Viloyat hokimi Murotjon Azimov tuman/shahar hokimlari va soha mas'ullari ishtirokida vohamizda faoliyat olib borayotgan klasterlar bilan muloqot qildi. Taklif hamda muammolarni birma-bir eshitdi.

Prezidentimizning tashabbuslari bilan joriy etilgan klaster tizimi yaxlit mexanizm yaratish, hosil yetishtirishdan tortib, tayyor mahsulot holiga kelguniga qadar bo‘lgan jarayonni qamrab olayotgani, bu esa manfaatdorlikni oshirish, sifatli mahsulot yetishtirishda muhim omil ekani haqida ta’kidlandi.

Qishloq xo'jaligi sohasini rivojlantirishda klasterlarning mehnati nihoyatda samarali bo‘layotganiga e’tibor qaratilib, o‘tgan mavsumda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.

- Biz hamisha xalqimizni boy qilish uchun mehnat qilayotgan klasterlarni qo‘llab-quvvatlaymiz, chunki bu tizim nafaqat qishloq xo'jaligi, balki sanoat va xizmat ko'rsatish sohalarini qamrab olmoqda. Qat’iy tartib-intizom, ilm va bilim bilan yondashuv qilish, hurmatli Prezidentimiz aytganlaridek, xalqparvarlik bilan ishlash, odamlarimizning daromadlarini oshirish, farovonligini ta’minlash bugungi kun talabi, - dedi viloyat rahbari.

Samimiy suhbat tarzida o‘tgan muloqot davomida tuman/shahar hokimlariga klasterlar bilan hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, hudud imkoniyatlaridan unumli foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

08-04-2023 |
Foto galereya