Assalomu alaykum, aziz vohadoshlar!

Tantanali bayram tadbiri qadrli ishtirokchilari!

Viloyatimiz ahlini, ko‘pmillatli xalqimizni ulug‘ bayram – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining  30 yilligi bilan samimiy tabriklayman.

Bosh qomusimizning jamiyatimizda tutgan o‘rni naqadar ahamiyatli ekanini barchamiz tobora his qilmoqdamiz. 

Xususan, Konstitutsiyamiz erishilayotgan yutuq va marralarning zamirida huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Hurmatli Prezidentimiz siyosat maydoniga xalqchil va insonparvar davlat g‘oyasini olib kirdilar. Insonlarning fuqarolik va mulkiy huquqlarini kafolatli himoyalash, so‘z erkinligi va Davlat boshqaruvida ochiqlik siyosatini taʼminlash, odamlarimizning hayotdan rozi bo‘lib yashashi borasida yangi davr boshlanganini eʼtirof etamiz.

“Inson qadri uchun” tamoyili amalga oshirilayotgan ishlarning bosh o‘zagi bo‘lmoqda.

Yangi O‘zbekistonni barpo etishning eng muhim mezoni sifatida - demokratik prinsiplarga asoslangan, inson hayoti, shaʼni, qadr qimmati va boshqa daxlsiz huquqlarining himoyasi  oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilmoqda.

Bugun qaysi bir sohani olmang, albatta bir o‘zgarish, yangilanish bo‘layotganini, huquqiy meʼyoriy asoslar yaratilayotganini guvohi bo‘lmoqdamiz. Ona xalqimizning orzu umidlari, maqsad niyatlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ifodalangan.

Muhtaram yurtboshimiz Shavkat Miromonovich taʼkidlaganlaridek: “O‘zbekistonda mustaqil va kuchli davlat qurishdan asosiy maqsad inson, uning huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblanadigan va hurmat qilinadigan adolatli jamiyat barpo etishdir”.

O‘zbekiston Konstitutsiyasi joriy yilda 30 yoshga to‘ldi. O‘tgan yillar ichida hayot shiddat bilan rivojlandi. Barcha sohalarda zamonaviy texnologiyalar keng qo‘llanilmoqda. Iqtisodiyotimizning barqarorligi taʼminlanmoqda. Eng muhimi, bu hamyurtlarimizning ongu shuuridagi yuksalishlarda namoyon bo‘ladi. Sirasini aytganda, bugungi O‘zbekiston kechagi O‘zbekiston emas, xalqimiz ham kechagi xalq emas.

Hayot oldimizga yangi talab va vazifalarni qo‘ymoqda. Ushbu qatʼiy normalar, Yangi O‘zbekistonning yangi huquqiy poydevorini yana-da mustahkamlash zaruratini tug‘dirdi. Taʼbir joiz bo‘lsa, bu shunchaki zarurat emas, balki, mamlakatimizda boshlangan buyuk o‘zgarishlar davri – Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishning muhim sharti bo‘lmoqda.  

“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonun loyihasi bo‘yicha konstitutsiyaning 76 ta moddasiga 200 dan ortiq o‘zgartish va qo‘shimchalar, 16 ta normani o‘z ichiga olgan 6 ta yangi modda (prim-moddalar) qo‘shish taklif etilmoqda. Loyihada fuqarolardan tushgan 160 mingga yaqin takliflardan keng foydalanildi.

Qadrli do‘stlar!

“2022-yil – Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirilayotgan ishlarga nazar tashlaganimizda aholi uchun qulayliklar ko‘lamini kengaytirish, mahalla institutining nufuzini oshirish yo‘lida yangi tashabbuslar ilgari surildi.

Ayniqsa, xalq bilan muloqot qilishda aholi ichiga kengroq kirib borish, odamlarning tashvish va muammolarni joyida hal qilish masalasi hamisha dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Aholining huquqiy madaniyatini oshirish, inson huquq va manfaatlarini taʼminlash bo‘yicha sayyor qabullar o‘tkazilib, tushgan murojaatlarning yechimiga alohida eʼtibor qaratilayapti. Shu o‘rinda, alohida taʼkidlashni istar edim, Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda jamoatchilik nazoratidan ko‘ra samarali vosita yo‘q.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan rahbarlarning pastga tushib ishlash tizimi joriy etilgani natijasida aholini rozi qilish darajasi ortmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali viloyat hokimligiga jismoniy va yuridik shaxslarning murojaati o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 32 foizga kamaygan.

