Viloyat "Yoshlar markazi"da “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonunining Qashqadaryo viloyatidagi ijrosi yuzasidan Oliy Majlisi Senatining qo‘mita majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi tomoni viloyatdagi o‘rganishlari yuzasidan axborot berildi.
 
 
Hisobotda aytilishicha, viloyat hokimligining www.qashqadaryo.uz sayti, tuman va shahar hokimliklari hamda viloyat tashkilotlarining rasmiy saytlarida ochiqlik siyosatiga doir ma’lumotlar yetarlicha kiritib borilmagan. Tuman va shahar hokimliklari hamda viloyat tashkilotlarining rasmiy saytlarining ko‘pchiligi qonun talablariga javob bermaydi.
 
Shuningdek, davlat hokimiyati va tashkilotlari ochiq ma’lumotlar portali hisoblangan www.data.gov.uz saytiga ham ma’lumotlar kiritib bormagan yoki to‘liq emas. Masalan, viloyat hokimligi joriy yilning iyul oyiga qadar ma’lumot kiritgan bo‘lsa, tuman va shahar hokimliklari birorta ma’lumot kiritmagan. (Ammo, qo‘mita o‘rganishida viloyat hokimligi ham "ma’lumot kiritmagan", deya xatolikka yo‘l qo‘ygan. Manba: https://data.gov.uz/uz/sphere/authority/98)
 
 
Shuningdek, Prezidentimizning 2019-yildagi PQ-4366-qarori bo‘yicha viloyatda 51 ta davlat organi va tashkilotlarida Axborot xizmatlari tashkil etish rejalashtirilgan. Ammo, Milliy gvardiya, Sog‘liqni saqlash, Moliya, Iqtisodiyot, Markaziy bank, O‘rmon xo‘jaligi, Davlat aktivlari, Madaniyat, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash hamda Bandlik boshqarmalariga Axborot xizmati shtatlari joriy etilmagan.
 
 
Yakunda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash masalalariga jiddiy e’tibor qaratish choralarini ko‘rishga kelishib olindi.
17-11-2021 |
Foto galereya