Assalomu alaykum aziz harbiy xizmatchilar, sohaning muhtaram faxriylari!

Tantanali bayram tadbirining ishtirokchilari!

Avvalo barchangizni, mamlakatimiz Qurolli Kuchlari safida matonat va jasorat bilan xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar, askar, ofitserlarni, ularning oila aʼzolarini va vohamiz ahlini O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni umumxalq bayrami bilan samimiy tabriklayman.

Mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt, sharafli va masʼuliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilayman.

Kuni kecha bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligidagi Xavfsizlik kengashining yig‘ilishida aytilganidek, Vatan himoyachisi, el yurt posboni bo‘lish - muqaddas va ulug‘ ish, vatanparvarlikning oliy namunasi, yuksak sharaf va bitmas tuganmas masʼuliyatdir.

Bugun dunyo miqyosida kechayotgan tahlikali voqealarni, tezkor davr va shiddatli axborot makonini kuzatib, tinch yurtda yashayotganimiz uchun shukrona aytamiz!

Odamlar uchun tinchlikdan ortiq bebaho neʼmat bo‘lmasligini his qilamiz.

Har bir xalqning, millatning kuch-qudrati manbai – tinch va osoyishta hayotini ko‘z qorachig‘idek asrash masʼuliyatdir.

Jonajon yurtimizda tinchlikni saqlash yo‘lida tunu kun mehnat qilayotgan, sarhadlarimizning osoyishtaligini taʼminlayotgan soha xodimlariga, harbiy xizmatchilarga, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga xalqimiz nomidan cheksiz minnatdorchilik bildiramiz.

Qasamyodiga sodiq qolib, xizmat burchini sharaf bilan bajarayotgan – siz aziz, Vatan himoyachilari bilan faxrlanamiz.

Qadrli do‘stlar!

Keyingi yillarda «Xalq va armiya – bir tanu bir jondir» degan ezgu tamoyil asosida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda fuqarolarimiz armiyaning har tomonlama yordami va ko‘magini hayotning barcha sohalarida amalda his etmoqdalar.

Milliy armiyamiz saflarida xizmat qilayotgan barcha harbiylar, muhtaram faxriylarimizning Vatan va xalq oldidagi xizmatlarini munosib qadrlash, ularni moddiy va maʼnaviy rag‘batlantirish, kundalik hayotidagi muammolarini hal etishga ko‘maklashish, ularning oilasi va farzandlarini ijtimoiy himoya qilish borasidagi ishlarimiz yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Xususan, 2023-yil davomida viloyat harbiy – maʼmuriy sektorini rivojlantirish jamg‘armasidan harbiy shaharcha, poligonlar infratuzilmasini rivojlantirish, xizmatchilar uchun munosib sharoitlarini yaratish maqsadlariga 31 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Shuningdek, 54 nafar harbiy xizmatchilar uy-joy bilan taʼminlandi.

102 nafar muddatli harbiy xizmatni o‘tab kelgan talaba-yoshlarga to‘lov-shartnoma pullarini to‘lashda amaliy yordam ko‘rsatildi.

Harbiy-maʼmuriy sektorlar tomonidan Milliy armiyamiz – bizning iftixorimiz va g‘ururimiz” tamoyili keng joriy qilinib, mudofaa sohasida yagona davlat siyosatini yuritishga, armiya va xalqning yakdilligini taʼminlashga eʼtibor qaratilyapti.

Yurtimizda harbiy xizmatning obro‘-eʼtibori, armiya va xalq birligi yangicha mazmunga ega bo‘lib, yoshlarimiz qalbida armiyamiz bilan faxrlanish tuyg‘usi, Vatan himoyachisidek olijanob kasbga hurmat-ehtirom hissini yana-da kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Aziz tadbir qatnashchilari!

Tobora keskinlashib borayotgan halqaro-siyosiy holat, davlatlar o‘rtasidagi harbiy mojarolar yoshlarimizning vatanparvarligini kuchaytirish, tashqi va ichki tahdidlarni oldini olish yo‘nalishida qator vazifalarni amalga oshirishni taqozo etadi.

