Biz Qashqadaryoning ulkan imkoniyatlaridan ilm-fan, aniq rejalar asosida samarali foydalanib, elimizga manfaat keltiradigan katta natijalar sari intilyapmiz

Savol: Murotjon Berdialiyevich, suhbatimizni taraqqiyot uchun muhim ustunlardan biri sanaladigan maʼnaviyat va maʼrifat mavzusidan boshlasak. Binobarin, Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, "Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi maʼnaviyatdir".

Javob: Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti, uning ertasi bugunidan ham obod va farovon bo‘lishi haqida o‘ylagan har bir fuqaro davlat rahbari raisligida 2023-yil 22-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat  kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida aytilgan: "Biz bugungi keskin sharoitda g‘oyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyormizmi? Yosh avlodimiz tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob beryaptimi? Bular oddiy savollar emas. Odamni jiddiy o‘ylantiradigan, tashvishga soladigan savollar. Agar biz bu yorug‘ dunyoda “o‘zbek”, “o‘zbekistonlik”, “O‘zbekiston” degan nomlar bilan yashab qolishni istaydigan bo‘lsak, bu savollarga bugun javob topishimiz va ularni hal etish bo‘yicha amaliy harakatlarni aynan bugun boshlashimiz shart. Ertaga kech bo‘ladi", mazmunidagi chaqiriqdan sergak tortishi, uyg‘onishi, harakatga tushishi kerak.

Bu qanday bo‘ladi? Avvalo, ilm-maʼrifat, yuksak maʼnaviyat bizni har qanday murakkab sinovlardan olib chiqishini hisobga olib, ana shu yo‘nalishda boshlagan ishlarimizni yana-da kuchaytirishimiz shart. Zero, bu boradagi har bir tashabbus, ezgu g‘oya, albatta, kelgusidagi katta bir natija uchun zamin bo‘ladi.

Mana, misol uchun, viloyatimizda 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab, mahalliy byudjetdan  1 milliard so‘m mablag‘ ajratgan holda "Xorijiy til bilan ITga yo‘l" loyihasi yo‘lga qo‘yildi va 500 nafar qashqadaryolik yoshning 6 oy davomida o‘quv markazlarida ingliz tili va IT sohasi bo‘yicha o‘qish xarajatlari qoplab berildi. Bu bilan yuzlab, minglab o‘g‘il-qizlarimizga eng zamonaviy bilimlarni egallash uchun imkoniyat yaratildi. Ular endi o‘z kelajagini qurish bo‘yicha aniq maqsadga ega va shu yo‘nalishda qo‘llab-quvvatlovga erishganidan mamnun.

Bundan tashqari, oliygohlarda o‘qiyotgan yoshlarning tanlagan mutaxassisliklari bo‘yicha chuqur bilim olishlarini rag‘batlantirish maqsadida ilk bor Qashqadaryoda "Viloyat hokimi stipendiyasi" joriy etildi. Unga nomzodlarni saralab olishga oid nizom asosida 14 nafar g‘olibga har oy bazaviy hisoblash miqdorining  3 barobari miqdorida qo‘shimcha stipendiya to‘lanadi.

Albatta, bu kabi muhim saʼy-harakatlarning natijadorligi, o‘g‘il-qizlarimizning bilim darajasi reytingi yuqori bo‘lishi o‘qituvchilarning salohiyati bilan ham bevosita bog‘liq. 2023-yilda 1 ming 200 nafar o‘qituvchi taʼlim yo‘nalishidagi turli grant va sertifikatlar sohibi bo‘ldi. Joriy yilda ham ularning xorijda tajriba almashish, nufuzli taʼlim dargohlari, oliy taʼlim tashkilotlarida malaka oshirish harakatlari qo‘llab-quvvatlanadi. Dunyoning rivojlangan davlatlari bilan taʼlim sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga olib chiqiladi.

Teatrga tarbiya va maʼnaviyat o‘chog‘i deya taʼrif berishadi. Darhaqiqat, u har bir insonga hayotiy saboqlar beruvchi jonli vositadir. Yaqinda Qashqadaryo viloyati musiqali drama  teatrida sahnalashtirilgan va premyerasi bo‘lib o‘tgan "Abu Muin Nasafiy" spektakli ham teatrga berilgan ana shu tasnifni yana bir bor mustahkamladi.

Qayd etish joiz, "Tabsirat-ul adilla", "At-tamhiyd li qavoid at-tavhiyd", "Qasiydul qavoid fi ilmil aqoid", "Al-Ifsod li hadʼ  al-ilhod", "Manohij al-aimmati fil furuʼ", "Bahrul kalom" singari chuqur ilmiy tahlilga asoslangan, moturidiya taʼlimotining mohiyati ochib berilgan o‘nlab asarlari bilan musulmon  dunyosida shuhrat qozongan zot - Abu Muin Nasafiy ming yil avval jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashning o‘ziga xos namunasini ko‘rsatgan edi.

O‘tgan yil noyabrda zamon talablari darajasida yangidan bunyod etilgan binoga ko‘chib o‘tgan viloyat qo‘g‘irchoq teatri jamoasi ham bolajonlar uchun ibratli, tarbiyaviy ahamiyatga ega spektakllar namoyishini davom ettirmoqda. Yosh tomoshabinlar binoga kirib kelar ekan, dastlab milliy qahramonlar siymosi, xalq amaliy sanʼatining betakror namunalari, ko‘rgazmalar bilan tanishadi. 3D kinozali ham ishlab turibdi. Taʼlim maskanlari bilan yo‘lga qo‘yilgan yaxshi hamkorlik allaqachon yangi teatrni bolajonlarning sevimli maskaniga aylantirdi.

Shuningdek, barcha tuman va shaharlarimizda ishlab turgan maʼnaviyat maskanlari ham bugun yoshlar ko‘p to‘planadigan nuqtalardan biriga aylangan. Bu maskanlarda turli festival, marafonlar, kitobsevarlar tadbirlari va tanlovlar o‘tkazish orqali yoshlarning qiziqishlarini o‘rganish, ularning huquqiy savodxonligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilyapti.

Viloyat hokimi sovrini uchun ikki yildan buyon tashkil etib kelinayotgan fan olimpiadasi esa maktab bitiruvchilari o‘rtasida fanlarga bo‘lgan qiziqishni o‘stirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatli. Olimpiadada g‘oliblikni qo‘lga kiritgan to‘qqiz nafar 11-sinf o‘quvchisi Qarshi davlat universitetiga talabalikka imtihonsiz qabul qilingani unga bo‘lgan qiziqishni yana-da oshirdi.

Jadid bobolarimiz "Tilda, fikrda, ishda birlik!" g‘oyasi ostida birlashib, yoshlarni ilmli qilish, ular qalbida Vatanga, buyuk xalqimizga nisbatan mehr-muhabbat, sadoqat tuyg‘ularini shakllantirishga intilganlar. Bugun ham bu har birimiz, ayniqsa, ilm-fan vakillari, yozuvchi, shoirlar, jurnalistlar, ziyolilar, madaniyat va sanʼat xodimlari zimmasidagi oliy vazifadir. Zero, davlat rahbari uqtirganidek, "Bugun maʼnaviyat boshqa sohalardan o‘n qadam oldinda yurishi, maʼnaviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak".

Shunga muvofiq, yuqorida aytilganlardan tashqari, insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan baxshichilik sanʼatini rivojlantirish, shuningdek, milliy maqom sanʼatini yoshlarimizga keng o‘rgatish borasida viloyatimizda yillar davomida  shakllangan anʼanalar davom ettirilmoqda. Maʼrifatparvar jamiyatning qiyofasini yaratish, yoshlarning ilg‘or g‘oyalar ruhida tarbiyalash bo‘yicha yetuk maʼnaviyatchilar, ziyolilar, ilm-fan vakillari bilan hamkorlikda yangi-yangi loyihalar ustida ish olib borayapmiz.

Maʼnaviyat va maʼrifat insonni nafaqat komilikka, balki erkin va farovon turmushga yetaklovchi beqiyos kuch hamdir. Shunday ekan, maʼnaviy-maʼrifiy yo‘nalishda olib borayotgan ishlarimizni kengaytirish, samaradorligini oshirish borasidagi saʼy-harakatlarimizga soya solayotgan ayrim illatlar shakllanib qolayotgani kishi dilini xira torttiradi. Shuncha to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatilayotganiga, gapirilayotganiga qaramay, hali ham ortiqcha hoyu havasga berilib, topganini bir kunlik to‘y yoki bazm uchun sarflayotgan, qo‘sha-qo‘sha qozonda osh damlab isrofgarchilikka yo‘l qo‘yayotgan odamlar oramizda uchrab turibdi. Ota-onalar orasida o‘ylab topilgan eskicha qarash va udumlar qolipida yashab, xotin-qizlarni o‘qitish, oliy maʼlumotli, hunarli bo‘lishiga beeʼtibor qarayotganlar, afsuski, oramizda bor. Erta nikoh, qarindoshlar orasidagi nikohlar ortidan tug‘ilayotgan nogironligi bor go‘daklar, ajrimlar hamon ayrimlarning ko‘zini ochmadi. Shundaylar bilan ishlash maʼnaviy-maʼrifiy yo‘nalishda olib borayotgan kelgusi ishlarimiz davomida ham diqqat-markazida turadi.

