Assalomu alaykum qadrli qishloq xo‘jaligi xodimlari, dehqon va fermerlar!

Hurmatli agroklaster rahbarlari!

Barchangizni Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni – Hosil bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.

Ko‘ngli paxtasidek oq, chehrasi oftobdanda nurli dehqon va fermerlar, qo‘li qadoq bog‘bonlar, zahmatkash chorvador va pillakorlar, mexanizator va agronomlar, suvchi va irrigatorlar, fidoyi olim va mutaxassislarning mashaqqatli va sharafli mehnatlarini eʼtirof etgan holda, “Bor bo‘ling, aziz bobodehqonlar” deya minnatdorchilik bildiraman. 

Mehnatkash, fidoyi insonlar qayerda desalar, albatta qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida, aynan Qashqadaryoda degan bo‘lardim.

Qishloq xo‘jaligi sohasida ishlayotgan, faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarda mardlik, tantilik, boshlagan ishni oxiriga yetkazish ahdi bo‘ladi.

O‘ylashimcha, inson tabiatga qancha yaqin borsa, unga do‘st bo‘lsa, tabiatida yana-da ko‘proq ishlash ishtiyoqi ortib boraveradi. Sizning fazilatlaringizga baho berib, shoir:  Elim rizqi mudom sening, peshonangning terida, deb yozadi.

Sir emaski, Qashqadaryoning ustun tarmoqlaridan biri bu albatta, qishloq xo‘jaligidir.

Muhtaram Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek: “Qashqadaryoda 40 foiz aholining daromadi, ularning dasturxoni qishloq xo‘jaligiga bog‘liq, bu ham haqiqat. Agar, viloyatda  kambag‘allikni keskin qisqartirmoqchi bo‘lsak, aynan agrar sohada islohotlarni chuqurlashtirib, uni mutlaqo yangi darajaga olib chiqish talab etiladi”.

Yer ilmini bilish, meloratsiya ishlarini tizimli tashkil etish, texnikalardan samarali foydalanish uchun pillakor ham, g‘allakoru, paxtakor, bog‘bon ham sohaning bilimdoni bo‘lishi kerak. Sizning qarichingiz bilan aytganda: ishning ko‘zini bilgan, ilmli va yerni aldamaydigan kishi ko‘zlangan hosilni oladi, yuzi yorug‘ bo‘ladi. 

Bayram shodiyonasida tajribali usta dehqonlar, sohibu- mirishkorlar tomonidan mavsum sarhisobi qilinmoqda.

Taʼkidlash lozimki, joriy yil ham qishloq xo‘jaligi xodimlari uchun juda sinovli keldi.

Suv resurslarining har yildagidan 20-25 foizga tanqisligi, tabiatning injiqliklariga qaramasdan, viloyatda 1 mln tonnadan ortiq yoki o‘tgan yilga nisbatan qariyib 1,3 baravar ziyod g‘alla, 437 ming tonna paxta (o‘tgan yilga nisbatan 25% ko‘p), 403 ming tonna sabzavot, 159 ming tonna poliz mahsulotlari, 149 ming tonna kartoshka, 44 ming tonna meva, 78 ming tonna uzum, 2296 tonna pilla, 229 ming tonna go‘sht, 898 ming tonna sut, 406 mln dona tuxum tayyorlashga erishildi.

G‘allachilikda o‘rtacha hosildorlikning gektariga 9 sentrga, paxtachilikda 6 sentrga oshganini alohida eʼtirof etishimiz zarur.

Umumiy hisobda 23 trln.so‘mga yaqin yoki o‘tgan yilga nisbatan 12% ko‘p ishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirildi.

Yangi yerlarni foydalanishga kiritish uchun 103 km elektr tarmoqlarini tortish, 26 dona nasos agregatini qurish, 107 dona tik quduqlar qazish, 160 km sug‘orish tarmoqlarini yangidan qurish, 136 km sug‘orish va 89 km kollektor tarmog‘ini taʼmirlash-tiklash tadbirlari amalga oshirildi.

