Bugun o‘tkazilgan "hokimlik soati"da viloyat hokimi Murotjon Azimov barcha masʼullar ishtirokida Prezidentimizning qaror hamda farmonlarini bajarilishi, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy, investitsiyaviy salohiyatini rivojlantirish, ichki kanal va ariqlarni betonlashtirish hamda aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni tanqidiy muhokama qildi.

Shuningdek, ijtimoiy nafaqa va moddiy yordamlarning manzilligi va samaradorligini oshirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tilib, nafaqalarni haqiqiy ehtiyojmandlarga tayinlanishi bo‘yicha tuman (shahar) hokimlari shaxsan masʼul ekanligi taʼkidlandi.

Eksport masalalariga to‘xtalgan viloyat hokimi 2024-yilda yangi mahsulotlarni eksportga chiqarish, faqatgina klasterlarga suyanib qolmasdan yangi eksportyorlarni kashf qilib, eksport geografiyasini kengaytirish chorasini ko‘rish bo‘yicha ham masʼullarga topshiriq berdi.

Yoshlar tarbiyasi va taʼlimiga qaratilayotgan eʼtibordan barcha birdek foydalanishi uchun maktablar va mahalla faollari aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini samarali tashkil etishi taʼkidlandi.

- Yana bir masala, - dedi viloyat rahbari. - Joriy yilning 9-yanvar kuni “Qashqadaryo viloyatida raqamlashtirish sohasini yana-da rivojlantirishda ustuvor vazifalarni amalga oshirish to‘g‘risida”gi Qarorni qabul qildik. Ushbu Qaror biz uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lib, unda qariyib 100 ming nafar yoshlarning kelgusi taqdiri qamrab olingan.

Yig‘ilish kun tartibidagi barcha masalalar muhokama qilinib, kelgusida qilinishi kerak bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

15-01-2024 |
Foto galereya