Shundan kelib chiqib:

Birinchidan, joriy yildan boshlab yoshlarni harbiy xizmatga safarbar qilish qilish ishlari mutlaqo yangicha tashkil qilinadi.

Har bir mahallada kamida 5 nafardan eng jasur, botir, jismonan kuchli yoshlar ro‘yxati shakllantiriladi. Bunda mahallalardagi yoshlar yetakchilari imkoniyatidan foydalaniladi.

Harbiy xizmatga yuboriluvchi yoshlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda faol qatnashgan shifokorlar rag‘batlantiriladi.

Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy kontentlarda yoshlarni harbiy xizmatga undaydigan materiallar ko‘paytiriladi.

Harbiy xizmatdan qaytgan yoshlar bandligini taʼminlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish ishlari yana-da kuchaytiriladi.

Ikkinchidan, vatanparvarlikni ulug‘laydigan, shuningdek, xavfsizligimizni taʼminlashda jasorat va matonat ko‘rsatgan harbiy xizmatchilarimiz to‘g‘risida yangi badiiy asarlar yaratiladi.

Harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash tadbirlari davom ettiriladi.

Nafaqat markazlarda, balki chekka hududlarda yashovchi yoshlar uchun milliy qahramonlarimizning hayoti, fazilatlari haqida hikoya qiluvchi tarixiy sahna asarlar namoyishi yo‘lga qo‘yiladi.

Uchinchidan, yot g‘oyalar taʼsiriga tushgan yoshlarda mafkuraviy immunitetni shakllantirish va ularni sog‘lom turmush tarziga, to‘g‘ri yo‘lga qaytarishda harbiy xizmatchilar bilan hamkorlikdagi ishlar tizimli yo‘lga qo‘yiladi.

Xalqimizning umidi nishonasi bo‘lgan o‘g‘il-qizlarimizni harbiy-vatanparvar, fidoyi va milliy o‘zlikni anglash, ezgu qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash masalasida harbiy komandirlar xizmatidan foydalaniladi.

Profilaktik hisobda turuvchi, huquqbuzarlikka moyil yoshlarimizni “Jasorat maktablari”ga jalb qilish yana-da ko‘paytiriladi.

To‘rtinchidan, umumtaʼlim maktablarida faoliyat olib borayotgan chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchilarining sifat tarkibi qaytadan ko‘rib chiqiladi.

Bog‘cha, maktablardagi harbiy sinflar soni oshiriladi.

Beshinchidan, o‘g‘il-qizlarimizni turli tahdidlarga qarshi ilm va bilim bilan qurollantirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, sportning ommaviyligini taʼminlash, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilg‘or innovatsiyalarni keng tatbiq etishga zarur manbalar safarbar qilinadi.

Har bir mahalla kesimida “Jaholatga qarshi maʼrifat bilan” tamoyilini keng targ‘ib qilish bo‘yicha aniq belgilangan tadbirlar amalga oshiriladi.

Har bir o‘g‘il-qizning taqdiri – Vatan taqdiri ekanini eʼtiborga olib, ular bilan muntazam shug‘ullanish, bu borada vatanparvarlik timsoli bo‘lgan jadid bobolarimizning hayoti va ijodini keng o‘rganishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Jadid bobolarimiz aytganidek, barchamiz tilda, fikrda, ishda birlik g‘oyasi asosida faoliyat olib borsak, xyech shubhasiz, ana shunday ezgu maqsad va marralarga erishishga, xalqimizning tinch mehnati, osoyishta hayoti, yurtimizning musaffo osmonini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga qodirmiz.

Aziz do‘stlar!

Mard, jasur, dovyurak askar va serjantlar, ofitserlar, Qurolli Kuchlarimiz xizmatchilari va faxriylari!

Yana bir bor, barchangizni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan tabriklayman.

Ona xalqimizning yuksak ishonchini oqlash va kasbingiz ortidan hamisha eʼzozda bo‘lish nasib qilsin. Oilangizga tinchlik, ishlaringizga muvaffaqiyatlar tilayman.

Jonajon Vatanimizning shuhratini yuksaltirishdek ezgu yo‘lda hamisha mardona bo‘ling.

Bayramingiz muborak, aziz Vatan himoyachilari!

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

13-01-2024 |
Foto galereya