Savol: Sir emas, globallashuv jarayoni hamda odamlar, ayniqsa, yosh avlodning qalbi va ongi uchun kurash kuchayib borayotgan o‘ta murakkab davrda yashayapmiz. Tinchlik va osoyishtalikni qadrlaydigan millat sifatida bugun biz yot taʼsirlarga qarshi tura olishimiz hayotiy zaruratga aylanmoqda. Bunda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaning o‘rni va ahamiyati tobora ortib borayapti.

Aytingchi, viloyatda bu yo‘nalishda olib borilayotgan saʼy-harakatlar, umuman, yoshlar tarbiyasi masalasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijalari qanday bo‘layapti?

Javob: Prezident, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida 12-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida "Bugungi kunda har birimiz amalda Vatan himoyachisi bo‘lishimiz, yoshlarimizni ham shu ruhda kamol toptirishimiz zarur"ligi uqtirilgan edi. Bu bejizga emas, globallashuv jarayonida yoshlarni o‘z tomoniga og‘dirib olishga intilayotgan turli yot guruhlar, kuch va to‘dalar ko‘payib borayotgani bor gap. Biz ular bilan bilvosita to‘qnash kelib turibmiz. Shukurki, yurtimiz tinch, harbiylarimiz o‘z vazifalarini munosib bajarayapti. Shunday ekan, qolganlarning qurol ko‘tarib Vatan himoyasiga otlanishining mavridi emas. Demak, ayni paytda asosiy eʼtiborimiz o‘g‘il-qizlarimizni ilm-fan, maʼnaviyat va maʼrifat, shuningdek, zamonaviy taʼlim bilan qurollantirishda, ularni jismonan sog‘lom, ruhan yetuk qilib tarbiyalashda bo‘lishi  kerak. Shuningdek, yoshlar ongida  vatanparvarlik, Vatanga muhabbat tuyg‘ularini kuchaytirishning ayni vaqti.  

Davlat - lashkarlaru fuqarolarning sadoqati va fidoyiligi bilan qudratlidir, degan buyuk bobomiz Amir Temur. Sadoqat va fidoyilikni kimdan o‘rganamiz? Albatta ota-ona, o‘zimizdan kattalardan, mahalla-ko‘ydan. 

Shunday ekan, mahallalarda istiqomat qilayotgan harbiylar va ularning oila aʼzolari, katta hayot tajribasiga ega faxriylar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi bilan hamkorlikda Qatag‘on qurbonlari muzeyida, “Vatanparvarlar” bog‘ida, "Temurbeklar maktabi" va harbiy qismlarda "Xalq va armiya - bir tanu bir jon!" tamoyili asosida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar o‘tkazilyapti.

"Yangi O‘zbekiston armiyasi - mamlakat qudrati, yuksak g‘urur va sadoqat timsolidir!" shiori ostida muntazam o‘tkazib kelinayotgan tadbirlarda yoshlar harbiy salohiyati va tajribasi, ilmi bilan qudratli mamlakat barpo etgan Amir Temur, vatanparvarligi bilan shuhrat qozongan Jaloliddin Manguberdi kabi millatimiz qahramonlari misolida o‘zligini  anglayapti. 

Yaqinda eʼlon qilingan "Biz - Sohibqiron izdoshlarimiz" ko‘rik-tanlovi asosida ham o‘ylaymanki, o‘g‘il-qizlarimiz Amir Temurning jasorati, mardligi, harbiy salohiyati va u tashkil etgan markazlashgan davlatning siyosiy, iqtisodiy, madaniy qudrati haqida kengroq o‘rganish bilan bir qatorda qanday buyuk zotlarning avlodlari ekanini teran his etadi.

Bizda bir holat bor: aksariyat tadbirlarda asosan intiluvchan, faol va talabchan yoshlar bilan ishlanadi, ularni tadbirlarga tez-tez taklif etish, turli tanlovlarda ishtirokini taʼminlash asosiy eʼtiborda bo‘ladi. Endi tarbiyasida muammosi bo‘lgan, alohida eʼtibor va rag‘batga muhtoj yoshlar bilan ishlash bo‘yicha qamrovni kengroq olishni boshladik. Sektor rahbarlari, tashkilot va muassasalar rahbarlari "og‘ir toifa"dagi yoshlarga biriktirildi. Ularning muammolari, orzu-umidlarini o‘rganish  orqali yoshlarni ezgu g‘oyalar atrofida birlashtiruvchi loyihalar ishlab chiqilyapti. Masalan, Nishon tumanida joylashgan harbiy qismda 100 nafar, Muborak tumanida joylashgan harbiy qismda 200 nafar uyushmagan hamda profilaktik hisobda turuvchi yoshlar bilan "Jasorat maktabi" harbiy-vatanparvarlik o‘quv yig‘inlari o‘tkazildi. Yig‘inda qatnashgan yoshlar bilan doimiy aloqa o‘rnatilgan bo‘lib, ularning hayotda munosib o‘rin egallashlariga har tomonlama ko‘maklashilmoqda.

Turli tadbirlar, harbiy xizmatchilarning oila aʼzolarini qo‘llab-quvvatlash, ular uchun yetarli shart-sharoit yaratish hamda tibbiy ko‘riklar tashkil etish, uy-joy bilan taʼminlash ishlariga viloyat harbiy-maʼmuriy sektorini rivojlantirish jamg‘armasidan 31 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. 

Yoshlarning bo‘sh vaqti - dushman uchun ish vaqti, degan gap bor. Eng yomon illat bu loqaydlikdir. Dunyo ko‘zdagi bir tomchi yoshdek qalqib turibdi. Bugungi globallashuv jarayonida turli ko‘rinishda uchrayotgan tahdidlarga qarshi ogohlik va o‘tkir fikr bilan javob berish muhim sanaladi. Davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuqori minbarida turib aytganidek, jahon miqyosida ishonch inqirozi kuzatilmoqda. Shunday pallada xalqimiz, millatimiz o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, vatanparvarlik bizni har qanday tahdidlardan saqlaydi.

Bir maqol bor: qush uyasida ko‘rganini qiladi. Shuning mohiyatida hammamiz uchun katta ibrat yotibdi. Biz - ota-onalar ham oilada farzandlarimizga xalqimizning turli davrlardagi jasoratlari, zaminimiz muqaddasligi, buyuk ajdodlarimizning hayot yo‘li, yon-atrofimizda ro‘y berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar haqida ko‘proq so‘zlab berishimiz kerak.

Savol: Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili 24-25-oktabr kunlari joylarda islohotlarning borishi, hududlar rivoji hamda aholi turmush tarzi bilan yaqindan tanishish maqsadida viloyatimizga tashrif buyurganida 2024-yil Qashqadaryo viloyatida "Maktab taʼlimi va tibbiyot yili" bo‘lishini alohida taʼkidlagandi. Bu boradagi rejalar qanday?

Javob: Nafaqat taʼlim va tibbiyot, muhtaram Prezidentimiz "Qashqadaryoda barcha sohalarda vaziyat tubdan o‘zgarishi shart, buning uchun viloyatda hamma imkoniyat bor. Hamma uyg‘onishi kerak", deya vazifa qo‘ygandi.

Alohida ko‘rsatilgan ikki sohada esa keyingi yillarda qo‘lga kiritilgan yutuqlar salmoqli. Avval sog‘liqni saqlash tizimi haqida to‘xtalsam, viloyatimiz shifokorlari Turkiya, Hindiston, Rossiya kabi davlatlar tibbiyotchilari bilan  doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Hududda nufuzli klinika va ilmiy-tadqiqot markazlarining filiallarini ochishga erishildi. Sohani chuqur isloh qilishga qaratilgan saʼy-harakatlar natijasida birgina o‘tgan yil davomida viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi Qashqadaryo filialida respublika mutaxassislari bilan birgalikda 10 nafar bemorda buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti amalga oshirildi. Ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari viloyat filiallarida 134 nafar bemorga endoprotez qo‘yish, 94 nafariga neyrojarrohlik, 240 nafariga oshqozon-hazm tizimi, 33 nafariga urologik, 791 nafariga oftalmologik, 2133 nafariga kardiojarrohlik yo‘nalishda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi.

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy markazi va Respublika endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo filiallari yaqinida Respublika ixtisoslashtirilgan Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hududiy filiali yangidan barpo etilgan zamonaviy binoda ish boshladi. Barcha bo‘limlari eng so‘nggi rusumdagi ilg‘or texnika va uskunalar bilan jihozlangan. Viloyatlar miqyosida hali bunday ulkan va zamonaviy tibbiyot markazi yo‘q, deyish mumkin.

