Assalomu alaykum moʻtabar onaxonlar, aziz opa-singillar, qadrli bayram ishtirokchilari!

Avvalambor, barchangizni, Siz orqali qashqadaryolik mehnatsevar va dilbar ayollarimizni 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami bilan samimiy tabriklayman. Qalbimdagi yuksak hurmat va ehtiromimni bildiraman.

Ayol – dunyo beshigini tebratuvchi, mehr va vafo, sadoqat timsoli bo‘lgan moʻtabar zotdir. Barcha ezguliklar, oilaning, Vatanning azizligi haqidagi muqaddas tushunchalar Sizdan boshlanadi.

Hayotimizda biz anglagan barcha yaxshiliklar uchun ayolga, onaga hamisha taʼzimdamiz.

Mamlakatimizda moʻtabar ayol zotiga ulkan ehtirom ko‘rsatish, davlat va jamiyat hayotida tutgan o‘rni va nufuzini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bu kabi chora-tadbirlar, Siz ayollarimizning samarali mehnat qilishingiz, olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida faol qatnashib – Yangi O‘zbekistonni barpo etish, xalqimiz farovonligini yuksaltirish yo‘lida tashabbus va ibrat ko‘rsatishingiz uchun rag‘bat bo‘lmoqda.

Sizning hayotdan rozi bo‘lib yashashingiz, isteʼdod va qobiliyatlaringizni to‘la-to‘kis namoyon etishingiz uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlarni yaratishga hamisha o‘zimizni burchli sezamiz.

Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek: Ayol bor ekan, oila degan muqaddas qo‘rg‘on, farzand degan bebaho neʼmat bor. Ayollarimiz baxtli bo‘lsa albatta, oilamiz, jamiyatimiz ham baxtli bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari Qashqadaryoga, qashqadaryoliklarga alohida mehr ko‘rsatib, vohadagi har bir insonning, ayniqsa ayollarimizning baxtli hayot kechirishi uchun xizmat qiladigan yangidan-yangi loyihalarni joriy etishga chaqiradilar. Bugungi yangilanish, islohot va o‘zgarishlar samarasini, Siz aziz ayollar, o‘z hayotingizda, ertaga emas, bugun ko‘rishingiz uchun barcha zarur manbalar, mablag‘lar safarbar etilmoqda.

Albatta, ayolni ulug‘lash – oilani, vatanni, hayotni sevish, ulug‘lash va qadrlash demakdir.

O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham ayollarning manfaatlarini himoya qilish, oilalar mustahkamligini taʼminlash masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilgan.

Jamiyatda xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.  

Bu kabi keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish orqali, yaʼni xotin-qizlar uchun keng imkoniyatlar yaratish bilan islohotlarning shiddatkorligiga erishamiz.

Moʻtabar opa-singillar, qadrli bayram tadbiri ishtirokchilari!

Viloyatimizda 1 mln 760 mingga yaqin xotin-qizlar istiqomat qiladi.

Xalq xo‘jaligining barcha sohalarida ayollarimiz iqtidor va salohiyatlarini namoyon etishmoqda.

Bugunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 4 nafar, viloyat, tuman, shahar kengashlarida 117 nafar deputat ayollar faoliyat yuritmoqda.

Faxr bilan aytamizki, hurmatli Prezidentimiz tomonlaridan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘z isteʼdodini namoyon etishi, o‘qib, ilm olishi uchun barcha zarur imkoniyatlar yaratib berilmoqda.

Xususan, xususiy sektorda rasmiy ishlayotgan ayollarga homiladorlik nafaqasi davlat tomonidan kafolatli to‘lab berilmoqda. Ehtiyojmand yolg‘iz ayollarning farzandlari uchun davlat bog‘chalari to‘lovi byudjetdan qoplab berilmoqda.

Aniq fanlar, texnika va huquqshunoslik yo‘nalishidagi oliy taʼlim muassasalaridagi xotin-qiz talabalar ulushi 24 foizdan 40 foizgacha yetkazildi.

O‘tgan yilning o‘zida viloyatdagi 22 ming nafarga yaqin xotin-qizlarning taʼlim olishlari uchun 214 mlrd so‘m foizsiz kredit ajratildi.

Yaratilgan imkoniyatlar sababli tadbirkorlikda xotin-qizlarning ulushi tobora oshmoqda.

