Assalomu alaykum azizlar! Qadrli tadbir ishtirokchilari!

Yurtimizda insonparvarlik, xalqchillik siyosati izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Har bir inson, u qaysi soha vakili yoki kim bo‘lishidan qatʼiy nazar albatta, davlatimizning, shaxsan muhtaram yurtboshimizning eʼtiborida, hurmat va eʼzozida ekanini tobora his qilmoqdamiz.

Biz qashqadaryoliklar, sportchi qizimiz Asilaxon Mirzayorova haqida bilamiz.

Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlarida kumush medalni qo‘lga kiritgan Qarshi shahrilik bu matonat sohibasi Prezidentimiz Farmoni bilan, "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi" faxriy unvoni bilan  taqdirlangan.

Imkoniyati cheklangan bo‘lsada, matonat, sabr va jasorat bilan yashab, sport bilan shug‘ullanib, dunyo miqyosida vatanimiz shaʼni-shavkatini tarannum etayotgan, qahramonlik ko‘rsatayotgan zamondoshlarimizdan!

Nega aynan bu haqida aytayapman, inson astoydil istasa ko‘zlagan maqsadlariga albatta erishadi. Bu haqida ulug‘ bobokalonimiz Hakim Termiziy shunday deydilar: Inson biron narsani yo‘qotsa qayg‘urmasligi kerak, faqat niyatni yo‘qotsa qayg‘urishi kerak, har qanday xayrli ish niyat bilan ijobat bo‘ladi.

Aziz tadbir ishtirokchilari!

Mana o‘ttiz yildirki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1992-yil 14-oktabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, har yil 3-dekabr sanasi imkoniyati cheklangan, nogironligi bo‘lgan shaxslarga hurmat va ehtirom ramzi bo‘lib, “Xalqaro nogironligi bo‘lgan shaxslar kuni” sifatida nishonlanadi.

Bunda xalqimizga xos bo‘lgan mehr-oqibat, insonparvarlik fazilatlari o‘z ifodasini topgan. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ijtimoiy hayotning barcha sohalarida himoya qilish, ularning muammolariga keng jamoatchilik eʼtiborini jalb etish, to‘laqonli yashashlari uchun shart-sharoitlarni yaratish maqsadi bor.

Azal-azaldan yordamga muhtoj, imkoniyati cheklangan insonlarga eʼtibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish ishiga - jamiyatda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan eng muhim qadriyatlardan biri sifatida qaraladi.

Imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatdagi mavjud imkoniyatlardan to‘la foydalanishi, harakatlanishi, sog‘liqni saqlash, taʼlim, bandlik, reabilitatsiya, siyosiy-ijtimoiy hayotda ishtirok etishi bilan bog‘liq huquqlari taʼminlanmoqda.

Mazkur huquqiy meʼyorlarning eng muhimlaridan biri - nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilish, kasb-hunarga o‘qitish, taʼlim olishi, davolanishi, dam olishi uchun qo‘shimcha imtiyozlar joriy qilindi.

Hatto, nogironligi bo‘lgan shaxsni ish bilan taʼminlash bo‘yicha ham rag‘bat tizimi yaratildi. Xususan, nogironligi bor kishilarni ishga olgan tadbirkorlik subyektlariga har bir xodim uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida subsidiya berish tizimi joriy etildi.  

Nogironligi bo‘lgan bolalarning bepul umumiy o‘rta, maktabdan tashqari, o‘rta maxsus va professional taʼlim olishini qonun bilan kafolatlash yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun oliy taʼlim muassasalarida davlat granti asosida abituriyentlarni qabul qilish umumiy sonining 2 foizi miqdorida qo‘shimcha qabul kvotasi ajratilishi yo‘lga qo‘yildi.  

Bepul beriladigan protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari ro‘yxati 22 turdan 30 taga ko‘paytirildi.

Bugungi kunda viloyatda 82 391 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar ro‘yxatga olingan.

Joriy yil mobaynida 4 300 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarga 6,6 mlrd.so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi.

Shuningdek, 1418 nafariga 1,5 mlrd.so‘mlik reabilitatsiya texnika vositalari, 547 nafariga protez ortopediya moslamalari bepul yetkazib berildi. 3 117 nafar nogiron va nuroniylarimiz sihatgohlarda bepul dam oldilar va davolandilar. 

Aholi bilan muloqot, sayyor qabullar davomida imkoniyati cheklangan bo‘lsada, izlanishdan to‘xtamagan, maqsad sari dadil borayotgan insonlarni ko‘rib, ular bilan suhbatlashib, matonatiga tahsin aytaman.

Tadbirkorlik qilib, ish o‘rni tashkil qilgan, yangi loyiha va tashabbuslarni joriy etayotgan, faol hayot, to‘siqsiz muhit yaratayotganlarga o‘zim nomimdan, viloyatimiz faollari nomidan cheksiz minnatdorchilik bildiraman.

Biz uchun, jismoniy imkoniyatidan qatʼiy nazar xalqimizning barchasi qadrli. Imkoniyati cheklangan fuqarolarimizning hech kimdan kam bo‘lmay yashashlari uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etishdagi harakatdan to‘xtamaymiz.

Hurmatli Prezidentimiz aytganlari kabi: O‘zbekistonda hech kim mehr va eʼtibordan chetda qolmaydi. Millati, tili va dinidan qatʼi nazar, inson qadr-qimmati va shaʼnini ulug‘lash, har bir fuqaro haqida qayg‘urib, eʼtibor va g‘amxo‘rlik, mehr-muruvvat, saxovat va olijanoblik ko‘rsatish biz qurayotgan Yangi O‘zbekiston jamiyatining hayot qoidasi bo‘lib qoladi.

Qadrli tadbir ishtirokchilari!

Bugun mana shu siz va biz turgan maskanda xayriya aksiyasi tashkil etilyapti. Bu albatta, savob ish, ezgu amal. Mazkur xayrli ishga ulush qo‘shish orqali eʼtiborga muhtoj qalblarga mehr ulashasiz.

Barchangizni ana shunday olijanob ishlarda faol ishtirok etishga daʼvat etaman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

03-12-2022 |

Янгиликлар









Фото галерея