Qarshi shahridagi Ma’naviyat maskanida shoir, yozuvchi va tarjimon O‘roz Haydar qalamiga mansub “Quyoshga qaragan ma’vo” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Qayd etish lozim, muallifning “Kuylovchi toshlar”, “Musiqor”, “Oq soya”, “Aksioma”, “Vaqt iztirobi”, “Ruhafzo”, “Kechikkan fasl”, “101 sonet”, “Sukut haqqushi”, “Bug‘doyzor oralagan so‘qmoqlar” kabi nasriy va boshqa qator asarlari adabiyot ixlosmandlari orasida ancha mashhur. Qolaversa, Vasiliy Shukshinning “Ikkinchi seansga chipta”, Konstantin Paustovskiyning “Quyon panjalari” hikoyalar to‘plamlari, Antonio Porkьyaning “Shovurlar” nazmiy tizmalari va Ivan Buninning “Qutb yulduzi”, Fedor Tyutchev, Afanasiy Fet, Aleksandr Blok, Yevgeniy Yevtushenko, Robert Rojdestvenskiy, Andrey Voznesenskiy, Konstantin Vanshenkin, Vladimir Xlebnikov, Sonya Shatalova she’rlari jamlangan “Dengiz tulpori” she’riy kitoblari O‘roz Haydar tarjimasida o‘zbek o‘quvchilari qo‘liga yetib bordi. Adibning ingliz, nemis, turk, tojik, qozoq, qirg‘iz tillarida to‘plamlari nashr etilgan. She’rlari, shuningdek, rus, fransuz, assam, ozarbayjon, qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan.
“Quyoshga qaragan ma’vo” to‘plamida ijodkorning turli yillarda yozilgan publisistik asarlari jamlangan bo‘lib, mamlakatimizning bugungi yutuqlaridan quvonib, muammolariga befarq bo‘lmagan qalamkash kechinmalari, o‘y-fikrlari, hayotda o‘z o‘rniga ega zamondoshlari haqidagi dil so‘zlari, badiiy so‘z san’atining chinakam bilimdoni o‘laroq teran tahlil va nozik mushohada kitobxonni befarq qoldirmaydi.
Xususan, izlab-izlanib, imkon topgan va o‘zgalarga o‘rnak bo‘lishga arzirli insonlar; ayol va uning jamiyatdagi o‘rni-nufuzi; tobora dolzarb ahamiyat kasb etib borayotgan suvni tejash masalasi; nohaq ayblanib, ko‘p qiyinchiliklarga duchor bo‘lgan va oxir-oqibat adolat tantanasidan masrur kishilar kechmishi; turfa jinoyatlarga sabab bo‘layotgan omillar; ta’lim tizimidagi muammolar o‘ziga xos uslubda, aniq misol va dalillar vositasida ifoda etilgan.
Ayniqsa, O‘zbekiston xalq baxshisi Shomurod baxshi Tog‘ay o‘g‘li, asl kasbi huquqshunos bo‘lsa-da, adabiyotga mehri baland Hamid Boboqulov, ichki ishlar idoralarida ishlash bilan birga haykaltaroshlik yo‘nalishida ijod qilgan Baxtiyor Anvarov, chaqmoqday qisqa umrida unutilmas asarlar yaratgan iste’dodli shoirlar Nazar Shukur hamda Chori Avaz, bir bolani qutqaraman deb suvda cho‘kib ketgan adabiyot bilimdoni Bahodir Sodiq, tengsiz ijod sohibi Abdulla Oripov siymosiga chizgilar o‘qirman qalbini mutaassir etmasdan qolmaydi.
O‘roz Haydar jahon adabiyotini ham yaxshi biladi. To‘plamdan joy olgan rus adibi Anton Chexov hamda argentinalik yozuvchi Xorxe Luis Borxes hikoyalari tahlili sinchi nazarni aks ettirgan.
“Quyoshga qaragan ma’vo” to‘plami Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi tashabbusi bilan nashrga tayyorlandi va Toshkent shahridagi “Fan zargari” nashriyotida 500 nusxada chop etildi.
Taqdimotda filologiya fanlari doktori, professor Nafas Shodmonov, viloyat hokimining maslahatchisi Ziyoda Aminova, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Gʻulom Abdiyev, ijodkorlar – Temirpo‘lat Tillayev, Abdunabi Abdiyev, Sharofat Ashurova, Azizbek Norovning kitob badiiy qiymati va ijtimoiy ahamiyati haqidagi fikrlari tinglandi.