Joriy yilning 10-noyabr kuni Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov Xitoy Xalq Respublikasining “China CAMC Engineering Co.,LTD” kompaniyasi delegatsiyasi bilan videokonferensaloqa formatida uchrashuv o‘tkazdi.

Xabaringiz bor, joriy yilning 9-noyabr kuni hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Toshkentda Olimpiya shaharchasi qurilishiga tamal toshini qo‘ygan va ushbu uchrashuvda aynan “China CAMC Engineering Co.,LTD” kompaniyasi bosh direktori Li Xaysin so‘zga chiqqan edi

Uchrashuvda shuningdek, O‘zbekistonning Xitoy Xalq Respublikasidagi elchisi Farxod Arziyev ham qatnashdi.

Tadbirda quyidagi masalalar muhokama qilindi:

- Kitob tumanining “Qaynar”, Shahrisabz tumanining “Miraki” va Qamashi tumanining “Maydanak” hududida zamonaviy osma dor yo‘llarini barpo etish;

- viloyat hududida zamonaviy agrologistika markazlarini qurish;

- “Qarshi” erkin iqtisodiy zonasi hududida “China CAMC Engineering Co.,LTD” kompaniyasining investitsiya loyihalarini amalga oshirish;

- “Chiroqchi” erkin iqtisodiy zonasi hududida “yashil energetika”ga o‘tish va energiya tejovchi texnologiyalar bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish.

Tadbirda Xitoy tomoni O‘zbekistondagi so‘nggi yillardagi  ijobiy o‘zgarishlar eng avvalo hurmatli Prezident Shavkat Mirziyoyevning oqilona investitsiyaviy siyosati natijasida amalga oshirilayotganligi natijasi ekanligini taʼkidladi.

Jumladan, O‘zbekistonda xorijiy investorlarning huquqlarini va qonuniy manfaatli himoya qiladigan mustahkam qonunchilik bazasi va maʼmuriy mexanizmlar yaratilgan hamda ular amalda muvaffaqiyatli qo‘llanilayotganligi qayd etildi.

Hududlar tomonidan investitsiya jalb qilish tashabbuslari ham aynan muhtaram Prezident tomonidan olib borilayotgan siyosat natijasi ekanligi eʼtirof etildi.

Ayniqsa, respublika iqtisodiyotiga energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish davlat rahbari darajasida qo‘llab quvvatlanayotganligi ham eʼtirof etildi.

Osma dor yo‘llari quriy yo‘nalishida, haqiqatdan ham Xitoydagi dor yo‘llarining deyarli 50 foizi “China CAMC Engineering Co.,LTD” kompaniyasi tomonidan qurilganligi taʼkidlandi.

Qashqadaryo viloyatining joylashuvi, tabiati va turistik salohiyatini inobatga olib, 2 hafta muddatda kompaniya mutaxassislaridan iborat delegatsiya viloyatga tashrif buyurib, osma dor yo‘llarini qurish bo‘yicha hududning salohiyati hamda imkoniyatlarini o‘rganishi taʼkidlandi.

Agar Xitoy kompaniyasi tomonidan mazkur loyihalarni qurishga investitsiya kiritish istagi bildiriladigan bo‘lsa, mahalliy hokimlik tomonidan turizmni rivojlantirish maqsadida infrastruktura obyektlari (yo‘l, elektr, gaz) tayyor holda topshirilishi to‘g‘risida ham fikr bildirildi.

O‘z navbatida, Qashqadaryo viloyat hokimi tomonidan Xitoy investitsiyalari ishtirokidagi qo‘shma va xorijiy korxonalar 38 tani tashkil qilishi, davlatlarimiz o‘rtasidagi ijobiy savdo-iqtisodiy aloqalardan kelib chiqib ushbu raqamni ikki baravarga oshirish imkoniyati mavjudligi ham taʼkidlandi.

Osma dor yo‘llari qurish taklif etilayotgan Kitob   tumanining “Qaynar” hududida joriy yil yoz mavsumi dam olish kunlarida 45 mingta, Shahrisabz tumaning Mirkai hududida iyul oyida o‘rtacha 600 mingta mahalliy sayyoh tashrif buyurgani taʼkidlandi.

Hududlarning turistik salohiyati bo‘yicha qo‘shimcha maʼlumotlar ham berildi.

Shuningdek, qisqa muddatda ikki tomon vakillaridan iborat ishchi guruh tuzish hamda turizm, qishloq xo‘jaligi, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda energetika yo‘nalishlarida hamkorlik qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish taklif etildi.

Xorij tomoni mazkur taklifni qabul qildi.

Tadbir yakunida Xitoy tomoni energetika, qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishida qo‘shimcha uchrashuv tashkil qilish va hamkorlik istiqbollarini yana-da kengroq tahlil qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tadbirlar bo‘yicha yana qo‘shimcha maʼlumotlar beriladi.

 

Qashqadaryo viloyati hokimligi Axborot xizmati

10-11-2022 |

Янгиликлар









Фото галерея