Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasiga tashrif buyurdi.

Tashrifning birinchi kunida Pekin shahrida O‘zbekiston Respublikasining Xitoydagi Elchixonasida viloyatning investitsiyaviy salohiyati va imkoniyatlariga bag‘ishlangan biznes-forum o‘tkazildi.

Unda Xitoyning 100 dan ortiq kompaniyalari vakillari qatnashdi.

Maʼlumot uchun, mazkur kompaniyalar asosan qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, to‘qimachilik, qurilish-pudrat, mashinasozlik, oziq-ovqat sanoati, energetika, turizm, oliy taʼlim va boshqa yo‘nalishlarda faoliyat ko‘rsatadi.

Tadbirda Xitoyning mashinasozlik va elektrotexnika sanoati bo‘yicha yirik savdo-sanoat palatasi, Xitoyning yirik kompaniyalari vakillari O‘zbekistondagi ijobiy faoliyat tajribasi bo‘yicha so‘zga chiqdilar.

Biznes-forumning ikkinchi qismi “Biznes-Hukumat” va “Biznes-Biznes” formatida muzokaralar shaklida o‘tkazildi.

Unda Qashqadaryo viloyatidan Xitoyga delegatsiya tarkibida borgan 20 dan ortiq tadbirkorlar xorijiy tomon tadbirkorlar doirasi vakillari bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha muloqot qildilar.

Forum yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati 150 mln. dollardan ortiq investitsiya shartnomalari imzolandi.

Delegsiyaning Xitoyga safari davom etmoqda.

19-07-2023 |
Foto galereya