Assalomu alaykum, qadrli talaba yoshlar, aziz o‘g‘il-qizlarim!

Jonajon Vatanimiz bugun chin maʼnoda yoshlar mamlakati deb eʼtirof etilmoqda, chunki yurtimiz aholisining 64%ni yoshlar tashkil etadi. Davlatimiz rahbari har bir chiqishlarida, xalq bilan muloqot chog‘ida albatta, yoshlar masalasiga alohida eʼtibor qaratadilar. Hayotga tatbiq etilayotgan g‘oya va tashabbuslarning tub negizida yoshlar masalasi, ularning taqdiri turadi.

Barcha kuch va imkoniyatlar siz aziz o‘g‘il-qizlarimizning hayotga munosib kirib borishingiz, ilm, bilim cho‘qqilarini zabt etishingiz uchun safarbar qilinayapti.

Hurmatli Prezidentimizning daʼvatlaridan birini keltirib o‘tsam: Hech shubhasiz, o‘z kuchimiz va imkoniyatlarimizga bo‘lgan ishonch bizni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ezgu maqsad yo‘lida birlashtirib, yana-da kuchli va mustahkam qilmoqda. Bu intilishlar ulkan amaliy ishlarga aylanib, buyuk xalq harakati tobora kengayib bormoqda. Bunday qudratli safda bo‘lishning o‘zi katta baxt, katta sharafdir.

Men ishontirib aytamanki, siz ana shu qudratli safdasiz, yaʼni Yangi O‘zbekistonning bunyodkori sifatida katta maydonga chiqib kelmoqdasiz. Sizga umid ko‘zi bilan qarab turgan xalqimizning niyatlarini ro‘yobga chiqishida tayanch va ustun bo‘lasiz!

Dunyo tajribasidan maʼlumki har qanday mamlakatning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar taʼlim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan eʼtibor darajasi bilan bog‘liq. Shu maʼnoda Yangi O‘zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.

Mamlakatimizda taʼlim sohasida joriy etilgan imtiyoz va imkoniyatlar haqida soatlab so‘zlash mumkin.

Davlatimiz rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyev prezidentlikka kirishgan kunlaridanoq mamlakatimiz taʼlim tizimini isloh qilish, yoshlarning dunyoqarashini ilg‘or zamonaviy bilimlar bilan boyitish ishiga eʼtibor qaratdilar. Xususan, maktab taʼlim tizimida 11 yillik umumiy o‘rta taʼlim qayta joriy etildi. Viloyatlarda yangi oliy taʼlim muassasalari, ilmiy va ijodiy markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Oliy o‘quv yurtlariga qabul kvotalari keskin oshirildi. Sirtqi va kechki, masofaviy taʼlim shakllari tashkil etildi.

Eng asosiysi, ijtimoiy soha xodimlari, talabalar har qanday mavsumiy qishloq xo‘jalik ishlari tadbirlaridan ozod etildi.

So‘nggi besh yil ichida O‘zbekistonda yoshlarning oliy taʼlim qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizgacha o‘sdi. O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlari soni 77 tadan 170 taga yetdi, qabul kvotalari 3,5 baravarga ortdi.

Oliy taʼlimda raqobatni qo‘llab-quvvatlash va xususiy sektorni jalb qilish orqali 24 ta xorijiy hamda 27 ta nodavlat oliygoh tashkil etildi.

2021-yildan OTMlarga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yosh uchun Prezident granti joriy etildi.

Xalqaro til bilish darajasi sertifikatlarini qo‘lga kiritish imtihonlarda maksimal ballning kamida 75 foizini to‘plagan yoshlarning imtihon xarajatlari to‘liq qoplab berilmoqda.

Universitet va institut, texnikum va kollejlarda o‘qiyotgan qizlarga taʼlim kontraktlarini to‘lash uchun, ilk marotaba, 7 yil muddatga foizsiz kredit berish amaliyoti joriy qilindi. Oliy taʼlim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari qaytarish shartisiz to‘lab berilmoqda.

Bugungi uchrashuv muloqotlarni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsadimiz ham yaratilayotgan imkoniyat, imtiyoz va shart-sharoitlar haqida maʼlumot berish bilan birga, viloyatimiz oliy taʼlim maskanlarida respublikamizning barcha hududlaridan kelib tahsil olayotgan talaba yoshlar bilan suhbatlashib, ularning kelajak orzulari, maqsad va intilishlarini yaqindan bilish, zarur bo‘lganda yordam berish, yo‘l ko‘rsatishdan iborat.

