Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialida navbatdagi murakkab transplantatsiya jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.

Kosonlik 45 yoshli bemor ayol X.H. 13 yildan buyon surunkali glomerulonefrit kasalligidan aziyat chekib keladi. Sakkiz oydan buyon gemodializ seanslarini oladi. Unga turmush o‘rtog‘i S.S. bir buyragini beradigan bo‘ldi. Kerakli tekshiruvlardan so‘ng jarrohlik amaliyotini Qarshida o‘tkazish rejalashtirildi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi xirurgiya bo‘limi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Farhod Xadjibayev rahbarligidagi guruh va mahalliy mutaxassislar ishtirokida o‘tkazilgan operatsiya muvaffaqiyatli bajarildi. Ayrim tekshiruv xarajatlarini hisobga olmaganda operatsiya bepul tashkil etildi.

-Eng muhimi, guruh tarkibidagi bu borada tajriba oshirgan qashqadaryolik 4 nafar shifokor-jarroh, 2 nafar operatsiya hamshirasi, 2 nafar anesteziolog hamshira murakkab bosqichlarni mustaqil amalga oshirishdi,- deydi filial direktori, tibbiyot fanlari nomzodi Ravshan To‘lakov.- Kelgusida bu kabi murakkab amaliyotlarni filialning o‘zida to‘liq mustaqil tarzda o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Ilgari juda qimmat narxda faqat xorijda o‘tkazib kelingan mazkur turdagi jarrohlik amaliyotlarini 2018-yildan boshlab markazda, joriy yildan boshlab esa viloyatimizda bajarish yo‘lga qo‘yilgani "Tibbiyotdagi islohotlar - inson qadri uchun" shiorining amaldagi ifodasi bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda xalqimizning uzog‘i yaqin, mushkuli oson bo‘lishi yo‘lida yana bir muhim qadam tashlandi.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentimizning 2021-yil 4-oktabr kuni qabul qilingan «Xirurgiya xizmatini transformatsiya qilish, hududlarda jarrohlik amaliyotlari sifatini oshirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori asosida yil yakuniga qadar barcha hududlarda buyrak transplantatsiyasi amaliyotini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan edi.

Shu asosda joriy yilning mart oyida mazkur filialda ilk marotaba yakkabog‘lik bemor ayolga buyrak ko‘chirib o‘tkazilgan edi.

Davlatimiz rahbari shu yilning 26-oktabr kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida o‘tkazilgan videoselektorda shu so‘zlarni alohida uqtirdi:

"Bir bemor odamni dardiga darmon bo‘lib, uning sog‘lig‘ini tiklasak, hayotga qaytarsak, bilingki, bu bilan butun oilaning baxtini, kelajagini taʼminlagan bo‘lamiz".

Qarshida bajarilgan jarrohlik amaliyoti mana shu ezgu maqsadning amaldagi ifodasi bo‘ldi.

 

Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati.

09-11-2022 |

Янгиликлар









Фото галерея