Bilamiz, faqat yuqori texnologik tibbiy jihozlarning o‘zi bilangina ish bitmaydi. Ularni ishlata oladigan, amaliyotda mahorat bilan qo‘llaydigan tibbiy mutaxassislar kerak. Shunga ko‘ra, o‘tgan yilda viloyat mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan 52 nafar tibbiyot xodimi o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha xorijda malaka oshirishga yuborildi. Joriy yilda yana-da ko‘proq shifokorlarni tibbiyot sohasi rivojlangan mamlakatlarga tajriba almashish uchun yuborishni rejalashtirganmiz.

Barcha darajadagi tibbiyot muassasalarini ilg‘or texnika va uskunalar bilan taʼminlash  diqqat-eʼtiborimizda turibdi. Misol uchun, hamma tumanlarda shoshilinch qabul bo‘limi "Emergency Department" ochildi. Shahrisabz shahri, G‘uzor va Kasbi tumanlarida "Qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir yurak qon-tomir kasalliklari" markazlari tashkil qilindi va 33 milliard so‘mlik tibbiy uskunalar bilan jihozlandi. Xuddi shunday markaz Ko‘kdala tumanida ham ochilishi ko‘zda tutilgan.  

Prezidentimizning takliflari asosida har bir mahallaga 8-vakil sifatida tibbiyot xodimlari biriktirildi va bu mamlakatimizda "Qashqadaryo tajribasi" sifatida joriy etildi. Hozirgi kunda respublikada birinchi bo‘lib, viloyatdagi 900 nafar mahalla doyalari Belarus va Turkiya mutaxassislari tomonidan o‘qitildi va ularga xalqaro sertifikatlar berildi.

O‘rganishlar davomida oxirgi yillarda viloyatimizda nafas olish, ovqat hazm qilish aʼzolari, qon aylanish tizimi kasalliklari, moddalar almashinuvining buzilishi bilan bog‘liq kasalliklar sezilarli oshgani kuzatilmoqda. Baʼzi kasalliklarning yosharib borayotgani,  afsuski, bizni tashvishga solmoqda. Shu bois,  1 fevraldan viloyatimizda yana tibbiy xatlov tadbirlari boshlandi. Bu tadbirlar natijasida aniqlangan xavf guruhlari asosida ixtisoslashtirilgan xizmatni aniq yo‘naltirish imkoniyati tug‘iladi.

Taʼlimga kelsak, Yangi O‘zbekistonda o‘qituvchining mehnatiga jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida qarala boshladi. Yangilangan Konstitutsiyaga davlat o‘qituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilishi, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi belgilandi. Binobarin, bu taʼlim-tarbiya yo‘nalishida yuqori mavqega erishish uchun oldimizga turgan vazifalardan biri edi. Chunki, o‘qituvchining jamiyatdagi o‘rnini yuksaltirmay turib, undan yuqori natija talab qilish samarasiz bo‘lardi.

Mana, bugun viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 230 nafarga yaqin o‘qituvchi 1000 AQSH dollaridan ortiq maosh olayapti. Umumtaʼlim maktablarining 50 foiz o‘qituvchilari toifaga ega bo‘ldi. 655 nafar o‘qituvchi olis hududlarga borib ishlamoqda, ularga mehnat stajiga qarab 10 foizdan 50 foizgacha oyma-oy ustama to‘lab berilmoqda.

Shu bilan birga taʼlim muassasalarida o‘qituvchilarga samarali ishlash va o‘quvchilarga sifatli o‘qish uchun munosib shart-sharoitlar yaratishga katta eʼtibor qaratyapmiz. Xususan, 2023-yilda viloyatdagi 50 ta maktabda 39,1 milliard so‘mlik qurilish ishlari olib borildi. Buning evaziga minglab yangi o‘quvchi o‘rinlari yaratildi, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida 881 milliard so‘mlik, sport obyektlarida 2,6 milliard so‘mlik qurilish-taʼmirlash ishlari bajarildi.

Raqamlarda aks etganidek, 2017-yilda viloyatda atigi 326 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, bolalar qamrov darajasi ham shunga mutanosib - bor-yo‘g‘i   11 foizni tashkil etgan. Bugun bog‘chalar soni 10 karra ko‘paydi, qamrov darajasi esa 57,6 foizga yetdi. Bu aytishga oson fakt, lekin zamirida shu xalq uchun qilingan katta mehnat yotibdi.

Joriy yilda ham bu kabi ishlar jadal davom ettiriladi. Jumladan, 8 ta tumanda 2240 o‘rinli 17 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti binosida  qurilish-taʼmirlash ishlari yakuniga yetkaziladi. 30 ta maktabda 166,4 milliard so‘m mablag‘ hisobiga qurilish-taʼmirlash ishlari bajariladi.

Umuman, Qashqadaryoda taʼlim va tibbiyot sohasidagi islohotlar tizimli amalga oshirib borilmoqda. Prezident tashabbusi bilan 2024-yilning viloyatimizda "Maktab taʼlimi va tibbiyot yili", deb eʼlon qilinishi Qashqadaryoni shu ikki sohada namuna qilib ko‘rsatadigan darajaga olib chiqishga undov bo‘ldi. Shunga hamohang, inson qadri ulug‘langan yurtda  xalqimiz salomatligini saqlash, ilm-maʼrifatini yuksaltirish uchun qancha ishlash, izlanish kerak bo‘lsa, hammasini birgalikda uddalaymiz. 

Savol: XXI asr raqamli texnologiyalar asriga aylandi. Raqamlashtirish iqtisodiyot, xizmat ko‘rsatish, umuman, barcha sohalar uchun zamon talabi sifatida yuzaga chiqdi, IT bozori jadal rivojlanmoqda. 9-yanvarda qabul qilgan "Qashqadaryo viloyatida raqamlashtirish sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni amalga oshirish to‘g‘risida"gi qaroringiz ham shuni ifoda etadi. Undan kutilayotgan natijalarga to‘xtalsangiz.

Javob: Avvalambor aytish joizki, mazkur qaror Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tgan yil 20-dekabr kuni kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashga qaratilgan bo‘lib, unda qariyb 100 ming nafar yoshning kelgusi taqdiri qamrab olingan. Hujjatni qabul qilishda hududlarda raqamlashtirish sohasini yana-da rivojlantirib, tarmoqda ko‘rsatilayotgan xizmatlar va eksport hajmini sezilarli darajada oshirish hamda yoshlarni IT va xorijiy tillarga o‘qitish qamrovini kengaytirib, ularning kelajakda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, dunyoqarashi keng, raqobatdosh mutaxassislar etib shakllanishiga erishish kabi maqsadlar ko‘zlangan.

Kutilayotgan natijalar haqida aniq tasavvurga ega bo‘lishingiz uchun mo‘ljalimizdagi ayrim raqamlarni keltirib o‘taman. Joriy yilda   viloyatimizda ko‘rsatilgan IT-xizmatlar hajmi 300 milliard so‘mga, ularning eksporti esa 30 million dollarga yetkazilishi reja qilingan.

Yil davomida IT-parkning rezidentlari soni yana 60 taga oshib, qariyb  100 taga yaqinlashadi. "Bir million dasturchi" loyihasi doirasida 75 ming nafar maktab o‘quvchisi va 4 ming nafar talaba maxsus bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi, ayni paytda qashqadaryolik yoshlardan 300 nafari xalqaro professional IT-sertifikatlar olish imkonini beruvchi o‘quvlarga jalb qilinadi.

"Har bir mahallada kamida ikki nafar dasturchi" loyihasi bo‘yicha har bir shahar va tumanda o‘qitish manzillarini belgilab olganmiz,  u yerda 1 ming 600 nafar yigit va qiz Yoshlar  jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan IT texnologiyalar bo‘yicha o‘qitiladi.

Shu bilan birga, 2 ming 400 nafar maktab o‘quvchisi va 810 nafar talaba ingliz tiliga (so‘zlashuv - C1 darajasida), shuningdek, 700 nafar o‘quvchi va 220 nafar talaba nemis va   boshqa tillarga (B2 darajasida) chuqurlashtirilgan tarzda o‘qitiladi. Informatika fani bo‘yicha 5-8-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “maktab-tuman-viloyat” bosqichlarida olimpiadalar tashkil etilib, shu jarayonda eng iqtidorli 50 nafar o‘quvchi saralab olinadi va xalqaro olimpiadalarga maxsus dasturlar asosida tayyorlanadi.

Chekka hududlardagi yoshlarni IT sohasiga jalb qilish va o‘qitish maqsadida joriy yil  1-sentabrga qadar viloyatimiz tumanlarida ham Samarqand viloyati Nurobod tumanida tashkil etilgan IT-shaharchadek IT-shaharcha faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun zarur choralar ko‘riladi.  Qarshi va Shahrisabz shaharlarida salohiyatli tadbirkorlarni jalb etib, bittadan kibersport markazi ochishni mo‘ljallayapmiz.

