Isrofgarchilik – yomon illat

Bugun erta tongdan viloyat hokimi Murotjon Azimov Qarshi shahridagi ichimlik suv tarmoqlari, sohada amalga oshirilayotgan zamonaviy loyihalar, shuningdek, 3-balandlik suv to‘plash va uzatish inshooti (nasos stansiyasi)da bo‘lib, ishlarni borishini ko‘zdan kechirdi.

Viloyat rahbari nasos stansiyasida olib borilayotgan qurilish-montaj ishlari bilan tanishar ekan, masʼullar bilan suhbat davomida shahar aholisini ichimlik suvi bilan taʼminlash borasidagi mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ishlab chiqilgan loyihalar xususida fikr almashdi.

Muloqot chog‘ida bahor-yoz oylaridagi ichimlik suviga bo‘lgan talabning oshishini inobatga olib, bor imkoniyatni ishga solish lozimligini alohida qayd etildi. Viloyat rahbari taʼminotni yaxshilash uchun boshlangan har qanday xayrli ishni qo‘llab-quvvatlashini va "Qashqadaryo suv taʼminoti" MCHJning ham faoliyatini kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida aytib o‘tdi.

Maʼlumot o‘rnida, Qarshi shahridagi 3-balandlik suv to‘plash va uzatish inshooti 1970-yilda qurilgan bo‘lib, ayni paytda shahar aholisini ichimlik suvi bilan taʼminlaydi. Inshootga yaqinda 3 dona Italiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy nasos agregati o‘rnatildi. Bu o‘z navbatida turli texnik noqulayliklarning oldini olishi barobarida Qarshi shahrida kun sayin oshib borayotgan ichimlik suviga bo‘lgan talabni qondirishga xizmat qilmoqda.

Viloyat rahbari aholining isteʼmol madaniyatini oshirish masalasiga ham eʼtibor qaratdi. Qatrasi oltinga teng bo‘lgan ichimlik suvini isrof qilmaslik haqida taʼkidlab, mahalla faollaridan iborat ishchi guruhi tuzish, xonadonma-xonadon yurib targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishi kerakligini uqtirdi. Bu esa tarmoqda yuzaga kelayotgan uzilishlarning oldini oladi va mavjud resurslardan oqilona foydalanish uchun zamin yaratadi.

05-05-2023 |
Foto galereya