Vazirliklar, qo‘mita va agentliklar, sektor rahbarlari tomonidan yanvar-noyabr oylari davomida 2 254 ta ommaviy qabullar o‘tkazildi. Muloqot va uchrashuvlar davomida kelib tushgan murojaatlarning 35 101 tasi qanoatlantirildi.

Muhim jihati, aholining murojaat madaniyati shakllandi. Hududlarning infratuzilmasini yaxshilash, yo‘l qurish, suv, elektr energiya va gaz taʼminoti masalalarida, ijtimoiy soha obyektlari bunyod etish hamda farzandlarimizning ertangi hayoti uchun xizmat qiladigan tashabbuslar ilgari surilmoqda.

Barcha islohotlarning bunyodkori xalqimizning o‘zi bo‘lmoqda.

Aziz tadbir qatnashchilari!

Iqtisodiyot, investitsiya, tashqi savdo, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, qurilish, ijtimoiy sohalar bo‘yicha yil boshida belgilab olgan ko‘rsatkichlarni sarhisob qilish vaqti yaqinlashmoqda.

Eng asosiysi, kutilayotgan ko‘rsatkichlarimiz barchamizni xursand qiladigan darajada.

Yil yakuni bo‘yicha yalpi hududiy mahsulot hajmi 4,8 foizga, sanoat ishlab chiqarishi 7,1 foizga, xizmatlar 13 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Mahsulot va xizmatlar eksporti bo‘yicha muhtaram Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan reja muddatidan avval (11 oyda) bajarildi. 

Xorijiy hamkorlar bilan samarali muloqot tizimi yo‘lga qo‘yilishi natijasida, Xitoy, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Finlandiya, Avstriya, Turkiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Bulorussiya, Ozarbayjon, Tojikiston kabi davlatlar bilan muzokaralar olib borildi va turli darajadagi kelishuvlarga erishildi. Masalan, viloyatda ilk bor 310 mlrd so‘mlik quyosh panellari va muqobil energiya orqali suv isitish qurilmalarini ishlab chiqarish loyihalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlab boshlandi.

Ichki yo‘llarni taʼmirlash, ichimlik suvi taʼminoti, uy-joy, ijtimoiy soha obyektlarini qurish bo‘yicha ham yil davomida sezilarli yutuqlarga erishilmoqda.

Ayniqsa, muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari asosida tashkil etilgan Ko‘kdala tumani bugungi kunda haqiqiy bunyodkorlik, yangilanish, o‘zgarishlar maskaniga aylangan.

Ijtimoiy tarmoq orqali kuzatib borayotgandirsiz, oxirgi kunlarda Ko‘kdalada har kuni bittadan eng zamonaviy maktabgacha taʼlim muassasi foydalanishga topshirilmoqda bu ishlardan tuman aholisi mamnun.

Joriy o‘quv yilida Prezident maktabi, A.Oripov nomidagi ijod maktabi qatorida 12 ta ixtisoslashtirilgan maktab faoliyatini boshladi.

Hurmatli Prezidentimizning ko‘rsatma va tavsiyalari asosida viloyatning 16 ta maktabida Finlandiya tajribasi asosida taʼlim berishga mo‘ljallangan loyiha ustida ish olib borilmoqda.

Joriy yilda 6 ming nafardan ziyod yoshlar axborot texnologiyalari, dasturlar sohalari bo‘yicha o‘qitildi. Natijada viloyatda dasturchi yoshlar soni 2 500 nafarga (41% o‘sish), o‘zini-o‘zi band qilgan yoshlar soni 2 400 nafarga (50 % o‘sish) yetdi.

IT sohasida yoshlar bandligini yana-da oshirish maqsadi Qarshi shahri va Kitob tumanida IT-park tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlangan.   

Eng katta boyligimiz, bu xalqimizning salomatligidir. Bu borada, investitsiya dasturi doirasida 53 mlrd so‘m evaziga 12 ta tibbiyot muassasasi rekonstruksiya qilindi. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari dorasida 16 mlrd so‘m evaziga 12 ta tibbiyot muassasasi taʼmirlandi.