Bundan tashqari, viloyatda mazkur tarmoqni rivojlantirish borasidagi ko‘pgina istiqbolli rejalarimiz bor. Kitob tumanida IT sohasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashgan universitet ochish va IT xizmatlar eksporti bilan shug‘ullanuvchi IT-klasteri   faoliyatini yo‘lga qo‘yish shular jumlasidan.

Savol: Qashqadaryoliklar yaxshi bilishadi, Siz aholi orasida ko‘p yurasiz, oddiy odamlar bilan muloqotdan qochmaysiz. Ular Sizga ko‘proq qaysi masalalarda murojaat etishmoqda, mahalliy davlat hokimiyati organlari "Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak" degan muhim konstitutsiyaviy tamoyilga qanchalik moslasha oldi?

Javob: Bugun xalqimizga xizmat qilishni istamagan yoki undan qochadigan masʼulga davlat idoralarida joy qolmadi. Viloyat hokimi sifatida men, barcha soha va mahalliy davlat idoralari rahbarlari Qashqadaryoning har bir fuqarosi o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashi uchun ularga munosib turmush sharoitlarini taʼminlab berishga burchli ekanimizni taʼkidlab o‘tmoqchiman. Buning uchun oldimizga aniq talab hamda vazifalar qo‘yilgan va ularning aksariyati aholi, oddiy odamlar bilan bo‘lgan muloqot mavzularini o‘zida ifoda etgani bilan ahamiyatli.

O‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi  Prezidentining virtual va xalq qabulxonalari orqali viloyat hokimligiga jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarni tahlil qilsak, uy-joy va yer, moddiy yordam va kredit ajratish, qurilish, ichki yo‘llar, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi taʼminoti, oqova suv, bandlik masalalari ko‘proq tilga olingan.

Shunga ko‘ra, taʼmirga muhtoj 2 ming 451 kilometr yo‘llar qurilishi va taʼmiri uchun byudjetdan 877 milliard 400 million so‘m mablag‘ ajratildi. 2 ming 327 kilometr umumfoydalanishdagi hamda ichki xo‘jalik yo‘llari va 12 ta ko‘prikda qurilish, taʼmirlash ishlari bajarildi. 805,4 kilometr ichimlik suvi quvurlari tortilib, 73 ta suv inshooti, 59 dona suv olish quduqlari qazildi, 54 dona suv ko‘tarish minorasi qurildi. Natijada o‘tgan yil yakuni bilan aholining markazlashgan ichimlik suv bilan taʼminlanganlik darajasi 51,6 foizdan 59,4 foizga yetkazildi.

Viloyatda elektr energiya taʼminotini yaxshilash maqsadida 1 ming 84,7 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari tortildi va 365 dona transformator punkti yangidan qurildi hamda 6 ming 552 dona temir-beton ustunlari o‘rnatildi. Shu orqali 250 dan ortiq mahallada yashovchi 110 mingdan ortiq aholi xonadonlari, 3 mingdan ortiq tadbirkorlik subyektlari va ijtimoiy soha obyektlarining elektr energiyasi taʼminoti barqarorligi va sifati yaxshilandi.

Barcha shahar va tumanlarimizda aholining ehtiyojmand qatlami uchun uy-joylar qurilishi davom etmoqda, tayyor bo‘lganlari muayyan imtiyozlar asosida yangi egalariga topshirilmoqda.

Albatta, ana shu kabi saʼy-harakatlar natijasida qashqadaryoliklardan davlat idoralariga bo‘layotgan murojaatlar soni keyingi yillarda kamayish tendensiyasiga o‘tdi. Biroq bu bizni xotirjam qilmasligi kerak. Shunga ko‘ra, joylardagi muammosi bor aholi vakillari bilan muloqotning eng yaxshi yo‘li - sayyor qabullar muntazamligini va ular odamlarimiz uchun manfaatli bo‘lishini taʼminlash qatʼiy nazoratga olingan. 

Sayyor qabullar, aholi bilan muloqotlar chog‘ida, ayniqsa, xotin-qizlardan tushadigan murojaatlarga alohida yondashuv zarur. Bu bilan rahbar xodimning jamiyatga munosabati, madaniyati, maʼrifati ham namoyon bo‘ladi. Men shunday fikrdaman. Chunki, ayolni rozi qilish, uning uchun yetarli shart-sharoit yaratish oilani mustahkamlaydi. Har bir xotin-qiz o‘tayotgan kunidan mamnun bo‘lib yashasa, u oilasiga, farzandlariga mehr beradi, hamma yerni gullatadi.

Har bir murojaat ortida kimningdir dardi, yechilmayotgan muammosi, inson o‘y-kechinmalari turibdi. Bejizga davlatimiz rahbari har bir fuqaroning taqdirini Vatan taqdiri deb bilmadi. U kishi tomonidan dunyoda andazasi bo‘lmagan "Ayollar daftari", "Yoshlar daftari", "Temir daftar"lari joriy qilinishi hisobiga ana shunday muammosi bor, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan aholi vakillari manzilli qo‘llab-quvvatlanmoqda. Shu asosda 55 ming 381 nafar fuqaroga 179 milliard 640 million so‘mlik turli ko‘rinishdagi yordamlar ko‘rsatildi.

Jumladan, "Ayollar daftari" bilan ishlash tizimi doirasida xotin-qizlarga 36 milliard 768 million so‘mlik yordamlar qilindi. 40 ming nafarga yaqin xotin-qizning bandligi taʼminlandi, 7 ming 231 nafardan ortiq ayol tadbirkorlikka o‘qitildi hamda 3 ming 485 nafariga 32,4 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratildi. 353 nafar I guruh nogironligi bo‘lgan xotin-qizning uy-joylari taʼmirlab berildi.

Siyosatchilardan biri yaqin besh-olti yil ichida yurtimizda qo‘lga kiritilgan yutuqlarning uchtasidan biri sifatida O‘zbekistonning "ochiq hukumatga" aylanganini eʼtirof etdi. Haqiqatda, bugun ochiqlik, oshkoralik. Hamma o‘z fikrini erkin bildirish orqali islohotlar ishtirokchisiga aylanishi mumkin. Shu asosda ish yuritilayotgani, muhim jihati - yirik rejalar, loyihalar xalqimizning fikr-munosabati hamda ishtiroki bilan amalga oshirilayotgani fikrimiz tasdig‘i bo‘ladi oladi.

Mana, "Ochiq byudjet" portalida yo‘lga qo‘yilgan "Tashabbusli byudjet" loyihasi orqali ham hamyurtlarimiz infratuzilmani yaxshilash, xiyobonlar, bolalar va sport maydonchalari, ichki yo‘llarni qurish, maktablarni taʼmirlash va jihozlash hamda boshqa masalalar bo‘yicha taklif kiritib, mahalliy byudjetning taqsimlanishida ishtirok etishmoqda. Qashqadaryoda mazkur loyihaning o‘tgan yilgi birinchi mavsumida g‘olib deb topilgan 261 ta taklif uchun 285 milliard so‘m yo‘naltirildi. "Mening yo‘lim" loyihasi bo‘yicha esa 33 ta mahallaning ichki yo‘llari taʼmiri uchun 42,4 milliard so‘m ajratildi. "Obod xonadon - obod ko‘cha - obod mahalla" mezonlari asosida eng chekka va olis hududlarda keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Xonadonlar xatlovdan o‘tkazilib, mavjud muammolar uyma-uy yurib o‘rganildi. Kam taʼminlangan, ehtiyojmand va boquvchisini yo‘qotgan oilalarga xonadonlarida mutasaddi tashkilotlarni jalb qilgan holda joriy va kapital taʼmir ishlari olib borildi. Yo‘llar asfaltlandi, lotok, ariq, kanal, kollektor-zovurlar tozalandi, suv inshootlari o‘rnatildi. Aholi bandligini taʼminlash, yangi ish o‘rinlari yaratish masalalari o‘rganilib, tibbiy ko‘rik, davlat xizmatlarini joyiga borib ko‘rsatish tashkil etildi.

Bundan endi davlat idoralari kimdandir murojaat bo‘lishini kutib o‘tirishdan aholi muammolarini o‘zlari izlab topib, bartaraf etish tizimida ishlashga o‘tayotganini anglash mumkin. Aslida ham bundan buyog‘iga shunday bo‘lishi kerak. Shunda "Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak" degan muhim konstitutsiyaviy tamoyil hayotimizda to‘la-to‘kis ifoda topadi.  

Savol: Maʼlumki, Qashqadaryoda agrar soha yetakchi tarmoqlardan biri sanaladi. Hudud haqida gap ketganda, albatta, viloyatning shu yo‘nalishdagi ko‘rsatkichlari tilga olinadi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini shu yerning o‘zida qayta ishlashni ko‘paytirishga ham alohida eʼtibor berilmoqda. Ana shunday pallada yildan-yilga kuchayib borayotgan suv tanqisligi muammosi xomashyo ishlab chiqarish surʼatiga taʼsir ko‘rsatmasligi uchun qanday choralar ko‘rilayapti?