O‘zlashtirilgan 9 ming gektardan ortiq yer maydonlarida yangidan 20 ming ta dehqon xo‘jaliklari tashkil qilindi.

Jumladan, 1530 gektarda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan ehtiyojmand oilalar, 738 gektarda xorijdan qaytgan migrantlar tomonidan “Bir kontur-bir mahsulot” tamoyili asosida qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirildi.

Suv resurslarini samarali boshqarish, tejamkor va raqamli texnologiyalarni joriy qilish, irrigatsiya-melioratsiya tadbirlari natijasida 125 mln.kub. suv iqtisod qilindi.

Yangidan 2 812 gektar bog‘ va 1 661 gektar tokzor barpo qilindi, intensiv usulda sabzavot yetishtirish yo‘lga qo‘yildi.

Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha muhtaram Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosat natijasida yil davomida bozorlarning to‘kinligi saqlanib qolindi.

Hurmatli tadbir qatnashchilari!

Qishloq xo‘jaligida bozor mexanizmlariga asoslangan, boshqaruvning mutlaqo zamonaviy shakli bo‘lgan klaster tizimini joriy etilgani amalda o‘zini oqlamoqda.

Yildan-yil natijadorligini namoyon etayotgan klaster tizimi, nafaqat paxtachilik, balki g‘allachilik, meva-sabzavotchilik, parrandachilik, chorvachilik, baliqchilik va pillachilikda qo‘llanilishi soha rivojini taʼminlash hamda fan-texnika yutuqlarini keng qo‘llashning omili bo‘lmoqda.

Ayni paytda, viloyatda 77 ta agroklasterlar, xususan 18 ta paxta-to‘qimachilik, 28 ta g‘allachilik va 31 ta meva-sabzavotchilik va boshqa yo‘nalishlardagi klasterlar faoliyati samarali yo‘lga qo‘yildi.

Paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan 485 mlrd.so‘mlik investitsiya loyihasi amalga oshirildi.

Klasterlar tomonidan ilgari surilayotgan tashabbus, yangi loyihalar va ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda izchillik bilan hayotga joriy etish ishi soha rivojini taʼminlamoqda.

Qishloq xo‘jaligi tarmog‘i bugun yangicha ruh, yangicha tashabbuslar bilan rivojlanib, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot epkinlariga mos yangilanish, yuksalish yo‘lidan bormoqda.

Yuqorida erishilgan barcha natijalar Prezidentimiz tomonidan sohaga qaratilayotgan alohida eʼtibor hamda omilkor dehqon va fermerlarimiz, agroklasterlar hamda sohaning barcha xodimlarining mashaqqatli mehnatlari mahsulidir.

Aziz bayram qatnashchilari!

Fursatdan foydalanib, tajribali dehqonu fermerlar, sohaning ilg‘orlari, mutaxassislar hamda klasterlar huzurida kelgusi yil rejalari haqida fikrlashib, oldimizdagi ustuvor masalalar bo‘yicha to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Birinchidan, viloyatda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha vazifalarni qatʼiy belgilab olishimiz zarur.

Yaqinda jahonning nufuzli tahlil markazi tomonidan 2023-yilda dunyo miqyosida kutilayotgan tahdidlar hisoboti eʼlon qilindi.

Hisobotga ko‘ra, 2022-yildagi noqulay ob-havo sharoiti hamda eng ko‘p miqdorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi davlatlarda kechayotgan mojarolar natijasida global oziq-ovqat tanqisligi yana-da kuchayishi mumkin.

Shuningdek, viloyat aholisi yiliga o‘rtacha 80 ming nafarga yoki 2,2 foizga o‘sib bormoqda. Bu o‘z navbatida aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabni oshishiga ham olib keladi.

