O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12- fevral kunidagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi Qarori hamda viloyat hokimining 2024-yil 16-fevral kunidagi qarori talablariga asosan, Qashqadaryo viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi va uning bo‘yso‘nuvidagi tuman, shahar mudofaa ishlari bo‘limlari tomonidan 2024-yilgi chaqiruv mavsumi uchun 3988 nafar yoshlar muddatli harbiy xizmatga yuborish uchun qamrab olindi.

Joriy yilning 15-fevralidan boshlab tuman mudofaa ishlari bo‘limlarida muddatli harbiy xizmatga chaqiruv tadbirlari boshlandi.

Qurolli kuchlar safini jismonan baquvvat va ruhan sog‘lom fuqarolar bilan butlash maqsadida muddatli harbiy xizmatga chaqirilish tartibi ikki bosqichda o‘tkaziladi:

— birlamchi tibbiy ko‘rik tuman(shahar) mudofaa ishlari bo‘limlari chaqiruv punktlarida hududiy tibbiy komissiyalari tomonidan;
— chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik Mudofaa ishlari boshqarmalaridagi yig‘in punktlarida harbiy-tibbiy komissiyalari tomonidan.

Mudofaa ishlari bo‘limlari chaqiruv punktida hududiy-tibbiy komissiyalar bir ish kunida 50 nafardan, Mudofaa ishlari boshqarmasi yig‘in punktida 100 nafar chaqiriluvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi.

Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijalari tibbiy ekspert hujjatlariga kiritiladi. 2024-yil 20-fevral kunidan 27-fevral kunigacha 600 nafardan ortiq yoshlar viloyat harbiy tibbiy komissiyasi tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shundan 500 nafardan ortiq yoshlar sog‘lom deb topilib, muddatli harbiy xizmatga ketish uchun hujjatlari rasmiylashtirildi.

Shuningdek, viloyat hokimligi mas’uli Aktam Navruzov hamda viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Gaziyev hududlardagi Mudofaa ishlari bo‘limlari faoliyati bilan tanishdi.

28-02-2024 |
Foto galereya