Javob: Qishloq xo‘jaligi sohasi viloyatning asosiy tayanch tarmog‘laridan biri hisoblanadi, keyingi yillarda kuzatilayotgan tabiat qiyinchiliklariga qaramay, bog‘ va ekinlardan yuqori hosil olish doimiy maqsadimizga aylangan. Shunga muvofiq birgina o‘tgan yilda viloyat bo‘yicha jami 38 trillion 565,3 milliard so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilib, 40 million AQSH dollaridan ortiq hajmdagi mahsulotlarni eksport qilishga erishildi.

Viloyatda har yili o‘rtacha 420 ming tonna paxta yetishtirilsa, undan olinadigan tolani hududning o‘zida qayta ishlash darajasi 52,2 foizga yetkazildi. Ip kalava ishlab chiqarish 6 barobarga, tayyor mahsulot - 3,5 barobarga ortdi.

Albatta, bugun qishloq xo‘jaligi sohasida ilg‘or tajribalarga tayanilmasa, yildan-yilga kuchayib borayotgan suv tanqisligi hosildorlikka jiddiy xavf soladi. Bu ayniqsa qishloq xo‘jaligi yerlariga suv yetkazib berish tizimi murakkab bo‘lgan Qashqadaryo uchun ortiqcha muammolar tug‘dirishi mumkin. Shunday ekan, bog‘ va ekin maydonlariga suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etishga jiddiy kirishganmiz.

Bundan tashqari, viloyatimizdagi ko‘pgina  kanal va ariqlar beton qilinmagani sababli ular orqali yetkazib berilayotgan suvning  30-35 foizi hech qanday iqtisodiy samara bermasdan yo‘qotilib, isrof bo‘lmoqda. Ayniqsa, Koson, Nishon, Muborak, Mirishkor tumanlarida bu ko‘rsatkich 40 foizdan yuqori.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yili 29-noyabr kuni qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekistonda jami suv resursining 90 foizi qishloq xo‘jaligida sarflanayotgani taʼkidlangan edi. Masalan, aytilganidek, yurtimizda bir gektar paxta maydonini sug‘orish uchun yiliga 10-11 ming kub metr suv sarflangani holda, iqlimi va yeri biznikiga o‘xshash mamlakatlarda bundan 2-3 baravar kam suv ishlatilayapti. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatimizning betonlanmagan irrigatsiya tarmoqlarida yiliga o‘rtacha 14 milliard kub metr yoki 36 foiz suv hech qanday iqtisodiy samarasiz isrof bo‘layapti. Umuman, suv yo‘qotishlari oqibatida iqtisodiyotimizda yiliga 5 milliard dollar daromad boy berilayapti. Shu bois davlat rahbari suv xo‘jaligida "kanallarni betonlash bo‘yicha zarbdor yil" eʼlon qilgandi.

Shu yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash, tuproq o‘zanli irrigatsiya tizimlari va sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish orqali sug‘oriladigan yerlarning suv taʼminotini yaxshilash, kanal, ariqlarning foydali ish koeffitsiyentini oshirish, suv resurslarini tejash maqsadida alohida qaror qabul qilganmiz.

Unga ko‘ra, viloyatimizdagi 1 ming 800 kilometr ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish davom etmoqda. Jumladan, mart oyi oxirigacha  Qarshi tumanida 186 kilometr, Chiroqchida 165 kilometr, Mirishkorda 160 kilometr, Ko‘kdalada 158 kilometr va Kosonda 155 kilometr kanal va ariqlar beton qilinadi.

Shuningdek, magistral va xo‘jaliklararo irrigatsiya tarmoqlari hamda agroklaster, davlat-xususiy sherikchilik tashkilotlari, fermer xo‘jaliklari foydalanuvidagi xo‘jalik ichki sug‘orish tarmoqlarini tozalash, ushbu tarmoqlardagi gidrotexnika inshootlari va gidropostlarni, viloyat nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi va boshqa mulkdorlar tasarrufidagi nasos agregatlarini, sug‘orish quduqlarini taʼmirlash, fermer xo‘jaliklarining suv olish quloqlarini jihozlash, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha ham ishlarni davom ettiryapmiz.

O‘ylaymanki, bu saʼy-harakatlarimiz suv tanqisligi taʼsirini yumshatishga xizmat qilib, Qashqadaryo dehqon va bog‘bonlari qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil olishida qo‘l keladi. 

Savol: Bugun iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish dunyo afkor ommasi diqqat markazidagi dolzarb muammoga aylangani hech kimga sir emas. Shu bois, keyingi o‘n yillikda “yashil” taraqqiyotga intilish, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish masalalari global miqyosda kun tartibiga chiqdi. Qashqadaryo misolida mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarni ko‘rsatib o‘tsangiz.

Javob: Olimlar, ekofaollar dunyo davlatlarini iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish uchun qazib olinadigan yoqilg‘i turidan tezroq voz kechish va yashil hududlarni kengaytirish, o‘rmonlarni saqlab qolishga chaqirmoqda. Mamlakatimiz ham bu chaqiriqlarga xayrixoh va hududlarda "yashil energiya" salmog‘ini oshirish, bog‘lar, o‘rmonlar, ko‘kalamzor maydonlar tashkil qilish ishlari jadal davom etmoqda.

Qashqadaryoliklar yaxshi xabardor, o‘tgan yili 19-may kuni Nishon tumanida "China Gezhouba Group Investment Company" Co. LTD" (Xitoy) kompaniyasi tomonidan qiymati 400 million dollar, quvvati esa 500 megavattga teng quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishiga start berildi. 1000 gektardan ortiq maydonda barpo etilayotgan bu quyosh fotoelektr stansiyasini ikki bosqichda ishga tushirish mo‘ljallangan. Dastlabki bosqichda o‘tgan yilning oxirida 200 MVt quvvati foydalanishga topshirildi, buning natijasida tarmoqqa 42 million kVt-soat elektr energiyasi yetkazib berish imkoniyati yaratildi. Yana 300 MVt quvvati joriy yilda ishga tushiriladi.

2023-yil 24-iyul kuni esa Nishon tumanida joylashgan yirik energetik obyekt - "Talimarjon IES"da umumiy quvvati 1065 MVt bo‘lgan  navbatdagi ikkita bug‘-gaz qurilmasini bunyod etish ishlari boshlandi. Loyihaning bosh pudratchisi - Ispaniyaning "Intecsa Ingeniera Industrial S.A." va Yaponiyaning "Mitsubishi Corporation" kompaniyalari konsorsiumidir. Umumiy qiymati 771,8 million dollarga teng bu keng qamrovli ishlarni 2025 yil yakuniga qadar yakunlash reja qilingan. Ularning ro‘yobga chiqarilishi natijasida Talimarjon IES tomonidan yiliga qo‘shimcha 8,5 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi, eng muhimi, atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar 1500 tonnaga kamayadi hamda 112 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Shuningdek, o‘tgan yili vohamizdagi 3 ming 450 ta aholi xonadoniga jami 10,2 MVt quvvatli quyosh panellari o‘rnatilishi boshlangan. Xususan, 64 nafar sektor rahbari, 1 ming 232 nafar viloyat va tuman tashkilotlari rahbari, 547 nafar yirik tadbirkor xonadonlariga o‘z mablag‘lari, "Temir daftar"ga kiritilgan 1 ming 607 ta oila uylariga mahalliy byudjet hisobidan shu turdagi muqobil energiya manbalari qurilmalari o‘rnatilmoqda.

Taʼkidlab o‘tish joiz, 2022-yilda 20-milliard so‘m mablag‘ evaziga viloyatdagi 177 ta obyektda quyosh panellari hamda 371 ta obyektda quyosh suv isitish uskunalari o‘rnatildi. Natijada umumfoydalanishdagi tarmoqlardan olinadigan 8 million 700 ming kVt elektr energiyasi iqtisod qilinib, muqobil energiya manbalariga ega subyektlarning 3 milliard 900 million so‘m mablag‘ini tejash imkoniyati yaratildi. Jumladan, 900 million so‘mga viloyat hokimligi binosida o‘rnatilgan quvvati 70 kVt/soatga teng quyosh panellari ham tez orada o‘z samaradorligini ko‘rsatdi.  

