ta’limida bir yilda hech qachon bunchalik ko‘p sonli medallarga erishilmagan.
Prezidentimizning alohida qarorlari asosida viloyatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish hamda sog‘liqni saqlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari belgilandi.
Bu borada profilaktik ko‘riklar, skrining dasturlar ko‘lamini kengaytirish, yangi davolash, diagnostika usullarini amaliyotga joriy etish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini kuchaytirish kabi ustuvor yo‘nalishlarda ishlar amalga oshirilmoqda.
“Mahalla yettiligi”ning aholi muammolarini hal etishdagi o‘zaro hamkorligi hamda “mahalla byudjeti”ni shakllantirish tizimi amaliyotga tatbiq etildi.
Har bir mahallaning balansi ishlab chiqildi. Banklar, hokim yordamchilari tomonidan fuqarolarning daromadli mehnat bilan bandligi ta’minlanmoqda, aholimiz biznesga jalb qilinmoqda.
Xalq bilan muloqotning bugungiday samarali tizimi tufayli - kambag‘allikni qisqartirish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
Aziz hamyurtlar!
Reja va marralarni baland olish, aniq natijalarga erishish bo‘yicha munosib mehnat qilish pirovard maqsadimiz bo‘ladi:
- ta’lim sifatini yaxshilash, yoshlarimizning xorijiy til, IT sohasi va zamonaviy kasblarni egallashlari uchun zarur sharoitlarni yaratish ishlari jadallashtiriladi.
Muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganidek: ... agar biz ta’limni o‘zgartirsak, ta’lim insonni o‘zgartiradi. Inson o‘zgarsa – butun jamiyatimiz o‘zgaradi.
Ta’limning barcha bo‘g‘inlarida ilg‘or xorijiy loyihalar, tajribalar joriy etiladi.
Ayniqsa, xotin-qizlarimizning ilm olishi, ma’rifatli bo‘lishi uchun barcha manbalar yo‘naltiriladi.
- tinch, erkin va farovon hayotimiz garovi bo‘lgan tadbirkor va ishbilarmonlarni qo‘llab-quvvatlash - asosiy ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi.
Hokimlar, rahbarlar – haqiqiy ma’noda, tadbirkorlarimizga madadkor bo‘ladi.
- aholi, ayniqsa yoshlar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish, ularni daromadli qilish masalasi – diqqat markazimizda bo‘ladi.
Yoshlarni har tomonlama rag‘batlantirishda yangi loyihalar yo‘lga qo‘yiladi. Xorijdagi vatandosh yoshlarimiz bilan yangicha tizimda ishlar tashkil etiladi.
-xalqimizga qulay, arzon uy-joylar qurish borasidagi ishlar ko‘lami yanada kengaytiriladi.
- sog‘lom turmush tarzini joriy etish, tibbiyotni aholiga yaqinlashtirish, ayniqsa, xotin-qizlar salomatligini muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratiladi.
Shu bilan birga, shifokorlarni moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash kuchaytiriladi.
-yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, dehqonchilikda innovatsiyalarni joriy qilish orqali yuqori hosildorlikka erishish ishlari tizimli olib boriladi.
Oziq-ovqat xavfsizligi, narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha barcha zaruriy choralar ko‘riladi.
Yana bir muhim masala – energiya tejamkorligiga rioya qilish, yashil energetikani joriy qilish ilmiy asoslangan holda tashkil etiladi.
Qadrli tantana ishtirokchilari!
Xalqimiz ilmu zakovatda, bunyodkorlikda azaldan dunyo ahlini hayratga solib kelgan va bugun ham olamshumul ishlarga qodir.
Janub oftobida va mehnatda toblangan Qashqadaryo eliga tantilik, dangallik va bag‘rikenglik yarashib turadi. Voha odamlari qilaman degan ishini amalga oshiradi, marrani baland oladi.
Muhtaram Prezidentimiz atrofida jipslashib, yangi yutuqlarni zabt etishimizda barchangizning azmu shijoatingizga ishonamiz.
Fursatdan foydalanib:
- o‘z maslahati, hayoti bilan o‘rnak bo‘layotgan nuroniylarimizni;
- tinchligimizni asrash, osoyishtaligimizni saqlash borasida fidoyilik ko‘rsatayotgan harbiylarni, huquqni muhofaza qiluvchi soha vakillarini;
- bilimu tajribasini yosh avlod kamoliga sarflayotgan olimu ziyolilarni, ijodkorlarni;
- jonkuyar shifokorlarni, bank, soliq xizmati xodimlarini;
- mirishkor dehqonlar, suvchilarimizni, mahalla faollarini;
- bunyodkor quruvchilarni, elga madadkor tadbirkorlarimizni, kommunal soha xodimlarini;
- ishonchimiz, umidimiz bo‘lgan serg‘ayrat yoshlarimizni, vatanimiz ravnaqi uchun jonkuyar bo‘lgan barcha soha vakillarini;
- mehnatsevar, olijanob xalqimizni Mustaqillik bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan samimiy tabriklayman!
Istiqlolimiz hamisha barqaror bo‘lsin!
Yurtimizda yashayotgan har bir oila, har bir inson ezgu maqsadlariga yetsin!
E’tiboringiz uchun rahmat!