Assalomu alaykum, qadrli vohadoshlar.

Hurmatli mehmonlar, bayram tantanasining aziz ishtirokchilari!

Barchangizni, sizlar orqali viloyatimiz aholisini, ko‘p millatli xalqimizni sharqona yangi yil – Navro‘z bayrami bilan samimiy tabriklayman.

Zamin va tabiatga yasharish, tarovat hamda  inson qalbiga uyg‘onish tuyg‘ularini olib kelgan – Navro‘zi olam muborak bo‘lsin. 

Albatta, xalqimizga xos bo‘lgan mehr-muhabbat, saxovat va muruvvat, bunyodkorlik va olijanoblik kabi ezgu fazilatlar eng qadimiy bayram – Navro‘z timsolida asrlar davomida ulug‘lanadi.

Bugun yurtimizda inson qadri yuksaldi. Bebaho boyliklarimiz va ona tabiatga eʼtibor kuchaydi.

Necha ming yillik tarixga ega anʼana va qadriyatlar bu bayramning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini oshirmoqda.

Joriy yilda mazkur umumxalq bayrami “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida keng nishonlanmoqda.

Aziz bayram ishtirokchilari!

Viloyatimiz ahli bu yilgi bayram shodiyonalariga o‘ziga xos tayyorgarlik bilan kelishdi.

Barcha soha va tarmoqlar kesimida sifat ko‘rsatkichi taʼminlanmoqda.

Xalqimizning oliyjanob fazilatlari, ahdni baland olib mehnat qilayotgani hamda o‘zaro ahillik – marra va rejalarni oshig‘i bilan bajarishda muhim omil bo‘layapti.

Kuni kecha mamlakatimiz bo‘ylab “Obod va fayzli mahalla — yurt ko‘rki” shiori ostida hasharlar tashkil etildi. Hududlar obod qilinib, nihollar ekildi hamda ko‘kalamzorlashtirildi.

"Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida bir yarim yil ichida viloyatimiz bo‘ylab 40 million tupga yaqin mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.

Albatta, yaratish, ekish va bunyodkorlik ishlarida faollik ko‘rsatayotgan har bir hamyurtimizga minnatdorchilik bildiramiz.

Dono xalqimizda: “Yaxshidan bog‘ qoladi” degan purmaʼno hikmat bor. Har bir oila tomonidan 20 tup ko‘chat ekish va parvarishlash tashabbusini qo‘llab-quvvatlayman.

Yon-atrofni obod qilish uchun birlashaylik!

Aziz do‘stlar, qadrli bayram ishtirokchilari!

Davlatimiz rahbari “Qashqadaryoda barcha sohalarda vaziyat tubdan o‘zgarishi shart, buning uchun hamma imkoniyat bor. Hamma uyg‘onishi kerak" deya vazifa qo‘yganlar.

Bu barchamiz uchun yuksak masʼuliyat hamda vazifani sidqidildan bajarish uchun  – daʼvatdir!

Bayram arafasida viloyatda yuzlab inshootlar foydalanishga topshirildi.

Odamlarimizning hayotda rozi bo‘lib yashashi uchun avvalo qulay sharoit yaratish muhim ekanini barchamiz his qilamiz.

So‘nggi bir yilda aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 51 foizdan 59 foizga yetkazildi.

Yoki elektr energiya taʼminotini yaxshilash maqsadida 77 mlrd so‘mlik qurilish taʼmirlash ishlari olib borildi.  

Yo‘llar obod qilish uchun byudjetdan 900 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.

“Inson – manfaati barchasidan ulug‘” g‘oyasi asosida aholining ehtiyojmand qatlamlari qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turgan oilalarga 180 milliard so‘mlik turli ko‘rinishdagi yordamlar ko‘rsatildi.

Hurmatli vohadoshlar, aziz bayram ishtirokchilar!

Barchamizga maʼlumki, muhtaram Prezidentimiz 2024-yilni viloyatimizda “Sifatli maktab taʼlimi va tibbiyot yili” deb eʼlon qilganlar.

Bugun viloyatda bog‘chalar soni 2017-yil ko‘rsatkichiga nisbatan 10 karraga ko‘paydi.

Birgina 2023-yilning o‘zida 595 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti ish boshladi va umumiy soni 3 ming 450 tani tashkil qilmoqda. Qamrov darajasi 13 foizdan esa 60 foizga yetdi.

O‘tgan o‘quv yilida 117 ta maktabda qurilish ishlari bajarildi. shuningdek, 942 ta maktab 15 700 ta kompyuter jamlanmalari, 542 ta maktab yangi o‘quv jihozlari bilan taʼminlandi.