Sir emas, butun dunyo miqyosida, xususan, mamlakatimizda ham elektr energiyasiga bo‘lgan talab keskin o‘sib bormoqda. Birgina viloyatimiz misolida oladigan bo‘lsak, so‘nggi besh yilda xonadonlar soni 160 mingtaga ko‘paydi, korxonalar soni 29 mingtadan 42 mingtaga yetdi. Ularning umumfoydalanishdagi elektr tarmoqlariga ulanishi o‘z-o‘zidan quvvat ishlab chiqarishga bo‘lgan talabni keskin oshirib yubordi. Bu holat isteʼmol darajasi keskin ko‘tariladigan kuz-qish oylarida taqchillikka sabab bo‘layotganini ham hech kim inkor etmaydi va vaziyatni yumshatishning eng maqbul yo‘li qayta tiklanuvchi hamda ekologik toza muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish ekanligini dunyo tajribasi yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, joriy yilda jahonda ishlab chiqariladigan quyosh energiyasi 1 million MVtdan oshishi kutilmoqda. Bu borada Xitoy, AQSH, Yaponiya, Germaniya va Hindiston kabi davlatlar yetakchi. Vaholanki, yaponlarda o‘rtacha 167 kun, nemislarda esa 136 kun quyoshli bo‘ladi. Bizda esa quyosh yilning kamida 300 kunida nur sochib turadi. Ana shunday tabiiy-iqlim sharoitida quyoshdan elektr energiyasi olish darajasi bizda umumiy ishlab chiqarish hajmiga nisbatan juda past qolayotgani va hozirda isteʼmolning katta qismini qoplab kelayotgan issiqlik elektr stansiyalari uchun sarflanadigan yoqilg‘i zaxiralari abadiy emasligi, iqlim o‘zgarishi muammolari bu yo‘nalishda ham ildam qadamlar tashlash vaqti kelganini ko‘rsatib turibdi.  

Shunga muvofiq, o‘tgan yilda hududdagi obyektlarda umumiy ishlab chiqarish hajmi 69,3 MVt bo‘lgan kichik quvvatli quyosh panellarini o‘rnatish orqali bir yilda qo‘shimcha 77,4 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarishni taʼminlash bo‘yicha vazifalar belgilab olingan edi.

Yaʼni, bunda yuqorida aytilgan 3 ming 450 ta aholi xonadonidan tashqari, 495 ta ijtimoiy soha va boshqa byudjet tashkilotlari, ustav fondida 51 foizdan ortiq davlat ulushi mavjud 495 ta korxona, 3 mingdan ortiq tadbirkorlik subyektlari obyektlarida quyosh panellari o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Albatta, ana shu ishlarni oxiriga yetkazamiz va yangi rejalar bo‘yicha ishlaymiz.

Iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, ekologik vaziyatni yaxshilash masalasidagi yana bir muhim yo‘nalish - yashil hududlarni saqlash hamda kengaytirish hisoblanadi va bu transchegaraviy garmsel shamollari, chang, qum bo‘ronlari kuzatilib turadigan Qashqadaryo uchun juda zarur.

Shuni to‘la his qilgan holda 2021-yil kuz mavsumidan buyon "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida viloyatimiz bo‘ylab 40 million tupga yaqin mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi, 68 gektar yer maydonida “Yashil   bog‘lar”, 66 gektar yer maydonida "Yashil jamoat parklari" hamda viloyatimizdagi sanoat korxonalari tomonidan 193 gektar yer maydonida "Yashil belbog‘lar" tashkil etildi.

Bundan tashqari, viloyatning tuman va shaharlarini bir-biriga bog‘lovchi avtomobil yo‘llari yoqasida yaqin uch yil davomida 600 ming tup ihota daraxtzorlari ekilib, ularning 60 foizi tomchilatib sug‘orish tizimi bilan taʼminlandi. Misol uchun, Qarshi-Ko‘kdala, Yettitom yo‘lining chap va o‘ng tarafida 20 kilometr, G‘uzor-Samarqand yo‘lida 6 kilometr, mahalliy yo‘llar atrofidagi 15 kilometr masofada ekilgan daraxtlarni sug‘orish uchun tomchilatib sug‘orish tizimi barpo etildi. Qarshi-Qamashi yo‘nalishidagi yo‘lning chap va o‘ng tomonidagi Qarshi tumani hududida 10 ta 5 tonnalik hovuzlar o‘rnatilib, 10 kilometr yo‘l yoqasida ekilgan daraxtlarni tomchilatib sug‘orish ishlari yo‘lga qo‘yildi.

Muborak, Mirishkor va Nishon tumanlarining Turkmaniston Respublikasi bilan chegaradosh hududlarida 5000 gektar yer maydonida saksovul urug‘lari ekildi. 

Ushbu ishlarni izchil davom ettirish maqsadida "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida viloyatimiz hududlarida har yili   17 million tup, jumladan, 2024-2026-yillar davomida 51 million tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish bo‘yicha prognoz rejamizni belgilab olganmiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga asosan 2024-yildan boshlab har yili davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan "Yashil bog‘lar" va "Yashil jamoat parklari"ni tashkil etish uchun "Ochiq byudjet" axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida "Mening bog‘im" loyihalari moliyalashtiriladi. Shuningdek, "Eng yashil mahalla" tanlovi o‘tkazilishi va tanlov natijalari bo‘yicha g‘olib bo‘lgan 14 ta mahallaga Ekologiya jamg‘armasi hisobidan mahallaning tegishli  jamg‘armasiga daraxtlar ekish va sug‘orish, "Yashil jamoat parki"ni yaratishga jami 500 million so‘mdan pul mablag‘lari o‘tkazib berish, o‘zini o‘zi boshqarish organlariga xizmatda foydalanish uchun bittadan elektromobil xarid qilish belgilab qo‘yilgan.

Bu vazifalar ijrosini taʼminlash, kelajak avlod oldidagi burchimizni chuqur his qilgan holda, "Yashil makon" loyihasini umumxalq milliy harakatiga aylantirib, har bir oila bunga hissa qo‘shsa, xususan, har bir qashqadaryolik boshlangan bahorgi ko‘chat ekish mavsumida tashabbus ko‘rsatib, faol ishtirok etsa, nur ustiga nur bo‘lardi. 

Savol: Tashqi savdo aylanmasida ko‘p yillar import hajmi eksportdan ustunlik qilib kelgan Qashqadaryo oxirgi ikki yilda bu borada ijobiy saldo qayd etdi. Albatta, bu yutuq viloyatda amalga oshirilayotgan tadbirkorlik va biznesni qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalarni jalb qilish va to‘g‘ri yo‘naltirish sohasidagi ishlar samaradorligini ham o‘zida ifoda etadi, shunday emasmi?

Javob: To‘g‘ri, 2023-yilda viloyatimiz tashqi savdo aylanmasi hajmi 34,9 foizga ko‘payib, 735,6 million dollarga teng bo‘ldi. Import hajmi 26,7 foizga, eksport hajmi esa 41,5 foizga o‘sdi. Tashqi savdo aylanmasi ijobiy saldosi, yaʼni eksportning importdan ustunligi 116,6 million dollarni tashkil etdi. Vaholanki, 2022 yilda bu raqam atigi 56,8 million dollarga teng bo‘lgan, unga qadar esa 10 yil davomida Qashqadaryoda eksport va import o‘rtasida faqat manfiy tafovut qayd etilgan.

Eksport yo‘nalishiga alohida to‘xtaladigan bo‘lsak, biz 2023-yilda xorijiy hamkorlarga jami 426,1 million dollar, yaʼni oldingi yilga nisbatan 125 million dollarga ko‘proq hajmda tovarlar yetkazib berganmiz va xizmatlar ko‘rsatganmiz. Eng ko‘p eksport Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy Xalq Respublikasi, Pokiston va Amerika Qo‘shma Shtatlariga amalga oshirilgan.

2023-yilda eksport geografiyasini kengaytirib, birinchi marotaba Venesuela, Jazoir, Kolumbiya, Marokash, Tunis, Estoniya kabi davlatlar bozoriga mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘ydik. Buning natijasida o‘tgan yil davomida Qashqadaryo tovar va xizmatlari yetkazib berilgan mamlakatlar soni 50 tadan oshdi. Bundan tashqari, 15 dan ortiq yangi korxonalar eksport faoliyatiga jalb etildi, 12 ta yangi turdagi mahsulotlar eksportga chiqarildi va eksportbop mahsulotlar soni 150 turga yetkazildi.

Albatta, bu borada hurmatli Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlikka berilayotgan keng imkoniyatlar va biznesning qo‘llab-quvvatlanishi o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatmoqda. Birgina 2023-yil misolida gapiradigan bo‘lsak, o‘tgan yilning o‘zida viloyatga qariyb 380 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etildi. Yoki tadbirkorlikka tijorat banklari tomonidan 4,6 trillion so‘m bank kreditlari  ajratildi.

Bundan tashqari, 2023-yilda 6 mingga yaqin yangi kichik tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik subyektlari soni qariyb 28 mingtaga yetkazildi. Kitob tumanida "Qarshi konch sement" xorijiy korxonasi tomonidan qiymati 15 million dollarlik issiqlik bug‘idan elektr energiya ishlab chiqarish, Yakkabog‘ tumanida "Rus dost tekstil" korxonasi tomonidan qiymati 10 million dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, Qarshi shahrida "Alp texno servis" korxonasi tomonidan qiymati 4 million dollarlik televizorlar ishlab chiqarish loyihalari ishga tushirildi. Bundan tashqari, umumiy qiymati 485 million dollarlik 1,3 mingta o‘rta va kichik loyihalar amalga oshirilib, 15,5 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.

