Qashqadaryo o‘zining yer osti va yer usti tabiiy resurslariga boy bo‘lgan geografik hududda joylashgan viloyat hisoblanib, hududda qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish, aholini sifatli qurilish mollariga bo‘lgan talabini qondirish uchun yetarlicha manbalar mavjud.

Viloyatning xuddi shunday maskanlaridan biri bu Kitob tumani bo‘lib, hududning qariyb 60 foiz maydoni tabiiy jihatdan azim tog‘lar bilan egallangan vodiy sanaladi va 180 million tonna oxaktosh zaxirasi hamda boshqa xom ashyo materiallar zaxiralari mavjudligi aniqlangan.

Shunday tabiiy resurslardan samarali foydalanish maqsadida investitsiya loyihalari amalga oshirilib, yangi quvvatlar ishga tushirilmoqda.

Jumladan, tumaning "Navro‘z" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 150 mln AQSH dollari miqdorida Xitoyning "CONCH INTERNATIONAL HOLDINGS" tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritilishi natijasida 2019-yilning oktabr oyida tamal toshi qo‘yilgan “QARSHI CONCH CEMENT” zavodining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi.

Viloyat iqtisodiyotiga sezilarli darajada hissa qo‘shadigan mazkur zavodning ochilish qismida viloyat hokimi Murotjon Azimov, zavod bosh direktori Jhou Degang, mas’ul rahbarlar, viloyatning faxriy nuroniylari va zavod xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

Ushbu yirik “QARSHI CONCH CEMENT” zavodi kuniga 3200 tonna, yilliga esa 1,2 mln. tonna M-400, M-500 va M-600 markali sement ishlab chiqarish quvvatiga ega hisoblanib, umumiy maydoni 62 gektarni tashkil etadi.

Eng muhim jihatlaridan yana biri esa 400 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan bo‘lib, o‘rtacha ish haqqi 3,5 mln. so‘mni tashkil etadi. Shuningdek, korxona faoliyati viloyatning eksport salohiyatiga ham sezilarli ta’sirini ko‘rsatib, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Avg‘oniston, qolaversa Xitoy davlatlariga yiliga o‘rtacha 12,0 million dollar miqdorida sement eksporti yo‘lga qo‘yiladi.

19-05-2022 |
Foto galereya