Shundan kelib chiqib chiqqan holda, kelgusi yilda 376 mlrd.so‘mlik 110 ta qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat loyihalari amalga oshiriladi.

10 ming gektar yer maydonida intensiv bog‘lar va 9 ming gektar uzumzorlar tashkil etiladi.

Shahrisabzda 3 ming gektar, Nishonda 1000 gektar,  Kosonda 300 gektar yer maydonida kartoshka yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.

Ko‘kdalada parrandachilik bo‘yicha 112 mlrdso‘mlik yirik loyiha amalga oshiriladi.

Qarshi, Yakkabog‘, Ko‘kdala tumanlarida umumiy qiymati 15 mln.dollarlik agrologistika markazlari, 150 ta mahallalarda kichik xajmli muzlatkichli omborxonalar barpo etiladi.

Go‘shtni qayta ishlash 2 baravarga, meva va sutni qayta ishlash 1,8 baravarga oshiriladi. 

10 ming gektardan ortiq yer maydonlari lotlarga bo‘linib, 22 mingta yangi dehqon xo‘jaliklari tashkil qilinadi.

216 ta konturda 5,4 ming gektar yer maydonlarini qayta foydalanishga kiritiladi.

Ikkinchidan, suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha bugungi kun yondashuvlarini o‘zgartirmay, tizimga innovatsion tejamkor texnologiyalarni joriy qilmasdan, kelgusida sohada ulkan natijalarga erisha olmaslik kundan-kunga ravshan bo‘lib qolmoqda.

Shuningdek, Qashqadaryo sharoitida har bir tomchi suvni tilloga teng bilgan holda iqtisod qilib, ish yuritish talab etiladi.

Bu borada, Suv resurslarini boshqarish xalqaro instituti konsultantlarini jalb qilgan holda, viloyatda suv resurslaridan foydalanishning 2030-yilgacha mo‘ljallangan konsepsiyasi ishlab chiqiladi.

Tizimdagi ilg‘or xorijiy texnologiyalarni o‘rganish va viloyatda joriy etish maqsadida mahalliy mutaxassislar Isroil va Turkiya davlatlariga tajriba almashishga yuboriladi.

38 ming gektar yer maydonida, jumladan, 22 ming gektarda tomchilatib, 2 ming gektarda yomg‘irlatib, 2 ming gektarda diskretli sug‘orish ishlari hamda 12 ming gektarda lazerli tekislash tadbirlari tashkil etiladi.

20 km sug‘orish tarmoqlari va 7 km kollektorlarni yangidan qurish, 95 km sug‘orish tarmoqlarini taʼmirlash-tiklash ishlari bajariladi.

Suv taʼminoti past bo‘lgan maydonlar ulushi 14 ming gektargacha tushiriladi.

Uchinchidan, qishloq xo‘jalik sohasiga ilg‘or innovatsiya va texnologiyalarni joriy etish ustuvor vazifamiz bo‘ladi.

Bugun barcha sohada bo‘lgani kabi, qishloq xo‘jaligining rivoji, taraqqiyoti, dehqonlarning farovonligi, dasturxonimiz to‘kinligiga zamonaviy ilm va bilim, innovatsiya va seleksiyasiz erishib bo‘lmaydi.  

Kelgusi yilda viloyat iqlimi, tabiiy sharoitiga mos ravishda paxta, g‘alla urug‘chiligi, meva-savzavot, ko‘chat yetishtirish bo‘yicha mahalliy va xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda seleksiya ishlarining mutlaqo yangicha tizimi joriy etiladi.

“Zamin” fondi va Jahon banki grant mablag‘lari hisobidan Qarshi tumanida “Hosildor zamin” loyihasini amalga oshirish ishlari yakuniga yetkaziladi. Ushbu loyiha doirasida noyob, yo‘qolib ketayotgan meva va uzum navlarini tiklash, ekologik toza ko‘chatxona yaratish hamda yoshlarni o‘qitishga ixtisoslashgan innovatsion majmua tashkil etiladi.

