Avval xabar berganimizdek, kimyo, biologiya, fizika, matematika, informatika va axborot texnologiyalari, tarix, ona tili va adabiyoti, xorijiy (ingliz, nemis, fransuz) tillar fanlaridan Qashqadaryo viloyati hokimi olimpiadasi eʼlon qilingan edi.

Bugun viloyat teatrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovi va viloyat hokimi fan olimpiadasi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Mana ikki yildirki, mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovi o‘tkazilmoqda.

Joriy o‘quv yilida mazkur tanlovning tuman, shahar bosqichida 569 ta maktab jamoalari qatnashdi va yakunda 3 ta maktab o‘quvchilari g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. G‘olib jamoalar 150, 200 va 250 mln so‘m pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Viloyat hokimi sovrini uchun o‘tkazilgan fan olimpiadasida esa 35 ming nafardan ortiq bitiruvchi sinf o‘quvchilari ishtirok etdi va ular orasidan 30 nafar yoshlarimiz g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Har ikki tanlovning g‘olib va sovrindorlari hamda ustozlari viloyat hokimining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Maʼlumot o‘rnida, Prezidentimiz qarorlari asosida Qarshi davlat universitetiga kimyo, biologiya va fizika fanlari bo‘yicha o‘qishga qabul qilinayotgan 9 nafar yoshlarning shartnoma to‘lovlari oliygoh tomonidan qoplab beriladi.

24-05-2023 |
Foto galereya