Bugun viloyat hokimi Murotjon Azimov Qarshi tumanidagi71-sonli maktabga borib, Prezidentimizning maktab bitiruvchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.

- Prezidentimiz o‘z tabriklarida siz aziz bitiruvchilarga yuzlanib, "Sizlar jonajon Vatanimiz shonli tarixining bir qismi, o‘z madaniyati va anʼanalarini asrlar davomida asrab-avaylab kelayotgan buyuk xalqning dilbandlari, Yangi O‘zbekistonning umidi va tayanchi hisoblanasiz. Yana bir bor taʼkidlab aytmoqchiman, davlatimizning ertangi taqdiri, uning ravnaqi va taraqqiyoti sizlarning qo‘lingizda. Hech qachon orzu qilishdan to‘xtamang, katta maqsadlar yo‘lida imkoniyatlaringizni sinab ko‘rishdan, bu yo‘lda xato qilish va ulardan saboq olishdan qo‘rqmang. Chunki xalqimiz sizlarga katta umid va ishonch bilan qaramoqda. Sizlarning yangi g‘oya va tashabbuslaringiz, ishtiyoqingiz va kuchingiz nafaqat O‘zbekistonni, balki butun dunyoni o‘zgartirishi mumkin. Shuning uchun har qanday holatda ham o‘z oldingizga qo‘ygan ezgu maqsadingizdan ortga chekinmang. Har biringiz ustozlaringiz va ota-onangiz qalbingizga singdirgan qadriyatlarga hamisha sodiq bo‘lib, xalqimizning bebaho merosini yana-da boyitishga, yurtimizning yorug‘ kelajagiga hissa qo‘shishga intiling", deya taʼkidladilar, - dedi viloyat hokimi. - Bugun taʼlim sohasiga qaratilayotgan eʼtibor kelajakda o‘z mevasini berib, yanada buyuk, yanada rivojlangan davlatga aylanishimizga ishonaman.

Viloyat hokimi maktab jamoasiga esdalik sovg‘alari va kitoblar jamlanmasini topshirdi. Bitiruvchilarga kelajakdagi ishlariga omadlar tiladi.

- Muhtaram Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi”. Barchangizni kelajakda yana-da ulkan va masʼuliyatli marralar kutmoqda. Har biringiz hayotda munosib o‘rningizni topishingiz uchun biz bundan keyin ham bor kuch va imkoniyatlarni to‘liq ishga solamiz, - dedi viloyat rahbari.

So‘ngi qo‘ng‘iroq jarangi, bayramona chiqishlar, ustozlar va ota-onalarga ehtirom satrlari barchani birdek quvontirdi.

Fotolavhalar bu yerda: https://t.me/qvh_axboroti/23130?single 

25-05-2024 |
Foto galereya