Assalomu alaykum aziz o‘g‘il-qizlarim, mehribon ustozlar!

Avvalo, barchangizni ko‘rib turganimdan mamnun ekanimni bildirmoqchiman.

Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari asosida maktab taʼlimini butunlay yangi tizimga olib chiqish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘plab saʼy harakatlar amalga oshirilmoqda.

Yoshlarimizning bilim olishlari, o‘z iqtidorlarini namoyon etishlari, jamiyatda munosib o‘rin egallashlari uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.

Sir emaski, rivojlanish, dunyoda o‘z ovozi, o‘z o‘rniga ega bo‘lishning muhim sharti bu - xalqimizni, avvalambor, yoshlarimizni ilm-fan, maʼrifat va maʼnaviyat, taraqqiyot yutuqlari bilan qurollantirishdir. Bu kabi ulug‘vor ishlarning rivoji, maʼno-mohiyati va millatimiz ertasini biz, albatta, sifatli taʼlim, yuksak maʼnaviyatli avlod tarbiyasida ko‘ramiz.

Maʼrifatparvar Abdulla Avloniyning quyidagi hikmatlarini keltirib o‘tsam: “Ilm insonlarning madori, hayoti, rahbari, najotidir. Ilm inson uchun g‘oyat oliy muqaddas bir fazilatdir. Zeroki, zehnimizni, fikrimizni qilich kabi o‘tkir qilur, ilmsiz inson mevasiz daraxt kabidir”. 

Aziz tadbir ishtirokchilari!

Mana uch yildan buyon, mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovi o‘tkazilmoqda.

Joriy o‘quv yilida mazkur tanlovning tuman (shahar) bosqichida 513 ta maktab jamoalari qatnashdi va yakunda 3 ta maktab o‘quvchilari g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 

Tanlovda qatnashish bir emas, bir nechta imkoniyatlar eshigini ochadi. Rag‘bat esa ishtirokchilarning qarashlarini yuksaltirib, maqsadlarini mustahkam qiladi.

Xabaringiz bor, tanlovning tuman (shahar) bosqichida 1-2-3-o‘rinni egallagan maktab jamoalari 1007550 mln so‘m, viloyat bosqichi g‘oliblari 250200150 mln so‘m va Respublika bosqichi g‘oliblari esa 500400300 mln so‘mdan pul mukofotlariga ega bo‘lishadi.

Shu bilan birga, tanlovning Respublika bosqichi  ishtirokchilari xorijda tajriba almashish, o‘quv kurslarda ishtirok etishi imkoniga ega bo‘ladi.

Xususan, tanlovning o‘tgan yildagi viloyat bosqichi g‘olibi Muborak tumanidagi 1-maktab jamoasi (5 nafar o‘quvchi va 1 nafar o‘qituvchi) Buyuk Britaniyaga bir xafta muddatga tajriba almashishga bordi.

Albatta, bu kabi yuksak eʼtibor, munosib rag‘batlantirish – yurtimizda muhtaram Prezidentimiz tomonidan til o‘rgangan yoshlarimizni faol qo‘llab-quvvatlashning yorqin namunasidir.

Qadrli tadbir ishtirokchilari!

2 yildan buyon 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida 10 ta fan bo‘yicha “Viloyat hokimi” olimpiadasi yangicha tizimda o‘tkazib kelinmoqda.

Olimpiadaning joriy yilgi tanlovlarida 15 ming nafardan ortiq bitiruvchi sinf o‘quvchilari ishtirok etdi va ular orasidan 30 nafar yoshlarimiz g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Quvonarlisi, fizika, kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha 1-2-3 o‘rinlarni egallagan 9 nafar yoshlarimiz Qarshi davlat universitetiga imtihonsiz talabalikka qabul qilindi.

Adolat tamoyillari asosida bo‘lib o‘tgan tanlov qator isteʼdod egalarini kashf etdi. 

Bu kabi fan olimpiadalarini tashkil etishdan maqsadimiz bitta - yaʼni haqiqiy bilimdonlarni izlab topish, ularni kelajakka munosib yo‘naltirish va yetuk mutaxassis bo‘lishiga ko‘maklashishdan iborat.

Bugun Siz bilan birgalikda mana shu ikkita tanlovda g‘olib bo‘lgan iqtidorli yoshlar va ularning ustozlarini munosib taqdirlaymiz.

Albatta, bugun Siz yoshlar zabt etgan yuksak dovon biz uchun, ota-onangiz va barcha yaqinlaringiz uchun g‘oyat quvonchli va hayajonli voqeadir.

Ayniqsa, yoshlarimizga yelkadosh bo‘lgan, bugun erishgan yutuqlaridan chin dildan quvonib o‘tirgan, aziz ustoz va murabbiylarimizga barcha shogirdlarining nomidan ulkan minnatdorchilik bildiramiz.

