Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov Germaniya Federativ Respublikasi Laypsig shahri Hunarmandchilik palatasi rahbari Luks Folker va “Avestos” kompaniyasi direktori Mixel Klauslarni qabul qilib, bir qator masalalarda muloqot qildi.

Joriy yilning mart oyida viloyatimiz delegatsiyasi ham Germaniyaning Laypsig shahrida joylashgan “Avestos” kompaniyasi bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazib, unda viloyatda tajriba-sinov tarzida nemis o‘quv dasturlari va texnologiyalari asosida professional kasb-hunar maktabini barpo etish loyihasi ilgari surilgan edi.

Bugungi uchrashuvda professional kasb-hunar maktabini barpo etish, shuningdek, savdo-iqtisodiy, investitsiya, taʼlim, sog‘liqni salqlash sohalarida ham hamkorlikni amalga oshirish borasida fikrlar almashildi.

Maʼlumki, Germaniyada kasbiy taʼlim tizimi - dual taʼlimga asoslanadi va bu amaliyotda eng samarali natijalarni ko‘rsatib kelmoqda. Muhtaram Prezidentimiz ham ko‘p bora kasbiy taʼlimni yo‘lga qo‘yishda Germaniya imkoniyatlarini o‘rganish, hududlarda Germaniya tajribasi asosida kollejlar faoliyatini tashkil qilishni taʼkidlaganlar.

Shuningdek, viloyat hokimi Germaniya delegatsiyasiga vohamizning salohiyati haqida axborot berib, ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lgan loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanligini bildirdi.

29-05-2024 |
Foto galereya