Yig‘ilish “Ayollar daftari” tizimi doirasida 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar hamda 2023-yilda amalga oshiriladigan vazifalar bo‘yicha boshlanib, matbuot anjumani tarzida o'tkazildi.

Taʼkidlanishicha, 2022-yilda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash uchun barcha manbalar hisobidan 87 mlrd. so‘mga yaqin mablag‘ sarflandi.

Jumladan, 25 525 nafar ishsiz xotin-qizlarning bandligi taʼminlandi. 3 570 nafariga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishlari uchun 42 mlrd. 455 mln. so‘mlik kredit, boquvchisini yo‘qotgan 14 301 nafar xotin-qizlarga 24 mlrd. 456 mln. so‘m miqdorida moddiy yordam, 677 nafar ishsiz hamda uy-joyga muhtoj 37 nafar xotin-qizlarga jami 399 mln. so‘m miqdorida moddiy yordam, 769 nafariga turar-joy uchun 966 mln. so‘m miqdorida ijara to‘lovi uchun kompensatsiya to‘lab berildi va 178 nafari arzon uy-joylar, ijtimoiy uylarga joylashtirildi.

Qishloq joylardagi 744 nafar ayollarga dehqonchilik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun jami 296,7 gektar yer maydoni ajratilishiga ko‘maklashildi va ulardan 50 nafariga 135 mln. so‘m miqdorida subsidiyalar berildi. Shuningdek, aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi hisobidan 769 nafar xotin-qizlarga yana 2,4 mlrd. so‘m subsidiya ajratildi.

- Bu yetarli emas, - dedi viloyat hokimi. – Ish bor ekan, kamchilik ham bo‘ladi. Bir nafar xotin-qiz norozi bo‘lsa ham bu biz masʼullarni kamchiligimiz hisoblanadi. Shuning uchun 2023-yilda ham ular bilan ishlashni yuqori darajaga yetkazishimiz kerak.

Shundan so‘ng Murotjon Azimov viloyatning 2023-yildagi eksport rejasi va uning tuman/shaharlar bo‘yicha taqsimotiga ham to‘xtalib o‘tdi.

Yil davomida vohamizda ishlab chiqarilayotgan, yetishtirilgan meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini sifatli va reja asosida eksport qilish kerakligini taʼkidladi. Bundan tashqari eksport hajmini oshirish uchun mavjud imkoniyatlar va foydalanilmasdan turgan zahiralarni ham birma-bir sanab o‘tdi.

Joriy yilda eksport geografiyasini oshirish va yangidan yangi xalqaro bozorlarga chiqish uchun viloyatimizdagi 50 ta korxonaga xalqaro sertifikatlar (ISO, Global G.A.P, Oeko-TEX) olib berish ham rejalashtirilgan.

Shuningdek, viloyat hokimi ijtimoiy masalalarga ham to‘xtalib, tibbiy xizmat ko‘rsatish ishlariga ham alohida eʼtibor qaratishni, Prezidentimiz topshiriqlari bilan muassasalarda yaratilgan sharoitlardan foydalangan holda tekshirish va davolash, shuningdek, ko‘chma tibbiy xizmatlar orqali ham aholi xonadonlariga kirib borish muhim ekanligini taʼkidladi.

Yig‘ilish yakunida viloyat hokimi tuman/shahar hokimlari va barcha masʼullarga sovuq kunlarda shtablarga tushayotgan murojaatlarni tezkorlik bilan yechishga, kommunal soha vakillariga amaliy yordam berishga chaqirdi. Sovuq kunlarda yo‘llarda mehnat qilayotgan IIB va obodonlashtirish xodimlariga ham eʼtibor qaratish kerakligini taʼkidladi.

12-01-2023 |
Foto galereya