Bu fidoyi insonlarning oldida hamisha qarzdormiz, ularning mehnatlarini munosib qadrlash yo‘lida qo‘limizdan kelgan barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz.

Ilmga intilib, ilm egallab hayotda o‘z o‘rnini topayotgan intiluvchan yoshlarga, o‘g‘il-qizlarimga samimiy rahmatimni aytaman.

Hurmatli tadbir qatnashchilari!

Davlatimiz rahbari tomonidan 2024-yil Qashqadaryoda sifatli taʼlim va tibbiyotni rivojlantirish yili deb eʼlon qilingan edi.

Bugun viloyatimiz maktab taʼlimi tizimida qo‘lga kiritilgan bir qancha quvonchli natijalar bilan faxrlanamiz.

Xususan, joriy yilgi xalqaro olimpiadalarda 3 nafar o‘quvchilarimiz 7 ta medalni qo‘lga kiritdi. Ayniqsa, matematika fani bo‘yicha xalqaro olimpiadalarda Kitob tumanidagi 96-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Suyunova Madinaning 3 ta, Mirishkor tumanidagi 21-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Elmurodov Behruzbekning 2 ta medalni qo‘lga kiritgani barchamizga g‘urur bag‘ishlaydi.

Shuningdek, umumtaʼlim fanlari bo‘yicha fan olimpiadasining Respublika bosqichida 3 nafar o‘quvchilarimiz g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Fizika fani bo‘yicha Respublika olimpiadasida 1-o‘rinni egallagan G‘uzor tumanidagi 68-maktabning 11-sinf Eshonqulov Sayfiddinga yoshlarimiz havas qilsa arziydi.

Maʼlumki, yurtimizda yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Kitob o‘qib, o‘z iqtidorini namoyon qilgan faol yoshlarimiz munosib taqdirlanmoqda.

Jumladan, “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida 15-19 yosh toifasi bo‘yicha Kosondagi 19-maktabning 11sinf o‘quvchisi Nurmatov Mironshox g‘oliblikni qo‘lga kiritib Prezident sovg‘asi “Cobalt” avtomobili sohibiga aylandi. 

Qadrli tadbir qatnashchilari, aziz yoshlar!

Joriy yilda 43 ming 301 nafar yoshlarimiz maktabni tamomlab, katta hayot yo‘liga qadam bosmoqda.

Bitiruvchilarimizning jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun hokimliklar, sektor rahbarlari, mahalla jamoatchiligi ham yaqin ko‘makchi va maslahatchi bo‘ladi. Bunday ezgu maqsad yo‘lida ularning eshiklari doimo yoshlarimiz uchun ochiq.

Bir so‘z bilan aytganda, maktabni bitirib chiqayotgan yigit-qizlarimizdan birontasi eʼtibordan chetda qolmaydi.

Ularning har biri xalqimiz, Vatanimizning cheksiz mehri va yuksak eʼtiborini his qilib yashaydi.

Muhtaram Prezidentimiz taʼkidlaganidek: “Hech shubhasiz, o‘z bilim va isteʼdodini Vatanimizga munosib farzand bo‘lishdek maqsadlarga sarflashga bel bog‘lagan siz kabi yoshlar – yangi O‘zbekistonning oltin fondi, bebaho xazinasidir”.

Umuman, viloyatda xalqimiz turmush tarzini yaxshilash, iqtisodiy salohiyatimizni yanada yuksaltirish bo‘yicha ulkan loyihalarni boshlaganmiz.

Albatta, bunday loyihalarni amalga oshirishda, bizga, bugun, zamonaviy fikrlaydigan, xorijiy tillar, ITni chuqur egallagan shijoatli, tashabbuskor yoshlar kerak.

Shuningdek, malakali shifokorlar, raqamlashtirish mutaxassislari, quruvchi va arxitektorlar, agronomlar va boshqa qator zamonaviy yo‘nalishlardagi kadrlar suv va havoday zarur.

Ayni paytda biz Sizlarning yonib turgan ko‘zlaringizda o‘zingizga va kelajagingizga bo‘lgan qatʼiy ishonchni ko‘rayotganimdan juda xursandman. Bu ishonch Sizlarni ko‘zlagan marralaringiz sari olib borishiga tilakdoshmiz.

Yana bir bor – bugun fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan yoshlarimiz, ularning ustozlari, ota-onalarini samimiy tabriklayman.

Ishonamizki, Sizlar hali bizni juda ko‘p hayratga solasiz, quvontirishda davom etasiz, O‘zbekistonimizning, Qashqadaryomizning sharafini yanada yuksaltirish yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilasiz!

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

30-05-2024 |
Foto galereya