Viloyat hokimi rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda aholiga yer tarqatish, g‘alla parvarishi va qishloq xo‘jaligi texnikalari ta’mirini borishi kabi bir qator masalalar tahliliy ko‘rinishda muhokama qilindi.

Birinchi masala yuzasidan Prezidentimizning 2022-yil 10-sentabrdagi “Dehqon xo‘jaliklarini tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2023-yilda paxta-g‘alladan 10530 gektar yer maydonlarini qisqartirib, dehqon xo‘jaligi tashkil qilgan holda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha aholi yashash punktlariga yaqin, suv ta’minoti mavjud yer maydonlarini tanlash va zaxiraga qaytarish yuzasidan tumanlar hokimlari, Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi, Kadastrlar palatasining viloyat boshqarmasi rahbarlariga, zaxiraga qaytarilgan yer maydonlarini belgilangan tartibda lotlarga ajratib, auksionga chiqarish yuzasidan “O‘zdavyerloyiha” institutining viloyat bo‘linmasi rahbariga, savdoga chiqarilgan yerlarni olish uchun ishsiz fuqarolarning auksionda ishtirokini ta’minlash yuzasidan tuman hokimlari va tegishli tashkilotlar rahbarlariga topshiriqlar berildi.

Keyingi masalaga to‘xtalgan viloyat hokimi 2023-yil hosili uchun parvarishlanayotgan 137,5 ming gektar maydonda boshoqli don hosilini yetishtirishga jami 82,5 ming tonnalik mineral o‘g‘itlar talab qilinib, hozirda g‘allachilik klasterlari tomonidan 31,7 ming tonna mineral o‘g‘itlar zaxira qilinganini aytib o‘tdi. Qolgan 50,8 ming tonna mineral o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilish uchun kimyoviy vositalar zaxirasini yaratish hamda oziqlashtirish ishlarini yakunlash barobarida bahorgi ekish ishlarida qatnashadigan 2380 ta chopiq traktori, 2380 ta kultivator, 1244 ta chigit ekish seyalkasi, 5668 ta tishli borona va g‘alla o‘rish mavsumida qatnashadigan 346 ta g‘alla o‘rish kombaynlarini 36 ta ta’mirlash maskanlariga yig‘ish va ta’mirlashni 1 fevralga qadar yakunlash belgilandi.

- O‘rganish davomida shu kunga qadar 2380 ta chopiq traktoridan 1539 tasi, 2380 ta kultivatordan 1536 tasi, 1245 ta chigit ekish seyalkasidan 573 tasi, 5668 ta tishli boronadan 2189 tasi hamda 355 ta g‘alla o‘rish kombaynidan 214 tasi, jami 12028 ta qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlardan 6051 tasi (50%) maskanlarda yig‘ilgan xolos, - dedi viloyat rahbari. - Har bir masalaga jiddiy va mas’uliyat bilan yondoshish kerak. Bugungi tayyorgarliklarimiz ertaga o‘z natijasini berib, aholimiz yashash sharoitiga va davlatimiz rivojiga zamin yaratadi. Ayniqsa, aholiga dehqon xo‘jaligi tashkil qilgan holda yerlar ajratish orqali ularni bandligini ta’minlashimiz ham eng muhim masaladir.

Yakunda viloyat hokimi kun tartibidagi masalalar yuzasidan manzilli ishlash tizimini yaratish, markazlashgan holda kunlik qilingan ishlar tahlilini yuritish va barcha topshiriqlarni o‘z muddatida bajarishga doir yig‘ilish bayonini imzoladi.

18-01-2023 |
Foto galereya