Xitoy Xalq Respublikasining Anxoy va Szyansu provinsiyalari bilan yaqindan do‘stona aloqalarni o‘rnatdik. Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida xalqaro forumda ishtirok etdik va Perm o‘lkasi, Nijniy Novgorod viloyatlariga amaliy tashriflarni tashkil etdik. Bunda, Xitoyning Anxoy va Szyansu provinsiyalari bilan o‘zaro hamkorlikda 352 million dollar, Rossiyaning Qozon shahridagi biznes-forumda 337 million dollar hajmdagi kelishuvlar imzolanib, investorlar bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi.

2024-yilda Qashqadaryoda umumiy qiymati 4 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan 36 ta yirik va ahamiyatli loyihalarni amalga oshirib, yil davomida 1 milliard dollar investitsiyalarni o‘zlashtirishni rejalashtirganmiz.

Masalan, Kitob tumanida Avstriyaning "Lassensberger Group" kompaniyasi bilan qiymati 35 million dollarlik mikrokalsitni qayta ishlab, qurilish materiallari tayyorlash loyihasi bo‘yicha ishlar boshlanadi. Qamashi tumanida ozarbayjonlik investorlar bilan hamkorlikda “Matanat” korxonasida 20 million    dollarlik gips va gipsokarton ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Xalqaro hamkorlik sohasida aniq reja asosida kelgusi ishlarimizni belgilab olganmiz. Mana, joriy  yilning dastlabki oyida Xitoy Xalq Respublikasiga tashriflarni tashkil etib, aloqalarni yana-da rivojlantirish bo‘yicha ishlarni boshlab yubordik.

Savol: Tan olish kerak, turizm Qashqadaryoda iqtisodiyotning muhim tarmog‘iga aylanib bormoqda. Viloyatda sohani rivojlantirish uchun qator yirik va jozibador loyihalar amalga oshirilayotir. Jumladan, “Shahrisabz” va "Maydanak baland tog‘" turistik markazlari ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda, shundaymi?

Javob: Albatta, yurtimizda va xususan, Qashqadaryoda ham sayyohlarni o‘ziga ohanrabodek tortadigan hudud va maskanlar talaygina. Davlatimiz rahbarining o‘tgan yil 28-noyabrdagi qaroriga asosan Shahrisabz va Qamashi tumanlarida tashkil etilayotgan turistik markazlari ham shunday noyob hududlar sirasiga kiradi, hujjatda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida esa ularning mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun jozibadorligi yana-da oshishi tabiiy.

Zero, Shahrisabz tumanining Miraki, Amir Temur, Uloch va Polmon mahallalari hududidagi umumiy maydoni 240 gektar bo‘lgan yer uchastkasida joylashgan “Shahrisabz” turistik markazida rivojlangan davlatlar tajribasiga tayanib ishlab chiqilgan master-reja asosida zamonaviy xizmat ko‘rsatish majmualari va turizm infratuzilmasi obyektlari, jumladan, mehmonxonalar, mehmon uylari, sog‘lomlashtirish va savdo-ko‘ngilochar maskanlari barpo etilmoqda.

Xuddi shu tarzda Qamashi tumanining Katta o‘ra mahallasi hududidagi umumiy maydoni 58,6 gektar bo‘lgan yer uchastkasida ham "Maydanak baland tog‘" turistik markazi, yaʼni mehmonxona, sog‘lomlashtirish sanatoriysi, umumiy ovqatlanish obyektlari, dor yo‘llari, tog‘-chang‘i kompleksi va boshqa turistik ahamiyatga ega obyektlardan iborat majmua qurilishi boshlandi. Ushbu turistik markazlarni rivojlantirish va boshqarish uchun Prezident qaroriga asosan o‘tgan yilning oxirida viloyat hokimligi huzurida Qashqadaryo viloyatida turizm infratuzilmasini rivojlantirish va boshqarish departamenti tashkil etilib, Shahrisabz tumanida joylashtirildi. Bugungi kunda “Shahrisabz” va "Maydanak baland tog‘" turistik markazlari hududida keng qamrovli ishlar davom ettirilmoqda.

Eʼtiborli tomoni, hozirgi paytda Prezident topshirig‘iga asosan viloyatimiz mutaxassislari tomonidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi va Turizm qo‘mitasi bilan birgalikda Kitob tumani Qaynar mahalla fuqarolar yig‘ini hududida ham zamonaviy mehmonxona, servis va xizmat ko‘rsatish majmualaridan iborat turistik markaz barpo etishga qaratilgan master-reja ishlab chiqilmoqda.

Maʼlumki, Prezidentning o‘tgan yil 28-noyabrdagi qarori bilan, shuningdek, 2024-yil 1-martdan boshlab “Shahrisabz” aeroportiga parvozlarni tashkillashtirish vazifasi ham qo‘yilgan va bu boradagi tayyorgarlik ishlari jadal ketyapti. “Qarshi” xalqaro aeroportidan ichki va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirilayotgan parvozlarning ko‘payishi ham Qashqadaryoga tashrif buyuradigan mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun qo‘shimcha qo‘layliklar yaratadi.

Xabaringiz bor: joriy yil 12-yanvar kuni davlatimiz rahbari "Respublikaga xorijiy turistlar oqimini keskin oshirish hamda ichki turizmni yana-da jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonga imzo chekib, ayni paytda yurtimizda to‘siqsiz turizm infratuzilmasi va ekologik turizmni rivojlantirish, xorijiy davlatlarda O‘zbekiston tarixi va madaniyati, o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishni keng targ‘ib qilish orqali chet ellik sayyohlar sonini ko‘paytirish va mamlakatimiz nufuzini yana-da oshirishga qaratilgan bir qator qarorlar qabul qildi. Ushbu muhim hujjatlarning ijrosi doirasida viloyatimizda ham ko‘plab ishlar bajariladi. Masalan, Qarshi va Shahrisabz shaharlarida zamonaviy mehmonxonalar va savdo-ko‘ngilochar majmualardan iborat bo‘lgan turizm markazlari va yirik savdo komplekslari barpo qilinadi, Hisor davlat qo‘riqxonasi bufer zonasi hamda Hisor va Dehqonobod davlat o‘rmon xo‘jaliklarida ekoturizm xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi, Shahrisabz, Kitob va Qamashi tumanlarida zamonaviy talablar asosida dor yo‘llari quriladi, Dehqonobod tumanidagi Xo‘jaipok va Konsoyko‘l suv havzalari hamda Qarshi shahridagi “Delfin” maskanida plyaj va suvda dam olish turizm xizmatlari tashkil etiladi, ko‘plab madaniy meros va konsert-tomosha obyektlari, muzeylarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘siqsiz turizm infratuzilmasi rivojlantiriladi.

O‘ylaymanki, viloyatda turizm sohasida amalga oshirilayotgan shu va yana bir qator istiqbolli loyihalar Qashqadaryoning to‘rt faslda ham sayyohlarni munosib kutib olishga qodir hudud sifatida yana-da tanilishi va vohaga tashrif buyuradigan turistlar oqimining kengayishi, shuningdek, tarmoqda band bo‘lgan fuqarolar soni ko‘payishi va ularning turmush farovonligi oshishiga xizmat qiladi.

Savol: Qashqadaryo mamlakatimizning har jabhada ulkan imkoniyatlarga ega viloyatlaridan biri sifatida tilga olinadi. Shunday ekan, bu salohiyatdan to‘laqonli foydalanish borasida oldimizda qanday ustuvor vazifalar turibdi?

Javob: Suhbat davomida biz turli sohalarda oldimizda turgan ko‘plab muhim maqsad va ustuvor vazifalar haqida batafsil so‘z yuritdik. Ularning barchasini umumlashtiradigan bo‘lsak, hozirgi paytda asosiy maqsadimiz viloyatning mavjud ijtimoiy-iqtisodiy, shu jumladan, ishlab chiqarish va investitsiya salohiyatidan samarali foydalanib, hududda muhandislik-kommunikatsiya, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmalarini yaxshilash, iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror rivojlantirish va shu asosda aholi bandligini taʼminlab, turmush darajasini oshirishdan iboratdir. O‘tgan yili 14-dekabrda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan vohamiz taraqqiyotiga xizmat qiladigan navbatdagi meʼyoriy-huquqiy hujjat - "Qashqadaryo viloyatini 2024-2025-yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaror aynan shu maqsadga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatli. Bu hujjatda, jumladan, 2024-2025-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilab berilgan bo‘lib, ularga ko‘ra, Qashqadaryoda ko‘rsatilgan yillarda yalpi hududiy mahsulot hajmi tegishlicha - 5,8 foizga va 6 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi - 8 foizga va 8,5 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hajmi - 4,5 foizga va 5 foizga, bozor xizmatlari hajmi - 14 foizga va 15 foizga o‘sishi, shuningdek, 550 ming va 600 ming nafar aholining bandligini taʼminlashimiz zarur.

