Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi munosabati bilan "O‘zbekiston va Rossiya hududlararo kengashi" doirasida Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan biznes forumda viloyat hokimi Murotjon Azimov boshchiligidagi Qashqadaryo delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.

Jumladan, viloyat hokimi Tataristonning “KER-Holding” kompaniyasi rahbari bilan uchrashib, sanoat chiqindilarini qayta ishlash orqali energiya va yoqilg‘i mahsulotlari olish masalalarini muhokama qildi.

“KER-Xolding” - bu energetika, neft kimyosi va neftni qayta ishlash, metallurgiya, mashinasozlik va neft-gaz sanoati sohasida muhandislik, taʼminot va qurilish boshqaruvining barcha siklini pudratchi sifatida amalga oshiradigan injiniring kompaniyasi hisoblanadi. Shuni hisobga olgan holda, Murotjon Azimov barcha sohalarda kompaniya bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyati delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasining Chuvashiya Respublikasi rahbari Oleg Nikolayev bilan ham muzokaralar olib borib, iqtisodiyot, savdo va turizm sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishishdi.

Maʼlumot uchun, Chuvashiya Respublikasi Novocheboksark shahri va Qarshi shahri o‘rtasida birodarlik aloqalari ham o‘rnatilgan edi.

Forum diorasida muloqotlar davom etmoqda.

27-05-2024 |
Foto galereya