Maqsad aniq bo‘lsa, yo‘l ravon bo‘ladi. Istak xalq dardini yengil qilish, ularni yashash sharoitlarini yaxshilash bo‘lsa, bu istakni Yaratgan ham qo‘llaydi, atrofdagilar ham, xalq ham ulug‘ maqsadli yurtboshiga ergashadi.

Bugun O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining X s’ezdida amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturi – Yangi O‘zbekiston strategiyasining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ma’ruzasini o‘tgan besh yildagi natijalar bilan boshlagani ham bejiz emas. Chunki, maqtasa arzigulik ishlar har sohada o‘z aksini topdi. Odamlar rozi bo‘la boshladi, odamlarga davlat xizmatchilari xizmat qila boshladi. Rahbarlar quyi bug‘inlarga tushib, eng chekka hududlarga ham kirib bordi.

Xo‘sh, natijalar nimalarda ko‘rindi?

“2017-2021 yillarda mamlakatni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini qabul qildi. Uning doirasida 300 ga yaqin qonun, 4 mingdan ziyod Prezident farmoni va qarori qabul qilindi.

Xalq hokimiyatini mustahkamlash, parlamentarizmni rivojlantirish va davlat organlari hisobdorligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

So‘nggi besh yilda mamlakatimiz iqtisodiyoti 24 foizga, sanoat – 34 foizga, eksport hajmi 1,5 barobarga, xorijiy investitsiyalar hajmi esa 3 barobarga o‘sgani biz qo‘lga kiritgan yuqori natijalardan dalolat beradi. Shu davrda o‘rtacha oylik ish haqi 2,2 marta ko‘paydi.” – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, 2017-2020 yillarda mamlakatimizning iqtisodiy o‘sish darajasi 18,3 foizni tashkil etib, yalpi ichki mahsulot 60 milliard dollarga yetdi. Tashqi savdo aylanmasi 2016 yildagi 24 milliard dollardan 2020 yilda 36 milliard dollarga ko‘paydi. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari natijasida ko‘p joylar qurilib, ta’mirlandi. 2017-2020 yillar davomida 140 mingdan ziyod arzon va sifatli uy-joylar bunyod etildi. Ushbu ko‘rsatkich 2016 yilga nisbatan qariyb 11 baravarga ko‘p.

Yangi turdagi ta’lim maskanlari, xususan, Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Birgina joriy yilda matematika fani bo‘yicha 56 ta, kimyo-biologiya fani bo‘yicha 28 ta, informatika va axborot-kommunikasiya texnologiyalari bo‘yicha 14 ta ana shunday maktablar tashkil etildi.

So‘nggi besh yilda 64 ta yangi oliy ta’lim muassasasi tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkazildi. Qabul kvotasi 3 barobar oshirildi. Endilikda bitiruvchi yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2016 yilgi 9 foizdan 28 foizga yetkazildi. Bundan tashqari, yoshlar talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatilmoqda.

Xullas, o‘tgan besh yilda har bir soha rivoji ortidan aholini ishli va farovon yashashini ta’minlash, Tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish g‘oyasi mujassam bo‘ldi.

Keyingi besh yilda bu kabi istiqbolli ishlar davom etadimi?

Shavkat Mirziyoyev shoshilmasdan o‘z saylovoldi dasturini hech bir soha yoki tarmoqni e’tibordan chetda qoldirmagan holda bayon etdi:

“Mavjud zaxira va imkoniyatlarimizni safarbar etgan holda kelgusi besh yilda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni 1,6 barobar oshirish vazifasi oldimizda turibdi.

Shu tariqa 2030 yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni 4 ming dollardan oshirib, “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirishga puxta zamin yaratgan bo‘lamiz.” – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Kelgusi besh yilda sanoat mahsulotlari hajmi 1,4 barobar, mehnat unumdorligi esa kamida 2 marta oshirilishi, har bir xonadon va ijtimoiy muassasa maqbul narxda yuqori tezlikdagi internetga ulanishi, magistral avtomobil yo‘llari 100 foiz mobil aloqa va internet bilan qamrab olinishidan tortib, "Yashil iqtisodiyot"ni joriy qilish, davlat korxonalarining transformasiyasi hamda xususiylashtirish jarayonlari yanada tezlashtirilish, 2026 yil yakunigacha kambag‘allikni kamida 2 barobar qisqartirish va tadbirkorlikka yanada keng imkoniyatlar berilishi ta’kidlab o‘tildi.

Shavkat Mirziyoyevning qo‘yidagi fikrlari har bir delegatning yuqori olqishiga sababchi bo‘ldi:

“Kasbiy ta’lim bilan tizimli shug‘ullanish masalalar, to‘liq Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga o‘tkaziladi. Kelgusi besh yilda norasmiy ishlayotgan 2,5 million nafar fuqaro bandligini legallashtirishga yordam beriladi. Shu orqali ularning ijtimoiy kafolat va imtiyozlardan to‘liq foydalanishiga imkoniyat yaratiladi.

Shuningdek, hududlarda servis sohalari ko‘lamini kengaytirish orqali xizmat ko‘rsatish hajmi 3 barobarga oshiriladi va buning evaziga 3,5 millionta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Ayollar o‘rtasidagi ishsizlik darajasi kelgusi besh yilda 2 barobarga kamaytiriladi. Shuningdek, 700 mingdan ziyod ishsiz xotin-qizlar kasb-hunarga o‘qitiladi va ularning xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi. Ehtiyojmand oilalarning qizlari uchun oliy ta’lim grantlari yildan-yilga oshirib boriladi va 2026 yilda 6 mingga yetkaziladi.

Kelgusi uch yilda uy-joyga muhtoj 10 mingdan ziyod xotin-qizlarga imtiyozli shartlar asosida uy-joylar ajratiladi.”

Shuning barobarida, bugun oqni oq, qorani qara, deb talqin etayotgan adolatli va haqiqatparvar OAV xodimlariga ham to‘xtalib o‘tildi.

“Ommaviy axborot vositalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jurnalistlarning erkin faoliyat yuritishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.

Men haqiqat va adolatni o‘z e’tiqodi deb biladigan barcha jurnalistlarni o‘zimning eng yaqin do‘stlarim deb bilaman va ular hamisha Prezident himoyasida bo‘ladi.” 

Xulosa o‘rnida, Shavkat Mirziyoyev tomonidan taqdim etilgan saylovoldi dastur har tomonlama xalqimizga foydali bo‘lish barobarida, har kim saylash va tanlash huquqidan foydalanib, kelajagi porloq Yangi O‘zbekistonni yuzaga kelishida ulkan amaliy qadamlarni birga bosishga undov bo‘ldi, desak adashmagan bo‘lamiz.


Zoyir Mirzayev. Qashqadaryo viloyati hokimi. 

10-09-2021 |
Foto galereya