Aziz yoshlar, hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Mazkur raqamlarni Qashqadaryo misolida aytsak, joriy o‘quv yilida eng ko‘p abituriyent talabalikka tavsiya etilgan hududlar kesimida viloyatimiz yetakchilar qatorida bo‘ldi.

Viloyatda 6 ta oliy taʼlim muassasasida joriy o‘quv yilida kunduzgi taʼlimda 29 290 nafar talaba tahsil olmoqda. Sifat va samaradorlikni oshirish, talabalarni bandligini taʼminlash va yana bir muhim masala ularni yotoqxona bilan qamrab olish ishi doimiy eʼtiborimizda bo‘lib kelmoqda.

Bevosita bugun biz turgan maskan Qarshi muhandislik- iqtisodiyoti instituti nufuzli dargoh. Bu maskanda qanchadan qancha salohiyatli o‘qituvchi, professorlar, ilmiy xodimlar mehnat qilmoqda.

Institut hayotida yangiliklar judayam bisyor, jumladan, 2022-2023-o‘quv yilida yangi “Elektronika va avtomatika” fakulteti tashkil etildi va fakultetlar soni 7 taga yetkazildi.

Oxirgi 3 o‘quv yilida 8 ta yangi bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari tashkil etildi va taʼlim yo‘nalishlari soni 46 taga yetdi, magistratura mutaxassisliklari esa soni 14 taga oshirildi va  28 tani tashkil etdi.

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlar orqali ham xabardor bo‘ldingiz, viloyatning mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 150 nafar talaba xotin-qizlarga 1 mlrd. so‘mlik shartnoma pullari to‘lab berish haqidagi qaror qabul qildik. Jumladan, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida taʼlim olayotgan 10 nafar xotin-qizlarning shartnoma pullarini to‘lab beryapmiz.

Joriy yilda viloyat bo‘yicha “Yoshlar daftari” ga kiritilgan 5 247 nafar oliy taʼlim muassasalari talabalarining 11,5 mlrd.so‘mlik shartnoma mablag‘larini to‘lab berdik.

Jumladan, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida tahsil olayotgan 395 nafar talabaga 1 mlrd.ortiq  so‘m mablag‘lar o‘tkazib berildi.

Shuningdek, institutda 2021-2022 o‘quv yilida 395 nafar talabalarga 340 million so‘m, 2022-2023 o‘quv yilining noyabr oyiga qadar esa 991 talabalarga 265 million so‘mdan ortiq mablag‘ talabalarning ijara to‘lovi uchun to‘lab berildi.

Hozirgi kunda institutning kunduzgi bo‘limida taʼlim olayotgan 1000 nafarga yaqin talabalar ishga joylashtirildi. Ushbu yoshlarimiz, taʼlim olish bilan birgalikda, qo‘shimcha daromad topish imkoniyatiga ham ega bo‘lishdi.

Topshirig‘imga ko‘ra, viloyatdagi yirik korxonalar rahbarlarining talaba-yoshlar uchrashuvlari tashkil etilmoqda. Ishlab chiqarish korxonalari korxonalar tomonidan “Neft va gaz” fakultetida “O‘quv-amaliyot poligoni”, talabalarning amaliyoti, yosh olimlarning stajirovkasi hamda iqtidorli talabalar uchun stipendiyalar tashkil etildi. 2021-2022-yillarda 8 nafar talabaga Uzbekistan GTL, 14 nafar talabaga esa Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi korxonalarining stipendiyalari belgilandi, 15 nafar yosh olimlarning ilmiy stajirovkasi tashkil etildi.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan yoshlar uchun bu kabi imkoniyatlar yaratib berilmaganida, men bugun Sizlarga bu raqamlarni chiqib ayta olmas edim.

Albatta, rag‘bat bor joyda, o‘qishga, ishga bo‘lgan munosabat ham bo‘ladi. Bu kabi rag‘bat ishi kelgusida yoshlarimizning hayotga bo‘lgan intilishlarini mustahkam bo‘lishiga zamin yaratadi.

Taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatning qudrati, millatning buyukligi – ilm-fan, taʼlim va tarbiyadir. Ertangi kunimiz, Vatanimizning yorug‘ istiqboli, birinchi navbatda, taʼlim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bog‘liq.

Fursatdan foydalanib, viloyatda yoshlar bilan ishlash tizimini samaradorligini oshirish bo‘yicha oldimizda turgan bir qator vazifalar bo‘yicha to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Birinchi yo‘nalish - yoshlar, xususan, oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini bandligini taʼminlash asosiy ustuvor masalamiz bo‘lib qoladi. Jumladan, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutini kelgusi yilda tamomlayotgan 1800 nafardan ortiq bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash masalasini bugundan boshlashimiz shart.

Yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha kelgusi yildagi ayrim rejalarimizga to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Xususan, 800 ga yaqin hududiy loyihalar doirasida 15 ming nafar11 ming ta mahallabay mikroloyihalar doirasida 37 ming nafar yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Yirik korxonalarga butlovchi qismlar ishlab chiqarish, to‘qimachilik, qurilish, noruda qazilmalarni o‘zlashtirish, elektronika mahsulotlarini ishlab chiqarish va turizm sohalari viloyatning asosiy drayver sohalariga aylantiriladi.

Bundan tashqari, 10 ming gektardan ziyod yer maydonlari qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish uchun yoshlar, ehtiyojmand aholiga ajratiladi.

Ishlab chiqarish korxonalari, davlat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari, aholi xonadonlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish bo‘yicha kelgusi yilda ulkan rejalarni o‘z oldimizga maqsad qilib olganmiz.

Shuningdek, 42 ming gektar yer maydonlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilamiz. Albatta, ushbu rejalarni bajarishda institut bitiruvchilari , yoshlarimiz ko‘magiga muhtojmiz.

Ikkinchi yo‘nalish – yoshlarimizni zamonaviy kasblarga o‘qitish, ularni o‘z-o‘zini band qilish faoliyatini rag‘batlantirish bo‘yicha shart-sharoitlar yaratishimiz zarur. Bu borada viloyatda bir qator ishlarni allaqachon boshlaganmiz. Xususan, mahalliy byudjet hisobidan 2,5 mlrd so‘m mablag‘ ajratgan holda, Qarshi shahri va Kitob tumanida zamonaviy IT Markazlari qurilish ishlari olib borilmoqda. Kelgusi yilda ushbu markazlar kamida 1000 nafar yoshlarimizni dasturlash, axborot texnologiyalari sohalari bo‘yicha qayta o‘qitib beradi.

Uchinchi yo‘nalish -yoshlarning ilm-fan, taʼlim, madaniyat, sanʼat, sport sohalari bo‘yicha tashubbuslarini qo‘llab-quvvatlashni yana-da kuchaytirishdan iborat.

Viloyat rahbari sifatida shuni aytishim mumkinki, sanalgan yo‘nalishlar bo‘yicha barcha resurslarni ayamaymiz.

Aziz talaba yoshlar!

Maʼlumki, bugungi hayot har birimizning oldimizga yangidan-yangi talablarni qo‘ymoqda. Nafaqat o‘z ona tilini, balki chet tilllarini, kamida ikki yoki uchta tilni bilish, zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash qobiliyati, o‘tkir fikr va keng mushohada sohibi bo‘lish talabi ustunlik qilmoqda. Shunday ekan, Sizda hozir vaqt va imkon hamda qulay shart-sharoit bor. Undan unumli foydalanish esa sizga faqat yutuq va muvaffaqiyat olib keladi.

Izlanish, o‘qish, doimo yuksak marralarni ko‘zlab intilishdan aslo to‘xtamang! Yaratilgan imkoniyatlarni chuqur his qilib, yurt ertasi uchun daxldorlik hissi bilan yonib yashayotgan navqiron avlod vakillariga albatta, mamnuniyat bilan ezgu niyatlarimni bildiraman.

Buyuk mutafakkir shoirimiz Mir Alisher Navoiy yoshlarga murojaat qilib, “Quyoshliq istasang, kasbi kamol et”, deb yozganlar. Chindan ham, odamlarga quyoshdek beminnat nur taratishni, yaxshilik qilishni istaydigan inson, kamolotga intilib, turli ilm va kasb-hunarlarni o‘zlashtirishi lozim. Hamisha ilm insonga kuch beradi, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishishi uchun asos bo‘ladi va hech kim tortib ola olmaydigan xazinadir.

Buni viloyat rahbari sifatida men sizga aytmoqdaman. Axir siz, buyuk allomalar, ulamolar, nasafiylar, keshiylarga beshik bo‘lgan, Amir Temurni ulg‘aytirgan, qahramon shoir Abdulla Oripovga ilhom bergan qutlug‘ go‘shada tahsil olmoqdasiz, ular yurgan yo‘llardan yurayapsiz.

Mana shu ulug‘likka munosib bo‘lish yo‘lida marrani baland olishingiz kerak. Ilmga chanqoqlik, tinimsiz izlanish va iqtidorni biz hamisha qo‘llab-quvvatlaymiz.

01-12-2022 |

Янгиликлар









Фото галерея