To‘rtinchidan, eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini ko‘paytirish va bu orqali aholimiz daromadlarini yanada ko‘paytirish ishlari davom ettiriladi.

Xabaringiz bor, joriy yilda viloyatda ilk bor 600 gektar yer maydonida takroriy ekin sifatida brokkoli yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Kelgusi yilda brokkoli yetishtirilayotgan maydonlar xajmi kamida 2 baravarga oshiriladi.

Shi bilan birgalikda, eksportbop ekin turlari yana-da ko‘paytiriladi.

Beshinchidan, qishloq xo‘jaligi yerlari holatini yaxshilash, o‘rmon fondini boyitish bo‘yicha ishlar yanada takomillashtiriladi.

Xususan, Qurg‘oqchil mintaqalarda qishloq xo‘jaligi bo‘yicha tadqiqot o‘tkazish Xalqaro Markazi (IKARDA) ekspertlarini jalb etgan holda lalmi, qir-adir yerlarida innovatsion usulda bog‘lar barpo etiladi.

Tabiiy qor va yomg‘irlardan xosil bo‘ladigan suvlarni bir joyga jamg‘arish va bu bilan o‘simlik dunyosini rivojlanishi uchun lalmi qir adirliklarda "Selxona tashkil etish" loyihasi amalga oshiriladi.

“Yashil makon” umummilliy tadbiri doirasida gidrogel bilan manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlarini ekilishi amaliyotga tadbiq etiladi.

AQSHning USAID tashkiloti grant mablag‘lari hisobidan sho‘rlangan yerlar unumdorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Ayni shu fursatdan foydalanib aytmoqchiman, har bir fermer, har bir yer egasi o‘z dalasi atrofida tut va tok qalamchalarini ekishi kerak. Bu nafaqat yerning holatini yaxshilash, balki pilla, meva-savzavot yetishtirish va davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan “Yashil makon” loyihasi uchun biz qashqadaryoliklarning munosib javobimiz bo‘ladi.

Oltinchidan, qishloq xo‘jaligida yangi loyihalarni amalga oshirish va qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha xalqaro moliya institutlari mablag‘larini o‘zlashtirish ishlari kuchaytiriladi. 

Bu borada, Xalqaro qishloq xo‘jaligi taraqqiyoti jamg‘armasi, Fransiya taraqqiyot agentligi, Saudiya Arabistoni Islom korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Koreya Eksimbanki kabi ko‘plab nufuzli moliya institutlari kredit liniyalarining tijorat banklarida mavjudligini taʼkidlamoqchiman.

Hurmatli tadbir qatnashchilari!

Fursatdan foydalanib, ehtiyojmand oilalarga saxovat ko‘rsatayotgan klasterlar, fermer xo‘jaliklari, sohadagi tadbirkorlik subyektlariga chuqur minnatdorchilik bildirmoqchiman. Shu bilan birgalikda, Sizlar tomoningizdan ushbu saxovat ishlarini davom ettirgan holda, ishchilar, suvchilar, mexanizatorlarlar, cho‘ponlar xonadonlariga Yangi yil bayrami xursandchiligini olib kirishingizga ishonaman.

Aziz yer ilmi egalari, suvchilar, bog‘bonlar, chorvadorlar, klaster korxonalari rahbarlari! Yana bir bor, Sizlarni mehnat va hosil bayrami, qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bilan tabriklayman.

Bir siqim tuproqni ham aziz bilib, uni gapirtira olgan, toshdan gul undirgan, mehnati bilan elu yurtimiz to‘kisligini taʼminlayotgan Siz azizlarga oilaviy baxt-saodat, mehnat va faoliyatingizda ulkan muvaffaqqiyatlar tilayman.

Bayramingiz muborak bo‘lsin!

10-12-2022 |

Янгиликлар









Фото галерея