Tomorqasida gul va meva-sabzavot yetishtirish uchun issiqxona qurish, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va asalarichilikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ularga 35 million so‘mgacha imtiyozli kreditlar ajratilmoqda. 

“Ayollar daftari” orqali 88 ming nafarga yaqin xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 102 mlrd so‘m sarflandi.

Bu barchasi ayolga eʼtibor, uning yaxshi, farovon, baxtli yashashi uchun imkoniyat va rag‘batdir.  

Qadrli bayram tadbiri ishtirokchilari!

Viloyatimizda ilm yo‘lida mehnat qilayotgan, umrini fanga bag‘ishlagan xotin-qizlarimizning soni 3,5 baravarga oshganini alohida taʼkidlamoqchiman.

2017-yilda professor-o‘qituvchilar orasida xotin-qizlar 71 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich bugunga kelib, 4 baravarga oshdi. Fan doktorlari soni 18 nafarga yetdi, fan nomzodlari, falsafa doktorlari esa 3 baravarga oshdi.

Albatta, ayolning ilm-fan bilan shug‘ullanishi - bu oila uchun, jamiyat uchun, millat uchun yuksak sharaf!

Bir qiz bolaning o‘qimishli bo‘lishi – butun oilaning, jamiyatning o‘qimishli bo‘lishidir, degan hikmat, yorqin hayotiy ifodasini topmoqda.  

Ayol dono, hunarmand, tadbirli bo‘lsa – oilada ham, jamiyatda ham hamjihatlik, yuksalish bo‘ladi.

Mehr-muhabbat tuyg‘ulari mustahkamlanadi. Onaga, ayolga izdosh bo‘lgan farzandlar ham fidoyi bo‘lib kamolga yetadi.  

Jamiyatning qaysi bir bo‘g‘inida bo‘lsam, davlat va jamiyat qurilishi bo‘ladimi yoki ishlab chiqarish, fermerlik va tadbirkorlik, tibbiyot, taʼlim, fan va madaniyat sohasining rivojida, Siz aziz ayollarning munosib mehnatingiz, tashabbus va loyihalaringiz bor.

Yuksak davlat mukofoti, orden, medallarga sazovor bo‘lgan xotin-qizlar 375 nafar, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari 30 nafar, “Moʻtabar ayol” ko‘krak nishoni sohibalari soni 87 nafarga yetdi.

Bu yil ularning safiga 4 nafar yuksak davlat mukofoti bilan taqdirlangan opa-singillarimiz, 2 nafar Zulfiyaxonim izdoshi va 18 nafar “Moʻtabar ayol” ko‘krak nishoni bilan bilan taqdirlanganlar qo‘shildi.

Hurmatli bayram tadbiri qatnashchilari!

Joriy yilda ham xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib shart-sharoit yaratish borasida qator vazifalar oshiriladi.

Xususan, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlar yanada kuchaytiriladi.

Taʼlim va tibbiyot, axborot texnologiyalari sohasida natijador ishlayotgan xotin-qizlarning xorijda malaka oshirishiga eʼtibor qaratiladi.

Erta turmush, qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oldini olish bo‘yicha barcha resurslar safarbar etiladi. Ayollar salomatligi, sog‘lom farzand ko‘rishi, tug‘ruq intervaliga qatʼiy rioya qilinishi asosiy masalalardan biri bo‘lib qoladi.

Umidimiz nishonasi bo‘lgan qizlarimizni o‘qitish, kasb-hunar, ITga yo‘naltirish, kamida ikkita xorijiy tilni o‘rgatish ishlariga sarflanayotgan mablag‘lar ko‘paytiriladi.

Migratsiyadan qaytgan, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan yoki og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar bilan manzilli ishlash yo‘lga qo‘yiladi. Bunda, ko‘pni ko‘rgan, elda obro‘yi bor oqila ayollarimizning maʼrifatidan foydalaniladi;

Qaysi soha bo‘lmasin, qishloq xo‘jaligi, sanoat, ijtimoiy soha, tadbirkorlik yo‘nalishlarida mehnat qilayotgan opa-singillarimizning loyihalari faol qo‘llab-quvvatlanadi.  

Aziz opa-singillar! Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Yana bir bor, 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami bilan tabriklayman.

Oilangiz va el-yurtimiz baxtiga sog‘u salomat bo‘ling. Xonadoningizni tinchlik, xotirjamlik, fayzu baraka tark etmasin.

Bayramingiz muborak bo‘lsin!

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

07-03-2024 |
Foto galereya