Assalomu  alaykum azizlar, qadrli tibbiyot xodimlari!

Sohaning hurmatli faxriylari!

Barchangizni Tibbiyot xodimlari kuni bilan samimiy tabriklayman. Eng sharafli va masʼuliyatli kasbingiz ortidan hamisha eʼzoz va ehtiromda bo‘lish, elimiz duosini olish nasib etsin, qo‘llaringiz dard ko‘rmasin!

Albatta, salomatlik – insonning birlamchi istagi, xohishi va ehtiyojidir. O‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 mingga yaqin tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. “O‘zbekiston tibbiyoti – inson qadri uchun” mavzusidagi ushbu muloqotda taʼkidlangani kabi: Hayot haqiqati shuni ko‘rsatadiki, faqatgina sog‘lom xalq, barkamol millat buyuk ishlarga qodir bo‘ladi. El-yurtimiz azaldan shifokorlarni, inson salomatligini asrashdek ezgu va savobli ishga, butun borlig‘ini bag‘ishlagan fidoyi zotlar, deb biladi va hamisha qadrlaydi. Chunki odamlar sizlarga o‘zlarining eng bebaho boyliklarini – hayotlarini ishonib topshiradi.

Barcha sohalarda bo‘lgani kabi, bugun mamlakatimiz tibbiyoti ham rivojlanish, yangilanish pallasida. Tibbiyot maskanlarini zamonaviy uskunalar, zarur jihozlar bilan taʼminlash, malakali kadrlarni tarbiyalash, bir so‘z bilan aytganda, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish ishi yangi bosqichga ko‘tarilgan.

Tibbiyotga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi keskin oshirildi. Jumladan, 2022-yilning o‘zida sohaga byudjetdan 24 trillion so‘m yo‘naltirildi. Bu mablag‘ 2016-yilga nisbatan 4 barobar ko‘pdir. O‘tgan besh yilda shifoxonalar va tez tibbiy yordam punktlarini dori-darmon, tibbiyot buyumlari bilan taʼminlashga ajratilayotgan mablag‘lar 12 barobarga ko‘paytirildi. Shu davrda sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash uchun xalqaro moliya tashkilotlaridan 700 million dollardan ziyod mablag‘lar jalb qilindi.

Eng avvalo, birlamchi tibbiyot bo‘g‘inini yaxshilashga eʼtibor qaratilib, har bir mahallada “xonadonbay” ishlaydigan tibbiy brigadalar tashkil etildi. Birlamchi bo‘g‘inda aholini 66 turdagi dori vositalari bilan bepul taʼminlash yo‘lga qo‘yildi. Odamlarimiz shamollash, qon bosimi, yurak xuruji, qandli diabet, oshqozon va nafas yo‘llari kasalliklarini davolash uchun eng zarur dorilarni oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalardan olishmoqda. Tibbiyot sohasida yagona tibbiy maʼlumotlar bazasi – “elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimi yaratish masalasiga eʼtibor qaratilmoqda.

Bugun tibbiyot xodimlarining maoshlari oshirildi, hatto tibbiyot oliygohlarida tahsil olayotgan talabalar uchun bir qator yangiliklar, imtiyozlar joriy etildi. So‘nggi besh yilda respublika miqyosida 6 ta yangi tibbiyot oliygohi tashkil etilib, ularning soni 14 taga yetdi, qabul kvotasi esa 4 barobarga oshirildi.

Qashqadaryoda ham bugungi kunda 300 dan ortiq  davlat tibbiyot muassasasi mavjud. Shundan, 55 tasi statsionar, 233 ta ambulator xizmat ko‘rsatuvchi muassasa bo‘lib, oilaviy shifokorlik punktlari, dispanserlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Qashqadaryoda 593 ta xususiy tibbiyot muassasasi mavjud. Davlat va xususiy tibbiyot muassasalarida 44 mingdan ortiq xodimlar faoliyat yuritmoqda.

2022-yil 9-oyi davomida 678 nafar shifokor,  3753 nafar o‘rta tibbiyot hamshirasi malaka oshirish kurslarida o‘qitildi, 644 nafari ixtisosligini o‘zgartirish bo‘yicha qayta o‘qitildi. Viloyatimizdan jami 28 nafar shifokor Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Hindiston va Birlashgan Arab Amirliklarida, shundan 4 nafari viloyat hokimligining mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan Rossiyada malakasini oshirdi.

Qadrli bayram ishtirokchilari!

Joriy yilda viloyatda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni aholiga yana-da yaqinlashtirish maqsadda 4 ta tibbiyot muassasasi tomonidan davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi bilan 3 mlrd so‘mga shartnoma tuzildi.  Markazlardan 8 ta yo‘nalishda mutaxassislar ishtirokida hududlarning o‘zida ehtiyojmand aholi o‘rtasida operatsiyalar o‘tkazilmoqda. 2022-yilning 6 oyi davomida 182 ta yuqori texnologik operatsiya o‘tkazildi.

