Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasini tingladik. Olti yildirki xalqimiz, keng jamoatchilik uchun bu kun bugunimizdan shukronalikni yana bir karra tuyadigan, ertangi kunimizga yanada katta umidvorlik beradigan kun sifatida muhim va qadrlidir. Poyoniga yetayotgan yilda erishilgan yutuqlar, kelgusi 2023-yilning  “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim” yili deb nomlanishi va u bilan bog‘liq rejalar haqida  shaxsan davlat rahbari tomonidan murojaat shaklida ma’lumot berilishi esa uning qadri va ahamiyatini yanada oshiradi.

Prezidentimiz o‘z murojaatlarida deyarli barcha sohaga oid islohotlarning galdagi marralari haqida so‘zladilar. Ularning barchasi qadrli, barchasi muhim, ammo mening nazarimda  ta’lim sohasiga alohida e’tibor qaratildi. Murojaatnomada eng ko‘p ishlatilgan so‘z ham ta’lim so‘zi bo‘ldi  va “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi” degan g‘oyalarining mazmuni bugun yana to‘ldirildi.

Umuman, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning eng boshida ham ta’limga alohida  e’tibor berilgani, tizimning tubdan isloh qilinishi, ta’lim muddatlarining, shakllarining o‘zgarishi, mazmunan boyitilishi, ayniqsa, ta’limning poydevori sanalgan maktabgacha ta’lim va boshlang‘ich ta’limga berilgan ustuvorliklar Prezidentimizning kelajakni ko‘zlab olib borayotgan siyosatlari natijasidir.

Bugun esa o‘z murojaatlarida ta’lim sohasiga to‘xtalar ekanlar, shunday dedilar: “Birinchi navbatda e’tiborni Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya bo‘lgan ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratamiz. Kelasi yili 70 ta yangi maktab quriladi, 460 tasi kengaytiriladi. Xususiy investitsiyalar ishtirokida 100 ta maktab qurish loyihalari boshlandi, kelasi besh yilda ularning sonini 1 mingtaga yetkazamiz”.

Uch yilcha muqaddam Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Besh muhim tashabbus o‘tgan davr mobaynida o‘zining ijobiy natijalarini berdi, sport, san’at, madaniyat, axborot texnologiyalari soxasida yoshlarimizning  dunyo miqyosida erishayotgan yutuqlari kunda, kun ora barchamizni g‘ururlantirib turibdi. Bu tashabbusning davomi o‘laroq  Prezidentimiz “Bolalarimiz maktabdan ona tili va chet tillarini puxta o‘zlashtirib, kompyuterda ishlashni o‘rganib chiqishlari zarur. Farzandlarmizni kasb-hunarlarga, san’at va madaniyatga qiziqtirishimiz lozim.  O‘quvchilarda erkin, tanqidiy va kreativ fikrlashni, jamoada ishlash va muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish zarur”, - deya yana bir bor ta’kidladilar.

O‘tgan yilgi davlat dasturida belgilangan va muvaffaqiyatli amalga oshirilgan loyiha – Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanish amaliyoti kelgusi 2023-2024- o‘quv yilidan respublikamizning barcha maktablarida joriy etilishi esa barcha  onalar uchun kutilmagan tuhfa bo‘ldi.

Prezidentimiz “Maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega bo‘lmasdan kirib kelayotgani hammamizni  o‘ylantirishi kerak”, - deya oliy ta’lim bilan qamrab olinmayotgan maktab bitiruvchilarining taqdiri haqida ham qayg‘urdilar hamda har bir viloyatda bittadan texnikumda Yevropa kasbiy ta’lim standartlarini joriy etish va kelasi besh yilda barcha kollej va texnikumlar ushbu tizim bilan qamrab olinishini ta’kidladilar.

Fikrimning yakunida bir narsani alohida ta’kidlamoqchiman. Ta’limning, tarbiyaning, ma’naviyatning, ilmiy izlanishlaru yutuqlarning zamirida bir asos bor. U ham bo‘lsa til -o‘zbek tili -ona tilimiz. Uni o‘rganish, qadrlash, ulug‘lash va ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan noyob durdonamizni bor boyligi bilan, sofligicha avlodlarga yetkazish har birimizning burchimizga aylanishi shart. Prezidentimiz buni juda chiroyli tarzda quyidagicha tushuntirdilar: “Ona tilini bilishni majbur qilish kerak. Milliy o‘zligimiz timsoli, ma’naviyatimiz asosi bo‘lgan ona tilimizga e’tibor yanada kuchaytiriladi. Albatta, chet tilini bilish - zamon talabi. Ammo ona tilini bilishni majbur qilish kerak”.

 

Orasta Tosheva – Qarshi shahri hokimi maslahatchisi

21-12-2022 |
Foto galereya