Assalomu alaykum azizlar, qadrli va moʻtabar otaxonlar, onaxonlar. Viloyatimizning ravnaqi uchun munosib hissa qo‘shgan, o‘z umrini el-yurt farovonligiga sarf bag‘ishlagan fidoyi insonlar. Sizlarni bugungi uch avlod uchrashuvida ko‘rib turganimdan nihoyatda mamnun ekanimni bildiraman.

Aziz tadbir ishtirokchilari!

Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning tashabbuslari bilan Yangi O‘zbekistonning zamonaviy demokratik qiyofasi “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida yaratilmoqda.

Ana shunday muhim bir pallada Siz kabi yoshi ulug‘ nuroniylarimizning  hayot yo‘li va mehnat faoliyati, tajribasidan saboq olib, tarixni o‘rganib kelajak sari dadil bormoqdamiz.

Shaxsan muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan mamlakatimiz miqyosida “Uch avlod uchrashuvlari” o‘tkazilmoqda. Tinchlikni mustahkamlash, xalqimiz farovonligini yuksaltirish, keksalarni eʼzozlash, ertamiz egalarini barkamol qilib voyaga yetkazish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari bo‘lib, bu kabi uchrashuvlar biz yashayotgan davrning qadrini anglash, bugungi kunlarga osonlik bilan erishilmaganini bilishimiz uchun muhim hisoblanadi.

Sohalar kesimida, tuman shaharlar miqyosida tashkil etilayotgan bu uchrashuvlar bugun mana qishloq xo‘jaligi tarmog‘ining muhim sohasi suv xo‘jaligi xodimlari, faxriylari ishtirokida bo‘lib o‘tmoqda.

Viloyat suv xo‘jaligining tarixi, rivojlanish yo‘li katta bir davrni o‘z ichiga oladi. Bunda qanchadan-qancha aziz insonlarning mashaqqatli mehnati borligini barchamiz his qilamiz. Fidoyilik uchun, halovatdan kechib qilingan tashabbuskorlik va vatanparvarlik uchun cheksiz minnatdorchilik bildiramiz.

Murakkab bir davrda mehnat qilib bilim, tajriba va odamiylik fazilatlari bilan viloyatimizni rivojlantirishga qo‘shgan xizmatlaringiz  uchun rahmat aytamiz.

Viloyatni rivojlantirish yo‘lida qanchadan-qancha salohiyatli insonlarning mehnati, iqtidori va qatʼiyati  sarf etilganini anglaymiz. Yaqin 70 - 80 yillik tarixga nazar solsak, amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari, suv omborlarining qurilishi, aholi yashash manzillarining barpo etilishi, yo‘llar, temir yo‘lning kirib kelishi – bu barchasi tarix.

1963-yildan Qarshi cho‘lini o‘zlashtirish ishlari boshlanib, o‘sha paytda O‘zbekiston Respublikasi rahbari bo‘lgan Sharif Rashidov boshchiligida hamda xamyurtimiz O‘zbekiston Respublikasi Ministrlar Kengashi raisi Rahmonqul Qurbonovning tashabbusi bilan Amudaryo suvini 132 metr balandlikka 7 ko‘tarma nasos stansiyalar orqali ko‘tarib,
1,5 mlrd metr kub suv sig‘imiga ega “Talimarjon” suv omboriga zahira qilinishi, viloyatimiz va qo‘shni Turkmaniston Davlatining 392 ming gektar sug‘oriladigan maydonlarni, sanoat korxonalarini, 2 mln aholimizni nafaqat sug‘orish, shuningdek ichimlik suv bilan taʼminlamoqda.

O‘sha paytda viloyatga rahbarlik qilgan insonlarning matonati, bir so‘zligi hamda odamlarga “qayishishi” evaziga obodonlashtirish ishlari olib borilgan. Bugun ular ekkan daraxtlar o‘z salobati bilan bizga soya bermoqda. marhum Cho‘li Begimqulov, Ro‘zimat G‘oyibov, Bekmurod Usmonov, Habibullo Shag‘azatov, Nikolay Kamenov, Muhammadi Ro‘ziyev, To‘xtamish Boymirov, Xursand Tashev, Komil Amirov kabi quruvchi, irrigator va melioratorlarni mehnatini alohida taʼkidlash lozim.