“Ayollar daftari”, “Temir daftar” va “Yoshlar daftari” orqali uyma-uy yurib, aholi bilan muloqot qilindi. Aholining muammolarini bartaraf etish, bandligini taʼminlashga eʼtibor qaratilmoqda. “Ayollar daftari” orqali 60 mingdan ortiq, “Yoshlar daftari” orqali 30 mingga yaqin fuqarolarimizga yordam berildi.

Yana bir muhim jihati, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyatimiz yuksalib borishi barobarida, shunga monand tarzda fuqarolarimizning dunyoqarashi, hayotga bo‘lgan qarashlari o‘sib bormoqda.

Shuningdek, yil davomida qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha qator yutuqlarga erishildi. Bu bo‘yicha xafta yakunida o‘tkaziladigan “Qishloq xo‘jaligi xodimlari” kunida batafsil xalqimimiz va jamoatchilikka maʼlumotlar yetkaziladi.

Azizlar, qadrli vohadoshlar.

Shu qutlug‘ sanada qilingan ishlar haqida so‘z yuritish barobarida, galdagi vazifalarga ham to‘xtalib o‘tmoqchiman:

Birinchidan, aholining, ayniqsa xotin-qizlar va yoshlarimizning huquqiy bilimlarini kengaytirish yo‘lida oila, mahalla, taʼlim maskanlari hamkorligida yangicha formatda zarur tadbirlar ishlab chiqiladi.

Ikkinchidan, yurtimizda maʼrifatli jamiyat barpo etish masalalari hamisha diqqat eʼtiborimizda bo‘ladi. Barcha kuch va imkoniyatlarni yoshlarning komil insonlar bo‘lib hayot kirib borishi, huquqiy madaniyati yuksak avlod bo‘lib kamol yetishi uchun safarbar etiladi.

Uchinchidan, xorijiy tillarni o‘rganish, bugun davr va zamon talab qilgan zamonaviy yo‘nalishlarda aholini o‘qitish, tadbirkorlikni rivojlantirishga ustivor ahamiyat qaratiladi.

Maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy o‘z asarida keltirib o‘tgani kabi: Har bir millatning saodati, davlatlarning tinch va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bog‘liqdur.

To‘rtinchidan, aholi salomatligini saqlash, birlamchi tibbiy bo‘g‘inni rivojlantirish, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash eng muhim masalalardan biri bo‘lib qoladi.

Beshinchidan, aholi, ayniqsa yoshlar bandligini taʼminlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarimiz yana-da jadallashtiriladi.

Oltinchidan, tadbirkorlar, mahalliy va xorijiy investorlarning hamda fuqarolarning mulkiy huquqlarini qatʼiy kafolatlash bo‘yicha barcha sayi harakatlar yo‘lga qo‘yiladi.

Yettinchidan, qishloq xo‘jaligiga innovatsiyalarni joriy qilish, yangi yerlarni o‘zlashtirish, suv tejamkor texnologiyalarni joriy qilish, xom-ashyoni chuqur qayta ishlash orqali viloyatimiz eksport salohiyatini yana-da yuksaltirish ustuvor vazifaga aylanadi.

Sakkizinchidan, aholi turmush darajasini oshirish bilan bog‘liq infratuzilmani yaxshilash, aholi xonadonlari, davlat muassasalari va tadbirkorlik subyektlariga qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish bilan bog‘liq ishlar kuchaytiriladi.

Aziz tadbir qatnashchilari!

Barchangizni ana shu ezgu maqsadlar yo‘lida birlashib, yurtimiz rivoji uchun masʼuliyat bilan yashashga, mehnat qilishga daʼvat etaman.

Yana bir bor, barchangizni Bosh qomusimiz tantanasi, Konstitutsiyamizning 30 yilligi bilan bilan tabriklayman.  Xonadoningizga tinchlik, fayzu baraka, mehnat faoliyatingizga unum va muvafaqqiyatlar tilayman.

Uchinchi Renessans — milliy taraqqiyotimizning yangi davri poydevorini yaratishga xizmat qiladigan ezgu g‘oyalar va xayrli ishlaringiz baroridan kelsin.

Bayramingiz muborak bo‘lsin!

07-12-2022 |

Янгиликлар









Фото галерея