Sog‘liqni saqlash sohasida Turkiya, Hindiston, Rossiya, Germaniya kabi davlatlar bilan doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan yil yakuni bilan 45 ta sog‘liqni saqlash muassasasida 122 mlrd so‘mlik qurilish ishlari olib borildi.

Bu yil ham mazkur sohalardagi ishlar jadallik bilan davom ettiriladi.

Inson qadri ulug‘langan yurtda xalqimiz salomatligini saqlash, ilm-maʼrifatini yuksaltirish uchun qancha ishlash, izlanish kerak bo‘lsa, hammasini birgalikda uddalaymiz.

Qadrli bayram ishtirokchilari!

Bugungi davr talabini his qilgan har birimiz yoshlar bilan ishlash – biz uchun hayot-mamot masalasi ekanini tobora chuqur anglamoqdamiz.

O‘g‘il-qizlarimizning zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi, kamida ikkita xorijiy tilni bilishi, ilm-fan sirlarini puxta o‘zlashtirishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Viloyatda mahalliy byudjetdan mablag‘ ajratgan holda "Xorijiy til bilan ITga yo‘l" loyihasi yo‘lga qo‘yildi va minglab Qashqadaryolik yoshlarning o‘quv markazlarida ingliz tili va IT sohasi bo‘yicha o‘qish xarajatlari qoplab beriladi.

"Har bir mahallada kamida ikki nafar dasturchi" loyihasi bo‘yicha har bir shahar va tumanda o‘qitish manzillarini belgilab olganmiz,  u yerda 2 mingga yaqin yigit va qizlar Yoshlar  jamg‘armasi hisobidan o‘qitiladi.

 Aziz vohadoshlar!

Bizning xalqimiz uchun jamiyat avvalo mahalladan boshlanadi. Mahalla obod bo‘lsa – yurt obod bo‘ladi.

Birdamlik, o‘zaro hamfikr ish yuritishda mahallaning qanchalik katta kuch va maydon ekanini barchamiz teran his qilamiz.

Mahalla yettiligi uyma-uy yurib, aholining muammolarini joyida hal etmoqda.

Yettilikning samarali faoliyati natijasida, mahalla – muammoni yechadigan makondan, yuksalish makoniga aylandi.

Davlatimiz rahbari  mahalla yettiligiga joylardagi o‘z vakillari deb ishonch bildirmoqdalar. Bu – yuksak sharaf va masʼuliyat!

Aziz mahalla faollari, aholining turmush madaniyatini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, bandlik, tomorqadan samarali foydalanish, xonadonda ishlab chiqarishni tashkil qilish, xizmatlarni ko‘paytirib, odamlarni daromad topishga o‘rgatish – Sizning jonkuyarligingizga bog‘liq. 

O‘ylanmanki, bu ishonchni oqlash uchun Siz belgilangan vazifalarni astoydil bajarib yutuq va marralarning salmog‘ini oshirasiz va xalqimiz ishonchini qozonasiz.

Navro‘z bayrami kunlarida, yaʼni 22-martda – mamlakatimiz bo‘ylab “Mahalla xodimlari kuni” keng nishonlanadi. Fursatdan foydalanib, barcha  mahalla tizimi faollarini kasb bayramlari bilan tabriklayman.

Qadrli bayram tantanalari ishtirokchilari!

2024-yil “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da reja va marralarni yana-da baland olganmiz.

Viloyatdagi 30 yoshgacha bo‘lgan 2 mln 40 ming yoshlarning 47 foizi uzluksiz taʼlim bilan qamrab olingan.

3450 ta bog‘chalarda 186 ming bolalar, 1 282 ta maktablarda 660 ming  nafar o‘quvchilar, 60 ta professional taʼlim muassasalarida 25 300 nafar va 12 ta oliy taʼlim muassasasida (6 ta nodavlat) 86 mingdan ortiq talabalar tahsil olmoqda.

Barcha taʼlim tashkilotlari, bog‘cha, maktab va oliy o‘quv yurtlarida avvalo sifat ustuvorligiga eʼtibor qaratamiz.

Najot – taʼlimda, najot – bilim va tarbiyada  ekanini teran his qilgan holda mazkur sohalar rivoji uchun zarur bo‘ladigan mablag‘larni yo‘naltiramiz, kuch va imkoniyatlardan unumli foydalanamiz.

Qadrli taʼlim xodimlari, aziz ota-onalar! Kezi kelganda sizlarga murojaat qilmoqchiman.

Qaysi soha bo‘lmasin, albatta, ilm bilan yondashuv qilishni bugun davr talab etmoqda.

Farzandlarimizning dunyoqarashini shakllanishi, bilim sirlarini puxta o‘zlashtirishning  asosiy poydevori maktabda qo‘yiladi. Buni teran his qilgan holda, o‘quvchilarni darslarga muntazam qatnashishini taʼminlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishda masʼul ekanligimizni unutmaylik!