Bundan tashqari, 2024-yilda respublika byudjetidan 100 milliard so‘m ajratish hisobiga viloyatimiz hududida 90 kilometr, 2024-2026-yillarda xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlatlar mablag‘lari hisobidan 316 kilometr, jami 406 kilometr kanallar betonlashtirilishi mo‘ljallanib, yaqin ikki yil ichida vohamizdagi sug‘oriladigan yer maydonlarini lazerli tekislash natijasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda unumdorlikni 20 foizga oshirish rejalashtirilgan. Umumiy foydalanishdagi va ichki avtomobil yo‘llarini taʼmirlash uchun 2024-yilda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan 220 milliard so‘m ajratilib, 2024-2026-yillarda xalqaro moliya tashkilotlaridan 122,5 million AQSH dollari jalb qilinadi. Shuning evaziga jami 364 kilometr (shundan 189 kilometr umumiy foydalanishdagi va 175 kilometr ichki) avtomobil yo‘llarining holati tubdan yaxshilanadi.

Shu bilan birga joriy yilda respublika byudjetidan 52 milliard so‘m ajratish hamda  xalqaro moliya tashkilotlaridan 31 million AQSH dollarini jalb qilish hisobiga jami 321 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari va 18 ta suv inshootini qurish orqali markazlashgan ichimlik suvi taʼminoti qamrovi 73,6 foizga yetkaziladi.

Qarorda, tabiiyki, yuqorida aytib o‘tganimizdek, Prezident tashabbusi asosida 2024-yilning Qashqadaryo viloyatida "Maktab taʼlimi va tibbiyot yili" deb eʼlon qilinishi bilan bog‘liq zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi ham qo‘yilgan.

Turizm yo‘nalishida rejalashtirilayotgan loyihalarni moliyalashtirish uchun viloyatga esa 500 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya mablag‘larini jalb etish hisobiga joriy yilning o‘zida 4 million nafar mahalliy hamda 500 ming nafar xorijiy turist tashrifini tashkil etish mo‘ljal qilingan.

Bunday natijalarga erishish uchun bir qator muhim chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda. Masalan, joriy yilda Qashqadaryo viloyatidagi Bo‘ynoqsoy, Sevaz, Qalqama, Mang‘it, Qorabuloq kabi 13 ta noruda foydali qazilma konlari joylashgan yer maydonlariga bo‘lgan huquqlarni auksion savdolariga chiqarish grafigi tasdiqlandi. Qamashi va G‘uzor tumanlaridagi 25 ming gektar sug‘oriladigan yer maydonlarining suv taʼminotini yaxshilash maqsadida  Paxtaobod kanalini modernizatsiya qilishga Jahon bankidan zarur mablag‘larni jalb qilish bo‘yicha tegishli vazirliklar oldiga muzokaralar va tadbirlarni amalga oshirish vazifasi qo‘yildi. Qishloq xo‘jaligi yerlarida tuproqning ozuqa moddalari bilan taʼminlanganlik darajasini aniqlash maqsadida esa 2024-yilda qo‘shimcha ravishda 10 ta mobil laboratoriya faoliyatini tashkil qilib, 150 ming gektarda tuproqning agrokimyoviy tahlili xaritasini ishlab chiqish va uning yerdan foydalanuvchilarga yetkazib berilishini taʼminlash topshirig‘ini olganmiz.

Qarorga asosan joriy etiladigan yana bir yangilik viloyatimiz hokimligi huzurida 10 ta shtat birligidan iborat Sanoatni rivojlantirish loyiha ofisi tashkil qilinishidir. Davlatimiz rahbari tomonidan mazkur tuzilma zimmasiga bir qator vazifalar yuklatilgan ekan, ularni bajarish chog‘ida ushbu loyiha ofisi sanoat sohasida foydalanilmayotgan zaxiralarni aniqlash va ularni safarbar etishni nazarda tutuvchi sanoatning jadal rivojlanishi konsepsiyasini ishlab chiqib, Qashqadaryoning har bir hududini o‘zaro uzviy holda rivojlantirish  orqali viloyatni respublikada sanoati rivojlangan hududga aylantirish choralarini ko‘radi. Ayni paytda zamonaviy konstruktorlik va  tajriba byurolariga ega bo‘lgan "Ildam rivojlanuvchi innovatsion sanoat zonalari"ni barpo etib, innovatsion va yuqori texnologiyali sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etadi.

Mazkur tadbirlar amalga oshirilishi uchun zarur tajribaga ega bo‘lgan nufuzli xalqaro konsalting kompaniyasini jalb qilamiz. Ushbu kompaniya, o‘z navbatida, "Ildam rivojlanuvchi innovatsion sanoat zonasi"ni tashkil etish konsepsiyasi yoki master-rejasini ishlab chiqadi. Bu maqsadlar uchun respublika byudjetidan 10 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Sirasini aytganda, davlatimiz rahbarining yuqorida nomi keltirilgan qarori Qashqadaryo viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha Prezident va hukumat tomonidan avval qabul qilingan bir qator meʼyoriy-huquqiy hujjatlarning mantiqiy davomi bo‘lib, unda vohamizning yaqin ikki yil ichidagi yuksalishining asosiy yo‘nalishlari belgilangan va aholining turmush farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadigan ko‘plab chora-tadbirlar jamlangan.

Shu o‘rinda viloyatning sanoat tarmoqlarida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ham qisqacha aytib o‘tsam. Biz hududiy sanoat tarmoqlarini rivojlantirishni 3 toifaga bo‘lib, har bir sanoat yo‘nalishi bo‘yicha alohida oldimizga aniq vazifalar belgilab olganmiz.

Birinchi yo‘nalishda qamrab olingan - to‘qimachilik, qurilish materiallari, yog‘-moy sanoati, un va un mahsulotlari ishlab chiqarish sohalari viloyatimizda ancha rivojlangan tarmoqlar hisoblanadi. Biz endi bu sohalarda mahsulotlarni chuqur qayta ishlash va yangi mahsulot turlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ustida ishlaymiz. To‘qimachilik tarmog‘i yaxshi rivojlangan Qarshi va Shahrisabz shaharlari hamda Qarshi, Koson, Yakkabog‘ tumanlarida keyingi bosqichlarda matoni bo‘yash, tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarini brendlashtirish bo‘yicha faoliyat olib boriladi. Qurilish materiallari tarmog‘ida Kitob, Dehqonobod tumanlarida mavjud tabiiy xomashyolarni chuqur qayta ishlash yo‘lga qo‘yilmoqda.

Ikkinchi yo‘nalish bo‘yicha rivojlanayotgan tarmoqlar sifatida elektrotexnika, oziq-ovqat, charm-poyabzal, chinni mahsulotlari ishlab chiqarish, gilamchilik, zargarlik, mebelsozlik, qog‘oz sanoati, kimyo va farmatsevtika tarmoqlarida alohida chora-tadbirlar belgilab, ishlar olib boryapmiz. Misol uchun, elektrotexnika   sanoatida 2023-yilning o‘zida 18 million  dollarlik 7 ta loyiha ishga tushirilgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkichni 5 barobarga oshirib, 101 million dollarlik 18 ta loyiha ishga tushiriladi. Kimyo  sanoatida 2023-yilda hududda 13 million dollarlik 19 ta loyiha yakunlangan, 2024-yilda esa 107 million dollarlik yana 18 ta loyihani amalga oshirish ishlari boshlangan. Misol uchun, "Muborak sulfur" korxonasida   5 ming tonna oltingugurtni qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, viloyatimizda farmatsevtika sanoatida ham tub burilish yasalmoqda. Bu sohada bir necha yil muqaddam birorta ishlab chiqarish korxonasi yo‘q edi, endi ularning soni tobora ortib bormoqda. Misol uchun, Yakkabog‘ tumanida "Burgut Farm" korxonasi negizida qadoqlangan menovazin, bodom yog‘i va spirt ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 2024-yilda 25 million dollarlik 6 ta loyiha ishga tushiriladi.

Istiqboldagi yo‘nalish sifatida viloyatimizda mavjud bo‘lgan, lekin hali foydalanilmayotgan xomashyo zaxiralarini ishlatishni nazarda tutuvchi loyihalarni amalga oshiramiz. Misol uchun, ko‘mir, oltingugurt, madanli tuz ishlab chiqarish, yangi konlarni o‘zlashtirish, dorivor o‘simliklar, gilam ishlab chiqarish, go‘sht, sut, teri, jun va mevani qayta ishlash bo‘yicha istiqbolli loyihalar shular jumlasidandir.

Ko‘rinib turibdi, Qashqadaryo ulkan o‘zgarishlar og‘ushida. Biz o‘zimizda mavjud ulkan imkoniyatlardan ilm-fan, aniq rejalar asosida samarali foydalanib, elimizga manfaat keltiradigan katta natijalar sari intilayapmiz.  Ana shu doiradagi izchil islohotlarni hayotga tadbiq etishda o‘z mehnati, salohiyati va iqtidori, fazilatlari bilan ulush qo‘shayotgan barchaga samimiy minnatdorlik bildiraman. Ishonchim komilki, birgalikda oldimizda turgan yangi marralarni ham albatta zabt etamiz.

15-02-2024 |
Foto galereya