Vatan tinchligi yo‘lida o‘z xizmat burchlarini sadoqat bilan ado etayotgan harbiylarimiz doim davlat e’tiborida bo‘lib, har yili vatan himoyachilari kuni keng nishonlanadi. Shu boisdan, bu yil ham O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi hamda 14 - yanvar "Vatan himoyachilari kuni" munosabati bilan Qashqadaryo viloyati bo‘ylab qator bayram tadbirlari o‘tkazildi.
 
 
Jumladan, bugun viloyat hokimligi, viloyat tashkilot va korxonalari, muassasalari rahbarlari va harbiy qismlar komandirlari hamda keng jamoatchilik vakillari harbiy orkestr sadolari ostida Qarshi shahridagi Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘yishdi.
 
 
Shuningdek, viloyat musiqali drama teatrida sana munosabati bilan konsert dasturi tashkil etilib, unda ishtirok etgan viloyat hokimi Murotjon Azimov harbiylarimizga Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
 
 
Teatrda o‘tkazilgan mazkur tantanalarda bir guruh vatan himoyachilariga davlat mukofotlari va viloyat hokimining faxriy yorliqlari topshirilib, xushovoz san’atkorlar tomonidan aytilgan kuy-qo‘shiqlar barchaga birdek ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
 
14-01-2022 |
Foto galereya