“Mahalla – oila – taʼlim maskani” konsepsiyasini og‘ishmay bajarish, bu ertamiz taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir insonning farzi va qarzidir.

Aziz bayram ishtirokchilari!

Muhtaram Prezidentimiz aytganlari kabi: Bu yil iqtisodiyotimizda hayotiy uyg‘onish va yuksalish yili bo‘ladi.

Yaratilgan shart-sharoit va imtiyozdan unumli foydalanayotgan tadbirkorlar davlatimiz rahbarining g‘amxo‘rliklarini har qadamda his qilishmoqda. Viloyatda so‘nggi besh yillikda tadbirkorlar soni 3 barobarga oshib, qariyb 42 mingga yetdi.

O‘z salohiyati va iqtidorini, sarmoyasini shu yurt ravnaqiga sarflayotgan ishbilarmon va tadbirkorlar – bizning qadrdonlarimiz, aziz do‘stlarimizdir.

2024-yilda Qashqadaryoda umumiy qiymati 1 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish hisobiga 36 ta yirik va ahamiyatli loyihalarni amalga oshirish hamda eksport  hajmini ham 1 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirganmiz.

Pirovard natijada tadbirkorlarimiz ko‘magida joriy yil 550 ming nafar aholining bandligini taʼminlab, viloyatni ishsizlikdan xoli hududga aylantirishni maqsad qilganmiz.

Qadrli vohadoshlar, aziz bayram ishtirokchilari!

Azaldan Navro‘z kirib kelishi bilan dehqonchilik ishlari ham boshlanib ketadi. Elu yurtga rizq-nasiba so‘rab yerga urug‘ qadaladi.

Mirishkor dehqon va fermerlarimiz, sohibkor bog‘bonlarimizning mehnatlari evaziga xalqimizning rizqu nasibasi butun, dasturxonlarimiz to‘kin bo‘lmoqda. Bo‘lg‘usi hosil mo‘l, xirmonlarimiz baland bo‘lsin.  

Albatta, Yangi O‘zbekistonda, yangicha dunyoqarash bilan yashab, samarali mehnat, jonkuyarlik, vatanga sadoqat hamda xalqparvarlik bilan javob berish – oliy maqsadimiz bo‘lsin.

Buyuk alloma Hakim at Termiziy bobomiz o‘zining “Navro‘znoma” kitobida “Navro‘zi olam payshanba kuni kirsa, neʼmatlar mo‘l bo‘ladi, qor, yomg‘ir ko‘p yog‘adi, hosil mo‘l bo‘ladi – yil to‘qchilikda o‘tadi”, deb yozganlar. Bu yil yilimiz barakali boshlagani, el-yurtimizning orzu-istaklari bilan hamohang desak, to‘g‘ri aytgan bo‘lamiz.

Yana bir muhim jihati, bu yil Navro‘z bayrami  qutlug‘ Ramazon oyida nishonlanmoqda. Bu xosiyatli oyda qilingan duolar ijobat bo‘ladi.

Albatta, Navro‘z falsafasida – yangilikka intilib yashash, tafakkurni charxlash va hayotni go‘zal qilish ahdi mujassam.

Bu esa Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot shiddatiga mos va xos. Biz undan kuch olib, yangi tashabbus va loyihalar uchun intilamiz.

Aziz vohadoshlar, qadrli bayram ishtirokchilari!

Yana bir bor barchangizni baraka, fayz hamda yangilanish bayrami Navro‘zi olam bilan muborakbod etaman.

- Jamiyat rivoji yo‘lida o‘z maslahati va hayoti bilan o‘rnak bo‘layotgan otaxon va onaxonlarimizga;

- tinchligimizni asrash, osoyishtaligimizni saqlash yo‘lida ertayu kech mehnat qilayotgan harbiylarga, huquqni muhofaza qiluvchi soha vakillariga;

- bilim va tajribasini yosh avlod kamoliga sarflayotgan ustoz, murabbiylarga;

- tibbiyot, ijtimoy xizmat xodimlariga, mahalla faollariga, aziz tadbirkorlarimizga;

- ishonchimiz, umidimiz bo‘lgan o‘g‘il-qizlarimizga, vatanimiz ravnaqi uchun fidoyilik bilan mehnat qilayotgan barcha hamyurtlarimizga samimiy minnatdorchilik bildiraman.

Navro‘z barchaga quvonch va shodlik, oilalarga fayzu baraka olib kelsin!

Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek: Har tuningiz qadr, har kuningiz Navro‘z bo‘lsin!  

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

20-03-2024 |
Foto galereya