20,7 mlrd so‘m ssuda hisobiga 16 ta tibbiyot markaziga 14 xildagi 182 ta tibbiy asbob, tuman tibbiyot birlashmalariga 16 xildagi 448 ta tibbiy jihoz, Shahrisabz, G‘uzor va Kasbi tumanlararo yurak-qon tomir va qo‘shma shikastlanish markazlariga 1,6 mln AQSH dollariga 8 turdagi 57 ta jihoz, Yaponiyaning 7,4 mln AQSH dollarilik granti hisobiga tibbiyot instituti klinikasiga 29 turdagi jihozlar olindi.

Shuningdek, 218 o‘rinli Ko‘kdala tumani tibbiyot birlashmasi tashkil qilindi.

Joriy yil yakuniga qadar  Investitsiya dasturi doirasida 52,6 mlrd so‘m evaziga 12 ta tibbiyot muassasasi rekonstruksiya qilish, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari dorasida 15,85 mlrd so‘m evaziga 12 ta tibbiyot muassasasi taʼmirlanib, mahalliy byudjetning 5,8 mlrd so‘m mablag‘i hisobidan 17 ta tibbiyot muassasasi joriy taʼmirlash ishlari olib boriladi.  

Hurmatli yurtboshimizning viloyatga tashriflari chog‘ida bildirilgan taklif asosida, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi negizida jami 930 o‘ringa mo‘ljallangan,  zamonaviy va yuqori texnologiyali asbob-uskunalar bilan to‘liq jihozlangan “Ona va bola” klasteri faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ish olib borilmoqda. Unda homilador va fertil yoshidagi xotin-qizlarga, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarga barcha yo‘nalishlar bo‘yicha zamonaviy ixtisoslashgan va yuqori malakali tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan “ochiq muloqoti”da belgilangan vazifalarni bajarish yuzasidan olis va chekka hudud hisoblangan mahalla va qishloqlarda 7 ta “shifokorlar xizmat uyini” taʼmirlash va qurish uchun viloyat mahalliy byudjetidan 450 million so‘m mablag‘ ajratilib, qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Bugungi kunda G‘uzor tumanidagi Taham va Mirishkor tumanidagi Tojikiston oilaviy shifokorlik punktlarida “shifokor uchun xizmat uyi” tashkil etilgan. Dehqonobod tumanining Boshchorbog‘, Tog‘aytemir, Chilgaz, Chiroqchi tumanining To‘qmor, Langar, Tarag‘ay, G‘uzor tumanining Bo‘ston, Obihayot kabi olis va chekka hududlar hisoblangan 95 mahallada konteynerli tibbiy punktlari tashkil etiladi. Ayni kunda 14 ta hududda mazkur konteynerlar o‘rnatildi.

Viloyatimiz tibbiyoti rivoji yo‘lida Turkiya, Hindiston, Rossiya davlatlari bilan doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilning mart oyida Qarshi shahrida yuqori texnologiyali buyrak transplantatsiyasi operatsiyasi muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirildi.

Kasalliklarni oldini olish, ularga erta tashxis qo‘yish va davolash sifatini yaxshilash maqsadida viloyatda aholi orasida 2022-yilning 9 oyida 498 327  nafar aholi skrining tekshiruvlaridan o‘tkazildi.

Oxirgi yillarda viloyatimizda  nafas olish, ovqat hazm qilish aʼzolari, qon aylanish tizimi kasalliklari, moddalar almashinuvining buzilishi  bilan bog‘liq kasalliklar  sezilarli oshgani kuzatilmoqda.

Bu kabi kasalliklarning kelib chiqish sabablari haqida gap ketganda, sog‘lom turmush tarzini joriy etishga yetarlicha eʼtibor qaratmaslik, go‘sht mahsulotlari va xolisteringa boy ovqatlarni ko‘p isteʼmol qilish bilan bog‘liq ekani ayon bo‘ladi.

Aziz tibbiyot xodimlari, qadrli do‘stlar!

Mamlakatimiz tibbiyotida inson qadri uchun olib borilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish haqida tinimsiz qayg‘urishimiz, odamlarning o‘z salomatligiga bo‘lgan eʼtiborni yuksaltirishimiz, sport bilan shug‘ullanishni targ‘ib qilishimiz – davr talabi.

Shu o‘rinda buyuk bobokalonimiz Abu Ali ibn Sinoning quyidagi hikmatlarini keltirib o‘tsam: “Inson dardiga darmon bo‘lmoq – olijanoblikning eng yuksak namunasidir”.

Qadrli salomatligimiz posbonlari!

Xalqimizning sog‘ligini saqlash, inson hayotini muhofaza qilishdek o‘ta masʼuliyatli va sharafli ishda tinib bilmay, kasbiy mahorati, bilim va tajribasi, insoniylik fazilatlarini safarbar etib, faoliyati olib borayotgan barcha tibbiyot xodimlarining fidokorona mehnatlarini qadrlaymiz.

Odamlarning sog‘lom hayoti va uzoq umr ko‘rishi yo‘lida hamisha jonkuyar bo‘lgan Siz azizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor qizg‘in tabriklab, mashaqqatli va sharafli mehnatingizda ulkan zafarlar, mustahkam sog‘liq, oilangizga fayzu baraka, ezgu ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilaymiz!

Tibbiyot xodimlari kuni muborak bo‘lsin!

Eʼtiboringiz uchun rahmat!   

13-11-2022 |

Янгиликлар









Фото галерея