Joriy yilning 17-may kuni viloyat hokimi Murotjon Azimov Xitoy Xalq Respublikasining “China CAMC Engineering Co.,LTD” kompaniyasi Bosh direktori boshchiligidagi delegatsiya bilan videokonferensaloqa formatida uchrashuv o‘tkazdi.

Mazkur tadbirda quyidagi masalalar muhokama qilindi:

- Kitob tumani “Qaynar” turizm mahallasida Xitoy tajribasi asosida yiliga 200 ming mahalliy va xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatadigan zamonaviy turistik kompleks qurish;

- turistik kompleksga tutash hududda soatiga 800 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadigan, uzunligi 1.9 km va dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra qiymati 15 mln. dollar bo‘lgan zamonaviy osma dor yo‘li qurish (hozirda xitoylik mutaxassislar tomonidan har ikkala loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqildi, osma dor yo‘li qurish loyihasi 2024-yil 2-choragiga qadar to‘liq yakunlanadi);

- viloyat hududida 20 ga yaqin umumiy hajmi 500 mvtdan ortiq bo‘lgan quyosh foto-elektr stansiyalari, mini GESlar va shamol elektr stansiyalari qurish;

- “yashil shahar” konsepsiyasi doirasida Qarshi shahriga dastlabki bosqichda 50 ta elektrobuslarni yetkazib berish;

- Xitoyning suv tejovchi texnologiyalar ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi kompaniyalarining mahsulotlarini viloyatga yetkazib berish va ikkinchi bosqichda yil yakuniga qadar, Qarshi shahridagi erkin iqtisodiy zonada ularni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdan iborat.

Tadbirda viloyat hokimligi va Xitoy kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha 10 mvt hajmdagi quyosh panellari va invertorlarini yetkazib berishga mo‘ljallangan ikki tomonlama bitim imzolandi.

Maʼlumot uchun, viloyat hokimi va mazkur kompaniya Bosh direktori boshchiligidagi vakillar bilan 2022-yil 10-noyabr va  joriy yilning 16-yanvar kuni ham videokonferensaloqa formatida uchrashuvlar o‘tkazgan edi.

Shundan so‘ng, kompaniya tomonidan 5 mvt hajmdagi quyosh panellari va invertorlarini yetkazib berildi.

Joriy yilning 12-13 mart va 6-7 aprel kunlari Xitoylik mutaxassislar tomonidan Kitob va Shahrisabz tumanlarida turistik kompleks va osma dor yo‘li qurish joylari aniqlangandi.

O‘z navbatida, mart-aprel oylarida qishloq xo‘jaligi va suv tejovchi texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislar darajasida muloqotlar ham o‘tkazilgan.

Tadbir yakunida kompaniya Bosh direktori tomonidan bugungi kelishuvlar - respublikamizda hurmatli Prezidentimiz rahbarliklarida yaratilgan qulay investitsiya muhiti mahsuli ekanini taʼkidlandi. Mazkur tizim xorijiy kompaniyalarda O‘zbekistonda o‘z faoliyatini amalga oshirish va uni kengaytirishda mustahkam ishonch berishi ham qayd qilindi.

Qashqadaryo viloyatida bundan keyin ham yangidan-yangi investitsiya loyihalari va yangi tashabbuslar amalga oshirish bo‘yicha ham tomonlar muzokaralar olib borishdi.

18-05-2023 |
Foto galereya