Viloyat hokimi Murotjon Azimov barcha masʼullar ishtirokida Prezidentimizning joriy yil 24-25-oktabr kunlari viloyatimizga tashriflari davomida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy, investitsiyaviy salohiyatini rivojlantirish va bir qator sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qildi.
Taʼkidlanishicha, viloyatda joriy yilda 26 ta loyiha doirasida qiymati 1,1 trln. so‘mlik import o‘rnini bosuvchi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda ammo, bu talabning qondirish borasida juda past ko‘rsatkich bo‘lib kelmoqda. Bu yo‘nalishda viloyatning Mirishkor, Kasbi, Chiroqchi, Nishon tumanlarida 2022-2023-yillarda birorta ham yangi loyihalar amalga oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmagan.
Bundan tashqari, kredit mablag‘larini o‘zlashtirish, loyihalarni moliyalashtirish hamda muammoli kreditlarni undirish masalalari ham tanqidiy muhokama qilinib, xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan Nishon, Shahrisabz, Qarshi, Qamashi Yakkabog‘, Mirishkor, Koson, G‘uzor tumanlari hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari hamda Muborak, Mirishkor, Ko‘kdala, Dehqonobod, Nishon va Kasbi tumanlari hokimlarining investitsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, Agrobank, Xalq bank, Turon bank viloyat filiallari tomonidan olib borilgan ishlar qoniqarsiz deb topildi.
Shuningdek, kuz-qish mavsumida ijtimoiy soha obyektlari va aholi turar-joylarini tayyorgarligi, hududiy investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, eksport masalalari, "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish ishlari, mahalla va qabristonlar obodligi, joylarda oziq-ovqat yarmarkalarini tashkil etilishi kabi bir qator masalalar tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi va kun tartibidagi masalalar bo‘yicha kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan masʼullarga tegishli tartibda choralar qo‘llanilishi qayd etildi.