Ular Qashqadaryoning qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi sohasida o‘ziga xos maktab yaratgan insonlardir.

Bugun o‘z tajribasini shogirdlariga o‘rgatib kelayotgan   keksa avlod vakillaridan -  Jo‘ra Hamroyev, Muso Murodov, Mustafo Temirov, Hakim Xudoynazarov, Asror Usmonov, Ikrom Yusupov, Asqar Shukurov kabi yuzlab suvchi miroblarning mehnatiga olqish aytamiz.

Sohani taraqqiy ettirish, yangi zamonaviy boshqaruv va raqamlashtirish, ilm-fan yutuqlarini joriy etishda faollik ko‘rsatayotgan  suv xo‘jaligi tarmog‘i xodimlarini davramizda o‘tirgan yosh avlod vakillariga namuna qilib ko‘rsatmoqchiman. Bu insonlar bir tomchi suvning, qarich yerning qadrini biladigan zahmatkash zamondoshlarimizdir.

Aziz faxriylar, qadrli yoshlar!

Bundan 20-30 yillar avval viloyatdagi 514 ming gektar maydonda sug‘orish ishlari oddiy egatlab amalga oshirilgan bo‘lsa, so‘nggi 5 yilda viloyatimizda 65 ming gektar maydonlarda suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi.

Suvni boshqarishda inson omili va eskicha sug‘orish va suvni boshqarish uslublardan voz kechilib, 435 ta suv olish nuqtasi raqamlashtirildi, 2 ta suv xo‘jaligi obyekti avtomatlashtirildi, yangi “Guldara” suv ombori qurildi, “Dehqonobod” suv omborini suv sig‘imi 20 mln metr kubga oshirildi, G‘uzor tumanida “Do‘stlik 1,2,3” nasos stansiyasi qurilishi hamda Kasbi tumanida 13 km uzunlikdagi “Qamashi-Mirishkor” kanallarida suvni boshqaruv jarayoni Avstraliya texnologiyasi asosida zamonaviy avtomatik boshqaruv jarayoniga o‘tkazildi.

Qolaversa, Davlatimiz rahbarining topshiriqlar asosida suv xo‘jaligi obyektlariga xususiy sektorlar jalb etilmoqda. Klaster va xususiy korxonalarga davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida boshqaruvga berilmoqda.

Hurmatli faxriylar, aziz yoshlar!

Bugungi tadbirda uch avlod vakillari o‘tirishibdi. Tinch va osuda kunlarning qadrini teran anglash, yurtimiz obodligi, xalqimiz farovonligiga munosib hissa qo‘shgan aziz insonlarning hayot yo‘lini o‘rganish va ularga ergashish yoshlarimizning farzandlik burchidir. O‘tgan yillar davomida viloyatimizda amalga oshirilgan ezgu ishlarni davom ettirishga chorlash hamda millatsevar bo‘lishning sabog‘i bugungi maʼrifiy tadbirning bosh g‘oyasi, mazmunini tashkil etadi.

Tadbirda ishtirok etayotgan barcha suvchilar, miroblarga, qishloq xo‘jaligi xodimlariga samimiy ehtiromimni bildiraman.

Bugun sizning ishtirokingizda Qashqadaryoning yaqin tarixi sahifalarini varaqlaymiz.

Hurmatli Prezidentimiz aytganlaridek, “Hayotimizda olijanob fazilatlarni, shukronalik, mehr-oqibat, hamjihatlik kabi ezgu qadriyatlarni mustahkamlashda nuroniy otaxon va munis onaxonlarimizning o‘rni beqiyosdir”.

Aziz nuroniylar! Qadrli faxriylar. Sizlarga sihat-salomatlik tilaymiz. Hamisha elda eʼzoz topib yuring.

Yosh avlod vakillarini esa bugungi tadbirdan yangi kuch, g‘oya olgan holda yangi marralar sari intilib, Yangi O‘zbekistonda yangicha dunyoqarash bilan yashash va ilm olishga daʼvat etamiz.

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

03-06-2023 |
Foto galereya